Sarvinoz bilan terapiya

@sarvinoz_bilan_terapiya


Psixologik salomatlik yoʻlida hamrohingiz

Shaxsiy kanalim: @sarvinoz_omonova

Konsultatsiya uchun: @ps_sarvinoz_omonova

Kurs va leksiyalarim: @sara_kurslar

Sarvinoz bilan terapiya

13 Nov, 15:56


‘Hammasi yaxshi, lekin koʻp ovqat yeyapman va kundan kunga semirib ketyapman’

‘Hammasi yaxshi, lekin uyga borgim kelmaydi’

‘Hammasi yaxshi, lekin hech narsadan zavq olmayapman’

Klassik ma’noda hayotida hamma narsasi (ishi, oilasi, yetarlicha daromadi, yaxshi salomatlik) bor kishilar — muammolarini muammo deb tan olishi va psixologga murojaat qilishi qiyin kechadi odatda. Hamma senga havas bilan qarasa, nolish ham qiyin…

Boshida apatiya, melanxoliya boʻlgan holat keyinroq depressiyaga, ba’zida suitsidga ulanib ketishi mumkin. Shuning uchun “hammasi yaxshi” boʻlishiga qaramay, bezovtalik boʻlgan paytda — muammoni aniqlashga harakat qilish lozim.

Balki gul va sovgʻalarga koʻmib yuboradigan er — bolalar bilan umuman vaqt oʻtkazishni xohlamas? Ayol esa bolalarning muammolari, kelajagi haqida yolgʻiz qaygʻurishdan charchagandir. Ayni vaqtda unga sovgʻalar beruvchi oshiq emas, otalik mas’uliyatini oladigan ‘turmush oʻrtoq’ kerak ehtimol? Ojizlik, yolgʻizlik, tushunilmaslik holatlaridan qochishining eng qulay yoʻli — koʻp ovqatlanish boʻlishi mumkin.

Nufuzli universitetga oʻqishga kirgan qiz — na oʻqishga, na uyga borishni istamay qoldi. Oʻqishga borsa, undan a’loroq oʻqiydigan talabalar bilan oʻzini solishtirib charchaydi, avval hamma joyda eng bilimlisi oʻzi ekaniga oʻrgangandi va bundan boshqacha vaziyat uni qiynayapti. Hafta oxirida uyga borsa, onasi “ham zoʻr universitetda oʻqiyotgan, ham zoʻr yigitga turmushga chiqayotgan” boshqa qizlar haqida yangiliklar bilan kutib oladi. Qizning yagona istagi — hech kim tanimaydigan joylarga ketib qolish… Lekin hozir xonadosh qizlarning moddiy qiyinchiliklar, zoʻravon ota haqidagi dardlarini tinglash, oʻzining hayotiga shukr qilish bilan band.

“Menda hammasi yaxshi” jumlasining ortida: ruhiy muammolarni inkor qilish, yordam soʻrashdan va “muammoli odam” boʻlishdan uyalish, oʻz hayotiga standartlar, stereotiplar nuqtayi nazaridan qarash kabi holatlar boʻladi. Afsuski, bu jumlani ishlatadiganlar “hammasi yomon” boʻlganida terapiyaga murojaat qilishadi va bu nuqtada ijobiy oʻzgarishlarni boshlash juda qiyinlashadi.

@Sarvinoz_bilan_terapiya

Sarvinoz bilan terapiya

07 Nov, 18:30


“Hamma odamlar shunaqa …”

“Hech kim meni sevmaydi”, “Hamma men bilan manfaat uchun gaplashadi”, “Hamma xiyonatkor/jahldor/qalbi kir”, “Ular bizni yomon koʻradi/bizga chox qaziyapti”, “boylar egoist boʻladi” — odamlarning boshqalar, qandaydir guruhlar haqida tez-tez jaranglab turadigan shunday fikrlari bir qarashda asosliday tuyuladi.

Masalan, uch marta turmush qurgan va uchala eri ham xiyonat qilgan ayolning hikoyasini eshitganda, tinglovchi rostdan ham barcha erkaklarning xiyonatkor ekaniga ishona boshlashi mumkin. Lekin takrorlanuvchi voqealar, munosabatlarga — psixologlar tasodif sifatida qaramaydi va bularning ortida proyeksiya himoya mexanizmi bor-yoʻqligini aniqlashga harakat qilishadi.

Proyeksiya — kishining oʻziga tegishli boʻlgan his, ehtiyoj, xohishlarini boshqa odamlarda bor deb hisoblashidir. Masalan, boshqalarning unga e’tiborsiz ekanidan xafa boʻladigan kishi — boshqalarga e’tiborsiz boʻladi. Yoki odamlarni agressiv hisoblaydigan insonning oʻzida agressiya koʻp boʻladi.

Yuqoridagi misolga qaytsak. Sherigi bilan munosabatlarning qiziqarli, mustahkam, sogʻlom boʻlishiga urinmaydigan, monogam munosabatlardan zerikadigan yoki an’anaviy oila tarziga isyon qiladigan ayol — har bir turmush oʻrtogʻini xiyonatda shubha qilishi, nazoratga olishi, sevgisini qozonish uchun xizmatlari bilan “yopishib olishi” yoki xafa boʻlib uzoqlashishi mumkin. Bunday munosabatdan qoniqmagan erkaklar esa xiyonat qiladi va ayolning “hamma erkaklar xiyonatkor” degan fikri óz tasdigʻini topadi.

Proyeksiya — kichikligimizda olamga moslashish, eski tajribamizga tayanib xulosa qilishga yordam beradi. Biroq u odamning doimiy va asosiy ishlatadigan himoya mexanizmiga aylanib qolsa, zarar berishni boshlaydi.

Terapiya jarayonida ham proyeksiyalar boʻlishi mumkin — nafaqat mijozda, balki terapevtda ham. Masalan, mijozga terapevt tanqidchan yoki asabiy tuyulishi mumkin. Terapevtga esa mijoz shoshilayotgan yoki qoniqmayotganday tuyulishi mumkin. Terapevtning malakasi qanchalik yuqori boʻlsa, u mijozning ham, oʻzining ham proyeksiyalarini yaxshi aniqlay oladi va ularni oʻzgarishlar manbasiga aylantiradi.

@Sarvinoz_bilan_terapiya

Sarvinoz bilan terapiya

02 Nov, 08:54


Psixolog qanchalik boy nazariy bilimga ega bólmasin, terapiyaning samarasiga eng katta ta'sir qiladigan omil — mijoz bilan munosabatidir. Munosabat órnatishni biladigan psixolog amaliy tajribasi kam bólishiga qaramay, mijozga yaxshiroq yordam bera oladi.

Psixolog bólib endi boshlagan yoki shu sohada óqiyotgan bólsangiz, yetarlicha mijoz yóqligidan va mijozlaringizga yaxshi yordam berolmayotganingizdan qiynalayotgan bólsangiz, professionalligingizni oshirmoqchi bólsangiz, "TERAPIYA MAHORATI" online kursiga taklif qilaman.

Kurs kelayotgan shanba kuni (4-noyabr soat 14.00 da) boshlanadi.

Kurs nafaqat psixologlarga, balki yordam beruvchi boshqa soha (pedagog, shifokor, kouch) vakillariga, qanday qilib terapevt tanlashni órganmoqchi bólganlarga va shunchaki yaqinlari bilan sog'lom munosabat órnatmoqchi bólganlarga ham foydali bólishi mumkin.

Kursning ayni vaqtdagi narxi — 900.000 sóm, 6-noyabrdan boshlab — 1.200.000 sóm.

A'zo bólish uchun: @ps_sarvinoz_omonova akkauntimga murojaat qiling.

Kurs 6 ta darsdan (6-dars — savol-javob) iborat va 6 hafta davom etadi. Quyidagi suratlarda kurs mavzulari va tarkibi bilan batafsilroq tanishishingiz mumkin:

Sarvinoz bilan terapiya

01 Nov, 17:09


Ba’zida oʻzini boricha qabul qilish haqidagi gaplar odamni ovutmasligi, atrofdagilarning maqtovlari kayfiyatni koʻtarmasligi mumkin. Ichkarida qandaydir bezovtalik hissi tinchlik bermaydi va bu bezovtalik hatto depressiyaga ham ulanib ketadi. Bunday paytda kishi ekzistensial aybdorlik hissidan qiynalayotgan boʻlishi mumkin.

Ekzistensial aybdorlik hissi — oʻz potensialimizni roʻyobga chiqarmaganda qiynaydigan hissiyotdir. Bu hisga quloq solish — oʻzimiz istagan hayotda yashashga yordam beradi. Potensialni roʻyobga chiqarish deganda olamshumul karyeraviy muvaffaqiyatnigina tushunish kerak emas. Kimdir hamshira boʻlib ishlashda, kimdir ilmiy nazariyalarni odamlarga oson qilib tushuntirib berganida, kimdir farzand ulgʻaytirishda oʻz potensialini toʻlaroq roʻyobga chiqarayotganini his qilishi mumkin. Dunyo kezish, sevgan insoni bilan oila qurish, turfa xil retseptlarni sinab koʻrish kabilar ham — kimgadir oʻz hayotini yashayotganlik hissini beradi.

Turli qoʻrquv va xavotirlar tufayli istagan narsalari tomon harakat qilmaganida, odamni ekzistensial aybdorlik hissi qiynaydi. Ba’zilar bu hisni turli qaramliklar bilan bostiradi.Ba’zilar hayoti shundoq ham yaxshi ekaniga oʻzini ishontirishga urinadi. Kimdir esa ekzistensial aybdorlik hissidan xalos boʻlish uchun orzularini farzandlariga singdirish payida boʻladi.

Oʻzi egallamagan kasbi, qilmagan ishlari, orzularini farzandiga (nevarasiga) yuklash holati — ota/onani ezksitensial aybdorlik hissidan ozod qiladiganday tuyuladi. Lekin bu yuz bermaydi. Oʻz potensialini oʻzi roʻyobga chiqarishgina odamni qoniqtira oladi. Buning ustiga, farzand bir necha muammolar bilan ulgʻayadi: ota-onasining kutuvlariga mos kelmagani uchun aybdorlik hissi, ota-onasi istagan hayotni yashashga urinish chogʻida oʻz qiziqish va orzularidan voz kechgani uchun ekzistensial aybdorlik hissi hamda nartsissizm.
Bunday farzandlar odatda oʻzidan shu qadar koʻp narsa talab qilishni boshlaydiki, bu rivojlanishga emas, balki harakat qilolmaslikka olib keladi. Ular shaxsiy rivojlanish treninglari va kouchingdan koʻra, psixoterapiyadan foydalanishlari maqul.

@Sarvinoz_bilan_terapiya

Sarvinoz bilan terapiya

30 Oct, 15:10


"Nega haliyam ózimni yomon his qilyapman?"

Uzoq vaqt davom etgan qiyinchiliklardan keyin hayotida yirik ijobiy ózgarishlar bólganida odam ózini yaxshi his qilolmasligi mumkin: sevgani bilan turmush qurganida, orzusidagi mamlakatga kóchganida, universitetni tugatib ajoyib ishga joylashganida, toksik oilasini tark etganida va hokazo.
Bunday paytda "Men baribir baxtli bólolmas ekanman, men baribir ózgarmas ekanman" degan xayollarga borish mumkin.

Nega shunday bóladi?

"Toksik" muhit yoki munosabatlarda odamning óziga ishonchi pasayadi, xavotir buzilishlari va qaramliklar yuzaga keladi, depressiya tufayli hayotning turli sohalarida bir qancha muvaffaqiyatsizliklar yuz berishi mumkin. Ulardan tana va ruh charchaydi. Ijobiy davr boshlangach, avval yuzaga kelgan ruhiy muammolar birdaniga yóqolib qolmaydi. Xotirjamlik, quvonch, qiziqish, ehtiros his qilishni boshlash uchun vaqt kerak bóladi.

Bundan tashqari, ijobiy muhitdagi/munosabatlardagi yoqimli narsalarni kórgan inson — avvalgi muhitdagi adolatsizlik, haqsizlik, zóravonliklar uchun jahl tuyishni, ósha paytda yóqotganlari uchun qayg'u chekishni boshlashi mumkin. Avval his qilish xavfli bólgan hislar endi yuzaga chiqadi va og'riq beradi.

Shuningdek, yangi muhitning ham unchalik yoqimli bólmagan qiyinchiliklari bor va ularga adaptatsiya qilishga tóg'ri keladi.

Ijobiy ózgarishlar davrida ózingizni baxtli bólishga majburlash kerak emas. Tana va ruhiyatingizga malham bóladigan narsalarni qilishda davom etish va ózingizga vaqt berishingiz — kun kelib foydasini beradi.

@Sarvinoz_bilan_terapiya

Sarvinoz bilan terapiya

24 Oct, 13:23


Bizni fikrlarimiz boshqaradimi? Yo …

Bolalar, yosh avlod “begona fikrlash tarzi”dan himoya qilinganida — odamlar fikrlarning yuqumli ekaniga qanchalar ishonishini koʻramiz. Lekin ba’zida ajoyib, foydali ekaniga amin boʻlgan fikrlarimizni nega qabul qilishmasligi hayron qoldiradi — axir qovun qovundan rang olishi kerak edi-ku?

Psixikamiz fikrlarni tanlash xususiyatiga ega. Travmalarimiz, ogʻir vaziyatlardan chiqishda yordam bergan himoya usullarimizni tasdiqlaydigan fikrlarni filtrsiz qabul qilamiz.
Masalan, yuqoridagi postda keltirilgan nartsisstik gʻoyalarni nartsisslar gubkaday shimib oladi. Hozirgi zamonda nartsisstik gʻoyalarning juda mashhurligiga sabab — juda koʻpchilik oilalar farzandini kapitalistik dunyoning muvaffaqiyat poygasiga moslab tarbiya qilayotganidir.

“Oilangdan boshqaga ishonma”, “Hech kimga suyanma” singari fikrlarni paranoidal xarakter egalari mamnuniyat bilan qabul qilishsa, azob tortishning muhimligi haqidagi fikrlar mazoxistlarga darrov maqul keladi.

Oʻzining yashash strategiyalariga toʻgʻri kelmaydigan, hayotda hali qoʻl kelmagan fikrlarni esa eshitadi-yu, unutadi inson.

Munosabatlarda jufti uchun oʻz “men”ini qurbon qiladigan, oʻzini qadrlay olmaydigan odamlarga qarata aytilivchi “Oʻzingni sev” degan maslahatlarning shunchaki havoga uchib ketishi sababini anglayapsizmi?

@Sarvinoz_bilan_terapiya

Sarvinoz bilan terapiya

23 Oct, 10:53


Soʻraganlar uchun yangilik! 💫

Psixolog boʻlib ishlayotgan va psixologiya sohasida oʻqiyotganlar uchun “TERAPIYA MAHORATI” nomli kurs tashkil qilyapman. 4-noyabrda boshlaymiz. Kurs 6 ta darsdan iborat va haftada bir marta Zoomda boʻladi. Darslar davomiyligi 2 soatdan. Kurs quyidagi mavzulardan iborat:

1. Terapiya jarayoni haqida. Psixologning etik qoidalari — ular nega kerak?

2. Terapevtik munosabat oʻrnatish. Mijozga yordam beradigan vositalar

3. Terapiyada chegaralar

4. Psixologning asosiy muammolari

5. Psixolog sifatida ijtimoiy tarmoqlarni yuritish

6. Savol-javob (Bunda ishtirokchilarning terapiyaga oid savollariga javob beraman)

Kurs narxi: 1-noyabrgacha 700.000 soʻm. 1-noyabrdan boshlab 900.000 soʻm

A’zo boʻlish va qoʻshimcha savollar bilan murojaat qilish uchun @ps_sarvinoz_omonova akkauntimga yozing

Sarvinoz bilan terapiya

20 Oct, 16:42


Nartsisstik gʻoyalar

Psixologlar hozirgi davrni nartsissizm erasi deb ataydi va atrofdan eng koʻp eshitadigan gaplarimiz nartisisstik gʻoyalar ekani bejiz emas. Motivatsion, ruhlantiruvchi vazifalarni bajaradi deb hisoblanadigan quyidagi gaplar odamni chiqmas koʻchaga (‘tupik’ka) tiqib qoʻyadi va depressiyaga ham olib kelishi mumkin:

“Dunyo imkoniyatlarga toʻla”. Bu jumla odamni yangi imkoniyatlar qidirishga undashi mumkin, lekin imkoniyatlar juda kam boʻlgan holatda aybdorlik hissini paydo qiladi. Rivojlanishga imkoniyat topilgan taqdirda ham, oʻtmish va hozirgi kunning muammolariga oʻrlashib qolganlik (masalan, kambagʻallik, sogʻliqdagi muammolari, toksik oilada oʻsish) — mavjud imkoniyatlardan foydalanishga halal berishi mumkin.

“Hammasi seni qoʻlingda”. Bu reallikni inkor qilish hisoblanadi. Olamda nafaqat men, balki boshqa millardlab odamlardan iborat reallik ham bor. Tashqi omillar odatda ózgaruvchan va noma’lumdir. Bularni hisobga olmagan odam toʻsiqlar, cheklovlarini koʻrolmaydi va muvaffaqiyatsizliklari uchun faqat oʻzini ayblaydi.

“Oʻzingga ishon, hech kimni tinglama!” Bu ham boshqalar koʻrolayotgan, lekin sen koʻrolmayotgan reallik bilan hisoblashmaslikka sabab boʻlishi mumkin. Boshqalarga qaram boʻlish va hech kimni tinglamaslik — oʻzining zararlariga ega boʻlgan qarama-qarshi qutblardir. Qutbli fikrlash esa reallikni notoʻgʻri koʻrishga sabab boʻladi.

Siz qaysi gʻoyalarni nartisstik gʻoyalar sifatida misol keltirolasiz?

@Sarvinoz_bilan_terapiya

Sarvinoz bilan terapiya

18 Oct, 16:00


Yaqin boʻlmagan yaqinlar

Koʻpchilikni qiynaydigan muammolardan biri — siblinglari (opa yo singli, aka yo ukasi) bilan munosabatlarining ziddiyatli/uzoq ekanidir. Bunday boʻlishi normal, lekin bu haqida deyarli gapirilmaydi. Odamlar esa odatda siblinglari bilan munosabati tufayli oʻzini aybdor, noqis his qilib yashashadi.

Ota-onalar farzandlariga ‘bir-biringizga mehrli boʻlinglar’ deb uqtirishadi, lekin bolalar buni koʻpincha eplolmaydi. Nega?

Ota-onalar farzandlariga turlicha munoabatda boʻlishadi. Kimdir onasining erkasi, kimdir otasining ardogʻida. Bir bolaga butun oilaning mas’uliyati yuklansa, boshqasi esa har qadamda oilasining yordamini oladi. Qaysidir farzand kutilgan, qaysidir kutilmagan… “Resurslar” noteng boʻlgan bunday hollarda bolalarning oʻrtasida ziddiyatlar boʻlishi tabiiy.
Siblinglarni bir-biriga juda koʻp taqqoslashadi. Nafaqat uyidagilar, balki qarindoshlar, oʻqituvchilar, qoʻshnilar va hk.lar ham. Bitta ota-onadan tugʻilgani uchun bir xil koʻrsatkichlar koʻrsatishi shartday. Lekin sibling bolalar, hatto egizaklar ham bir-biridan farqli xususiyatlar bilan dunyoga kelishadi. Solishtirish esa foyda bermaydi, balki bolalar oʻrtasidagi yaqinlikni buzib, nartsisstik travma yetkazadi.
Ota-onaning oʻzi bir-biri bilan kelisholmasa, farzandlariga ham gʻamxoʻrlik qilolmasa — bolalar bir-biriga mehrli boʻlishni qayerdan oʻrgansin? Umumiy koʻngilochar mashgʻulotlar, oʻyinlar, topshiriqlar bolalarni bir-biriga yaqinlashtiradi — bularni yaratishga esa ota-ona harakat qilishi lozim. Shunday paytlarda ular bir-birini taniydi, oʻrganadi, aloqa qiladi. Shunchaki bir uyda yashash odamlarni yaqin qilib qoʻymaydi.
Ba’zi siblinglar bir-biri bilan juda yaqin koʻrinadi. Lekin ular nosogʻlom (koʻpincha qutqaruvchi-jabrdiyda) munosabatlarda boʻlishadi. Bir-birlarining dardini tinglashadi, qoʻllab-quvvatlashadi, lekin kimdir yetarli yordam berolmayotganidan, kimdir qadrlanmayotganidan, kimdir ortiqcha boshqarilayotganidan norozi boʻlib yuradi. Bu esa odatda oilaning katta a’zolari (ota-ona, bobo-buvi) muammolarining takrori yoki davomi boʻladi.

Sizni siblinglaringiz bilan munosabatlaringiz qanday?

@Sarvinoz_bilan_terapiya

Sarvinoz bilan terapiya

03 Oct, 15:14


Seanslaringiz har doim online bólganmi? Agar yuzma yuz terapiyalaringiz ham bólsa kuchliroq effect berganini sezganmisiz hech? Mijozlaringiz bn panika kechirayotgan paytda shoshilinch seans ham belgilaysizmi ?

Seanslarni doim online ótganman. Ustozlarim bólgan psixologlar "yuzma-yuz va online seanlar baribir farqli, lekin malakali psixologning online seansining kuchi yuzma-yuzdan farq qilmaydi" deyishadi.

Psixotik darajadagi mijozlar bilan iloji boricha kabinetda ishlagan maqul. Har safar bir xil vaqtda bitta joyda kutib turadigan terapevtning borligi muhim ular bilan ishlashda.

Shoshilinch sessiya belgilamayman. Ayniqsa hayotiy qaror qabul qilmoqchi bólgan notanish odamga. "Ertaga ajrashmoqchiman, bugun siz bilan gaplashaylik" deb ham murojaat qilishgan. Rad qilganman.

Moliyaviy imkoniyati yetmagani uchun faqat qiyin paytlarida murojaat qiladigan mijozlar ham bor. Aslida uzluksiz terapiyani maqul kóraman, chunki qiyin paytdagi seanslar odatda og'riq qoldiruvchi doriga óxshaydi, sifatli ózgarishlarga yetib borish qiyin bunda. Lekin yóqdan kóra, kam bólsa ham murojaat qilgani yaxshi.

Har hafta seans oladigan mijozim ahvoli qiyinligi uchun orada qóshimcha seans ótishimizni istasa, rozi bólaman. Chunki shundog'am hayotiga oid kóp narsadan xabardor bólaman va ózi nimalar bólayotganini tushuntirishiga kóp vaqt ketmaydi.

Sarvinoz bilan terapiya

03 Oct, 14:57


Психолог хеч канакасига ёрдам беролмайдиган пациентлар булиши мумкинми? Жинниларни назарда тутмадим. Обычный даражадаги муаммоси бор пациент. Факат у психолог ёрдам беролмайдиган шахсиятга эга булиши мумкинми?

Psixologga ózi istab kelgan odamga yordam berish mumkin. Boshqa kishining istagi, iltimosi bilan borgan odamga kópincha yordam berib bólmaydi.

Ba'zi mijozlar bilan ishlash juda qiyinligi sabab, ular davomli terapiya ololmasligi mumkin. Masalan:

• inkor qiluvchi bog'langanlik tipiga ega mijoz bitta psixolog bilan uzoq, davomli ishlay olmasligi mumkin. Ilk noqulaylik, hafsala pir bólishlardan keyin terapiyaga kelmay qóyadi.

• psixotik darajadagi mijozlarning kuchli hislarini, xulq-atvorini terapevtlar kótarishga qiynaladi. Ular bilan ishlash qiyin, ishlaganda ózgarishlarning yuz berishi kóp vaqt oladi. Hayotiy sharoitlari og'ir bólsa, psixotiklar terapiyani barvaqt tugatishi mumkin.

Terapiyaga umuman bormaydigan, lekin muammoli odamlar ham bor. Masalan, perverz (birlamchi) narsisstlar, mazoxistik xarakterga ega odamlar, antisotsial xarakterdagilar va b.
Shunaqa hazil gap bor, unda yuqoridagilar nazarda tutilgan bólsa kerak:
"Terapiyaga — unga muhtoj bólganlar emas, ularning yaqinlari borishadi"😄

Sarvinoz bilan terapiya

30 Sep, 11:38


Mijoz tomonidan ruhiy holati sabab terapevtga nisbatan asabiylik, jahl qilish holatlari kuzatilsa, terapevt qanaqa yo'l tutishi kerak?

Uzoq muddatli terapiyada hech noroziligini bildirmagan mijozning terapevtdan jahli chiqishi va buni bildira olishi — juda yaxshi holat. Hatto uning ruhiyatidagi ijobiy ózgarishlarni belgisi hisoblanadi. Chunki sog'lom munosabat degani sheriklar bir-biriga jahl qilishi, norozi bólishi mumkin degani.
Terapevt mijozning jahl hissini qabul qilib, bu haqida gaplashishlari, nega bu his yuz berganini tahlil qilishlari mumkin. Agar terapevt mijozga yoqmaydigan/noórin harakat qilgan, gap aytgan bólsa, uzr sóraydi.

Kóp jahl hissi tuyadigan yoki hozirgi hayotida yuz berayotgan voqealar tufayli g'azabda bólgan mijozning jahlidan malakali terapevtlar ta'sirlanmaydi. Bu jahl terapevtga qaratilmaganini bilishgani uchun. Shu sababdan bu jahl manbasi haqida gaplashishga terapevt mijozni taklif qiloladi.
Agar jahl qópollik, agressiyaga aylansa — terapevt bunga munosabatini ochiq aytishi (unga bunday muomala yoqmayotgani), birga ishlashni davom ettirish niyati bólsa qanday qoidalarga amal qilishi kerakligini bildirishi mumkin.

Sarvinoz bilan terapiya

30 Sep, 11:22


Psixoterapiyani qancha muddat olish psixolog hal qilishi kerakmi? Yoki patsient? Har qanday muammolarda

"Bu muammongizni hal qilishga mana buncha vaqt kerak" deb aytishni iloji yóq. Mijozning psixikasi, hozirgi hayot sharoitiga kóra turlicha vaqt kerak bóladi. Masalan, ózining ishi, qiziqishlari, dóstona munosabatlari bor ayolning erini yóqotishidan keyingi holati boshqa; 3 ta bola bilan qolgan va faqat uy yumushlarini qilib kelgan ayolning erini yóqotishi boshqa.

Uzoq muddatli psixoterapiyada aniq vaqt belgilanmaydi odatda. Sifatli ózgarishlar 2-3 yillik uzluksiz terapiyadan keyin boshlanadi. Mijozning hayotida kózga kórinarli va barqaror ózgarishlar boshlanganida terapevt va mijoz kelishgan holda terapiyani yakunlashi mumkin. Turmush qurish, ajrashish, yangi ish topish yoki oila uyidan chiqib mustaqil hayotni boshlash — bunday voqealar terapiya tugaganiga ishora emas. Ulardan keyin ham odam ózini qanday his qilyapti, qanday yashayapti, ózgarishlar qanchalik barqaror, shularni kuzatish kerak.

Terapiyani yakunlanishi ikki tomonning kelishuvi bilan bólishi kerak. Mijoz ózi yakunlash qaroriga kelsa ham, nega tóxtatishga qaror qilayotgani, nimalar qoniqtirmayotgani, bosib ótilgan yól va munosabatda nimalar yuz berganini gaplashish uchun ham bir nechta seans belgilanadi. Ba'zida aynan shu suhbat terapiyani yangi bosqichga olib chiqishi va yana davom etishiga sabab bólishi mumkin.

Sarvinoz bilan terapiya

28 Sep, 15:07


Psixolog hayotiga mijoz muammosi ta'sir qilmasligi uchun u qanday himoyalanadi? Masalan, men dugonamni muammosini eshitsam ba'zan og'ir bb qilaman, ba'zan yengillik his etaman. Buni sababini esa bilmayman

Ideal holatda, psixolog avval ózi terapiya olgan bólishi kerak. Doimiy terapiya va superviziyadan ótish — psixolog salomatligi uchun juda zarur.

Shaxsiy terapiyasida psixolog ózining muammolarini terapevti bilan gaplashadi. Superviziyada esa psixolog mijozlari bilan yuzaga kelayotgan qiyinchiliklarni gaplashadi va supervizor-terapevt unga yordam beradi. Psixologning birorta mijoz bilan ishlashiga ózining shaxsiy muammolari halal berayotgani kórgan supervizor — "buni shaxsiy terapiyangizda hal qilganingiz maqul" deb terapevtiga jónatadi)
Masalan, psixolog birorta mijozi bilan ishlayotganida ojizlik his qilishi mumkin — shunda u supervizoriga nima bólayotganini aytadi.

Har bir odamning hissiyotlarni kótara olish borasida qanchadir darajada imkoni bóladi. Bu konteynerlash qobilyati deyiladi. Kichikligimizda onamiz bizning hislarimizga psixikasidan joy beradi, ya'ni konteyner vazifasini bajaradi. Agar bolani qiyin paytlarda ota-onasi yupatgan, yonida bólgan, qóllab-quvvatlagan, hislarini tan olgan bólsa — asta-sekin bolaning ózi hislarini konteynerlashni boshlaydi. Lekin kópchilik bunday ulg'aymagan. Boshqalarning og'ir hislari u yoqda tursin, ózining hislarini kótara olmaydi. Kimningdir muammosini eshitganida uni chinakam tinglolmaydi, ózining dardi haqida óyga chómib ketadi.

Boshlang'ich psixologlarda mana shu hissiy konteyner hajmi juda kichik bóladi. Shuning uchun mijozlarining muammolarini eshitganida og'ir bólib qoladi, bu holat kóp takrorlanaversa — kasbiy tugab bitish (burn out) holati yuz beradi. Agar psixolog ózi terapiya olayotgan bólsa, terapevti unga konteyner vazifasini bajaradi. Shunda psixolog boshqalarning hislari bilan yuzlashishi osonlashib boraveradi.

Sarvinoz bilan terapiya

28 Sep, 10:51


Bu haqida avval aytganmanmi, yóqmi — psixologning ajrashgani uning yaxshi psixolog emasligini bildirmaydi. Ajrashish — pozitiv ózgarish bólishi ham mumkin.

Uzoq yillik turmush ham — ijobiy voqelik deganimas. 20 yillab nosog'lom munosabatlarda yashab kelayotgan juftliklar bor.

Psixologning turmush qurgan-qurmagani, necha yildan beri oilali ekani, bolasi bor-yóqligi — uning qanday mutaxassisligi haqida hech narsani anglatmaydi.