The Stranger @salimov_blogi Channel on Telegram

The Stranger

@salimov_blogi


Kitoblar, fikrlar, tuyg'ular haqida

The Stranger (Uzbek)

Salimov Blogi Telegram kanalida kitoblar, fikrlar va tuyg'ular haqida malumotlar topishingiz mumkin. Bu kanal orqali, Salimov kishilik taraqqiyot va o'zini tanitish bo'yicha ko'p yaxshi o'rnitani topishingiz mumkin. Salimov ravishda sizga motivatsiya va ilham berish uchun boshqa muhokama qiluvchilarning fikrlarini ham topishingiz mumkin. Kanalda eng yangi va qiziqarli kitoblar haqida ma'lumotlar ham mavjud. Salimov Blogi Telegram kanali sizni o'z o'zingizni yengilleshtirish va o'z tushunchangizni kengaytirishga yordam berishi uchun mo'ljallangan. Siz uni obunaga qo'shishingiz orqali, hayotingizda yangiliklar va isyonlarni ko'rish, o'z fikrlaringizni o'zgartirish va zamonaviy fikrlar bilan tanishing. Obuna bo'ling va o'z hayotingizda ajoyib o'zgarishlarni ko'ring!

The Stranger

08 Dec, 01:48


2006-2007-yillar. Tizza boʻyi qor yoqqandi. Maktablar bir oyga qoʻshimcha taʼtil e'lon qilib yuborgandi. Hamma yoq qor, oyoqosti muz, izgʻirin. Lekin sovqotmasdik. Har kuni oʻynagani chiqardik. Qorli havodan oʻtin yoqib isitilgan uyga kirishning huzuri boshqacha edi. Qish men uchun televizordan yangi yil haqidagi har bir kino, har bir multfilmni koʻrish edi.

2011-2012-yillar. Kollej oʻqiymiz. Yana tizza boʻyi qor. Oʻqishga borib, sangʻib-sangʻib, besh km joydan piyoda qaytardik. Tabiat oppoq. Har qadamingda qor gʻirchillaydi. Sen esa birinchi muhabbating xayoli bilansan. Hali telefonlar yoʻq. Ijtimoiy tarmoqlar yoʻq. Boya bir koʻrganingga xursandsan. Endi uyning kattasi oʻzingsan. Borib oʻtin qilishing kerak.

Keyin talabalik yillari. Toshkent qorlari. Oldingiday zavqlanish yoʻq, lekin baribir yoqimli edi. Qandaydir sababsiz mahzunlik bor edi. Lekin baxt ham yoʻq emasdi. Masalan, bir necha bekat oldin tushib qolasan va naushnikda yaxshi bir qoʻshiqni qayta-qayta tinglab uygacha piyoda borasan. Talabalik oltin davr deb bekorga aytishmagan ekan. Oʻshanda ham mayda-chuyda tashvishlar boʻlgandir. Biroq hayot yuki yelkangni ezmasdi.

Bugun vaqtli uygʻondim. Toshkentni yana qor qoplabdi. Hali-beri tinish niyati ham yoʻq. Qiyalab urib yotibdi. Shamol uvillayapti. Qarab turibman-u, oʻzimdan oʻzim kulaman. Xursand boʻlaman. Oddiy tabiat hodisasi kishini shuncha baxtli qila oladi gohida. Birozdan soʻng hamma uygʻonadi. Qorga izlar tushadi. Kimnidir xafa qilaman, kimdir meni xafa qiladi. Bir soʻz bilan aytganda, kattalarning hayoti boshlanadi. Ana, uylarda chiroqlar yona boshladi. Qor esa qalbimizdagi bolakayni xursand qilish uchun qaysarlik bilan yogʻaveradi, yogʻaveradi. Biz esa katta boʻlganmiz...

@salimov_blogi

The Stranger

06 Dec, 14:54


Negadir shu tarjimam boshqacha qadrli. Koʻpchilik sevib oʻqigan, maqtagan kitob ham shu boʻldi. Hattoki kimningdir eng qadrli kitobiga aylandi. Oʻqidingizmi?

The Stranger

05 Dec, 19:46


Toshkent. Tun. Yolgʻizlik. Orqa fonda Shopen. Mutolaada Drayzer – "Sarmoyador". Baxt? Yoʻq. Lekin xotirjamlik, huzur, yuksaklik. Mumtoz asar va mumtoz musiqa tandemi. Yoqimli.

The Stranger

05 Dec, 16:32


Telefon... Bir lahza yetmaydi havo,
"Sevaman" soʻzini eshitdim simdan.
Telefon! Bugundan oʻlgunimcha to –
Maylimi, abadiy Senga suyansam?

Derazam yopilgan – qoʻriqlar parda,
Hayajon, buncha koʻp ichasan qasam.
Telefon, hech kimim yoʻq-ku shaharda –
Telefon, maylimi Senga suyansam?

Chaqirib-chaqirib charchadi eshik,
Havoga uchadi xavotirlar ham.
Telefon, qaragin boshlarim egik,
Telefon, maylimi, Senga suyansam?

Qara, sevayapman, koʻcha – borliqni,
Qara, odamlardek yashayapman man.
Telefon, chinakam baxtiyorlikni
Bilasan... Bilasan...
Senga suyansam...

@salimov_blogi

The Stranger

05 Dec, 11:03


Yetti asr oldin yettita oq kabutar vodiyning quyisidan chiqib, oppoq togʻning choʻqqisi tomon uchishardi.

Kabutarlarni tomosha qilib turgan yetti kishidan biri dedi: "Hov anovi eng oxirida uchayotgan kabutarning qanotida qora dogʻi bor ekan".

Bugun esa oʻsha vodiyning odamlari qop-qora yetti kabutarning qorli togʻ tomon uchib oʻtgani haqida gapirishadi.

@salimov_blogi

The Stranger

03 Dec, 16:30


Unga qoʻzichoq chizib bering.

The Stranger

03 Dec, 13:23


​​A'zam Mansurov – "Kitobnoma"

Garchi taftalogiya boʻlsa ham, aytish kerakki, "Kitobnoma" kitob haqidagi kitobdir. Muallif unda kitoblar haqidagi qiziqarli maʼlumotlar, kutubxonalar, kitob oʻqish madaniyati, kitob oʻqish texnikalari, xullas kitobga aloqador koʻp narsa haqida gapirishga uringan.

Boshidan aytib qoʻya qolay, kitob juda yomon yozilgan. Yozilgan deyish ham nisbiy. Koʻchirilgan desak qoʻpol boʻladi. Toʻplangan deya qolaylik. Muallifni esa musannif deymiz. Shunda toʻgʻriroq boʻladi. Chunki kitobning juda katta qismi internet ma'lumotlaridan olingan. Olinganida ham juda betartib tarzda olingan.

Hatto kitobga uncha aloqasi boʻlmagan sahifalarda ham har zamonda chiqib qoladigan darajadagi siyqa maʼlumotlar boʻladi-ku, oʻshalar shu kitobga jamlangan. Muallif va yoki muharrir oʻzlari oʻqib koʻrishdimikan deb oʻylab qoldim. Chunki bitta bobning oʻzida bir-birini inkor etuvchi "faktlar" uchradi. Butun kitobda esa bir-birini inkor etuvchi tavsiyalar bisyor.

Qolaversa, muharrir juda koʻp boʻlmasa-da, sezilarli xatolarni oʻtkazib yuborgan. Gʻaliz gaplar, uslubiy xatolar va hatto ma'no chiqmay qolgan joylar ham bor. Tanlangan mavzularga oʻta yuzaki yondashilgan. Kitob haqida hamma narsani gapirishni koʻzlash natijasida hech narsa haqida gapirilmay qolib ketgan. Mabodo biror tanishingiz juda koʻp kitob oʻqiyotgan boʻlsa va biror sababga koʻra bundan xavotirda boʻlsangiz, unga "Kitobnoma"ni sovgʻa qiling. Tezda kitob oʻqishdan koʻngli qoladi.

@salimov_blogi

The Stranger

02 Dec, 14:27


​​Asli Sanjarning "Haram" kitobini tarjima qilganimda Usmonlilar imperiyasidagi nikoh masalalari eʼtiborimni tortgandi. Yigit va qiz nikohlanishdan oldin ikkala tomon aniq shartlarini aytadi va bu yuridik hujjat maqomida roʻyxatga olinadi. Deylik, qiz "Agar erim ikkinchi xotin olguday boʻlsa ajrashaman" degan shartni nikoh shartnomasiga kiritgan holatlar bor.

Yana bir muhim jihat, bu mahr. Qiz mahrga xohlagan narsasi va summasini soʻrashi mumkin. Bunda yigitning moliyaviy ahvoli hisobga olinadi albatta. Agar tomonlarning istagi va imkoni mos kelmasa bunda hech bir tomon ayblanmaydi. Katta summa soʻralganda, mahrni boʻlib-boʻlib berish ham mumkin boʻlgan. Bunda asosan mabodo ajrashishsa yoki er vafot etsa, ayol oʻzini va bolalarini ta'minlay olishi hisobga olingan, shu bois mahrga uy va kattaroq pul soʻralgan. Shuningdek, ayolga doimiy nafaqa berib turilgan. Erkakning topgan pulida uyda oʻtirgan ayolining tengma teng haqqi bor, ayolning ehtiyojlari uchun har doim pul berib turish kerak.

Shularni oʻqib, dindorlikka da'vo qilayotgan erkaklarga bir qarayman. Koʻpi uy yo mashina olguday boʻlsa oʻzining emas, ota-onasining nomiga oladi. Nega? Mabodo ajrashsa xotini da'vo qilolmasligi uchun. Chunki nikohdan keyin sotib olingan mol-mulk erkak va ayol oʻrtasida teng taqsimlanadi sudda.

Koʻpi ayolini uyga tiqib qoʻyadiyu, uning ehtiyojlariga pul bermaydi. Bu eng yomoni. Ishlari yurishmay, qoʻlida puli boʻlmasa tushunsa boʻladi. Ammo ishlab, qoʻlida puli boʻla turib oilasidan ayash na dinga, na insoniylikka toʻgʻri keladi. Odam mol emaski, faqat qornini toʻydirib qoʻyish bilan kifoyalansangiz. Uning ham siz kabi nimadir yegisi, nimadir kiygisi, nimadir olgisi, qaygadir borgisi keladi.

Ajrashgach aliment toʻlashdan qochib yurgan, oyligini kam koʻrsatish uchun qorovullikka yozilib olgan erkaklar koʻp. Ajrashgach yoki eri vafot etgach erning uyiga ham, ota uyiga ham sigʻmay yurgan ayollar koʻp. Mahr va ayolga nafaqa ayni shu masalalar yuzasidan joriy qilingan. Bu yerda sal yuqoridagi postda aytganim, keraksiz udumlar emas, insonning yashab qolishi va inson sifatida qadr topishi markaziy oʻrinda.

Bugun mediaga qarasak, katta mahr soʻragan qizlarni olaboʻjiga chiqarish kompaniyasi boshlanganini koʻramiz. Qoʻyib bersa, qonunniyam, dinniyam faqat oʻzimizga qulay tomonini olib, boshqasiga koʻz yumsak... Dindor erkaklar ayolim menga boʻysunishi kerak deb, uning majburiyatlarini sanash bilan band. Oʻzining majburiyatlarini esa hatto toʻliq bilmasa kerak. Menimcha, jamiyatimizdagi asosiy muammo ham shunda. Oʻz majburiyatimizga bepisand qaraymiz, oʻzgadan esa ortigʻi bilan talab qilamiz.

Masalan, "Haram" unaqa kuchli asar emasday. Biroq mana shu masalalar yoritilgani eʼtiborga molik.

@salimov_blogi

The Stranger

01 Dec, 18:33


Uni dekabrda sevmang.

The Stranger

30 Nov, 07:15


Turk tilini noldan oʻrgatish uchun yangi guruh ochyapmiz. Shu bilan bahorgacha boshqa guruh ochilmaydi. Oʻrganmoqchi boʻlsangiz ayni vaqti. Yoki turk tilini oʻrganmoqchi boʻlib yurgan tanishlaringizga tavsiya qiling.

– Kurs davomiyligi 3-4 oy;
– Narxi oyiga 300 ming;
– Darslar telegramda videochat tarzida oʻtiladi;
– Kurs xotin-qizlar uchun;
– Darslarni ayolim oʻtadi (C1 sertifikatiga ega).

Murojaat uchun: @Shaxnoza_filolog

Turk tili kursiga oid yangiliklarni kuzatib borish uchun: @turkcha_bilamizmi

The Stranger

28 Nov, 12:58


​​Tirikchilik tashvishlariga oʻttiz yillik umrimni qurbon qildim, yetar axir. Men ham insonman. Oʻzim uchun ozgina yashay, oʻzimning yoshlik orzu-niyatlarim uchun ozgina yashay. Armon bilan oʻtib ketmay bu dunyodan!

Abduqayum Yoʻldosh – "Puankare"

Oʻn yil avval. Talabalikning ilk kunlari. Bir oʻqituvchi shu kitobni oʻqishni tavsiya qildi. Hozir oʻylab qarasam, oʻsha paytda oʻqituvchilar yangi chiqqan kitoblarni oʻqib turisharkan demak. Topib oʻqidim. Shu hikoya taʼsirida oʻzbek toʻylari, oilaviy hayoti, rasm-rusumiga nisbatan ozgina qoʻrquv, ozgina nafrat paydo boʻlgandi desam mubolagʻa boʻlmas. Bugun shu hikoyani yana bir oʻqigim keldi.

Oʻzbek ayolining fojiasi haqida koʻp gapiriladi. Umri uy ishlari, bola-chaqa, toʻy-maraka deb oʻtishi, zulm koʻrishi, adolatsizliklar qurboni boʻlishi va hokazo. Ta'bir joiz boʻlsa, "Puankare" oʻzbek erkagining fojiasi haqida. Bu fojiada esa oʻzbek ayolining oʻrni beqiyos.

Umumiy gaplardan qochib, yon-verimdagi tipik oʻzbek yigitining hayotiga qarayman. Esini tanir-tanimas oldida toʻy tashvishi koʻndalang turadi. Bu toʻy deganlariga ozmuncha xarajat ketmaydi. Kelinni qayerga olib keladi? Uy solish kerak. Solgandayam oddiy boʻlmasin. Hali kelin bolaning qancha orzu-havaslari kutib turibdi.

Oʻn yetti yoshidan yigirma yetti yoshigacha bitta uy, bitta toʻy uchun pul yigʻib, yana qarz boʻlib, chillasi chiqar-chiqmas takror xorijga ketganlarni koʻp koʻramiz. Mayli, shu yerda ishladi ham deylik. Ammo ssenariy oʻsha-oʻsha. Nikoh toʻyidan keyin yana marosimlar bisyor, ayollarning oldi-berdisi, bordi-keldisi, tovoq-togʻorasi koʻp. Keyin challari, keyin tugʻilgan kun, keyin beshik toʻyi, keyin sunnat toʻyi, keyin muchal toʻyi, keyin yana katta toʻylar...

Erkak biror qarindoshi yoki doʻstining mansabi oʻzidan yuqori boʻlsa, uyi kattaroq boʻlsa, mashinasi qimmatroq boʻlsa koʻpam parvo qilmaydi. Ammo ayol bunga chidolmaydi. U nafaqat dushmanlaridan, balki dugonalaridan ham yuqori boʻlishi kerak. Natijada erini egovlayveradi, egovlayveradi.

Men zamonaviy fikrlaydigan va yashaydigan, asrlar davomida shakllangan qadriyatlarni rad etadigan, erkinlikni, hurlikni talab qiladigan aksar qizlarning toʻyga kelganida tipik oʻzbek ayoliga aylanib qolganini koʻp koʻrdim. Toʻy va orzu-havas masalasiga kelganda oʻqigan va oʻqimagan qiz orasida koʻpam farq sezilmaydi.

Qimmat koshonada yuzlab kishi ishtirokida emas, toʻysiz yoki yaqinlar davrasidagi ziyofatcha bilan turmushga chiqish, toʻy kuni ijaraga olingan qimmat mashinada emas, kuyovning Jigulisida ota uyidan chiqish, kelin koʻylak oʻrniga oddiyroq kiyim kiyish, bezatilgan emas, odmiroq uyga kirish... Yoʻq bunaqasi. Oʻzbek oilasida erkakdan erkaklik talab qilinadi. U nafaqat oilani ta'minlashi, kimoʻzar marosimlarni, orzu-havaslarni ham qilib berishi kerak. Nafsilamrini aytganda, erkakning butun umri ishlash, alam qilarlisi, keraksiz orzu-havaslar, udumlar, marosimlar uchun ishlash bilan oʻtadi. Biror birini qilolmasa, "Erkak boʻlib qilib qoʻyingda" degan ta'na yangraydi birinchi boʻlib suyukli xotini, keyin boshqalarning tilidan.

Xullas, "Puankare" dagi matematika oʻqituvchisi kabi ilmiy salohiyatga ega erkak oʻzini ilmga bagʻishlay olmaydi bizda. Bunga na vaqt, na imkon bor. Oʻzbek ayoliga qanchalik qiyin boʻlsa, oʻzbek erkagiga undan ham qiyin. Erkakning ayolga qilgan zoʻravonligini koʻz bilan koʻrish mumkin, ammo ayolning mingʻir-mingʻirlari, yigʻi-sigʻilari, achchiq kinoyalari-yu talablari bilan erkakning asablarini egovlab, hayotini doʻzaxga aylantirishini bir qarashda ilgʻash qiyin. Uylanish niyatidagi yigitlarga shu kitobni oʻqib chiqishni maslahat beraman, balki bu fikridan qaytar. Jillaqursa tanlovda eʼtiborli boʻladi.

@salimov_blogi

The Stranger

27 Nov, 08:12


Xususiy universitetda oʻqisa turmush qurmang)

The Stranger

26 Nov, 13:39


1-avgust dahshatlari yumshay boshladi. Dastlab uchta yoʻnalishni tanlash mumkin qilib qoʻyildi. Bu yaxshi yangilik edi. Chunki bizning davrda kimdir OʻzMUning tarix yoʻnalishidan 190 ball bilan yiqilardi. Oʻsha yili BuxDUda esa 170 ball bilan grantga kirish mumkin boʻlib qolardi.

Keyin beshta yoʻnalishni tanlash imkoniyati yaratildi. Buyam yaxshi dedik. Keyin super kontraktga ruxsat berildi. Bunisi endi ta'lim islohoti emas, shunchaki diplom sotish edi.

Keyin sirtqi ta'limga ruxsat berildi. Bu ham diplom sotishning bir koʻrinishi. Qachondir uzoq yillik ish tajribasiga ega xodim sirtqi ta'limda oʻqib chiqardi. Endilikda maktabni tugatiboq sirtqi ta'limga kirib, yiliga ikki marta oʻqishga borib, diplom qoʻltiqlab chiqa boshlashdi.

Xususiy universitetlarga ruxsat berilgach esa hamma yoqni talaba bosdi. "Davlat oliygohiga kirolmadingizmi? Bizning universitetda imtihonsiz talaba boʻling" degan chaqiriq bilan kirib keldi ular. Oʻqishga kirish shu qadar oson boʻlgan sharoitda davlat oliygohiga kirolmaydigan darajadagi abituriyentlar xususiy universitetlarga yopirilishdi.

Maktabdagi taʼlim ahvoli hammaga maʼlum. Undagi bilim hech ishga yaramaydi. Shu bois bizda repetitorlik sohasi gullab-yashnagandi. Oliy taʼlimga kirmoqchi boʻlganlar maktab davrida yoki maktabni tugatgach kamida ikki-uch yil repetitorga borishardi. Kuniga 15-16 soatlab dars qilishardi. Yaxshigina poydevor bilan qadam qoʻyishardi oliy taʼlimga.

Hozir esa imtihon qilsang oltinchi sinf darajasidagi savollarga javob berolmaydigan yoshlar xususiy universitetlarda oʻqishyapti. Har qanday kuchli oʻqituvchi boʻlmasin, har qanday kuchli tizim boʻlmasin bularni oʻqitishning iloji yoʻq (aksiga olib tizim ham talabani oʻqitishga emas, pulini olib diplom berishga qaratilgan). Chunki maktab bola darajasida ham bilimi yoʻq ularning.

Ertaga ming-minglab besavod oʻqituvchilar, chala shifokorlar, layoqatsiz xodimlar jamiyat hayotiga qoʻshilishadi. Siz-u bizning taqdirimizga ta'sir qilishadi. Kelajakni oʻylasam qoʻrqib ketaman gohida.

The Stranger

25 Nov, 14:16


Aniq eslamayman...
Qilding qo‘ng‘iroq,
Yoki men terdimmi raqamlaringni.
Har holda, to‘kilib ketdiyu firoq,
Gusirin eshitdim qadamlaringni.

Xuddi kechagidek...
Xuddi bir kunga,
Yoki bir soniya yashadik ayro.
Axir o‘xshatmadim seni hech kimga,
Sen mendan yaxshisin topmading go‘yo!

Aslida oradan o‘tdi bir asr,
Ikki umr o‘tib ketdi ming afsus,
Kimga jahl qildik, yo kimga jabr,
Kimni bir ko‘rishga mushtoqmiz hanuz?!

Aniq esimda yo‘q,
Qaysi birimiz,
Eshikni qars etib yopdik so‘ngi bor.
Keyin bir umrga bizlar ikkimiz,
Eshikka termulib o‘tdik umidvor!

Hammadan qizig‘i,
yechimsiz jumboq,
Ovozin kutaman qadamlaringni.
...Qiziq, sen qildingmi bugun qo‘ng‘iroq,
Yoki men terdimmi raqamlaringni!?

Malika Tavfiq

Manba: @Sevgi_simfoniyasii

The Stranger

24 Nov, 20:23


Tungi 1:23 da ham bemalol qoʻngʻiroq qila oladigan odamingiz boʻlsin.

The Stranger

24 Nov, 14:25


Bir qadam orqaga, ikki qadam oldinga.

The Stranger

21 Nov, 09:28


Muhabbatim umringdan uzun.

The Stranger

20 Nov, 10:03


Kitob oʻqimasa turmush qurmang.

The Stranger

18 Nov, 13:11


Oʻzi xohlamagan odamga yordam berolmaysiz.

The Stranger

16 Nov, 13:16


​​Madlen Miller – "Kırka"

Maʼlumot uchun, Kirka bu yunon mifologiyasidagi qahramonlardan biri. Rus tili orqali kirib kelgan manbalarda Sirseya deyiladi. U quyosh ma'budining qizi. Jodugar.

Madlen Miller yunon mifologiyasi boʻyicha mutaxassis boʻlib, shu mavzuda bir qator asarlar yozgan. Mazkur asarida Kirkaning nigohi va tili bilan koʻpchilikka tanish voqealar va qahramonlarni tasvirlaydi. Zevs, Afina, Hermes, Axil, Odissey, Yason, Medeya va hokazo.

Kitobni sekin oʻqidim. Mutolaa ogʻir kechdi qandaydir. Har yeridan kichik xulosalar chiqarib bordim. Biroq asarni yakunlagach umumiy xulosaga ikkilandim. Muallifning maqsadi Kirkaning hayoti orqali yunon afsonalariga yana bir bor toʻxtalish edi xolosmi? Asarda ma'budlar timsolida odamzodning pastkashliklari, xudbinliklari, ma'nisiz urushlar, shuhratparastlik, ochkoʻzlik kabilar koʻrsatib beriladi. Yanachi? Asarning oʻziga xos jihati nimada oʻzi deb koʻp oʻylandim. Nihoyat bu asar ayol tabiati, yanada toraytiradigan boʻlsam, ayol sevgisi haqida degan qarorga keldim.

Kirka barcha qoidalarni buzib, tangrilarning tavqi laʼnati, qahr-u gʻazabidan qoʻrqmay sevib qolgan insonini foniylikdan boqiylikka oʻtkazadi, uni ma'budga aylantiradi. Sal kam abadiyat qadar davom etgan surgunligi, yolgʻizligi oʻsha harakatining badali edi.

Ha, ayol kishi sevib qolsa koʻziga hech nima koʻrinmaydi. Sevib qolgan ayol ham ojiz, ham qudratli. Ojizligi shuki, sevgan odami uni xohlagan koʻyga sola oladi. Qudrati shuki, sevgan odami uchun hamma-hamma narsani qiladi. Sevib qolgan ayolning koʻziga diniy cheklovlar ham, ijtimoiy me'yorlar ham, ota-onasi ham, or-nomusi ham, umuman hech narsa koʻrinmay qolishi mumkin. U sevgan odami uchun butun dunyoga qarshi chiqa oladi.

Sevaman-sevaman deb boshqasiga tegib ketganlar, ota-onasining xohishiga boʻyin ekkanlar kammi? Ayol sevgisi yolgʻonmi shunda? Menimcha yoʻq. Ayol kurashishdan toʻxtadimi, demak u allaqachon sevishdan ham toʻxtagan. Farzandiga boʻlgan sevgisi endi bu boshqa hikoya. Kirka sevgisi tufayli insonni ma'budga aylantiradi va yana sevgisi tufayli ma'buddan insonga aylanadi. Demak, "Kirka" ayol sevgisi, matonati, oʻjarligi va buyukligi haqida.

@salimov_blogi

The Stranger

13 Nov, 16:37


​​Aleksandr Polyariyning "Yalpizli ertak" kitobini oʻqiyapman. Yetimxonada katta boʻlgan Jek ulgʻayib, Marsi ismli qiz bilan oila qurgach, oʻzi yashagan yetimxonadan Soyer ismli bolani asrab oladi. Marsi Soyerni yangi uyi bilan tanishtiradi. Soyerning xonasida bittagina kitob qoʻyilgan javon bor edi. Jekning xonasidagi javon esa kitoblar bilan toʻla edi.

Marsi shunday tushuntiradi: "Oʻzim yaxshi koʻrgan kitobni javoningga qoʻydim. Oʻqib chiq. Jekning javonini koʻrdingmi? Hammasini oʻqigan. U javoniga faqat oʻqigan kitoblarini qoʻyadi".

Talabaligim yodimga tushdi. Oʻzimning birinchi shaxsiy kitobimni 1-avgust imtihonidan chiqib sotib olgandim, koʻchma kitob doʻkonidan. Uni oʻqib boʻlgach boshqa oldim. Uni tugatgach yana boshqa. Shunday qilib uyimda faqat oʻqilgan kitoblargina yigʻilardi. Imkonim boʻlsa-da koʻp kitob olmasdim. Ayni paytda qoʻlimda oʻqilmagan yagona kitob boʻlishini xohlardim. Kitobni tushunishim, his qilishim hozirgidan ancha yaxshi edi oʻshanda. Oʻqilgan har bir kitobga mehr qoʻyardim shu tariqa. Bir kitobni oʻqiy turib xayolim boshqa birida boʻlmasdi.

Keyinchalik kitob olishim baribir koʻpaydi. Seriyali kitoblar yoki keyinchalik topish mumkin boʻlmay qoladigan kitoblar chiqqanda koʻtarasiga oladigan boʻldim. Biroq shunda ham qatʼiy prinsipga amal qildim: uyda oʻqilgan kitoblar oʻqilmagan kitoblardan ancha koʻp boʻlishi kerak. Shaxsiy kitob javonim kattagina, koʻpi oʻqilgan. Tinimsiz kitob xarid qilmasligimning, kitoblarim soni birdan keskin oshib ketmasligining sababi mana shu. Men uchun yigʻilgan emas, oʻqilgan, oʻqilsa ham berilib, mehr berib, sel boʻlib oʻqilgan kitoblar soni muhim.

Jiyanlarimga qarayman, bir dunyo oʻyinchogʻi bor, lekin sevimlisi yoʻq. Hech birini asrab-avaylamaydi, sinib qolsa koʻz yosh toʻkmaydi. Men esa bolaligimdagi kam sonli oʻyinchoqlarimni hamon sogʻinaman. Shunaqa gaplar.

@salimov_blogi

The Stranger

10 Nov, 15:10


5-noyabr. Kayfiyatim yoʻq edi. Oʻyladim. Muhokamani ochishga qaror qildim. Hech bir aniq maqsadni koʻzlamadim. Na odam koʻpaytirish, na maqtovlarga, tabriklarga koʻmilish. Bu muqarrar boʻlsa ham oʻsha vaqtda xayolimga kelmabdi. Keyin sal xijolat boʻldim.

Shu paytgacha men gapirdim, siz eshitdingiz. Bu safar oʻzim eshitay dedim. Gapirishingizni xohladim. Kitoblar bir bahona xolos.

Kecha tunda uxlamadim. Oʻqiyverdim, oʻqiyverdim. Men yozganlarimda bor-budimni qanday toʻkib solsam, fikr-mulohazalarda ham shuni koʻrdim. Olgan taassurotlarim haqida yozishga shu safar soʻz boyligim yetmasligini tushundim. Ba'zida jim qolgan maʼqul. Shundoq ham bari tushunarli.

Kitob olish kimga yoqmaydi deysiz. Shuncha kitobim boʻla turib, birov bitta kitob bersa boladay quvonaman. Ammo kitobni koʻzlab yozilgan mulohazalar barmoq bilan sanoqli. Yoʻq hisobi. Bizni bu kanalda birlashtirib turgan narsalar ancha teran, yuksak hislar.

Shunday boʻlsa ham va'daga vafo qilish kerak.
Yulduz Nasriddinova, Dinora Zayniyeva, Nafisa Abdurahmonova, Mohinur Farmonovalarga kitoblarni beradigan boʻldim. Aslida fikr bildirgan har bir kishi bunga loyiq. Ammo faqat toʻrt kishini tanlashim kerak edi.

Qaysidir maʼnoda kanalning uch yillik yubileyi boʻldi. Yodimdan chiqqan va meni yodidan chiqargan deb oʻylab yurgan insonlarim yozdi. Oʻzim mutlaqo tanimaydigan odamlar gʻoyibona boʻlsa-da men haqimda juda koʻp narsa bilishini, koʻnglimga yaqinligini koʻrdim. Mendan kitob olishni, men bilan koʻrishishni istagan juda koʻp insonni belgilab qoʻydim. Imkon darajasida iltimoslarni bajarishga harakat qilaman.

Umuman olganda, yozganlarimni, yozmaganlarimni, oʻchirganlarimni, hayotimni, shaxsiyatimni tushunganingiz uchun rahmat. Shu bahona bir dardlashib oldik. Muhimi bir-birimizni tushundik. Hammadan minnatdorman.

The Stranger

07 Nov, 17:24


​​Eng sevgan odamimizning xiyonati, oʻnglab boʻlmas xato, ayriliq, moddiy qiyinchilik, sharmandalik, lahzalik gʻazab... Shu kabi yuzlab holatlar tufayli gohida odamlar oʻzini oʻldiradi. Gohida esa qoʻl bilan koʻrsatib, koʻz bilan koʻrib boʻlmaydigan muammolar boʻladiki, uni kimsaga anglatolmaysan, chunki oʻzing ham toʻla anglab yetolmagan boʻlasan.

Ishga borasan, ishlaysan, toʻyga borasan, oʻynaysan, uyga bozorlik qilib kelasan, farzandingni suyib erkalaysan. Hammasi joyida, hammasi toʻkis. Lekin ich-ichingdan nurab borasan. Ichingdagi boʻshliq oʻzingni yutar darajada kattarib boraveradi. Bu yerda irodang har qancha kuchli boʻlsa ham ahamiyatsiz. Qachonki aniq muammo qarshisida taslim boʻlsang irodasizlik boʻladi. Ruhning tub-tubidagi mavhumlik qarshisida iroda koʻrsatib boʻlmaydi.

Va eng odatiy kunlarning birida, hech kim kutmaganda joningga qasd qilasan. Hammasi zoʻr edi, biror muammosi yoʻq edi, deb qolaveradi odamlar, yaqinlaring...

Inson ruhan yolgʻiz. Uning doʻsti, ulfati, qoʻshnisi, umr yoʻldoshi, farzandi bor. Lekin ruhdoshi yoʻq. Kechinmalarini tushunadigan odam yoʻq. Oʻz joniga qasd qilgan odamlarni vaqtida aytilgan bitta soʻz, bitta tabassum, bir ozgina suhbat hayotda olib qola olardi aslida.

Oʻlim qoʻrqinchlimas, deb tomoq yirtaveradi oʻlim bilan chinakam yuzlashib koʻrmagan kishilar. Oʻlim juda qoʻrqinchli, doʻstlar. Oʻlimigada oʻz ixtiyori bilan rozi boʻlgan odam, oʻlimdan yechim kutgan odam dahshatli darajada yolgʻiz qolgan boʻladi. Jismonan emas, ruhan. Yer yuzida shuncha odam boʻla turib kimdir bu qadar yolgʻiz qolishi adolatdanmi? Kimdir joniga qasd qilsa bunda har birimiz aybdormiz.

Yoningizdagi odamga ijtimoiy qoliplar va moddiy dunyo prizmasidan qarayvermang. Uning ruhi ham borligini yodda saqlang. Ichida qanday tugʻyonlar gʻujgʻonligini tasavvur qilishga urining. Shunchaki bir nuqtaga birgalikda tikilib tura olish uchun yoningizga kela olsin yaqinlaringiz. Ishoning, shu uning hayotini saqlab qoladi.

@salimov_blogi

The Stranger

07 Nov, 16:30


– "Buyuk Getsbi". Nimasi buyuk?
– Muhabbati.

The Stranger

06 Nov, 12:42


Izohlarning uchdan bir qismini oʻqib chiqdim. Navbat bilan qolganini ham oʻqiyapman. Buncha gapni oʻqiydimi-yoʻqmi, degan gumonlarga ham koʻzim tushdi. Oʻqiyman, doʻstlar. Oʻqish uchun fikr soʻradim-ku oʻzi. Kitob bir bahona. Darvoqe, muhokama qismi faqat yuqoridagi post uchun ochildi. Keyin yana oldingiday muzdakkina davom etamiz)

The Stranger

05 Nov, 12:07


Bugun tugʻilgan kunim. Men esa sovgʻa olishni emas , berishni maʼqul koʻrdim. Shaxsiy kitob javonimdan naqt 40 ta kitobni tanlab oldim. Ularning orasida ochilmagan yangilari ham, oʻqilganlari ham, hatto bugun topish qiyin boʻlgan noyob nashrlar ham bor.

Ularni yutib olish uchun postni nechtadir odamga tashlashingiz yoki link tarqatishingiz shart emas. Bugun birinchi marta muhokama qismini ochyapman. Shart oddiy: kanalim haqidagi fikr-mulohazalarni shu post ostiga yozasiz va men eng yaxshi yozgan toʻrt kishiga oʻn donadan kitob sovgʻa qilaman.

Qanday yozish, nimani yozish mutlaqo ixtiyoriy. Xoh oʻzim, xoh kanalim, xoh biror post haqida, farqi yoʻq. Xoh maqtang, xoh soʻking, xoh qargʻang, ixtiyoringiz. Odamning ortidan va yoki oʻlimidan keyin yaxshi-yomon gaplar koʻp boʻladi. Koʻzim ochiqligida bir eshitay dedim shularni. Bir hafta davomida izoh yozishingiz mumkin. Keyin oʻqib, gʻoliblarni e'lon qilaman. Baholashda yagona me'zon: samimiylik.

Mabodo sovgʻaga qiziqishingiz boʻlmasa ham, fikringiz men uchun qiziq. Uch yil davomida nima bera oldim, bir sarhisob qilishimga yordam boʻladi ikki ogʻiz soʻzingiz.

The Stranger

05 Nov, 06:54


Onamni aldadim soppa-sog‘man deb,
Otamni aldadim: “Pulim bor doim”.
Og‘amni aldadim: “Borarman, nasib”...
Men seni nima deb alday, Xudoyim?!

G‘unchani gul dedim – kuldi, quvondi,
Bulbul deb aytganim chumchuqmi, bilmam,
Bunda baxt bor dedim, erkam ishondi...
Robbim, endi meni yolg‘onchi qilma!

Mansur Jumayev


Ba'zi odamlarni shaxsan tanimaysiz, lekin sheʼrlari, hatto suratining oʻzidan yaxshi odam ekanligini his qilasiz. Mansur Jumayev yaxshi odam edi. Endi oramizda yoʻqligini eshitib gʻalati boʻlib ketdim. Yaxshi odamlar koʻp yashamaydi negadir.

The Stranger

04 Nov, 17:12


​​Yunon mifologiyasing eng oʻziga xos jihati, ularning xudolari antropomorflashganidir. Ya'ni yunon xudolari insonlarning xuddi oʻzi edi. Injiq, oʻjar, ahmoq, qasoskor, buzuq. Shu bois ham yunonlar xudolarni oʻzlaridan ulgi olib yaratgan deyishadi.

"Kirka"ni oʻqish chogʻida angladimki, yunonlar xudolarni nafaqat oʻzlariga oʻxshash yaratishgan, shuning bilan birga oʻzlarining orzularidagi hayotni ularga yuklashgan. Yunon xudolarining butun hayoti kayf-u safo, vaqtichogʻlikdan iborat. Mudom ziyofat, sharobxoʻrlik, sarhil taomlar. Ular ochiqqanlari uchun emas, mazali taom yeyish yoqimli boʻlgani uchun ham ovqatlanishadi. Xudolar och qolmaydi.

Oʻzaro shakarguftorlik qilishdan tashqari, zerikkanlarida yerga tushib, odamlar bilan ham qoʻshilishadi. Ma'bud va odamdan yarim ma'budlar dunyoga keladi. Xohlagancha ovqatlanish, xohlagancha sharobxoʻrlik qilish, xohlagancha maishat qilish... Yunonlar oʻzlari erisholmaganlari uchun shu sifatlarni xudolarga yuklashgan.

Oradan shuncha vaqt oʻtganiga qaramay koʻp narsa oʻzgarmadi aslida. Odam dunyoni oʻzgartira oladi, lekin oʻzini oʻzgartirishi qiyin. Yuqoridagi ehtiyojlar hamon birinchi oʻrinda. Insoniyat tarixidagi keyingi dinlarda ham bu oʻz ifodasini topgan. Faqat endi bu xudolar hayotiga emas, jannat tasviriga koʻchdi. Asal, sharob oqib oʻtuvchi daryolar va hur-u gʻilmonlar haqidagi va'dalarga koʻzingiz tushgandir har holda...

@salimov_blogi

The Stranger

02 Nov, 14:08


Ey!
Kim bor?
Gaplashadigan kim bor?
Yurakni tushunadigan kim bor?

Bir-birimizni tushunishimiz uchun
bizni Xudo yaratgan edi, axir!..
Ey!..

Usmon Azim

@salimov_blogi

The Stranger

31 Oct, 19:30


Hatto ChatGPTning aqli yetib turibdi, siz esa sevgisiz yashamoqchisiz, shundaymi?

The Stranger

31 Oct, 19:03


Uni noyabrda ham seving.

The Stranger

30 Oct, 11:26


​​Kirkaning oʻnlab opa-singillari, yuzlab qarindoshlari borligiga qaramay oʻzini yolgʻiz his qilardi. Uni hech kim tushunmasdi, goʻyo u hech kimga kerak emasday.

Hozirgi yoshlar qanday, bilmayman. Xoh yigit boʻlsin, xoh qiz, bizning avlod oʻtish davrida oʻzini nihoyatda yolgʻiz his qilardi koʻpincha. Bizni hech kim tushunmayotganday, hamma bizni yomon koʻradiganday tuyulardi. Qiz bola biror yigit bilan gaplashib ketishining sababini aynan shundan koʻrgandim oʻshanda. Uyidan halovat topolmagan qizning koʻziga sevgi izhor qilgan yigit xaloskorday koʻrinardi. Endi uni sevadigan, tushunadigan kishi bor.

Qiz endi faqat unga intiladi. Muhabbatning yozilmagan qoidasi: sevib qolgach qiz jurʼatli, yigit esa tortinchoq boʻlib qoladi. Qiz endi yigit bilan uchrashish uchun har qanday xavfni boʻyniga oladi. Koʻziga hech narsa koʻrinmaydi. Ming afsuski, ayni mana shu davrda uning aldanib qolish ehtimoli yuqori. Gul tutgan birinchi odamga oshiq boʻlib qolmasligi uchun qizimga gul sovgʻa qilib turaman, deb yozgandi bir kishi. Uyidagilar tomonidan toʻliq tushunilgan qizning koʻngliga, ishonchiga kirish oson boʻlmaydi men sizga aytsam.

Kırka mana shu yolgʻizlik oqibatida qarshisidan chiqqan birinchi insonni sevib qoladi. Unga erishish, unga yaxshilik qilish uchun bor budini xavfga qoʻyadi. Muhabbat yoʻlidagi xatti-harakatlari tufayli ma'budlar la'natiga mubtalo boʻlib, quvgʻin qilinadi. Dunyo ayollarga nisbatan ancha adolatsiz, yigit muhabbati yoʻlida kurashsa qahramon, shu ishni qiz qilsa gunohkor. Yolgʻizlik koʻzlarini koʻr qilib qoʻygani uchun ham u insonning bunday qurbonlikka arzimasligini koʻra olmaydi Kırka. Demak, sevgi bilan oʻtkinchi havasni farqlash uchun ham inson chinakamiga sevilishi kerak oilada. Axir sevilmagan odam sevgini qanday tushunsin?..

@salimov_blogi

The Stranger

27 Oct, 11:17


​​"Kirka"ni endi ochdim. Biroz oʻqigach bu kitob boshqa bir kitobni yodimga soldi: N.A.Kun – "Qadimgi yunon afsona va rivoyatlari".

9-10 yilcha avval. Talabalikning dastlabki kunlari. Falsafa ostonasida eshikni taqillatib turgan vaqtlarim. Bir oʻqituvchi Kunning shu kitobini albatta oʻqib chiqishimiz kerakligini aytib, kitobni topish mumkin boʻlgan doʻkon manzilini ham tushuntirdi.

Algoritm dahasida yashardim. 87-avtobusda qatnardim: uydan oʻqishga, oʻqishdan uyga. Hali Toshkentni bilmayman. Yoʻl topish qobiliyatim bilan hech qachon maqtanolmaganman. Milliy universitet oldida taksilar turardi. U paytda hozirgidan boshqacharoq edi talabalar shaharchasi. Kimdir u doʻkonni bilmadi, kitob doʻkonlari hamma biladigan joy emas-da axir. Kimdir juda qimmat narx aytdi. Oxiri bir amaki metro bilan borish qulay va arzon ekanligini tushuntirib yubordi. Mustaqillik metrodan chiqib, UzA tomonga yuriladi, operaning yonida: Sharq ziyokori kitob doʻkoni.

Aynan qanday topib borganim yodimda yoʻq. Oʻsha kitobni oldim. Boshqa kitoblarga va choʻntagimga nisbatan ancha salmoqli edi narxi. Shu tariqa yunon afsonalarini oʻqishga kirishgandim. Koʻz oldimda ulkan olam namoyon boʻlgandi. Bu olam juda rang-barang boʻlib, shajara daraxtlari mukammal ishlab chiqilgandi. Har bir hodisaning mantiqiy asosi, tabiatdagi har narsaning tangrisi va har bir tangrining oʻz hikoyasi bor edi.

Kunda, kunora oz-ozdan oʻqirdim. Ba'zi boblar qiziqarli, baʼzilari esa zerikarli tuyulardi. Hayratlanarlisi, oʻsha damga dovur yunon afsona va rivoyatlariga zarra qadar qiziqmagan boʻlsam-da ismlar va voqealarning koʻpi tanish edi. Keyinchalik tushundimki, adabiyot, kino, ilm-fan, umuman dunyodagi koʻp narsa yunon afsonalaridan ilhomlangan va bu kundalik hayotimizda ham oʻz ifodasini topgan. Bu hanuz davom etmoqda.

Kunning kitobini oʻqish butun guruhga aytilgandi. Nari-berisi bir-ikki kishi sotib olgandi. Bir kursdoshim oʻqib turishga soʻradi. Berdim. Qaytib bermadi. Birovga bergan narsamni qaytib soʻrolmayman odatda. Nozik tomonim shu, soʻrasa yoʻq deyolmayman, bermasa soʻrolmayman. Madlen Millerning "Kırka"si oʻsha kitobimni yodimga soldi. Endi aynan oʻsha nashrini qidirib topishim kerak.

@salimov_blogi

The Stranger

25 Oct, 16:05


Quyosh boʻlib osmondan boqding.
Zor qilding-ku yoʻlingga, kelgin.
Men hammani olovda yoqdim,
Faqat oʻzim muzladim, sevgim...

@salimov_blogi

The Stranger

23 Oct, 17:47


​​Sara Jio – "Mart binafshalari"

Oʻzimiz sezib-sezmay odamlardan, munosabatlardan, hayotdan ideallikni kutamiz. Masalan, sevgan insonimiz bizdan boshqasiga qiyo boqmasligi kerak, deb hisoblaymiz. Xiyonatni juda ogʻir qabul qilamiz. Biz sevgan va bizni sevgan kishi bir vaqtning oʻzida boshqa biriga iliqlik his qilishini tasavvurimizga sigʻdirolmaymiz. Holbuki hayot bu qadar joʻn emas. Mutlaq oq ham, mutlaq qora ham yoʻq. Inson bejizga xom sut emgan banda deyilmaydi. Komil inson yoʻq.

Hissiyotlar oʻzgaruvchan, beqaror. Uzoq muddatli munosabatlarda hissiyotlarning koʻtarilish va tushish davrlari boʻladi. Shu orada boshqa biriga qiziqishimiz mumkin. Yangi munosabatlar, yangi insonlar doim jozibali tuyuladi. Kun kelib pinhon sirlar oshkor boʻladi va faqat bir tomonni tanlashimizga toʻgʻri keladi. Birini olib qolsak, narigisidan butun umrga ayrilamiz. Mana shundagina kimni chinakamiga yaxshi koʻrishimizni, kim biz uchun muhimligini, aynan kimsiz yasholmasligimizni anglab yetamiz.

Toʻgʻri, bu bizning ideallarimizga tushmaydi. Biz juftimizga bus-butun egalik qilishni xohlaymiz. Nafaqat hayotida, xayolida ham oʻzga biri boʻlishini hazm qilolmaymiz. Ammo dunyo ikki qutbli emas. Hayot ham, inson hislari ham, oʻzaro munosabatlar ham ancha murakkab va chalkash. Mutlaq oqni topolmaysiz. Qorasi kamroq oqni topolsangiz, baxtingiz kulgani shu. Zarra qadar oqiga aldanib, qalbi qop-qoraga uchrasangiz holingizga maymunlar yigʻlaydi.

Qolaversa, aksar dilxiraliklarning zamirida tushunmovchilik yotadi. Misol uchun, kinolarda qiz sevgan yigitini boshqa bir qiz bilan koʻrib qoladi va jahl ustida barini tugatadi. Aslida yigitning yonidagi uning singlisi, qarindoshi, tanishi, biror tasodifiy oʻtkinchi yoki yuqoridagi kabi chalkash munosabatning mevasi boʻlib chiqadi. Yigit arazlagan qizni topguniga va anglashilmovchilik bartaraf etilguniga qadar koʻp suvlar oqib oʻtadi.

Bu hayotda ham roʻy beradi. Nimanidir notoʻgʻri tushunib, kimdandir qattiq xafa boʻlamiz, shoshma-shosharlik bilan qaror qabul qilamiz, shashtimizdan qaytmay oʻjarlik qilamiz. Vaziyatga boshqa koʻz bilan qarash, hammaga oʻzini oqlashga imkon berish, har doim har ikki tomonni eshitish juda koʻp muammolarning va hatto fojialarning oldini oladi.

"Mart binafshalari" nafaqat hayotiy xulosalarga, shu bilan birga juda qiziqarli syujetga ega. Xuddi detektiv kitob kabi yangidan yangi jumboqlar chiqaveradi. Butun asarni bir nafasda oʻqib qoʻyasiz. Kitobni yopgach chalkash hislar qurshovida qolasiz. Bu baxtli yakunmi yoki fojiaviymi, bir qarorga kelolmaysiz.

@salimov_blogi

The Stranger

20 Oct, 12:07


​​Tomas Erikson – "Atrof toʻla ahmoqlar"

Kimdir darsga, tadbirga, uchrashuvlarga vaqtida va hatto koʻpincha vaqtidan avval keladi. Kimdir esa mudom kechikadi. Uchrashuv belgilangan vaqtda u tayyorgarlikni boshlaydi. Har qancha kechiksa ham bunga parvo qilmaydi, buni ayb sifatida koʻrmaydi. Vaqtida keladiganlar kechikadiganlarni ahmoq deb hisoblashadi.

Kimdir yetakchilikni yaxshi koʻradi. Har qanaqa masalada masʼuliyatni zimmasiga oladi. Qaror qabul qilishdan oldin uzoq oʻylab oʻtirmaydi. Kimdir esa bir qarorga kelguncha oʻzini ham, boshqalarni ham ezib yuboradi. Barcha ehtimoliy oqibatlarni hisoblab chiqadi. Hali yoʻq muammolarni xayolan boshdan kechirib, depressiyaga tushadi hatto. Tez qaror qabul qiluvchi liderlar imillaydiganlarni ahmoq deb hisoblashadi.

Kimdir har doim davraning guli boʻladi. U hammani ogʻziga qaratishni xush koʻradi. Latifalar aytadi, hayotidan misollar keltiradi. Suhbatdoshiga bu qiziqmi yoki yoʻqligi haqida oʻylab ham koʻrmaydi. Kimdir esa tinglashni yaxshi koʻradi. Koʻpchilik orasida iloji boʻricha koʻrinmaslikni maʼqul koʻradi. Davraning guli boʻladiganlar bunday odamovilarni ahmoq deb hisoblashadi.

Xullas, biz yashar ekanmiz, hayotimiz davomida oʻzimizga oʻxshamagan koʻplab odamlarni uchratamiz. Baʼzilarning gap-soʻzi, xatti-harakati gʻashimizga tegadi. Tan olmasakda, oʻzimizdan boshqalarni ahmoq deb hisoblashga moyilmiz. Nimadir masalada fikri yoki tutumi boshqachami, demak u ovsar. Tamom!

Tomas Erikson odamlarning turfaligini temperamentlariga bogʻlaydi. Shartli ravishda ularni qizil, sariq, yashil va koʻk guruhlarga boʻladi. Har bir guruhnig oʻziga xos jihatlarini sodda va qiziqarli shaklda sanab oʻtadiki, undan oʻzingizni osongina topasiz. Shunda nega kimdir kechikib kelishi, kimdir koʻp gapirishi, kimdir juda injiqligi, kimdir esa boqibegʻamligining sabablarini tushuna boshlaysiz.

Darhaqiqat, odam odamga oʻxshamaydi. Qarshimizdagi inson ahmoq emas, shunchaki tabiati boshqacha. Biznikidan farqli. Bu kitob oʻzimizni, odamlarni tushunishimizda yordam beradi. Xatti-harakatlarning mohiyatini, sabablarini tushuntiradi. Turfa tipdagi odamlar bilan murosa qilishni oʻrgatadi.

Misollar asosan kasbiy faoliyatga qaratilgan. Muayyan tashkilotda ishlar risoladagidek ketishi uchun u yerda turfa tiplar boʻlishi va har biri oʻziga mos lavozimga tayinlanishi juda muhim. Bu kitobni maʼlum bir ishxonadagi barcha xodimlar bir vaqtda oʻqib chiqishsa juda foydali boʻladi deb oʻylayman. Bu ishxonadagi tushunmovchiliklarni ancha kamaytiradi. Oʻzaro munosabatlarni yaxshilaydi. Oʻz-oʻzidan ish samaradorligi ham oshadi.

@salimov_blogi

The Stranger

17 Oct, 14:59


Begona qoʻllar ham negadir iliq,
Yot quchoq isitar muzday vujuding.
Bir senga yarashar bundayin qiliq,
Shunchalar kengdirki koʻngil hududing.

Talonchi kimsaday kirib olsalar,
Qilt etar yuzingda na hadik, na gʻam.
Taroj qila turib koʻnglingni olar,
Quchsa indamaysan, jimsan oʻpsa ham.

Sukunat malagi, seni sevadi
Dunyoning bir baxtsiz odami hamon.
Sensan sogʻinari, sensan sevari,
Uning uchun faqat sen bor al-amon.

Begona qoʻllarda ezgʻin chechagim,
Iliq haroratdan koʻzlaring basir.
Malol kelmasa bas senga sevmagim,
Faqat koʻzlarimdan oʻzingni yashir.

Bugun sen omadli haykaltaroshsan,
Oʻzingdan baxtli bir ayolni yasab.
Umring sahnasidan boʻlmaydi qochsang,
Ketaver jim koʻnib va sokin yasha.

Qaroqchi qoʻllarda titrar yuraging,
Peshonang qismatga boʻlmishdir qaram.
Lozimdir bariga rozi boʻlmaging,
Quchsa indamaysan, jimsan oʻpsa ham.

Shundanmi hayoting goʻyo toʻkisday,
Yarashar ne qilsang bejirim qiliq.
Shundanmi baxt uchun hamma narsa shay,
Begona qoʻllar ham negadir iliq...

@salimov_blogi

The Stranger

17 Oct, 11:28


Faqat "Kırka"ni olganimga koʻnglim yarim boʻlib turgandi. Endi baxtim toʻkis boʻldi)

The Stranger

13 Oct, 17:36


Xayr endi, xayr, do'stginam,
Bag'rimdasan, ko'ngil malhami.
Muqarrar bu ayriliqning ham
Visoli bor oldinda hali.

Xayr, do'stim, so'zga ochma lab,
Qo'y, men uchun o'rtama bag'ir.
Bu hayotda o'lmoq-ku bor gap,
Yashamoq ham yangimas, axir!

Sergey Yesenin

@salimov_blogi

The Stranger

09 Oct, 13:03


​​Kaykovus – "Qobusnoma"

Sharq adabiyoti asosan mubolagʻa darajasidagi komillikka undaydi, gʻarb adabiyotida esa reallik ustun degan xato qarash bor. Bundan oʻn asr oldin yozilgan "Qobusnoma"ni oʻqib, xuddi Robert Grinni oʻqiganday boʻldim ayrim joylarida. Kaykovus mazkur kitobini oʻgʻli Gilonshohga nasihatlar sifatida yozgan.

Kaykovus dunyoni ideal deb bilmaydi va oʻgʻlidan ham ideallikni kutmaydi. Reallikni koʻra oladi. Misol uchun, oʻsha zamondagi muhit va oʻgʻlining yoshligini hisobga olib, garchi mast qilguvchi ichimliklar ichish harom qilingan boʻlsa-da uning baribir ichishini biladi. Shu bois unga ichish odobini oʻrgatadi.

Har doim rost gapir deydi oʻgʻliga. Mayda narsalarda hech qachon aldama, shunda qachondir sen uchun muhim masaladagi yolgʻoningga ishonishadi. Qolaversa, yolgʻonga oʻxshaydigan rostni aytma, baribir yolgʻonchiga chiqasan deydi.

Ijtimoiy munosabatlar juda murakkab. Jarayondagi harakatlarimizni mutlaq oq va qoraga ajratib boʻlmaydi. Kaykovus oʻzining nasihatlarida shularni hisobga oladi. Hunar tanlash, doʻst boʻlish, mehmon kutish, sevish, uylanish, omonatni saqlash, podshohga xizmat qilish kabi masalalarda ideallikni emas, shaxsiy manfaatlarni koʻzlashni hisobga olib nasihat qiladi.

Oʻz zamonasining deyarli barcha muhim va mayda masalalariga toʻxtalib oʻtadi. Shatranj, nard, chavgon oʻynash, hammomga borish, uxlash, ov qilish, qul sotib olish, uy va yer sotib olish, tijorat, tabiblik, shoirlik, hofizlik, kotiblik, vazirlik, podshohlik va dehqonchilik masalalarida oʻgʻliga amaliy yoʻl-yoʻriq koʻrsatadi. Umumlashtirib aytganda, oʻgʻlini hayotning barcha sinovlariga tayyorlaydi, unga hayotni tanitadi, oʻzini qanday tutishni oʻrgatadi.

Oldin ham koʻp aytganman, odamlarimiz tarbiyasiz boʻlib ketyapti. Jamiyatda maʼlum bir axloq normalari amal qilmasa yashash qiyinlashadi. Masalan, mashinaga yashil yonsa piyoda toʻxtaydi, piyodaga yashil yonsa mashina toʻxtaydi. Qay bir tomon buni bilmasa yoki bilib turib nazarga ilmasa oqibati oʻlim yoki kamida asabbuzarlik bilan tugaydi.

Xuddi shuning kabi, navbatda turish, qoʻni-qoʻshnichilik qilish, kiyinish, jamoat transportida yurish, odamlar bilan muomala qilish, xizmat koʻrsatish, bahs-munozara qilish kabi koʻplab kundalik masalalarda ham hamma biladigan va amal qiladigan normalar boʻlishi kerak. Buni bilib turib amal qilmaydiganlar koʻpaygach, ortidan buni umuman bilmaydigan avlod yetishib chiqdi. Ular uchun umumiy etika normalari yoʻq. Bir jamiyat sifatida yashash uchun esa bunday normalar zarur.

"Qobusnoma"da mana shu normalarning ancha-munchasi haqida gap boradi. Undagi tavsiyalarning koʻpi hamon amaliy ahamiyatga ega. Ularni oʻqib, amal qilsak ham oʻzimizga, ham boshqalarga foydali boʻladi.

@salimov_blogi

The Stranger

06 Oct, 09:56


Tillaniso – "Qon"

​​Tillanisoning nasri yoqar edi. She'rlarini kam oʻqigandim. Oʻsha oʻqiganlarim esa yoqmagan. Bee'tibor oʻqiganmanmi, bilmadim, tushunarsiz tuyilgan. Aslida esa nihoyatda tushunarli yozilgan ekan. Ozgina eʼtibor, ozgina hissiyot bilan yondashuv kerak ekan xolos.

Barmoq vaznidagi she'rlarda asosiy urgʻu garmoniyaga ketib qoladi baribir. Zoʻr qofiyalangan she'rda ma'no notugal yoki umuman boʻlmasa ham bilinmaydi. Tillanisoniki kabi oq she'rlarda ma'no birinchi oʻrinda turadi. Shaklga boʻysunish majburiyati boʻlmagani bois his va gʻoya boʻrtib koʻrinadi.

Tillanisoning she'rlari qofiyasiz, ammo ohangsiz emas. Men sheʼrlarni ovoz chiqarib oʻqiyman. "Qon"dagi deyarli barcha sheʼrni ovoz chiqarib oʻqidim. Sezdimki, ohang zoʻr. Biror joyida ohang buzilmaydi, ichki garmoniyasi ajoyib.

Kimga suyansang,
chirigan tol kabi yiqilib tushadi poyingga.


Tillanisoning she'rlari tayanchsiz qolgan olam va odam haqida.
"Darvoqe, men tugʻilganda, qulab boʻlgandi dunyoning tayanchlari";
– "Dunyo ustunlari qulasin";
"Itarib otadi dunyoning tayanchlari".

Sheʼrlar shaklan oq, mazmunan qora. Biror bir nekbinlik yoʻq. Faqat oʻkinch, faqat nafrat, faqat arosat.
"Qon"dagi barcha sheʼr avtobiografik ruhga egaday... Hamma-hammasi yashalgan, his qilingan ogʻriqlar. Shuning uchun ham odamga darrov yuqadi. Ammo bu kechinmalar faqat shoiraning emas, butun boshli bir avlodning kechinmalari.

Yoʻl yurdik,
Yoʻl yursak ham moʻl yurdik.
Lekin bemanzil.

Yoʻl koʻrinmay qolsa, faqat uxladik.

Bu avlodning tayanchi yoʻq. Hayot markaziga qoʻyadigan gʻoyasi yoʻq. Tayanchi boʻlmagani uchun ham ular betoqat, hamma narsani inkor etadi, hamma narsani qoralaydi, hech nimadan halovat topmaydi. "Qon" shu avlodning ruhiy ahvoli bayoni boʻlgani uchun ham sevib oʻqildi shekilli.

@salimov_blogi

The Stranger

02 Oct, 12:12


​​"Ajib yangi dunyo" – Oldos Haksli

Antiutopik adabiyotning eng mashhurlaridan biri bo'lgan "Ajib yangi dunyo"da ancha jiddiy masalalar ko'tarilgan. Masalan, ixtiyor, iroda erkinligi insonga baxt keltiradimi yoki baxtsizlik?

Syujetga to'xtalsak, odamlar sun'iy yo'l bilan urug'lantirilib, maxsus shishalarda ko'paytiriladi. Ota - ona degan tushuncha tamoman unutilib, haqoratli so'z sifatida qabul qilinadi. Alfa, delta, gamma, epsilon kabi tabaqalashgan odam turlari yaratiladi. Ularning har biri jamiyatga qanaqa ishchi kerakligiga qarab, chaqaloqligidanoq ham kimyoviy, ham psixologik ta'sir orqali ixtisoslashtiriladi. Boshqaruvdagi Alfalar chiroyli, baland bo'yli, ishchi Delta, Gammalar bundayroq, eng quyi qatlam - Epsilonlar esa yarim nogiron. Masalan, sovuq hududga ishchi kerakmi? Ularning organizmi issiqqa chidamsiz, sovuqqa moyil qilib yetishtiriladi.

Bizni bu hayotda ehtiyojlar, xohishlar harakatga keltiradi, shularga yetish uchun umrimizni sarflaymiz, yetsak biroz baxtli bo'lamizu, keyin yangi xohish paydo bo'ladi. Yetolmasak baxtsiz his qilamiz. Haksli ta'riflagan jamiyatda xohishlar va ularga yetish orasidagi masofa olib tashlanadi. Bolalar boshidanoq ma'lum bir ehtiyojlarga kodlashtiriladi va darhol shular beriladi. Odamlarga ular xohlaganini bersang, ularni xohlaganingcha boshqarasan.

Freyd nazariyasiga ko'ra, har qanday harakat zamirida bostirilgan jinsiy ehtiyojlar yotadi. Asarda ham xohlagan odam bilan jinsiy aloqaga kirishish mumkin bo'lgan va bu tabiiy qabul qilinadigan jamiyat yaratiladi. Doim jinsiy ehtiyoji qonib turgan, TV, sport o'yinlari, giyohvand moddalar bilan chalg'ib turgan odamlarda hech qanday ehtiyoj, fikr paydo bo'lmaydi. Har qanday  o'zgachalik ta'qiqlanadi. Ana shu joyida bu asarning boshqa distopik asarlardan farqi ko'rinadi: hukmron doira shu orqali odamlarni baxtli qila olayotganiga ishonadi va ularning yagona maqsadi ham shu. Shunchaki, ommani chalg'itib, aldab, o'z manfaatlari yo'lida foydalanish emas. Butun asar davomida shu tuzum qoralanib kelinayotganday tuyuladida, so'ngida shu yo'l to'g'riligiga bir qancha asoslar keltiriladi.

Tashqi, odatiy dunyodan kelgan Yovvoyi nima uchun barchani Alfalar kabi aqlli, yetuk qilib yetishtirmaysizlar, chala nogiron, ongsiz odam zotlari nimaga kerak deganda Bosh nozir barchasi alfalardan iborat bir guruhni orolga joylashtirishganda, ko'p o'tmay ular orasida fitnalar, hayotdan norozilik, turfa g'oyalar ketidan quvish, hokimiyat uchun urushlar bo'lib, to'rtdan uch qismi qirilib ketganini aytadi. Qolganlari esa kelib ularni boshqarishlarini iltimos qilishadi.  Ya'ni, u orol biz yashab turgan dunyo. Insoniyat doim o'ziga rahnamo qidiradi. Kimgadir ergashishni, ma'suliyatni topshirishni istaydi. Davlatlar, xaqlar, millatlar, qo'shnilar orasida urushlar, g'oyalar, dinlar, bir din ichidagi mazhablar orasidagi adovat bir tomon bo'lsa, cheksiz tanlovlar, yangilanib boruvchi ehtiyojlar, xohishlar so'ngsizligi bir tomon bo'lganda paydo bo'ladigan jamiki muammolar chetlab o'tiladi. Odam inkubatordayoq nimalarni xohlashi belgilanadi va umr bo'yi boshqa hech narsani xohlamaydi. Har qaysi tabaqa o'z hayotidan mutlaq rozi qilib tarbiyalanadi, boshqacha bir hayot, yoki boshqacha bir g'oya haqida tasavvur ham bo'lmaydi.

Bunday tipdagi asarlar mutlaqo xayoliy emas, shunchaki hozirgi hayot tarzimizning bo'rttirilganroq shakli. Shu tarzda yashayversak, shu ahvolga boramiz, degan ogohlantirish kabi demakdir. Asardagilarning dunyoqarashi inkubatorda shakllantirilsa, bizniki o'z hududimiz, siyosat, din, mentalitet bilan shakllantiriladi. Shuni to'g'ri deb hisoblaymiz. Shundan boshqacha harakat qilganlarni qoralaymiz. Orzularimiz, maqsadlarimiz, to'g'ri va xato deb hisoblagan narsalarimiz o'zimizning dunyoqarashchamiz doirasidagina bo'ladi. Bosh nozir Mustafo Mond aytganiday, har birimiz hayotimizni o'z shishamiz ichida davom ettiramiz. Agar Alfa bo'lsak, shishamiz kattaroq bo'ladi, xolos.


@salimov_blogi

The Stranger

28 Sep, 13:50


Birinchi voqea.
Akamning oʻgʻli ikkinchi sinfda oʻqiydi. Ba'zi ota-onalar farzandining tugʻilgan kunida tort va ichimliklar bilan maktabga borib, sinfdoshlariga bayramcha qilib berarkan. Akam oʻziga toʻq. Oʻgʻlining tugʻilgan kunini boshqalardan karrasiga ziyoda qilib bermoqchi boʻldiyu, bir kun qolganda fikridan qaytdi va maktabga umuman hech narsa olib bormadi.

Chunki hammaning sharoiti har xil. Sinfda tugʻilgan kun qilish doimiy an'anaga aylanishi juda yomon. Koʻpchilikning bunga sharoiti yetmaydi. Tugʻilgan kunida sinfdoshlarini mehmon qilolmagan bolaning koʻngli oʻksiydi. Oddiyroq tugʻilgan kun qilsa boshqalar ustidan kuladi. Bola degani juda shafqatsiz mavjudot. U andishani bilmaydi. Shularni oʻylab akam tugʻilgan kunni uyda, yaqinlar davrasida oʻtkazdi.

Ishonchim komil, qachondir toʻylar ham odmi oʻtgan. Keyin kimdir koʻproq kishini chaqirgan. Keyingisi undan ham koʻp kishini chaqirgan. Natijada bu qat'iy an'anaga aylangan. Bugun odamlar besh-oʻn yillab bitta toʻy uchun pul yigʻadi. 300-400 kishiga toʻy beradi. Kimdir toʻy qilmaslik yoki 10-25 kishilik toʻy qilishni tasavvur ham qilolmaydi. Buni jamiyat ham qoralaydi.

Ikkinchi voqea.
Farzandim tugʻilayotganida onaning ham, bolaning ham hayoti xavf ostida edi. Tugʻruqxona oldida ming bir oʻy bilan oʻtiribman. Baʼzilar karnay-surnayni boʻkirtirib, ayiqlarni qatorlashtirib, mashinalarni babablatib chaqalogʻini olib chiqdi. Koʻnglimga sigʻmadi. Oʻgʻlim Zulfiqor eson-omon tugʻildi. Oʻyladim: men xursandman, deylik yana oʻnta odam xursand. Ammo bu kasalxona. Kasalxonaga odam asosan dard bilan keladi. Kaykovus "Qobusnoma"sida hech qachon dardi bor insonning oldida shodligingni namoyish qilma deydi. Shu uchun ularni hech bir dabdabasiz olib chiqdim. Ayolimni, oʻgʻlimni yaxshi koʻraman, ammo bu omma oldida dabdabavozlik qilishim kerakligini anglatmaydi.

Shundoq ham keraksiz udumlarimiz koʻp. Yangilaridan imkon boricha qochish kerak. Birinchidan, bu maqtanish. Ikkinchidan, kimningdir koʻngliga sigʻmaydi. Uchinchidan, kimningdir sharoiti bunga yetmaydi. Shodligingizni ommaga namoyish qilishdan tiyiling. Yaxshi kuningizni yaqin insonlaringiz davrasida nishonlang.

@salimov_blogi

The Stranger

24 Sep, 12:41


"Seni oʻylasam uni unutaman, uni oʻylasam seni unutaman. Meni unutmanglar" degan edi Anvar Obidjon.

@salimov_blogi

The Stranger

22 Sep, 14:03


​​Men qanday qilib tarjimon boʻldim?

Hech qachon tarjimon boʻlish haqida oʻylamaganman. Bunaqa orzu, niyat, maqsad boʻlmagan. Yigirma besh yoshimgacha biror bir xorijiy tilni bilmay turib, qanday tarjimon boʻlishim mumkin axir?

Oʻshanda uning ismi bilan nomlangan turkcha kitob borligini internetda koʻrib qoldim. Turkiyadan oldirgan ilk kitobim shu edi. Oʻsha kitob qoʻlimga kelishidan oldin turkcha yarim betlik matn ham oʻqimagandim hatto. Kitobni olishga oldim-u, turkchani na men bilaman, na u. Gapdan gap chiqib shunday degandim: "Tasavvur qil, kun kelib shu kitobni oʻzbek tiliga tarjima qilaman. Muqovada sening isming. Tarjimon sifatida esa meniki: Ilhom Salimov..."

Taqdir ekan. Oʻsha kitobni men oʻqimadim. U ham oʻqimadi. Yoʻllar ayro ketgach birgalikda qilingan maqsadlar oʻz jozibasini yoʻqotarkan. Oradan yarim yilmi, bir yilmi oʻtdi. Bir yogʻimda sigaret kullari, bir yogʻimda boʻshagan shishalar, kitob oʻqib yotganimda ingliz tilini mukammal biladigan doʻstim kelib, shunday dedi: "Ilhom, bir fikr tugʻildi... Men kitob tarjima qilaman, siz esa ularni nashriyotlarga oʻtkazib berasiz. Tanishlaringiz bor har holda. Men birovni tanimasam..."

Nega endi yoʻq? Yaxshi fikr. Oʻzim tanigan nashriyotlarga bordim. Barcha ochiq chehra bilan kutib oldi. Kimdir taklifga jiddiy qaramadi. Jiddiy qaraganlar bilan esa hamon ishlayapmiz. Xullas, doʻstim tarjima qildi. Men uni oʻquvchi koʻzi bilan tahrir qildim. Shu tariqa ikki-uchta kitob chiqdi. Keyin u tarjima qilmay qoʻydi boshqa ishlar bilan boʻlib. Men esa ermakka boshladim. Niyatim umuman jiddiy emasdi.

Faqat shunisi esimdaki, dastlabki tarjimalarimda shu kitobni u ham oʻqiydi degan oʻy bilan ishlardim. Faqat ikkimizgagina tanish soʻzlardan foydalanardim. Sevishganlar orasida oʻziga xos lugʻat shakllanadi. Oʻsha soʻzlar yordamida bir-birini taniydi, dilidagini tushunadi.

Keyin bu oʻy ham unutildi. Jarayondagi maqsadlar paydo boʻldi. Turli xil maqsadlar bilan tarjima qildim: falsafaga oid kitoblar yoʻq, koʻpaytirish kerak; shu kitob zoʻr ekan, boshqalar ham oʻqishi kerak; mana bu kitob yaxshi pul boʻlarkan, teshib chiqarmidi; oʻrtada salom-aligimiz bor, qanday yoʻq deyman, qilib bera qolay; va hokazo.

Odam biror sohani xatolar qilibgina oʻrgana olarkan. Tarjimada, kitob tanlashda, nashriyot tanlashda, soʻz tanlashda va boshqa tanlovlarda xatolar qildim. Qilyapman. Biroq shuni aniq ayta olamanki, har safargi ishim bitta oldingisidan yaxshi boʻlib boraverdi. Eng boshidagi tarjimam nari tursin, bugungi tarjimam yarim yil oldingi tarjimamdan ham ancha yaxshi. Oʻn ming soat qoidasi bu yerda ham amal qiladi. Bir sohaga koʻp vaqt ajratganingiz sayin mohirlashib boraverasiz.

Bugun nima maqsadda tarjima qilayotganimni aniq bilmayman. Balki tirikchilik uchundir. Balki shunchaki odatlanib qolgandirman. Balki oʻzbek tilida yaxshi kitoblarni koʻpaytirish kabi nekbin oʻylarim butkul oʼlib ketmagani uchundir. Faqat bir narsa aniqki, endi uning oʻqishi uchun tarjima qilmayapman.

Hayotimizning bir davridan keyingisiga oʻtayotganda baʼzi odatlarimizni olib oʻtolmaymiz. Kitob oʻqish, sevish, baxtli boʻlish kabi odatlar tushib qoladi baʼzan. Xuddi ba'zi insonlarni oʻtmishda qoldirib, kelajakka faqat xotirasini olib oʻtganimizday. Shu bois mening kitoblarimni hech qachon oʻqimasligiga ishonchim komil.

@salimov_blogi

The Stranger

20 Sep, 16:48


​​Kitobning muqovasi shaxsan men uchun juda muhim. Ilgari shunchaki dizayn qilib qoʻya qolinardi. Hozir esa muqovada asardan iqtibos yoki asar haqida ikki ogʻiz soʻz beriladi. Oʻsha ikki ogʻiz soʻz shunday tanlanishi kerakki, u ham asar haqida maʼlumot bersin, ham shu kitobni oʻqishga ishtiyoq uygʻotsin. Masalan "Mening hayotim" kitobining orqa muqovasida quyidagi iqtibos keltirilgan:

"Haqiqatni izlovchi odam shu qadar yuvosh boʻlishi kerakki, hatto par uni oyoqosti qila olsin. Faqat shundagina u haqiqat jilvalarini koʻradi... Bordi-yu, oʻquvchiga soʻzlarimdan takabburlik hidi kelgandek tuyilayotgan boʻlsa, demak, izlanishlarimning allaqayerida xato qilgan va men haqiqat jilvalarini emas, balki bor-yoʻgʻi sarobni koʻrgan boʻlaman. Mendaylardan yuztasi qirilib ketsa ketar, ammo haqiqat tantana qiladi. Men kabi gumroh bandalar ustidan hukm chiqarganda, haqiqatdan qilcha ham chekinish kerak emas...

Asarning ichidan olingan bu parcha nihoyatda yaxshi tanlangan. U Gandining kuch ishlatmasdan qarshilik qilish falsafasini, doim haqiqatni izlash va bunda qat'iy boʻlish kerakligini ifoda etib, Gandining gʻoyalariga kishida qiziqish uygʻotadi.

Shuningdek, kitoblarning kirish qismidagi annotatsiyalar muhim rol oʻynaydi. Baʼzan annotatsiyadagi gaplar shu qadar umumiy boʻladiki, buni yozgan odam kitobni oʻqimaganmikin deb oʻylab qolaman. Gohida esa asarning butun syujeti uch qator gapda aytib qoʻyiladi. Misol uchun, "Qahramonimiz sevgisi uchun kurashadi. Bu sarob ekanligini bilgach oʻz joniga qasd qiladi. Mazkur asarda sevgi iztiroblari va pushaymonlikni koʻrishingiz mumkin" qabilidagi annotatsiyalarni koʻp koʻrganman.

Spoylerli annotatsiyalarni odatda mutolaa zavqidan mahrum muharrirlar yozishadi. Ular asarning gʻoyasi muhim, syujet ikkinchi darajali deb hisoblashadi. Bu esa xato. Asosiysi gʻoya boʻlsa yozuvchi oʻzini qiynab uch yuz betli kitob yozib oʻtirmay, bitta maqola yozib qoʻya qolmasmidi? Qahramonning taqdiri nima boʻldi ekan, deb sahifalarni yutoqib oʻqishdan bizni mahrum qiluvchi bunday annotatsiyalar mutolaa zavqini kitobxondan olib qoʻyadi.

"Mening hayotim"dagi annotatsiyada keltirilgan parcha ham yaxshi tanlangan:

Hindiston mustaqillikka erishgach, ingliz hukumati milliy ozodlik kurashining otashqalb namoyandasi Mahatma Gandidan Angliyaga tashrif buyurishni iltimos qiladi. Hindistonni asriy mustamlakachilik asoratidan xalos qilgan buyuk rahnamoning qiyofasini oʻzlaricha tasavvur qilgan minglab ingliz fuqarolari uni qarshi olgani temiryoʻl vokzaliga keladilar. Vagondan sochi taqir olingan, boshyalang, egniga oq matoni oʻrab olgan, oyogʻiga shippak ilib, qoʻlida aso tutgan mushtdekkina, ozgʻin chol tushganini koʻrib, hamma dong qotib qoldi. "Shuncha yoʻldan Angliyadek mamlakatga kelar ekansiz, sal durustroq kiyinib olsangiz boʻlmasmidi?" degan savolga Gandi: "Men ona Hindistonimning jonli timsoliman, sizlar ikki yuz yildan beri talayverib, diyorimni shu holga soldingiz" deb javob beradi.

Kitob boshidagi muallifga tegishli boʻlmagan soʻzboshilar esa alohida masala. Men ularning hech birini oʻqimayman. Dastlab kitobni oʻqib chiqib, keyin soʻzboshiga qaytaman va deyarli har doim toʻgʻri qilganimga guvoh boʻlaman. Ayniqsa adabiyotshunoslar yozgan soʻzboshi boʻlsa unda nafosatdan, kitobni his qilishdan asar ham boʻlmaydi. Muallif falon qahramonning oʻlimi bilan shuni aytmoqchiki, deganini oʻqigach siz uchun asardagi oʻsha qahramon tugʻilmayoq oʻladi. Shu bois kirish soʻzlariyu, ortiqcha annotatsiyalarsiz nashr etilgan kitoblarni maʼqul koʻraman.

@salimov_blogi

The Stranger

18 Sep, 15:09


Haqiqiy muhabbat faqat kitoblarda boʻladi deb oʻylasangiz adashasiz. Hayotda ham boʻladi, faqat unda albatta kitob ishtirok etishi kerak...

@salimov_blogi

The Stranger

15 Sep, 18:12


Yoʻlin yoʻqotsa odam – muhabbatga suyangay,
Gʻussaga botsa odam – muhabbatga suyangay,
Chorasiz qotsa odam – muhabbatga suyangay,
Men kimga suyangayman?..

@salimov_blogi

The Stranger

15 Sep, 11:46


Maktab oʻquvchilarining suhbatini eshitsam shu yoshimda men uyalib ketaman. Beshta soʻzining toʻrttasi soʻkinish. Bu jahl ustida soʻkish emas, ularga soʻkinish soʻzlari odatiy holat boʻlib qolgan. Soʻkinmasdan gapira olishmaydi.

Universitet talabalarini kuzataman. Oddiy axloq qoidalarini bilmaydi. Odamlar oldida tupuradi. Koʻchaga axlat tashlaydi. Kattalarni va bir-birini hurmat qilmaydi.

Vaynerlarni kuzatdim instagramdan. Millionlagan auditoriyaga ega vaynerlar 18 + mavzularda bemalol vayn olishyapti, xohlagancha soʻkinishyapti. Oʻsha millionlab kuzatuvchilar ularga havas qilmoqda.

Juma namozidan chiqayotgan odamlarni kuzataman. Hech kimni hurmat qilmay yoʻlni toʻldirib yurishadi. Mashinalarini toʻgʻri kelgan joyga qoʻyishadi. Sal gapga yoqangga yopishishadi.

Odamlarga qarayman. Hamma asabiy. Hech kimning bir gapdan qolgisi yoʻq. Hech kim oʻzidagi qusurni koʻrmaydi. Hamma oʻzini aqlli va haq deb hisoblaydi. Yaqin-yaqingacha odamlar oʻzidan aqllini hurmat qilardi, qaysidir mavzularga aqli yetmasligini tan olishdan uyalmasdi.

Maʼnaviyat soʻzining siyqasini chiqarishdi. Milliylik, oʻzbekchilik deganda qoloqlikni tushunadigan boʻldik. Dinni esa faqat shaklini oldik. Axloqi eʼtiborsiz qoldirildi. Bu jamiyatda yashash borgan sari hamma uchun qiyinlashib boradi.

Shularni oʻylab, sharq didaktik adabiyotidan koʻproq oʻqib, hammaga kerakli va foydali qismlari haqida yozib borishga qaror qildim. Bitta odamga bitta narsani oʻrgata olsam bu ham bir yutuq. Millat tanazzulining oldini olishga haliyam imkon bor deb oʻylayman negadir...

@salimov_blogi

The Stranger

14 Sep, 19:04


Hech boʻlmasa bir kishi bilan xuddi oʻzim bilan oʻzim gaplashganday hamma narsa haqida gaplashishni xohlayman.

Dostoyevskiy