✍️Fyodor Dostoyevskiy
📖”Jinoyat va jazo”
Dostoyevskiy men uchun hali kashf qilinmagan, noma’lum yangi dunyo edi, chunki uning kichkina asarlari bilangina cheklangan edim. Har doim Dostoyevskiyning dunyosiga kirishdan qo’rqib hadiksirab turardim, uning biror yangi asarini o’qishga ikkilanardim. Xuddiki, uning asarlari men uchun emasdek tuyilardi. Oxiri o’zimga o’zim o’qiysan, hozir ayni payti dedim. Dostoyevskiy tomonga katta qadamlarni “Jinoyat va jazo” orqali tashladim. Bir necha kun davomida shu yangi olamda yashadim va tushundimki, Dostoyevskiy aynan men kutgan va xohlagan yozuvchi. Faqat bitta afsuslanish bo’ldi ya’ni avvalroq o’qimaganimga afsuslandim. Asarga dastlabki sahifalardanoq berilib ketdim, undagi tushkunlik, yetishmovchilik, xafagarchiliklar ruhiyatimni sindira olmadi, aksincha mutolaaga qiziqishimni yanada oshirib yubordi.
Asar voqealariga biroz to’xtalib o’tmoqchiman. Bosh qahramon sobiq talaba Rodion Raskolnikov bo’lib, asar uning hayollaridagi o’ylar va maslahatchi Marmeladov bilan bo’lgan suhbatlari asosida boshlanadi. Aynan mana shu suhbat asarning tuguni bo’lib, shu suhbatdagi barcha fikrlar va noaniqliklar butun asar davomida yechib beriladi. Kitobxon asarning boshidagi suhbatda keltirilgan fikrlarni butun asar davomida tushunib, mag’zini chaqib boradi.
Raskolnikov odamlarni ikki xil toifaga bo’ladi: odmi odamlar, ya’ni o’ziga o’xshagan insonlarni ko’paytirishgagina qodir odamlar, ular shunchaki odamlar sonini ko’payishi uchun xizmat qiladilar. Ikkinchisi, odam deb atashga arziydigan, hayotda yangilik yarata olish imkoniyatiga ega bo’lgan, ilgari solingan izlardan yurmaydigan, qonunlarni o’zgartira oladigan odamlar turi. Birinchi toifa insonlar o’z hayotlaridan shikoyat qilmaydilar, ularning tug’ilishlari va dunyodan o’tishlari ham hech kimga sezilmaydi. Ikkinchi toifa insonlar esa isyonkorlar bo’lib, ular o’zlaridan nimadir nom qoldirishga harakat qiladilar. Albatta ikkinchi toifa odamlarning faoliyati qurbonliku qonxo’rlikni talab qiladi, chunki dunyodagi hech bir kashfiyotu o’zgarish osonlikcha paydo bo’lmagan. Qanchadan qancha odamlarning o’limiyu yo’qotishlar evaziga paydo bo’lgan. Masalan, oddiygina misol, shifokorlar biror davolash usulini kashf qilmoqchilar, lekin uni amaliyotga tatbiq qilish uchun bir nechta sinovlardan o’tishi kerak. Bu degani bir nechta odamlarning hayoti evaziga shu kashfiyotga ega bo’lish mumkin. Kashfiyotning kelajakdagi ahamiyatining oldida bir nechta insonlarning hayoti hech nima emas, chunki shu tadqiqot sababli yaxshi kelajakka ega bo’lamiz. Xuddi shunday tarixdagi yangi hukmdorlarning taxtni egallashlarini olaylik, har safargi davlat to’ntarilishida daryo-daryo qon oqqan. Oqibatda o’zgarishlar paydo bo’lgan. Hozir shu o’lgan oddiy odamlar emas, qon oqishiga va o’limga sabab bo’lgan “Xos” insonlar eslanadi va ulug’lanadi, chunki ular hozirning emas kelajakning odamlari. Raskolnikov ham o’zini ana shunday favquloddagi insonlardan biriman deb hisoblardi. Birgina odamni o’ldirish orqali o’z muhitini o’zgartira olishiga, kelajak uchun foydali ish qilayotganiga ishonadi va hatto o’z ishini oqlashga ham harakat qiladi.
Men faqat hech kimga keragi boʻlmagan, palid, zararli bitni oʻldirdim, xolos.
Bu Raskolnikovning fikrlari edi. Mutolaa vaqtida Raskolnikovni oqlashga ham harakat qildim. Qancha-qancha jazolanmagan jinoyatlar oldida bu hech nima emasda. Raskolnikov bu ish ahloq jihatdan to’g’ri bo’lmasada vijdon oldida to’g’ri ekanligiga ishonadi, ammo u o’z jinoyatini ko’tara olmadi. Har qanday jinoyatning oldida albatta uning jazosi bo’ladi, Raskolnikov asarning oxirida jazoga hukm qilingan bo’lsada u jazogacha ham qattiq azobda yashadi.
Bir qarashda butun boshli roman bor yo’g’i bitta voqeadan ya’ni jinoyat va uning jazosidan iboratdek tuyiladi, lekin uning ichidagi fikrlar, haqiqatlar ko’pligidan hazm qilishga qiynalasiz. Undagi har bir qahramon va dialog bejizga olib kirilmagan. Har bir satrlar qayta-qayta o’qishga arziydi. Har safar o’qiganda har xil anglash mumkin. Asarni qayta o’qiyman. Shuni ayta olamanki, o’nta asar bergan taassurotni bera oladi.