Orif Tolib @oriftolib Channel on Telegram

Orif Tolib

@oriftolib


Soʻz. Tahrir. Savodxonlik.

Reklama boʻyicha:
👉 https://bit.ly/3nHSpI6
Murojaat uchun:
👉 @oriftolib_xatlar_bot
Donat:
👉 8600572904072506
👉 tirikchilik.uz/oriftolib

Ijodiy ishlardan oʻgʻrincha foydalanilishiga rozi emasmiz.

Orif Tolib (Uzbek)

Orif Tolib kanalida soʻz, tahrir va savodxonlik haqida muhokama qilish borasida zamonaviy mavzularni oʻrganish imkoniyati mavjud. Bu kanal orqali siz oʻz fikrlaringizni ifoda qilish, yangi soʻzlar va soʻzlar tahririda yaratilgan ishlar bilan tanishish va savodxonlik sohasida rivojlanish imkoniyatiga ega boʻlishingiz mumkin. Kanalda reklama boʻyicha maʼlumotlar, manzillar va murojaat uchun maʼlumotlar mavjud. Channelda mablagʻ toʻlash imkoniyati ham mavjud boʻlib, kanal yaratuvchilaridan oʻgʻrincha foydalanish uchun bu kanal sizga yordam beradi. Orif Tolib kanali ijodiy ishlardan oʻz foydalanuvchilariga rivojlanishga yordam berish uchun yaratilgan, shuningdek, oʻz fikrlarini ifoda qilish uchun ideal platformadir. Siz ham Orif Tolib kanaliga aʼzo boʻling va oʻz fikrlaringizni boshqalar bilan baham koʻring.

Orif Tolib

11 Jan, 10:00


Shahari emas, shahri

Shahar soʻziga uchinchi shaxs egalik qoʻshimchasi -i qoʻshilganda bir a tushadi va shahri hosil boʻladi.

Qachon shahari shaklini qoʻllash mumkin? Agar shahar soʻzi joy nomi tarkibida boʻlsa, a saqlanadi:

Toshkentning Eski shahariga sayohat qilamiz.

Eski shahar – Toshkentning qadimiy qismi nomi. Shuning uchun unga -i egalik qoʻshimchasi qoʻshilganda ham tovush tushmaydi.

Shahar soʻzidan yasalgan hamshahar soʻzida ham shunday holat kuzatiladi:

Kecha tasodifan hamshaharini koʻrib qoldi.

🟢 Qolgan holatlarda esa shahri shaklida yozish toʻgʻri:

Dunyoning eng goʻzal 15 ta shahri.
Oʻzbekistonning 10 ta tumani va shahri.
Dunyoning eng boy shahri.
Toshkent shahri, Fargʻona shahri,
Qarshi shahri, qadimiy Varaxsha shahri.

#Soʻragan_edingiz

🌐 Sayt 🛜 Telegram ▶️ YouTube

Orif Tolib

11 Jan, 08:00


Gap-soʻz qorovuldan kuchliroq.

Afgʻon maqoli

🌐 Sayt 🛜 Telegram ▶️ YouTube

Orif Tolib

11 Jan, 04:30


Kabi, singari, -dek: vergul kerakmi yoki yoʻq?

Kabi, singari koʻmakchilari va -dek qoʻshimchasini olgan soʻz va birikmalardan keyin vergul qoʻyish koʻp uchraydi. Aslida vergul kerak emas. Chunki koʻmakchilar ham, -dek qoʻshimchasi ham vergul talab qilmaydi:

Bahordan keyin yoz kelgani kabi bu holat ham doim takrorlanadi.
Bahordan keyin yoz kelganidek bu holat ham doim takrorlanadi.


Yuqoridagi jumlalarda kelgani kabi, kelganidek soʻzlaridan soʻng vergul mutlaqo ortiqcha.

🟢 Qachon vergul kerak?

Kabi, singari koʻmakchilari va -dek qoʻshimchasi kiritma tarkibida kelganda vergul qoʻyiladi. Chunki kiritma vergul talab qiladi. Bunda maʼlumot manbasi nazarda tutiladi:

Alisher Navoiy aytganidek, tilga ixtiyorsiz – elga eʼtiborsiz.

Iqtibos asliga mos boʻlsa, uni qoʻshtirnoqqa olish ham mumkin:

Alisher Navoiy aytganidek, “Tilga ixtiyorsiz – elga eʼtiborsiz”.

❗️ Xuddi shu holatga oʻxshash, chalkashtiradigan gap qurilishi ham bor. Bunday oʻrinlarda vergul qoʻymaslik kerak:

Rasmda koʻrsatilganidek qalamlarni kichigidan kattasiga tartibida terib chiqing.

Bu yerda maʼlumot manbasi koʻrsatilmayapti. Ish harakatga asos, andaza koʻrsatilyapti. Aslida bu gapni mana bunday berish oʻzbekcha ifodaga mosroq:

Qalamlarni kichigidan kattasiga tartibida rasmda koʻrsatilganidek terib chiqing.
Qalamlarni rasmda koʻrsatilganidek kichigidan kattasiga tartibida terib chiqing.


Agar rasmga asoslanish, undan oʻrganib olishni taʼkidlash shart boʻlmasa, rasmda koʻrsatilganidek birikmasini qisqartirish mumkin. Darslik va oʻquv qoʻllanmalarda esa bunday qilmaslik kerak. Oʻquvchiga imkon qadar aniq va toʻliq maʼlumot bergan afzal.

🌐 Sayt 🛜 Telegram ▶️ YouTube

Orif Tolib

10 Jan, 11:20


Agar yurak qaramasa, koʻz hech narsani koʻrmaydi.

Adigey maqoli

🌐 Sayt 🛜 Telegram ▶️ YouTube

Orif Tolib

10 Jan, 04:30


Koʻplik qoʻshimchali atoqli otlar kichik harfda yoziladimi?

Imlo qoidalariga koʻra, kishi ismlari bosh harf bilan yoziladi. Ularni kichik harfda yozish boʻyicha tartib imlo qoidalarida belgilanmagan. Biroq ism atoqli otlik xususiyatini yoʻqotib, turdosh otga aylansa, oʻz-oʻzidan kichik harfda yoziladi. Chunki turdosh ot jumla ichida kichik harfda yozilishi kerak:

Suv keltiraman deb yeng shimargan farhodlar bormi?
Surxondaryo – alpomishlar yurti.


Yuqoridagi ikki jumlada ajratib koʻrsatilgan soʻzlar ismlik xususiyatini yoʻqotgan. Farhodlar joʻmardlar, himmatlilar maʼnosini, alpomishlar esa polvonlar, kurashchilar maʼnosini ifodalayapti. Ularni sinonimlariga – turdosh otlarga bemalol almashtirish mumkin.

Ammo koʻplik qoʻshimchasi qoʻshilgan har qanday atoqli ot turdosh otga aylanib qolavermaydi:

Bugun Farhodlarnikiga boramiz.
Bu haqda Choʻlpon-u Qodiriylar ham yozgan.


Bu jumlalarda atoqli ot oʻz xususiyatini yoʻqotmagan, kishining ismi ekani namoyon boʻlib turibdi. Farhodlarniki – Farhod va uning oilasi xonadoni, Choʻlpon-u Qodiriylar – Choʻlpon va Qodiriy; Choʻlpon va Qodiriy kabilar.

#Soʻragan_edingiz

🌐 Sayt 🛜 Telegram ▶️ YouTube

Orif Tolib

09 Jan, 12:15


Malakali oʻzbek tili oʻqituvchilari ragʻbatlantirilishi kerak

Oʻqituvchilar yaxshi biladi, bu yildan boshlab ona tili va adabiyot fanidan milliy sertifikat olganlarga ustama beriladi. Shu sertifikatga ega oʻzbek tili oʻqituvchilariga esa ustama berilmas ekan.

Biladiganlardan soʻrab-surishtirsam, ustama toʻlanmasligiga ikkisining alohida fan ekani sabab ekan. Xuddi fizika sertifikati bilan matematika uchun ustama olinmasligi kabi.

Toʻgʻri, bu ikkisi – alohida fan. Lekin matematika va fizikaga solishtirish juda oʻrinli emas. Ona tili va oʻzbek tili bir-biriga juda yaqin.

Taklifim:

1️⃣ Sertifikat oʻzbek tili uchun ham qabul qilinsin.

2️⃣ Mabodo sohaviy farqlari koʻp deyilsa, oʻzbek tili faniga mos milliy sertifikat imtihonlari oʻtkazilsin va u ustamaga asos boʻlsin.

Nima boʻlganda ham, malakali oʻzbek tili oʻqituvchilari ragʻbatlantirilishi kerak.

🌐 Sayt 🛜 Telegram ▶️ YouTube

Orif Tolib

09 Jan, 11:00


OmniChannel – mijozlar bilan koʻp tarmoqli bogʻlanish platformasi

Savol:

Marketingda shunaqa atama bor – OmniChannel Customer Engagement Platform.

Shuni oʻzbekchada Mijozlar bilan bir nechta kanallar orqali oʻzaro aloqalar platformasi deb tarjima qilsak boʻladimi? Omnichannelni odamlar tushunmasligi mumkin.


Javob:

Bu atamaga duch kelmagan ekanman. Internetdan qidirib topdim.

OmniChannel Customer Engagement Platform – mijozlarga bir necha vositalar orqali murojaat qilish imkonini beradigan platforma, dasturiy taʼminot. Bunda elektron pochta, bildirishnoma, chat, SMS, telegram yoki boshqa turli vositalar imkoniyatidan foydalaniladi.

Taklif qilingan tarjima ham yomon emas. Atamani mana bunday variantlarda loʻndaroq oʻgirish mumkin:

OmniChannel Customer Engagement Platform
Mijozlar bilan koʻp tarmoqli bogʻlanish platformasi
Mijozlar bilan bogʻlanishning koʻp tarmoqli platformasi
Mijozlar bilan koʻp tarmoqli aloqa platformasi

OmniChannel
Koʻptarmoqli

🌐 Sayt 🛜 Telegram ▶️ YouTube

Orif Tolib

09 Jan, 08:00


Tilga hurmatsizlik oqibati

Ostonadagi Qazaq Coffee qahvaxonasi qozoq tiliga hurmatsizlik koʻrsatgani tufayli kasodga uchrabdi.

Maʼlum qilinishicha, mijoz qahvaxonaning ijtimoiy tarmoq sahifalaridan biriga unga xodimlar qozoq tilidagi menyu taqdim etishdan bosh tortgani haqida izoh qoldirgan. Muassasa vakili esa xodimlar qozoq tilida soʻzlashi shart emasligini aytib javob qoldirgan. Bu esa jamoatchilikda keskin norozilik uygʻotgan va boykot sabab kafe zararga kirib ketgan.

Albatta, bitta ishbilarmonning bankrot boʻlishi quvonarli hodisa emas. Lekin davlat tiliga bunday munosabatning oqibati ham boʻlishi kerak. Bu – boshqalar uchun ibrat.

Qozoq qoʻshnilar tilga munosabatda ancha gʻururli ekan.

🌐 Sayt 🛜 Telegram ▶️ YouTube

Orif Tolib

08 Jan, 15:36


Katta it hursa, kichigi ham qoʻshiladi.

Abazin maqoli

🌐 Sayt 🛜 Telegram ▶️ YouTube

Orif Tolib

08 Jan, 10:00


Imloga oid maqolalar

8-qism

🔹 Fan nomi qanday yoziladi?
🔹 Faxriy unvonlar nomi qanday yoziladi?
🔹 Xatoyim, xatoim yoki xatom
🔹 Xiyla va hiyla
🔹 Xorijiy joy nomlari imlosi va erkinlik hissi
🔹 Xush va hush
🔹 H tovushli oʻzlashma soʻzlar imlosi
🔹 Haddi va hadi
🔹 Haqqi va haqi
🔹 Halqobmi yoki xalqob?
🔹 Hapriqmoqmi yo hapqirmoq?
🔹 Harorat oraligʻi qanday ifodalanadi?
🔹 Hirs va xirs
🔹 Hisobraqammi yo hisob raqam?
🔹 Hissi va hisi

Oldingi qismlari:
👉 1-qism
👉 2-qism
👉 3-qism
👉 4-qism
👉 5-qism
👉 6-qism
👉 7-qism

🌐 Sayt 🛜 Telegram ▶️ YouTube

Orif Tolib

08 Jan, 07:20


Bugun barchamizning sevimli adabimiz, O‘zbekiston xalq shoiri Anvar Obidjon tavallud topgan kun.

Alloh u kishini mag‘firat qilsin!

Asarlarini oʻqing:

1. “0099 raqamli yolgʻonchi”
2. “Meshpolvonning janglari”
3. She’rlar
4. “Oltin yurakli avtobola”
5. “Mittivoymisan, Mittivoymisan?”
6. “Alamazon va uning piyodalari”

Orif Tolib

02 Jan, 13:00


Oʻrtacha va keraksiz narsalarni koʻp bilgandan kam boʻlsa ham yaxshi va kerakli bilimga ega boʻlgan afzal.

Lev Tolstoy

🌐 Sayt 🛜 Telegram ▶️ YouTube

Orif Tolib

02 Jan, 13:00


Urfga kirgan nuqsonlar fazilat deb qabul qilina boshlaydi.

Jan Batist Molyer

🌐 Sayt 🛜 Telegram ▶️ YouTube

Orif Tolib

01 Jan, 15:00


Bittagina yozuvchi bor edi...

Tula guberniyasi Yozuvchilar uyushmasining inqilobdan keyingi yigʻilishida soʻz olgan notiq gʻurur bilan bir maʼlumotga urgʻu beradi:

– Inqilobgacha bizda bittagina yozuvchi bor edi. Hozir ular mingdan ortiq!

Shu payt zaldagilardan biri luqma tashlaydi:

– Oʻsha bittagina yozuvchi kim edi?

Bu safar notiqning ovozidagi salobat birdaniga yoʻqoladi:

– Lev Tolstoy...

👉 Mashhurlar hayotidan

🌐 Sayt 🛜 Telegram ▶️ YouTube

Orif Tolib

01 Jan, 14:10


Turk tiliga qiziquvchilar uchun

Hilol Edu jamoasining turk tiliga oid sahifalari bitta havolaga joylanibdi. Turk tilini oʻrganayotganlarga foydali boʻladi deb oʻylayman:

👉
Kanallarga ulanish

🌐 Sayt 🛜 Telegram ▶️ YouTube

Orif Tolib

30 Dec, 07:32


Odam maqsadlari kattaygani sari ulgʻayib boradi.

Fridrix Shiller

🌐 Sayt 🛜 Telegram ▶️ YouTube

Orif Tolib

30 Dec, 07:26


Dunyoni yoshlar boshqaradi – qariganlarida.

Bernard Shou

🌐 Sayt 🛜 Telegram ▶️ YouTube

Orif Tolib

29 Dec, 07:40


“Mutolaa”dan premium olmoqchi boʻlganlar uchun imkoniyat

“Mutolaa” ilovasiga pulli obuna boʻlish yanada arzon. Ilova xodimlari uchun maxsus chegirmali promokodlar berilyapti. Kanal aʼzolari, bu xabarni olganlar shu chegirmalardan bemalol foydalanishi mumkin.

Promokoddan foydalanish:

1️⃣ Bosh oynaning ostki oʻng qismidan Sahifam boʻlimiga oʻtasiz.

2️⃣ Premiumni tanlaysiz.

3️⃣ Davom etishni bosasiz.

4️⃣ Promokod qoʻshish qismiga OrifTolib deb yozasiz va Tasdiqlash tugmasini bosasiz.

5️⃣ Kerakli obunani tanlab, 10 foizli chegirmadan foydalanasiz.

Chegirmadan foydalanish uchun hisobingizda yetarli mablagʻ boʻlishi kerak.

Chegirma 31.12.2024 soat 23:59:59 gacha amalda.

Chegirma kalit soʻzi (ustiga bossangiz, xotiraga nusxalanadi):
👉 OrifTolib

🌐 Sayt 🛜 Telegram ▶️ YouTube

Orif Tolib

27 Dec, 15:26


Imloga oid maqolalar

6-qism

🔹 Ohanrabo
🔹 O’Henrimi yoki O. Henri?
🔹 Paygʻambarmi yoki paygʻambar?
🔹 Palapon va polapon
🔹 Raqam va -ta: qoʻshib yoziladimi yoki ajratib?
🔹 Rim raqamlari qoʻllanadigan 7 ta holat
🔹 Sayil va sayl
🔹 Samoviy kitoblar nomi qanday yoziladi?
🔹 Santimetr: см, sm yoki cm?
🔹 Sinflar nomi qanday yoziladi?
🔹 Sifatlovchili oʻzlashma soʻzlar imlosi
🔹 Sogʻlik va sogʻliq
🔹 Suvosti va suv osti
🔹 Soʻz va qoʻshimchalar raqamlardan ajratib yoziladi
🔹 Soʻz oxirida ayirish (tutuq) belgisi kelmaydi

Oldingi qismlari:
👉 1-qism
👉 2-qism
👉 3-qism
👉 4-qism
👉 5-qism

🌐 Sayt 🛜 Telegram ▶️ YouTube

Orif Tolib

27 Dec, 13:25


Bugun doʻstim, taniqli yozuvchi Saʼdullo Quronov doktorlik (DSc) ishini 100 foiz ovoz bilan yoqladi. Havas qilarli natija.

Ilm va ijoddagi muvaffaqiyatlar davomli, barakali boʻlsin.

🌐 Sayt    🛜 Telegram    ▶️ YouTube

Orif Tolib

27 Dec, 07:21


Hamma gap samimiyatda. Chol banan poʻchogʻiga sirpanib yiqilib tushdi – bunga kulmaymiz. Lekin bu holat takabbur va boy jentlmen bilan sodir boʻlsa, miriqib xoxolaymiz.

Charli Chaplin

🌐 Sayt 🛜 Telegram ▶️ YouTube

Orif Tolib

27 Dec, 07:15


Farosatsiz haydalsa, har qanday avtomobil bir umrga yetadi.

Mixail Jvanetskiy

🌐 Sayt    🛜 Telegram    ▶️ YouTube

Orif Tolib

26 Dec, 15:06


Bu xuddi tashrif buyurmoq iborasiga oʻxshaydi. Siz tashrif buyurmaysiz. Sizga tashrif buyuring deyishadi yoki ulugʻ, hurmatli kishilar haqida tashrif buyurdi deb gapirishadi.

Lutfan taklif qilmoq iborasida ham shunaqa xatoliklar uchraydi. Birovni toʻyga yo ziyofatga taklif qilgan odam lutf qilmaydi, shu taklifga labbay deb javob bergan, boshqa ishini qoʻyib, vaqt ajratib kelgan odam lutf qilgan boʻladi. Kishidan lutfan, yaʼni lutf qilib mehmon boʻlishini soʻrash mumkin.

Men qadam ranjida qildim, biz qadam ranjida qildik kabi iboralarda ham shunday mantiqiy xato bor. Bunaqa minnatli iborani umuman qoʻllamaslik kerak.

🌐 Sayt 🛜 Telegram ▶️ YouTube

Orif Tolib

26 Dec, 15:05


​​Qadam ranjida qilmadim, bordim

Biror kishi sizga hadya bersa yoki yengilroq yumushingizni bajarsa, qanday minnatdorchilik bildirasiz? Ovora boʻlibsiz-da, sizni zahmatga qoʻydim, sizni ovora qildim kabi iboralar bilan tashakkur aytasiz, toʻgʻrimi? Lekin odam oʻzi birovga nimadir tortiq qilgan yoki boshqaning biror xizmatini bajargan payti ovora boʻldim-da, meni zahmatga qoʻydingiz, meni ovora qildingiz demaydi.

Xuddi shu kabi holatni qadam ranjida qilmoq iborasida ham kuzatish mumkin. Ranjida degani uringan, qiynalgan maʼnosiga ega. Ibora oyogʻini ogʻritib kelish, ovora boʻlib kelishni anglatadi. Ikkinchi yo uchinchi shaxs haqida shunday mulozamat bilan gapirish mumkin: qadam ranjida qiling, qadam ranjida qildilar.

Iborani birinchi shaxs tilidan ishlatish xatodir:

Bugun ajoyib bir ilm dargohiga qadam ranjida qildim
Bugun ajoyib bir ilm dargohiga qadam ranjida qildik


Ilm dargohiga ovora boʻlib keldim, vaqtimni oldilaring degani bu. Aqli bor odam bunaqa mazmunda gapirmaydi. Malollansa, kelmay qoʻya qoladi. Shunda oyogʻini ham, boshqalarning koʻnglini ham ogʻritmaydi.

Yuqoridagi jumlani mana bunday tahrirlash mumkin:

Bugun ajoyib bir ilm dargohiga bordim
Bugun ajoyib bir ilm dargohiga bordik

🌐 Sayt 🛜 Telegram ▶️ YouTube

Orif Tolib

26 Dec, 14:00


Yilning eng yaxshi telegram kanallari

Shunday blog va kanallar bor: oʻqigan sari oʻqigisi kelaveradi kishining. Ularda ulashilayotgan maʼlumotlar va yangiliklar aynan siz izlab yurganingiz boʻladi.

📲 Bu yilning eng yaxshi, foydali telegram kanallari qaysi ekanini bilasizmi?! Biz oʻtgan yilda oʻzining sifatli kontenti, postlari bilan oʻquvchilarga manzur kelgan bloglarni bir yerga jamlab chiqdik.

👉 Eng yaxshi kanallarni koʻrish uchun

❗️Yuqoridagi havola orqali kirib, kanallarni oʻz telegramingizga qoʻshib olsangiz boʻladi.

Eng yaxshi kanallarni kuzatib boring, sifatli kontentni qoʻllab-quvvatlang

Orif Tolib

26 Dec, 07:00


Aqtau emas, Oqtov

Bilasiz, kecha Qozogʻistonda samolyot halokatga uchradi. Voqea sodir boʻlgan shahar nomini Aktau, Aqtau, Oqtau, Oqtou, Aqtov, Oqtov kabi shakllarda yozish uchrayapti. Qay biri toʻgʻri?

Oʻzbekcha talaffuzga moslanib oʻzlashgan joy nomlarini aynan shunday berish kerak. Agar oʻzbekchaga moslanmagan yoki nisbatan kam uchraydigan toponim boʻlsa, asliyatga qaraymiz va oʻzbekcha imloga mos shaklda ifodalaymiz. Asliyatdan uzoqlashib, uchinchi til vositasida oʻzlashgan boʻlsa ham, imloda oʻzbekchaga tayanamiz.

Biz tilga olgan shahar qoʻshni mamlakatda, uning nomi tilimizga allaqachon oʻzlashgan – Oqtov. Masalan, milliy ensiklopediya uni shunday bergan. Shu shakli toʻgʻri.

“Qozoqchada Aqtau yoziladi-ku”, deb eʼtiroz bildiradiganlarga “Qozoqchada shunday yozavering, oʻzbekchada Oqtov shaklida yozing”, deb javob beramiz. Masalan, Anqara turkchada Ankara yoziladi, lekin oʻzbekchada bunday yozmaymiz. Chunki tilimizga bunday oʻzlashmagan.

📌 Demak:

Oqtov
Aktau, Aqtau, Oqtau, Oqtou, Aqtov

#Soʻragan_edingiz

🌐 Sayt 🛜 Telegram ▶️ YouTube

Orif Tolib

25 Dec, 12:05


Muammo vaqtimiz kamligida emas, uni koʻp sarflashimizda.

Seneka

🌐 Sayt 🛜 Telegram ▶️ YouTube

Orif Tolib

25 Dec, 09:00


Kamgap ezmani ham jim oʻtirishga majbur qiladi.

Arman maqoli

🌐 Sayt 🛜 Telegram ▶️ YouTube

Orif Tolib

25 Dec, 07:52


Shvabra bilan bog’liq so’rovnoma qilgandim. U yerda “polcho’p va polyuvgich” so’zlaridan qaysi biri mos tushadi degandim. 154 kishi qatnashgan anketada 44 foiz odam “polcho’p”ni, 54 foiz odam “polyuvgichni” afzal ko’rgan. İzohlarda berilgan variantlar ham juda yoqdi. Masalan, Xorazmda “poltayoq” deyilar ekan. Samarqandning qaysidir tumanida yerartqi, polartqi kabi orginal ismlar bor ekan. Shuning uchun aytaman-da shevalar muhim deb. Sizga ushbu to’rt variantdan qaysi biri yoqdi:
Poyuvgich
Polcho’p
Poltayoq
Yerartqi(polartqi)
@shevashunos

Orif Tolib

24 Dec, 07:30


Dori nima uchun qabulimizga kelmaydi?

Nega dori vositalari deyishlarini hech tushunmayman. Shuningdek, dorini qabul qilish ham men uchun chuchmal jumla boʻlib tuyuladi.

Keling, dori vositalari emas, dori-darmon deylik. Dorini ham qabul qilishdan voz kechib, ichish bilan kifoyalanaylik. Chunki qancha kutsak ham dori qabulimizga kelmaydi 😁 Shunday boʻlgach, qanday qilib dorini qabul qilamiz?

Bir ustozimiz bunday degandi: “Dush qabul qilish uchun shuncha yildan beri kutaman, lekin biror marta ham kelmadi”.

Tildan uzoqlashmaslik kerak deb oʻylayman. Tarjimada ham, tahrirda ham xalq gapirayotgan jonli tilga xos ifodadan foydalanish maʼqul.

Manba: @tahrir_uz

🌐 Sayt    🛜 Telegram    ▶️ YouTube

Orif Tolib

23 Dec, 09:02


Umuman olganda

Umuman kirish birikma tarkibida kelganda vergul ishlatiladi. Chunki kiritmalar vergul talab qiladi:

Umuman olganda, bu gapingizda jon bor.

Men bu birikmani ishlatmaslikka harakat qilaman. Koʻp oʻrinlarda u ehtiyojsiz qoʻllanadi va gapga mujmallik qoʻshiladi. Yuqoridagi jumladan birikmani olib tashlaylik:

Bu gapingizda jon bor.

Aniqlik ortdimi? Agar umumlashtirish, ikkilanish, oʻylanish, soʻzlovchiga biroz yon berish maʼnosini bermoqchi boʻlsangiz, bu birikmani ishlatishingiz mumkin. Baʼzan uning vazifasini ham yuklamasi bajara oladi:

Bu gapingizda ham jon bor.

Umuman olganda, bu birikmani koʻp hollarda ishlatmaslik mumkin. Shunisi afzal.

🌐 Sayt 🛜 Telegram ▶️ YouTube

Orif Tolib

01 Dec, 14:00


​​Pul va minora

Oldi-sotdi va toʻlov uchun ishlatiladigan, elektron yoki qogʻoz koʻrinishidagi bu vositani ifodalovchi soʻz bizga fors tilidan oʻzlashgan. Lekin asli forscha emas. Forscha pul oromiy-suryoniy tilidagi poʻlus soʻzidan olingan. Poʻlus oromiychada ham forschadagi kabi eng kichik qiymatdagi chaqa pulni anglatgan. Bu soʻzning ildizi eski yunonchadagi ὀβολός (oʻboloʻs) yoki οβελός (oʻbeloʻs) soʻziga borib taqaladi.

Plutarxning yozishicha, Qadimgi Yunonistonda savdo-sotiqda pul vazifasini qirrali metal tayoqchalar bajargan. Mixga oʻxshagani uchun ular oʻbol(oʻs) – mix soʻzi bilan atala boshlagan. Bitta qoʻl hovuchiga 6 ta oʻbol sigʻgan va u drahma deb atalgan. Drahma hovuch, tutam, siqim maʼnosini beradi.

Oʻbol soʻzi tarixda Yevropaning juda koʻp mamlakatlarida turli qiymatdagi tangalarni bildirgan.

Bugun biz ishlatadigan pul soʻzi ana shu eski yunoncha oʻbolning oʻzgargan shaklidir.

Oʻzbek tiliga obelisk soʻzi ham oʻzlashgan. U yuqoriga qarab ingichkalashib boradigan qirrali ustunni ifodalaydi. Obelisk minorani eslatadi. Ana shu soʻz pul bilan qarindosh. Yunoncha ὀβελίσκος (oʻbeliskos)six, pona, shamshir soʻzidan olingan obelisk fransuzchadan ruschaga oʻzlashgan va u orqali oʻzbekchaga kirib kelgan.

🌐 Sayt 🛜 Telegram ▶️ YouTube

Orif Tolib

30 Nov, 14:20


😊 Muloqotimiz boshlandi!

• Eslatib oʻtamiz: bugungi muloqot davomida eng faol kitobxonlarga Turkiya sayohati uchun yoʻllanma, ELEKTROMOBIL qanday shartlar asosida berilishi e’lon qilinadi va “Mutolaa Marafoni” final suhbati boʻlib oʻtadi.

Qatnashish uchun havola:
https://t.me/mutolaaxona?livestream

— Barcha doʻstlaringizga ulashing.

Orif Tolib

29 Nov, 05:46


OʻzJOKUda xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya

Ertaga Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida “Ommaviy axborot vositalarida til va uslub: tahlil, tasnif, qiyos” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi boʻlib oʻtadi. Xudo xohlasa, unda men ham qatnashaman va “Adabiy tahrir malakasini shakllantirish metodikasi” mavzusida maʼruza qilaman.

Dastur bilan tanishib chiqdim, boshqa mavzularda ham qiziqarli maʼruzalar bor ekan. Qiziqqanlar kelib tinglashi mumkin.

🌐 Sayt 🛜 Telegram ▶️ YouTube

Orif Tolib

26 Nov, 04:10


🇹🇷
Turk tilini «Ibrat Farzandlari» bilan oʻrganing. ⚡️

🕊 Telegram 📱Instagram

Orif Tolib

24 Nov, 07:25


Nasib qilsa oradan yillar oʻtadi va shu yerdagi katta bogʻ paydo boʻladi. Qachondir shu bogʻ oldidan oʻtganimda nabiralarimga shu bogʻning yoʻl boʻyidagi daraxtlarini Mutolaa jamoasi bilan birgalikda ekkanmiz deb aytib beraman, xudo xohlasa!

Orif Tolib

21 Nov, 16:30


Ibratli hikoyalar

2-qism

🔹 Yoshlikning siri
🔹 Ikki nuqtayi nazar
🔹 Irmoq haqida masal
🔹 Ichimizdagi qafas
🔹 Ishonchsiz qushcha
🔹 Yigirma besh sent
🔹 Yoʻqolgan hamyon
🔹 Kapalakning zaif qanotlari
🔹 Keraksiz ishonch
🔹 Kimga armon, kimga...
🔹 Koʻngil koʻzlari
🔹 Qilgan ishing oʻzingga qaytadi
🔹 Quduq
🔹 Qoʻlga tushgan yolgʻon
🔹 Qoʻshnichilik

👉 1-qism

🌐 Sayt 🛜 Telegram ▶️ YouTube

Orif Tolib

21 Nov, 05:15


​​Mijoz hamisha haq

Bu iboraning paydo boʻlishi va ommalashishi XX asr boshlariga borib taqaladi. Uning savdo shioriga aylanishiga Harri Gordon Selfrij, Jon Uanameyker va Marshal Fayld kabi yirik tijoratchilar sabab boʻlgan. Harri Gordon 1879–1901 yillarda Marshal Fayldning qoʻlida ishlagan. Jon Uanameyker esa Marshal Fayldning marketingchisi boʻlgan. Tadqiqotchilarning fikricha, ulardan biri bu shiorni oʻylab topgan.

“Mijoz hamisha haq” shiori mijozning shikoyati eʼtiborsiz qolmasligi va darhol hal etilishi kerakligini anglatgan. Oʻsha paytlarda “Oʻz pulingni oʻzing asra!” qabilidagi ogohlantirishlar huquqiy hujjatlarda ham aks etar va masʼuliyat koʻpincha mijozning oʻziga yuklatilardi. Xaridorni himoya qilgan bu chaqiriq davr uchun yangicha qarash edi, shu bois taʼsiri ham kuchli boʻldi.

1905-yili “Boston Globe” gazetasi Marshal Fayld haqida maqola eʼlon qiladi va uni “Mijoz hamisha haq” yondashuviga ogʻishmay amal qilayotgan ishbilarmon sifatida tavsiflaydi. Harri Gordon 1909-yili Londonda “Selfridge” doʻkoniga asos soladi. Bu doʻkonning shiori ham “Mijoz hamisha haq” edi. Matbuot bu loyiha va uning tutumi ustidan kuladi. Biroq bu behuda boʻlgandi. “Selfridge” bugungacha faoliyat yurityapti, u 2010- va 2012-yillarda dunyoning eng yaxshi supermarketi deb topilgan.

Maʼnosi shunga yaqin iboralarni turli ishbilarmonlar qoʻllagan. Masalan, mehmonxona biznesining taniqli vakili, London va Parijdagi “Ris” mehmonxonalari asoschisi Sezar Ris “Mijoz hech qachon adashmaydi” shiorini muomalaga kiritgan.

🌐 Sayt 🛜 Telegram ▶️ YouTube

Orif Tolib

16 Nov, 06:15


Nima degani?

Soʻz va iboralar maʼnosiga oid maqolalar

3-qism

🔹 Bir kallaqand, uch soʻm pul: kallaqand nima?
🔹 Darranda nima?
🔹 Dolon nima?
🔹 Junbishga kelmoq: junbish nima?
🔹 Igna bilan bitadigan ishga juvoldiz tiqma: “juvoldiz” nima?
🔹 Ilvirs nima?
🔹 Ismi sharif: “sharif” nima?
🔹 Kamyob soʻz – “taqim”
🔹 Kamina kimni anglatadi?
🔹 Korchalon kim?
🔹 Quda-anda: anda kim?
🔹 Quyushqon nima?
🔹 Mahallabay, fuqarobay, talababay: “bay” nima?
🔹 Nafsilamrini aytganda: “nafsilamr” nima?
🔹 Siyqasi chiqdi: “siyqa” nima?

👉 1-qism
👉 2-qism

Telegram | YouTube

Orif Tolib

14 Nov, 05:20


​​Muhimi gʻalaba emas, ishtirok

Muvaffaqiyatsizlikka uchragan kishini ovutish yoki istehzo maʼnosida qoʻllanadigan bu ibora Olimpiada oʻyinlari bilan bogʻliq. 1908-yili italiyalik chopagʻon Dorando Piyetri Londonda oʻtayotgan Olimpiada marafonida qatnashadi. Marraga bir necha yuz metr qolganda moʻljalni yoʻqotib, boshqa tomonga yugura boshlaydi. Hakamlar unga toʻgʻri yoʻnalishni koʻrsatadi. Biroq soʻnggi metrlarda chopagʻonni yangi muammolar kutib turardi. U toʻrt marta qoqilib yiqiladi, bunda ham uni hakamlar turgʻizib qoʻyadi. Shunday qilib, chopagʻon nihoyat marra chizigʻini kesib oʻtadi.

Lekin amerikaliklarning shikoyatidan soʻng Dorando Piyetri Olimpiya oʻyinlaridan chetlatiladi. Chunki u boshqalarning yordamidan foydalangan edi.

Olimpiya oʻyinlarida reportyor boʻlib ishlagan mashhur yozuvchi Artur Konan Doyl “Hakamlarning qaroridan qatʼi nazar, italiyalik chopagʻonning buyuk qatʼiyati sport tarixidan hech qachon oʻchirilmaydi”, deya yozadi.

Bu voqeadan bir necha kun oʻtib amerikalik rohib Etelbert Talbot Londondagi bir soborda maʼruza qiladi va Dorando Piyetrini esga olib, Olimpiada oʻyinlari yugurish yoki mukofot olishdan ustunligi, bir kishi gʻalaba tojini kiysa-da, qolganlar bellashuvda qatnashish baxtiga muyassar boʻlaverishini aytadi. Bu gap koʻpchilikka, ayniqsa, Olimpiya oʻyinlari tashkilotchisi Piyer de Kubertenga maʼqul tushadi. Bir necha kundan soʻng olimpiadachilar sharafiga tashkil etilgan ziyofatda u Olimpiada oʻyinlarida qatnashish gʻolib boʻlishdan koʻra afzalligini aytadi. Shu bilan “Muhimi gʻalaba emas, ishtirok” iborasi qanot chiqaradi va dunyoning juda koʻp tillariga koʻchib oʻtadi, hatto Olimpiada oʻyinlarining norasmiy shioriga aylanadi.

Telegram | YouTube

Orif Tolib

13 Nov, 12:00


​​Savodxonlik darslari

“Ibrat farzandlari” loyihasida tayyorlangan videodarslar:

1-dars. Bogʻgami yo boqqa?
2-dars. Qoʻshma ot va qoʻshma sifatlar imlosi
3-dars. -illa va -dir qoʻshimchalari imlosi
4-dars. Takror tovushlar imlosi
5-dars. Juft soʻz va takror soʻzlar imlosi
6-dars. Chiziqcha bilan yozish qoidalari
7-dars. Yuklamalar imlosi
8-dars. Koʻmakchilar imlosi
9-dars. Hammayoq yoki hamma yoq?
10-dars. Timqorami yo tim qora?
11-dars. Toʻgʻridan-toʻgʻrimi yoki toʻgʻridan toʻgʻri?
12-dars. Izofali birikmalar imlosi
13-dars. Joy nomlari imlosi
14-dars. Qisqartma soʻzlar imlosi
15-dars. Sayyora, yulduz va boshqa osmon jismlari nomi imlosi
16-dars. Asarlar, mahsulotlar, bino va inshootlar nomi imlosi
17-dars. Muhim tarixiy sana va bayramlarning nomlari imlosi
18-dars. Tartib sonlar imlosi
19-dars. Tashkilotlar va mansablar nomi imlosi
20-dars. Unvonlar qanday yoziladi?
21-dars. Boʻgʻin koʻchirish qoidalari #1
22-dars. Boʻgʻin koʻchirish qoidalari #2
23-dars. Qonun, qaror, farmon, farmoyish nomlari imlosi
24-dars. Mana bu va manavi, ana bu va anavi
25-dars. Fan nomi qanday yoziladi?
26-dars. -yapti, -yabdi, -ayapti
27-dars. Variantdosh soʻzlar imlosi
28-dars. Sulola nomi qanday yoziladi?
29-dars. Oliy oʻquv yurtlari, fakultetlar, yoʻnalishlar va kafedralar nomi imlosi
30-dars. Koʻcha nomlari va uy raqamlari imlosi
31-dars. Maktablar va sinflar nomi qanday yoziladi?
32-dars. -chi: chiziqcha bilan va chiziqchasiz
33-dars. Qanday yozamiz: bosh harfdami yoki kichik?
34-dars. Ism-familiyalar imlosi
35-dars. Tutuq belgisining qiyinchiliklari
36-dars. Kattalik birliklari imlosi (1-qism)
37-dars. Kattalik birliklari imlosi (2-qism)
38-dars. Soʻz va qoʻshimchalar raqamlardan ajratib yoziladi
39-dars. -u, -yu va chiziqcha
40-dars. Takror soʻzlar va takrorlangan soʻzlar imlosi
41-dars. Taqlid soʻzlar va ulardan yasalgan soʻzlar imlosi
42-dars. “Al” va uning imlosi
43-dars. Mavzu nomlari qanday yoziladi?
44-dars. Elektron OAV va portallar nomi qanday yoziladi?
45-dars. Sport musobaqalari nomi imlosi
46-dars. Qoʻsh undoshli oʻzlashmalar imlosi
47-dars. “H” va “X”ni qanday oson farqlash mumkin?
48-dars. Imlosi qiyin soʻzlar (1-qism)
49-dars. Imlosi qiyin soʻzlar (2-qism)
50-dars. Imlosi qiyin soʻzlar (3-qism)
51-dars. Imlosi qiyin soʻzlar (4-qism)
52-dars. Imlosi qiyin soʻzlar (5-qism)
53-dars. Imlosi qiyin soʻzlar (6-qism)
54-dars. Imlosi qiyin soʻzlar (7-qism)
55-dars. Juvonmardni juvonmarg qilmang

👉 YouTube’da koʻrish

Telegram | YouTube

Orif Tolib

12 Nov, 05:40


Hokimiyat buzadi, mutlaq hokimiyat mutlaq buzadi

Bu fikrni juda koʻp siyosatchilar, jurnalistlar, blogerlar, notiqlar takror-takror ishlatadi. U ingliz tarixchisi va siyosatchisi Jon Dalberg-Aktonga tegishli.

Asliyatdagi mazmun tarjimadan biroz farqlanadi, power tends to corrupt jumlasi hokimiyat buzishga moyil, hokimiyat buzish tendensiyasiga ega deb tarjima qilinishi mumkin.

Aforizm oʻzbek tiliga “Hokimiyat buzadi, cheklanmagan hokimiyat cheksiz buzadi” shaklida ham oʻgirilgan.

Yuksak kuch va hokimiyatga egalik shaxsga salbiy taʼsir qilishini juda koʻp mutafakkirlar taʼkidlagan. Masalan, qadimgi dunyo faylasuflaridan Plutarx oliy hokimiyatga egalik kishining feʼl-atvorini buzishi, unda oʻzgaruvchanlik, kibr va rahmsizlik kabi xislatlarni paydo qilishini yozgan.

Telegram | YouTube

Orif Tolib

11 Nov, 14:00


Punktuatsiyaga oid maqolalar

4-qism

🔹 Shuningdek: vergul kerakmi yoki yoʻq?
🔹 Ey: vergul kerakmi yoki yoʻq?
🔹 Esa: vergul kerakmi yoki yoʻq?
🔹 Esiz: vergul kerakmi yoki yoʻq?
🔹 Yaʼni: vergul kerakmi yoki yoʻq?
🔹 Degan: vergul kerakmi yoki yoʻq?
🔹 Nihoyat: vergul kerakmi yoki yoʻq?
🔹 Koʻchirma gap va tire
🔹 Qoʻshtirnoq va tinish belgilari
🔹 Taxminan: vergul kerakmi yoki yoʻq?
🔹 Qachon tire ishlatilmaydi?
🔹 Qishloqlar va koʻchalar nomi qoʻshtirnoqqa olinmaydi
🔹 Foydalanib, tayanib, asoslanib: vergul kerak emas
🔹 Koʻpincha: vergul kerakmi yoki yoʻq?

👉 1-qism
👉 2-qism
👉 3-qism

Telegram | YouTube

Orif Tolib

11 Nov, 11:00


Juvonmardni juvonmarg qilmang | 5️⃣5️⃣-dars | Oʻzbek tilidan savodxonlik darslari

👉 YouTubeʼda koʻrish

Telegram | YouTube

Orif Tolib

11 Nov, 08:00


​​Yomgʻirdan toʻzonga, toʻzondan shamolga

Boʻron soʻzi oʻzbekchada toʻzon yoki qor-yomgʻir aralash esadigan shiddatli shamolni anglatadi. Bu mazmundan bir necha koʻchma maʼnolari ham oʻsib chiqqan. Boʻron deganda qor-yomgʻirsiz holat ham tushunilishi mumkin. Masalan, qum boʻroni iborasi shamoldagi qum toʻzonini bildiradi, bunda biror yogʻin boʻlmaydi. Boʻron turdi, boʻron quturdi kabi birikmalar ham guvillab esayotgan, hamma yoqni agʻdar-toʻntar qilayotgan shamolni tasavvurimizda jonlantiradi.

Bu soʻz – moʻgʻulcha boʻroʻoʻn soʻzining oʻzlashma shakli. Asliyatda u oddiy yomgʻirni bildiradi, shamol yoki toʻzon mazmuniga ega emas.

Qadimgi turkiy tilda kishini oʻldiradigan qattiq shamol, boʻron maʼnosida qad soʻzi ishlatilgan: qad boʻldi – boʻron qoʻzgʻaldi. Er qadti degani kishi qor boʻronidan oʻldi degan maʼnoni bergan. Bugun sovuqdan muzlasak, qotib qoldim deymiz. Balki, bu iboraning ildizi oʻsha qadimiy qad, qadmoq soʻzlariga borib taqalar.

Qor boʻroni eski turkiyda tupi soʻzi bilan ifodalangan. Har yoqdan esuvchi qattiq izgʻirin shamol esa talgʻagʻ deyilgan.

Afsuski, bu turkiy soʻzlarning bari tilimiz sandigʻidan tushib qolgan.

Telegram | YouTube

Orif Tolib

11 Nov, 07:03


Bugun bir videoni ko‘rib qattiq ta’sirlandim va sizlar bilan bo‘lishgim keldi.

G‘allaorollik singlimiz
tuman markazidan 80 kilometr olisdagi “Jiydali” mahallasida o‘zidagi cheksiz imkoniyati, jasorati sababli bugungi kunda shu qishloq bolalari uchun o‘z uyida shinamgina kutubxona ochibdi. Bizni yana bir xursand qilgan holat G'allaorol tuman Yoshlar ishlari agentligi jamoasi esa, mazkur tashabbus uchun kitoblar to'plamlari sovg'a qilib, kutubxona fondini kengaytirishga yordam qilishibdi.

Nargiza ochgan “Umid” kutubxonasi nafaqat yoshlarni kitob o‘qishga qiziqtiradi, balki hayotdagi har bir sinovga duch kelgan insonlarga umid bag‘ishlaydi.

Kutubxona ochgan yana qaysi qahramonlarni bilasiz? Izohlarda yozib qoldiring!

@alisher_sadullaev

Orif Tolib

10 Nov, 09:50


​​Turing, janob, sizni buyuk ishlar kutmoqda!

Bu iborani birovni uyqudan turgʻizish yoki kishini biror ishga ruhlantirish uchun hazilomuz tarzda ishlatamiz. Juda koʻp badiiy asarlarda, maqolalarda, kino va roliklarda qoʻllangan bu ibora fransuz nazariyachi olimi va islohotchisi Anri de San-Simonga tegishli. Uning biograflari yozishicha, katta maqsadlar va kuchli irodaga ega Anri oʻsmir yoshida xizmatkorlariga oʻzini har tong “Turing, graf, sizni buyuk ishlar kutmoqda!” deb uygʻotishni topshirgan. San-Simon haqiqatan ham katta maqsadlarga ega edi. Masalan, u yoshlik paytlari Atlantika va Tinch okeanlarini bogʻlashni, Madriddan dengizgacha kanal qurishni reja qilgandi.

Baʼzi tadqiqotchilar bunday uygʻotishni yosh Anri emas, unda yuksak salohiyatni koʻrgan xizmatkorlari oʻylab topgani va Anriga har tong shunday soʻzlar bilan uygʻonishni uqtirganini aytadi. Boshqa bir qarashga koʻra, bu ibora haqidagi gaplar aslida boʻlmagan, keyinroq ulugʻ mutafakkir tarjimai holiga qoʻshib qoʻyilgan.

Lekin bu ruhlantiruvchi ibora toʻqima emas. Uning ildizi antik davrlarga borib taqaladi. Qadimgi yunon adibi Plutarx “Oʻqimishli boʻlmagan hukmdorga” asarida fors shohini xizmatkori har tong ulugʻ va xayrli ishlar kutayotganini aytib uygʻotganini yozadi. Soʻng maʼrifatli va oqil hukmdorning oʻzida shunday ichki ovoz boʻlishini, u hukmdorni yuksak amallarga muntazam undab turishini aytadi.

Telegram | YouTube

Orif Tolib

07 Nov, 06:00


Nima degani?

Soʻz va iboralar maʼnosiga oid maqolalar

2-qism

🔹 “Pishang bermoq” nima degani?
🔹 “Putur ketmoq” – putur nima?
🔹 “Salib” nima degani?
🔹 “Soʻqqabosh”: soʻqqa nima degani?
🔹 “Tiyrak” nima degani?
🔹 “Uzzukun” nima degani?
🔹 “Uzunquloq gaplarga koʻra”. Gap uzunquloq boʻlishi mumkinmi?
🔹 “Ustuvor” soʻzini toʻgʻri qoʻllang
🔹 “Xilqat” nima degani?
🔹 “Hadis” soʻzining boshqa bir maʼnosi
🔹 “Chikora” nima degani?
🔹 “Islom” soʻzining maʼnosi nima?
🔹 Adabiy emakdosh: “emakdosh” nima degani?
🔹 Biz tez-tez ishlatadigan, lekin asl maʼnosiga eʼtibor qaratmaydigan 🔟 ta soʻz
🔹 Bir baxya qoldi: baxya nima?

👉 1-qism
👉 2-qism

Telegram | YouTube

Orif Tolib

07 Nov, 05:30


📚 Yilning eng foydali loyihasiga marhamat!

📌 “Mutolaa” jamoasi tashkil etadigan marafonda eng kuchli mutaxassislarning suhbatlarida qatnashish imkoniga ega boʻlasiz!

🔥 Eng qizigʻi – loyihada ishtirok etish mutlaqo BEPUL.

— Mutolaa vaqti keldi!

👇 Ishtirok etish uchun:
@mutolaamarafon_bot

Telegram | YouTube

Orif Tolib

07 Nov, 04:30


​​“Dono”ligini yoʻqotgan mergan

Mergen moʻgʻulchada oʻq otish boʻyicha gʻolib, oʻqni aniq otuvchi, dono, salohiyatli kabi maʼnolarga ega. Oʻzbekchada esa nishonni bexato uradigan, oʻqchi askar maʼnolarida ishlatiladi. Asliyatdagi dono, bilimdon maʼnosi oʻzbekchaga koʻchib oʻtmagan.

Bu anglamga ega turkiycha soʻz boʻlganmi? Boʻlgan. “Devonu lugʻatit turk”da atim, yaʼni otuvchi soʻzi mergan maʼnosida keladi. Atim er – oʻq otishga usta odam.

Bugun tilimizdan oʻz soʻzimiz atim bosh olib ketgan, mergan soʻzini ham kam ishlatyapmiz. Oʻrniga asli inglizcha snayperni maʼqul koʻryapmiz. Uning oʻzagida snipe – loyxoʻrak soʻzi yotadi. Loyxoʻrak – kichkina jussali, yashirinishga usta, tez uchadigan va harakatini tuyqus oʻzgartiradigan qush. Uni otish uchun oʻta mahoratli mergan boʻlish zarur. 1770-yillari Hindistonda britaniyalik askarlar loyxoʻrak ovlash maʼnosida to snipe, sniping soʻzlarini ishlata boshlaydi. 1820-yili bu feʼllardan yangi soʻz – sniper yasaladi va u 1824-yili ilk bor harbiy atama maʼnosida qoʻllanadi. Birinchi jahon urushi tufayli snayper omma tushunadigan soʻzga aylanadi.

Telegram | YouTube

Orif Tolib

06 Nov, 14:10


Birovning koʻp narsasidan koʻra oʻzingning oz narsangga ega boʻl.

Sloven xalq maqoli

Telegram | YouTube

Orif Tolib

06 Nov, 12:31


Imlosi qiyin soʻzlar (7-qism) | 5️⃣4️⃣-dars | Oʻzbek tilidan savodxonlik darslari

👉 YouTubeʼda koʻrish

Telegram | YouTube

Orif Tolib

05 Nov, 08:30


​​Qirol oʻldi. Yashasin qirol!

Bu iboraning ildizlari ham fransuzchaga borib taqaladi. Fransuzcha tartib-taomilga koʻra, monarx oʻlgan zahoti oliy hokimiyat uning vorisiga oʻtadi va bu “Qirol oʻldi. Yashasin qirol!” jumlasi orqali eʼlon qilinadi. Odatda mulozim saroy derazalaridan shu soʻzlarni aytib jar solgan. Oddiy xalq bundan qirol oʻlgani va yangi qirol taxtga oʻtirayotganini anglagan.

Ushbu ibora juda koʻp mamlakatlarda yangi hukmdorni eʼlon qilish uchun ishlatiladi. Bunda birinchi jumla sobiq monarxga, ikkinchi jumla yangi qirolga ishora qiladi.

Oʻrta asrlar Angliyasida kibor va zodagonlar fransuz tilida soʻzlashar edi. Shu sabab qirol oʻlimi va yangi hukmdorni eʼlon qilish bilan bogʻliq ibora ingliz tiliga oson oʻzlashadi. Tarixiy manbalarda yozilishicha, 1272-yili qirol Henri III vafot etganda “Qirol oʻldi. Yashasin qirol!” iborasi ishlatilgan.

Bu ibora hozir nutq shtampiga aylangan, koʻchma maʼnolarda ham qoʻllanadi. Maqolalar, reklamalar, videoroliklarning sarlavhalariga olib chiqiladi. Bunda mavzu vorislik, kimgadir nimadir oʻtayotgani haqida boʻladi.

Millatlar Ligasi mafkurachilaridan biri, britaniyalik siyosatchi Robert Sesil 1946-yili Millatlar Ligasining soʻnggi majlisida soʻzlagan nutqini “Liga oʻldi. Yashasin Birlashgan Millatlar Tashkiloti!” jumlalari bilan yakunlagan. Bunda Millatlar Ligasi tugatilib, oʻrniga BMT tashkil qilinayotgani ifoda etilgan.

👉 daryo.uz/hLnADf8E

Telegram | YouTube

Orif Tolib

05 Nov, 05:40


Moʻjizaning bahosi

Tessi – oʻn yoshlardagi istarali bir qizcha. U bir kuni ota-onasi ukasi haqida gaplashayotganini eshitib qoldi. Qizcha ukasi ogʻir kasal ekanini va davolatish uchun ota-onasida pul yoʻqligini bildi. Oila yaqinda boshqa uyga koʻchib oʻtgan, shu sabab bir paytda uyga va muolajaga toʻlov qilishning iloji yoʻq edi. Teddini kuchli malakaga ega va xizmati qimmat jarrohgina davolashi mumkin edi.

Tessining onasi yigʻlar, otasi esa umidsiz bir ohangda gapirardi:

– Teddini hozir faqat moʻjizagina qutqarib qolishi mumkin.

Bu gapni eshitib, qizcha xonasiga yugurib kirdi, gʻaladondagi qutichasini ochdi. Uning butun boyligi shu idishga jamlangan edi. Tangalarini gilamga toʻkdi-da, sanay boshladi. Adashmaslik uchun uch marta sanadi. Soʻng pullarini qutichaga solib, bor kuchi bilan dorixonaga qarab yugurdi. Tessi dorichi unga vaqt ajratishini jimgina kutib turdi. Biroq oq xalatli kishi boshqa bir kishi bilan qizgʻin suhbatlashar, xona chetidagi oʻn yashar qizchaga qarab ham qoʻymasdi. Xiyla vaqt oʻtdi. Qizcha nima qilarini bilmay, oyoqlarini bir-biriga tap-tap etkazib urdi. Biroq foydasiz. Soʻng qattiq-qattiq yoʻtaldi. Ammo bu ham naf bermadi. Oxiri bitta tangani olib, oynani chertdi. Nihoyat dorichi unga qaradi!

– Nima kerak senga? – dedi u asabiylashib. – Koʻrmayapsanmi, ukam bilan gaplashyapman. Atay Chikagodan kelgan, necha yildan beri koʻrishmagan edim.

– Men ham ukamni deb bu yerga keldim, – dedi Tessi ovozi titrab. – U judayam ogʻir kasal... Men unga moʻjiza sotib olmoqchiydim.

– Uzr, nima deding?

– Ukamning ismi Ted, uning boshida bitta yomon narsa oʻsyapti ekan. Dadam: “Uni faqat moʻjiza qutqarishi mumkin”, deb aytdi. Oʻsha moʻjiza necha pul turadi?

– Qizalogʻim, biz moʻjiza sotmaymiz. Kechirasan, senga yordam berolmayman, – dedi dorichi.

– Pulim bor, agar kam boʻlsa, yana opkelaman. Qanchaligini aytavering.

Dorichining poʻrim kiyingan ukasi choʻnqayib oʻtirdi-da, qizchani yoniga chaqirdi:

– Kel-chi, qizim, ukangga qanaqa moʻjiza kerak?

– Bilmadim, – dedi Tessi yigʻlamsirab. – Men faqat ukam kasalligini, uni operatsiya qilish kerakligini bilaman. Oyim shunday dedi. Lekin dadam unga pul toʻlolmaydi. Shuning uchun oʻzimning pulimni ishlatishga qaror qildim.

– Qancha puling bor? – deb soʻradi chikagolik kishi.

– Bir dollaru oʻn bir sent, – deb gʻoʻldiradi qizcha. – Bor pulim – shu. Bu kam boʻlsa, yana opkelaman.

Chikagolik kishi tangalarni oldi-da, qizchaning qoʻlidan tutdi. Uyiga olib borishini soʻradi:

– Hozir uylaringga boramiz. Ota-onangni, ukangni koʻrishimiz kerak. Oʻshanda unga qanaqa moʻjiza kerakligini aniqlayman.

Bu poʻrim kiyimli kishi neyroxirurgiya sohasida dovruq qozongan taniqli jarroh Karlton Armstrong edi. U jarrohlik amaliyotini mutlaq tekinga qildi va Teddi tez orada uyiga soppa-sogʻ boʻlib qaytdi. Ota-ona oʻzida yoʻq xursand, biri olib-biri qoʻyib doʻxtirni maqtar, uni yoʻliqtirgani uchun Xudoga shukrlar aytardi.

– Bu doʻxtir haqiqiy moʻjiza boʻldi, gʻoyibdan keldi, – deb shivirlardi ona, – Bilmadim, bunaqa operatsiya necha pul turarkan...

Tessining yuzlariga tabassum yugurdi. U moʻjizaning bahosi qanchaligini juda yaxshi bilardi... Bir dollaru oʻn bir sent va oʻn yashar qizaloqning samimiy ishonchi.

👉 Ibratli hikoyalardan

Telegram | YouTube

Orif Tolib

04 Nov, 15:00


Imlosi qiyin soʻzlar (7-qism)

“Ibrat farzandlari” loyihasida savodxonlik boʻyicha navbatdagi dars bilan tanishing. Lavhada yozishda koʻp xato qilinadigan soʻzlar imlosidagi eʼtiborli jihatlar tushuntirilgan.

Soʻzlar:
🔹 Obdan va obdon
🔹 Oʻgʻrilik va oʻgʻirlik
🔹 Oʻgʻrilik va toʻgʻrilik
🔹 Oʻgʻirlamoq va toʻgʻrilamoq
🔹 Talatoʻpmi yoki talotoʻp
🔹 Hapriqmoqmi yo hapqirmoq

👉 youtu.be/sABMB3Lmv_o

Telegram | YouTube

Orif Tolib

04 Nov, 14:05


“Oʻlja tushgan” harbiy atamalar

Oʻzbekchaga moʻgʻulchadan bir qancha harbiy atamalar “oʻlja tushgan” – dorugʻa, yasovul, qorovul, bakovul, dubulgʻa, navkar.

Navkar soʻzi oʻzbekchada harbiy xizmatkor, askar maʼnolarida qoʻllanadi. Asliyatda harbiy sohaga aloqasiz maʼnoga ega. Moʻgʻulchada noʻxoʻr doʻst, oʻrtoq, yoʻldosh; turmush oʻrtoq, er mazmunida ishlatiladi.

Oʻlja soʻzining oʻzi ham moʻgʻulchadan. Navoiy asarlarida oʻlja bilan birga shu maʼnoda tolon soʻzi ham qoʻllanadi.

Olimlar moʻgʻulcha deb qaraladigan barcha harbiy atamalar ham moʻgʻulcha emasligi, ularning koʻpi qadimgi turkiy ildizlarga egaligini taʼkidlaydi. Masalan, tilshunos Abduvohid Hayit keshikten, tumanbegi, tarxon, oʻron, toʻlgʻama, hatto javongʻor, barongʻor, gʻul kabi atamalar turkiy soʻz ekanini aytadi.

Telegram | YouTube

Orif Tolib

04 Nov, 11:00


Savodxonlik testlari

Imlo boʻyicha bilimlarimni sinayman deganlar kanalda eʼlon qilingan testlar bilan tanishishi va yechishi mumkin.

3-qism

🔹 Sariyogʻ, saryogʻ
🔹 Tolqon, talqon
🔹 Bukur, bukri
🔹 Jonon, janon
🔹 Bosma taboq, bosma toboq
🔹 Choriyorlar, choryorlar
🔹 Ustuvor, ustivor
🔹 Movarounnahr, Movaraunnahr, Mavaraunnahr
🔹 Qoʻllaniladi, qoʻllanadi
🔹 Shahdam, shaxdam
🔹 Paxmoq, pahmoq
🔹 Chalgʻu, cholgʻu
🔹 Joʻmrak, jumrak
🔹 Qozogʻiston, Qozoqiston
🔹 Quvayt, Kuvayt

👉 1-qism
👉 2-qism

Telegram | YouTube

Orif Tolib

04 Nov, 09:00


Imlosi qiyin soʻzlar (6-qism) | 5️⃣3️⃣-dars | Oʻzbek tilidan savodxonlik darslari

👉 YouTubeʼda koʻrish

Telegram | YouTube

Orif Tolib

04 Nov, 06:30


Farqi nimada?

Soʻz va iboralar maʼnolaridagi nozik farqlarni oʻrganing.

1-qism

🔹 “Kashf” va “ixtiro”: farqi nimada?
🔹 Alifbo va alifbe: farqi nimada?
🔹 Antarktida va Antarktika: farqi nimada?
🔹 Darslik va oʻquv qoʻllanma: farqi nimada?
🔹 Dahliz va yoʻlak: farqi nimada?
🔹 Qitʼa va materik: farqi nimada?
🔹 Magnituda va ball: farqi nimada?
🔹 Maqol va matal: farqi nimada?
🔹 Metis, mulat, sambo va kreol: farqi nimada?
🔹 Pashsha va chivin: farqi nimada?
🔹 Pashshami yo chivin: turli hududlarda turlicha maʼno bildiradigan soʻzlar
🔹 Turshak va bargak: farqi nimada?
🔹 Universitet va institut: farqi nimada?
🔹 Mirzo va mirza: farqi nimada?
🔹 Bular bir xil maʼnoli soʻz emas — nozik maʼno farqiga ega 12 ta soʻz

Telegram | YouTube

Orif Tolib

31 Oct, 15:30


​​Doʻnon otmi, echkimi?

Moʻgʻul tilidan oʻzlashgan doʻnon soʻzi oʻzbekchada uch yoshga toʻlib, toʻrt yoshga oʻtgan ot yoki tuyani ham, ikki yoshga toʻlib, uch yoshga qadam qoʻygan qoʻy yoki echkini ham anglataveradi. Masalan:

Doʻnonning toyligi boʻlmas,
Nokasning – boyligi.


Bu maqolda gap ot haqida emas, chunki toʻrt yoshli ot toydan afzal. Maqolda esa afzallik emas, kamchilik nazarda tutilyapti. Chunki nokas boy boʻlolmagani kabi doʻnon ham toy boʻlolmaydi degan maʼno anglashilyapti. Bu oʻrinda doʻnon qoʻy yoki echki maʼnosida.

Bu soʻz koʻchma maʼnoda boʻyi yetgan mazmunida ham qoʻllanadi. Lekin bu koʻproq xalq ogʻzaki ijodi, sheva yoki soʻzlashuvda kuzatiladi.

Moʻgʻulcha doʻnoʻ yoki doʻnoʻn soʻzining oʻzagi toʻrt – doʻroʻ (doʻrvoʻn) soʻziga borib taqaladi. U toʻrt yoshdagi erkak hayvonni bildirgan. Hozirgi moʻgʻul tilida esa toʻrt yoshli buqani anglatadi.

Moʻgʻulchadan gurav yoki gurvanuch oʻzagidan yasalgan soʻzlar ham oʻzlashgan. Gʻoʻnon – ikki yashar aygʻir yoki qoʻchqor. Gʻunajin – ikki yoshdan oshgan urgʻochi qoramol. Qiziq tomoni, oʻzbekchada uch maʼnosi ikkiga oʻzgarib qolgan.

Telegram | YouTube

Orif Tolib

31 Oct, 05:00


Imlosi qiyin soʻzlar (5-qism) | 5️⃣2⃣-dars | Oʻzbek tilidan savodxonlik darslari

👉 YouTubeʼda koʻrish

Telegram | YouTube

Orif Tolib

30 Oct, 17:30


Agar kun boʻyi hech narsa oʻrganmagan boʻlsang, kuning bekor oʻtibdi.

Xitoy xalq maqoli

Telegram | YouTube

Orif Tolib

30 Oct, 17:20


Sogʻligʻi haqida qaygʻurishga vaqti yoʻq odam yeriga urugʻ qadashga eringan dehqonga oʻxshaydi.

Island xalq maqoli

Telegram | YouTube

Orif Tolib

30 Oct, 08:35


Silovsin – yirtqich mushuk

Silovsin – mushuksimonlar oilasiga mansub, oyoqlari uzun, tumshugʻi choʻziq, koʻzi juda oʻtkir yirtqich hayvon. Uning terisi ham shu soʻz bilan ataladi.

Oʻrta asrlarda moʻgʻul tilidan oʻzlashgan silovsin soʻzi asliyatda ham shu hayvonni bildirgan. U moʻgʻul shevalarida silius, shuluus, silegusun, shuluuxen kabi shakllarga ega boʻlgan.

Turkiy tillarda silovsinga juda oʻxshash hayvon qoraquloq deb atalgan. Uning dasht silovsini, Misr silovsini kabi nomlari ham bor.

Telegram | YouTube

Orif Tolib

30 Oct, 05:30


Imlosi qiyin soʻzlar (5-qism)

“Ibrat farzandlari” loyihasida savodxonlik boʻyicha navbatdagi dars bilan tanishing. Lavhada yozishda koʻp xato qilinadigan soʻzlar imlosidagi eʼtiborli jihatlar tushuntirilgan.

Soʻzlar:
🔹 Mudofaa
🔹 Taassurot
🔹 Murojaat
🔹 Taalluqli
🔹 Vakuum
🔹 Birpas

👉 youtu.be/lov2QzF5Dpo

Telegram | YouTube

Orif Tolib

29 Oct, 14:00


Ahmoqqa maslahat berish – oʻlikka dori berish.

Abxaz xalq maqoli

Telegram | YouTube

Orif Tolib

29 Oct, 14:00


Oydin kechalarda, shudringli oʻtloqlarda yurmagan odam dunyoning shodligini anglamabdi.

Yunon xalq maqoli

Telegram | YouTube

Orif Tolib

29 Oct, 12:45


Manglay – peshona

XII–XIII asrlarda tilimizga oʻrinlashgan manglay soʻzi moʻgʻulchada peshona, oldingi, ilgʻor kabi maʼnolarni anglatgan. Bu soʻzni Navoiy asarlarida uchratish mumkin. U XIV asrga oid “At-tuhfa” lugʻatiga ham kiritilgan.

Xoʻsh, manglayning asl turkiy varianti boʻlganmi? Boʻlgan: alin.

Manglay bugun tilimizda nisbatan kam qoʻllanadi, alin esa mutlaqo isteʼmoldan chiqib ketgan. Ularning oʻrnini forscha peshona egallagan. Baʼzan shunaqa – asl soʻzlarimiz, asrlar boʻyi yashab kelgan nodir iboralarimiz tilimizning peshonasiga sigʻmay qoladi.

Telegram | YouTube

Orif Tolib

28 Oct, 13:00


Nima degani?

Soʻz va iboralar maʼnosiga oid maqolalar

1-qism

🔹 Vallomat kim?
🔹 “Ayolgʻu” nima degani?
🔹 “Ammamning buzogʻi”, “alifni tayoq deydi”, “yelkamning chuquri koʻrsin” – antiqa iboralarning maʼnosi nima?
🔹 “Asfalasofilinga ketdi”: asfalasofilin nima?
🔹 “Bir kallaqand, uch soʻm pul” – filmlardagi nodir soʻzlar, ularning maʼnosi nima?
🔹 “Jigʻimga tegma” – jigʻ nima?
🔹 “Juftakni rostladi” – juftak nima?
🔹 “Zero” nima degani?
🔹 “Iyigʻi chiqdi” – iyiq nima?
🔹 “Kiroyi kuyoving shundoq boʻlsa”: kiroyi nima?
🔹 “Qarz-qavola qildi”: qavola nima?
🔹 “Qulogʻi tom bitgan”: tom nima?
🔹 “Nafsi hakalak otdi”: hakalak nima?
🔹 “Nuktadon” nima degani?
🔹 “Pisanda qildi”: pisanda nima?

Telegram | YouTube

Orif Tolib

28 Oct, 04:00


Chiroy – yuz, chehra

Bu soʻz XIV asr boshida yaratilgan “Qipchoqlar kitobi” (Codex Cumanicus) lugʻatiga kiritilgan. Chiroy soʻzi moʻgʻulcha sarayyuz, chehra, koʻrinish soʻzidan.

Navoiy asarlarida goʻzallik, jamol maʼnolarida qoʻllangan bu soʻz hozir ham ayni shu mazmunni ifodalaydi.

Chiroy moʻgʻulchadan oʻzlashgan boʻlsa, turkiy tilda uning muqobili boʻlmaganmi? Boʻlgan. Mahmud Koshgʻariy chiroyli maʼnosida koʻrklug, taylang, ezgu kabi soʻzlarni keltiradi. Bugun ulardan ikkitasi tilimizda bor. Koʻrk chiroy, koʻrkli, koʻrkam chiroyli maʼnosida boʻlsa, ezgu soʻzi yaxshilik baxsh etuvchi, xayrli degan mazmunga ega.

Telegram | YouTube

Orif Tolib

27 Oct, 14:00


Yaxshi gap bilan erisholmagan qattiqqoʻllik bilan ham erisholmaydi.

Anton Chexov

Telegram | YouTube

Orif Tolib

27 Oct, 13:00


Imloga oid maqolalar

4-qism

🔹 Kobulmi yoki Qobul?
🔹 Koʻngilchanmi yo koʻngilchang?
🔹 Koʻp soʻraladigan savol: qoʻsh undoshli oʻzlashmalarga qoʻshimcha qanday qoʻshiladi?
🔹 Koʻcha nomlari va uy raqamlari qanday yoziladi?
🔹 Qizil kitobmi yoki “Qizil kitob”?
🔹 Qisqartma soʻzlar: qoʻshimchalar qoʻshib yoziladimi yo ajratib?
🔹 Qisqartmalar imlosi: lotin yozuvidagi xatolar
🔹 Qozogʻiston poytaxti – Ostona
🔹 QR kod
🔹 Quvaytmi yoki Kuvayt?
🔹 Qoʻshtirnoq
🔹 Lavozim, ilmiy unvon va ilmiy daraja: qanday ketma-ketlikda yozish kerak?
🔹 Lotin alifbosining yangi tahriri uchun taklif
🔹 Mavzu nomlari qanday yoziladi?
🔹 Mana bu va manavi

👉 1-qism
👉 2-qism
👉 3-qism

Telegram | YouTube

Orif Tolib

25 Oct, 03:45


Navkardan mergangacha: tomirida moʻgʻul qoni oqqan soʻzlar

Oʻzbekchada asli moʻgʻulcha boʻlgan soʻzlar anchagina. Ular tilimizga singib, oʻz soʻzimizga aylanib ketgan. Moʻgʻulcha ekanini sezmaysiz ham. “Daryo” nashrida ana shunday soʻzlarning baʼzilarini sharhladim.

👉 daryo.uz/hBm7wBek

Telegram | YouTube

Orif Tolib

24 Oct, 08:00


Oʻzing mehnat qilib topmagan narsa yengil tuyuladi.

Chechen xalq maqoli

Telegram | YouTube

Orif Tolib

24 Oct, 08:00


Arzon narsa hamisha qimmatga tushadi.

Tat xalq maqoli

Telegram | YouTube

Orif Tolib

24 Oct, 07:00


Yoz, qisqartir!

Salom, ismim Oʻlmasbek. 2022-yildan boshlab kopiraytingni oʻrganib kelaman va faqat Telegram kanallar uchun natijali postlar yozaman.

Yaqindagina oʻzimning "Telegram Post" nomli Telegram kanalimni tashkil qildim.

Bu kanalga Kopirayting haqida va kitoblardan olingan xulosalar hamda Telegram kanallarning tahlillari haqidagi foydali postlarni joylab boraman.

Sizga ham yozish, oʻqish va yana Telegram kanallar haqidagi maʼlumotlar qiziq boʻlsa, hech tortinmasdan obuna boʻlavering!

⛳️ Obuna boʻlish: @telegrapost

Reklama

Orif Tolib

23 Oct, 16:01


Korzinka podkasti nihoyat YouTube yuzini koʻribdi

Qadim-qadim zamonda Korzinka podkastida qatnashgandim. Unda til, tarjima, atamashunoslik, lugʻatlar bilan ishlash kabi mavzularda suhbatlashgan edik. Shu podkast keyin negadir aro yoʻlda qolib ketgandi. Rosa dam yegandan keyin Oʻzbek tili bayrami arafasida eʼlon qilishibdi. Tasodifan koʻrib qoldim va sizlarga ham ilindim.

Lekin videoda nuqson bor ekan. Yarmidan koʻproq qismida tovush tasvirdan oldinlab ketibdi 🤷🏻‍♂️

👉 youtu.be/ednnd8y9ixY

Telegram | YouTube

Orif Tolib

22 Oct, 07:00


“Bosh” deb ataladimi?

Mashhur yozuvchi Hans Kristian Andersen tashqi koʻrinishiga u qadar eʼtibor beravermas edi. Ohori qolmagan plashi va eski shlyapasini kiyib, Kopenhagen koʻchalarida sayr qilib yurardi. Bir kuni bir olifta uni toʻxtatib, savolga tutadi:

– Taqsir, boshingizdagi anavi matoh “shlyapa” deyiladi-da, a?

Yozuvchi shu zahoti javob beradi:

– Olifta shlyapangizning ostidagi anavi matoh “bosh” deb ataladi-da, shundaymi?

Telegram | YouTube

Orif Tolib

22 Oct, 06:00


Yangi choʻzmachilik: yokida

Yokida. Yoʻq, bu yaponlarning ismi emas. Choʻzmachilar yoʻq joydan toʻqigan soʻz bu. Hozir, agar kabi soʻzlarga keraksiz oʻrinda -da qoʻshimchasini qoʻshish uchrab turardi. Endi yoki bogʻlovchisiga ham oʻrin-payt kelishigini yelimlashyapti. Nega bu qoʻshimcha kerak, maʼnosi, vazifasi nima – mantiqli javob yoʻq.

Yaxshilar, yo, yoki, yoinki, yoxud soʻzlari bor. Lekin yokida degan soʻz yoʻq!

Eʼtibor bering:

Yo toʻgʻri gapiringlar, yokida jim turinglar.
Yo toʻgʻri gapiringlar, yo jim turinglar.

Yo toʻgʻri gapiringlar, yoki jim turinglar.


Yokida degan soʻzni umuman ishlatmang. U tag-tugi bilan xato. Uni qoʻllash – yo savodsizlik, yokida tilni his qilmaslik belgisi.

Telegram | YouTube

Orif Tolib

22 Oct, 05:00


Hech kim emasligingni qayerda sezish kerak, aytaymi? Yaratganning oldida. Mayli, aqlning, goʻzallikning, tabiatning oldida, lekin odamlarning oldida emas. Odamlar orasida qadr-qimmatingni anglab turishing kerak.

Anton Chexov

Telegram | YouTube

Orif Tolib

21 Oct, 15:00


“Barchalarimiz”, “aytinilgan”, “har ikkisi” – matbuot, teleradio, anjumanlarda eng ko‘p uchraydigan qo‘pol xatolar

Matbuotda ko‘zimiz tushadigan va teleradioda qulog‘imizga chalinadigan gaplardan biri afsuski so‘zi bilan boshlanadi. Bunday jumlalarning aksariyati achinarlidir so‘zi bilan yakunlanadi. Afsuski, falon narsa bo‘lmadi yoki falon ish-harakat tufayli falon narsa bo‘lmadi deganda, ko‘rsatilayotgan muammoning mohiyati ochilgan bo‘lardi.

Ko‘p hollarda aytish kerakki deb boshlangan jumla deyish mumkin degan so‘zlar bilan yakunlanyapti. Ehtimol, efirda bu nuqson bilinmasligi mumkindir, lekin chop qilingan narsada yaqqol ko‘zga tashlanib turadi.

Yaqinda hayotimni qo‘yganman degan gap chiqdi. Videofilm ko‘rasizmi, radio eshitasizmi, matbuot o‘qiysizmi – baribir. Ota bolaga, o‘g‘il onaga, kuyov kelinga shunday va’da beryapti. Hayot hech qayerga qo‘yilmaydi! Hayot tikiladi. Tikilganidan keyin undan qaytib bo‘lmaydi. Bu – juda og‘ir gap. Uni har kim aytavermasligi kerak. Hatto videofilmda ham.

Eng ko‘p uchraydigan jiddiy xato – to‘g‘ri kelsa-kelmasa har so‘zini hamma yoqda ishlatish. Har bir Alloh taoloning so‘zi, har bir Imom Buxoriyning asari. Bu o‘rinda, diniy tomondan qaraydigan bo‘lsak, gunohlarning eng kattasi bo‘lgan shirkka yo‘l qo‘yilyapti. Har bir Alloh taolo deganda bir necha iloh tushuniladi, Alloh taoloning har bir so‘zi emas. Yana Har bir prezidentning farmoni yoki to‘rtta prezidentning qarori deganda esa prezidentlarning qarori tushuniladi. Aslida bu gap prezidentning har bir farmoni va prezidentning to‘rtta qarori deb aytilishi kerak...

Keyingi paytlarda haqiqatdan, barchalarimiz deyishga o‘rgandik. Ma’nan, jismonan, tabiatan deyilgani kabi haqiqatan demay qo‘ydik. Hammamiz deganda ko‘pchilikni, barchani tushunamiz, lekin barchalarimiz, barchalaringiz deyishni madaniyat, odob belgisi deb qabul qilib oldik. Ya’ni savodsizlik adabga aylanib boryapti. Boshqa misol kerakmi?! O‘qinilgan, aytinilgan degan so‘zlar kunda-kunora quloqqa chalinyapti. O‘qimoqning majhul nisbati – o‘qilmoq, aytmoqniki – aytilmoq. O‘qinilmoq degan fe’l yo‘q!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi Anvar Boboyevning maqolasidan

Maqolani toʻliq oʻqish: 👉 oyina.uz/uz/article/3104

Telegram | YouTube

Orif Tolib

21 Oct, 14:05


Toʻyga toʻyona bilan

iTV va Tilmoch film va seriallar uchun sun’iy idrok yordamida o‘zbekcha subtitrlar taqdim qiluvchi maxsus loyihani ishga tushiryapti ekan.

Endi tomoshabinlar sevgan film va seriallaridan ularning asl tilida bahra olishlari va bir vaqtning oʻzida o‘zbekcha subtitrlarni yoqib qoʻyishlari mumkin. Bu til oʻrganuvchilar, tarjimaga qiziquvchilar uchun ham foydali boʻladi.

Telegram | YouTube

Orif Tolib

21 Oct, 14:00


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbek tili bayrami munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga tabrigidan:

Ayniqsa, keyingi yillarda oʻzbek tilini raqamlashtirish borasida jiddiy natijalarga erishilmoqda. Oʻzbekcha matnlarni sunʼiy intellekt yordamida qayta ishlash va oʻzbek tilida muloqot qilishga moʻljallangan aqlli dastur ishlab chiqilib, “Oʻzbek tili izohli lugʻati”ning veb sayti yaratildi.

Ayni paytda oʻzbek tilidagi matnlarni tahrir qilish, ularni lotin va kirill yozuviga oʻgirish va soʻzlarning lugʻaviy maʼnosini koʻrsatishga moʻljallangan elektron dasturlar ham amaliyotda faol qoʻllanmoqda.

Telegram | YouTube

Orif Tolib

19 Oct, 16:10


“Beshbattar”dagi besh nima?

Baʼzi soʻzlar hamisha ham biz oʻylagan yoki taxmin qilgan maʼnoga ega boʻlmasligi mumkin. Bu holat ayniqsa omonimlarda yaqqol koʻzga tashlanadi. Agar biror soʻzning shakldoshi borligini bilmasangiz, uni yanglish tushunishingiz hech gap emas. Beshbattar soʻzi tarkibidagi besh ham xuddi shunaqa soʻzlardan.

Biz besh soʻzini asosan son maʼnosida tushunamiz. Shu sababli beshbattar soʻzi maʼnosini besh baravar yomon, besh daraja yomon deb taxmin qilishimiz mumkin. Aslida esa bu soʻz umuman boshqa maʼnoni anglatadi.

Beshbattar forschadan kirgan, uning tarkibidagi besh soʻzi koʻp, ortiq, ziyoda maʼnolarini bildiradi. Battar esa yomonroq degani.

Beshbattar oʻzbek tilida nihoyat darajada, oʻtaketgan darajada, haddan ortiq; juda ogʻir, qiyin maʼnolarida, salbiy maʼnoni ifodalash uchun ishlatiladi:

Qassobning esiga dafʼatan tunov kungi dilxiralik tushib, koʻngli beshbattar gʻash tortdi.
“Yoshlik”.

Ey bechoralar... Bu shaharda bizdan ham beshbattar kambagʻallar borga oʻxshaydi.
P. Tursun, “Oʻqituvchi”.

Telegram | YouTube

Orif Tolib

19 Oct, 13:40


Oʻzingga yoqadigan ish bilan shugʻullanish erkin boʻlishdir.

Volter

Telegram | YouTube

Orif Tolib

18 Oct, 04:05


“Shimildiriq” nima degani?

Savol:
Qoʻl tegdi, chiqdi shimildiriq. Shimildiriq soʻzining maʼnosini izohli lugʻatdan ham topa olmadim. U nima maʼnoni anglatadi?

Javob:

Men ham lugʻatlarni qidirib koʻrdim, lekin shimildiriq ham chiqmadi 😉 Garchi lugʻatlarga kirmagan boʻlsa-da, tilda faol soʻzlar bor. Shimildiriq soʻzi asosan soʻzlashuvga xos, biroz kinoya, istehzo va hazil aralash maʼno qirralariga ega va hech narsa, yoʻq narsa maʼnosida qoʻllanadi.

Telegram | YouTube

Orif Tolib

17 Oct, 17:10


Yaqin kelajakda “Mutolaa” ilovasining bolalarga mo‘ljallangan, o‘yinlashtirilgan shaklini yaratmoqchimiz. Frankfurt kitob ko‘rgazmasida esa elektron kitoblar uchun texnologiyalar yaratib beruvchi kompaniyalar ham ishtirok etarkan. Biz “Funtomata” kompaniyasi asoschisi Jean-Gobert de Coster va ularning bolalar uchun o‘yinli platformalari bilan tanishdik. Shunaqa ilova yaratmoqchi bo‘lsangizlar, menga chiqaveringlar dedi.

Orif Tolib

17 Oct, 17:00


Qalam sotuvchi

Viktor Hyugo Prussiyaga yoʻl oladi. Chegarada:

– Nima bilan shugʻullanasiz? – deb soʻraydi anketa toʻldirayotgan jandarm.

– Yozaman, – deb javob beradi adib.

– Tirikchiligingiz nimadan, deb soʻrayapman, – deydi nazoratchi tushuntirgan boʻlib.

– Qalamdan, – deb qoʻya qoladi Hyugo.

– Ha, unday boʻlsa, – deb yengil tortadi jandarm, – “kasbi” degan joyga “qalam sotuvchi” deb yozib qoʻyamiz.

👉 Mashhurlar hayotidan

Telegram | YouTube

Orif Tolib

17 Oct, 04:00


​​Doya va akusherka: farqi nimada?

Izohli lugʻatga koʻra, doya soʻzi oʻzbekchada uch xil maʼnoda qoʻllanadi:

1️⃣ Toʻlgʻoqdagi ayollarni tugʻdiruvchi xotin; enaga, akusherka.

2️⃣ Goʻdaklarni tarbiyalovchi ayol.

3️⃣ Koʻchma maʼnoda: sabab, bois, asos; paydo, bunyod qiluvchi.

Hozir ikkinchi maʼnosida deyarli ishlatilmaydi. Uchinchi maʼnosi ham kam qoʻllanadi, masalan, koʻngilsizliklar sababi degan maʼnoda koʻngilsizliklar doyasi deyilganini yaqin orada koʻrganim yoʻq.

Asosiy maʼnosi esa tilda hozir ham faol.

Akusherka soʻzining maʼnosi keng: homiladorlarni muntazam kuzatish, dispanser kuzatuv roʻyxatiga olish, ularning kasalligini aniqlash, tugʻuruq vaqtida va tugʻuruqdan keyingi chilla vaqtida tibbiy yordam koʻrsatish va boshqalar bilan shugʻullanuvchi, maxsus oʻrta maʼlumotli tibbiyot xodimi.

Demak, doya faqat tugʻuruq paytida, akusherka esa tugʻuruqdan oldin va keyin ham tibbiy yordam koʻrsatadi. Biroq bir jihatga eʼtibor berish kerak: bir soʻzga biror qoʻshimcha maʼnoni yuklab ishlatsangiz, oʻsha maʼnoni ifodalay boshlaydi. Doyani ham akusherka maʼnosida qoʻllayverish kerak.

Telegram | YouTube