Dostoevskiy va Tolstoy
(Xayoliy uchrashuv)
Bu ikki adib real hayotda uchrashmagan. Agar uchrashib qolganlarida ularning suhbatlari sirayam tugamasdi deb tasavvur qilaman.
XIX asr oxiri. Rus adabiyotining ikki ulug‘ dahosi — Lev Tolstoy va Fyodor Dostoevskiy uchrashib qolishadi.
🔸️Tolstoy: Fyodor Mixaylovich, odamlarning ruhiy iztiroblarini tasvirlashga shunchalar qiziqasizki! Sizning qahramonlaringiz orasida ezilgan, azob chekkan, jinoyat qilib, keyin tavba qilgan odamlar rosa ko‘p. Nega odamlarning aynan shu tomonlarni yoritishga intilasiz?
🔹️Dostoevskiy (kulimsirab): Chunki odamning qalbi — urush maydoni, Lev Nikolaevich. Yovuzlik va ezgulik doimo kurashadi, ichki ziddiyatlar bo‘lmasa, inson qalbi ham o‘z ma’nosini yo‘qotadi. O'zingiz nega odamlarni tabiat bilan uyg‘unlikda ko‘rasiz? Tabiatdagi sokinlik bilan qalbdagi to‘fonni qanday qilib birlashtirasiz?
🔸️Tolstoy: Inson tabiatdan ajralmas bir butun, Fyodor Mixaylovich. Men uchun tabiat — hayotning ilohiyligi ramzi. Biz uning bag‘rida sokinlik topamiz. Tan olaman, o‘zim ham ichimda ziddiyatlarni his qilaman. Shuning uchun "Anna Karenina" yoki "Urush va tinchlik"dagi qahramonlarim tabiat bag'rida bo‘lsalar ham, o‘zlarini tinch deb hisoblashmaydi.
🔹️Dostoevskiy: Demak, siz ham ziddiyatlardan qocha olmaysiz. Ammo fikrimcha, haqiqiy insoniylik — mashaqqatni, azobni his qilishda. “Jinoyat va jazo”da Raskolnikov qilmishidan pushaymon bo‘lgach, chin insoniylikni topadi. Sizningcha, inson poklikka erishishi uchun o‘z azoblarini yengishi kerak emasmi?
🔸️Tolstoy: Albatta, lekin men azobni oxirgi manzil deb hisoblamayman. Azob bizni poklaydi, ammo poklikka faqat kechirish va mehr-shafqat orqali erishish mumkin. Yodimda, “Kreytser sonatasi”da insoniy ehtiros va shahvoniy tuyg‘ularni tadqiq qilgan edim. Bu ehtiroslarni yengish orqali erkinlikka erishish mumkin, deb o‘ylayman.
🔹️Dostoevskiy: Ha, ammo ehtiroslarning o‘zi ham insoniyatning bir qismi. Ehtirossiz hayot zerikarli va bo‘sh bo‘lib qolardi nazdimda. Men uchun ehtiros — insoniyatning botinini kashf etadigan narsa. Ehtiros orqali inson o‘zini topadi. Lekin siz bunga ham qanoat qilmasangiz kerak?
🔸️Tolstoy (jiddiy): Balki shundaydir. Lekin o‘zimga nisbatan talabchanligim sababli ehtiroslar meni hayotda ko‘p qiynagan. Inson ichki ma’naviyati orqali yuksaklikka erishadi, deb hisoblayman. Ammo, Fyodor Mixaylovich, tan olib aytaman, ehtiroslarimizni va ichki kurashlarimizni yanada chuqurroq tushunish uchun doimo sizning asarlaringizga murojaat qilaman.
🔹️Dostoevskiy (samimiy kulib): Men esa, Lev Nikolaevich, sizning qahramonlaringiz kabi, ichki hotirjamlik, tinchlikka erishishni orzu qilaman. Ammo bilasizmi, men uchun bu hotirjamlik go‘yo uzoq, yetib bo‘lmas qirg‘oqdek tuyuladi. Qahramonlarimning ruhiy iztiroblari, gunoh va tavba o‘rtasidagi kurashi... bu qandaydir tuganmas savollar girdobi, hech tinchlik bermaydi.
🔸️Tolstoy (muloyim jilmayib): Bu qirg‘oq, Fyodor Mixaylovich, aslida ichimizda yashiringan. U yerga yetib borish uchun biz birinchi navbatda o‘zimizni kechirishni va o‘zimiz bilan kelishib yashashni o‘rganishimiz kerak, deb o‘ylayman. Tinchlik — bu kurash emas, balki o‘zini qabul qilish, o‘z hayotingni, xato va to‘g‘ri yo‘llaringni anglashdan boshlanadi.
🔹️Dostoevskiy (chuqur o‘yga tolib): Shundaymi? Ehtimol, siz haqdirsiz. Ammo men o‘z asarlarimda insonning ichki bo‘hronlarini, og‘riqli savollarni ochishga intilaman. Chunki men uchun eng qimmatli narsa — insonning o‘z haqiqati bilan yuzlashishidir...
🔸️Tolstoy: Haqsiz, Fyodor Mixaylovich. Balki biz dunyoga turlicha nigoh bilan qararmiz, ammo maqsadimiz bir — ya'ni inson qalbini o‘rganish...
Ikki adib ana shu tarzda yana uzoq suhbatlashishdi...
Davomi bor...
@timur_books