Mutolaa olami @mutolaa_olami Channel on Telegram

Mutolaa olami

@mutolaa_olami


Xush kelibsiz!

Kundalikda asarlarga doir tavsiyalar, taqrizlar, kitoblar haqida fikr-mulohazalar ulashib boriladi.

<<Kitoblar bizga hayot yuzidagi nafas olish yo'llarini ko'rsatib beradi..>>
© Farengeyt boʻyicha 451 daraja

Mutolaa olami (Uzbek)

Salom, Azizlar! Sizni "Mutolaa olami" Telegram kanaliga xush kelibsiz! Bu kanalda siz kundalikda asarlarga doir tavsiyalar, taqrizlar, va kitoblar haqida fikr-mulohazalar bilan tanishtirilasiz. Bu erda, "Kitoblar bizga hayot yuzidagi nafas olish yo'llarini ko'rsatib beradi.." devorasi ostida, Farengeyt boʻyicha 451 daraja asarlarining dunyosi ochib boriladi. Kanalimiz siz uchun kitoblarni sevirib, ular haqida gaplashishga va o'qishni sevimli qilishga yordam beradi. Siz ham birgalikda kitoblar dunyosiga yo'ldosh bo'lishdan mamnun bo'laman. Yana bir marta, "Mutolaa olami" kanaliga xush kelibsiz!

Mutolaa olami

04 Dec, 14:40


#life

Bu nima deb oʻylaysiz?
Yoʻq, bu oʻxshamagan kompot emas, yaqindagina "ancha sifatli" boʻlgani uchun narxi oshirilgan issiq suv!

Mutolaa olami

30 Nov, 10:11


#kechinma

Sogʻlik bilan bogʻliq koʻngilsizlik tufayli 8 kun deganda endi shifoxonadan chiqdik. Menga yillardek choʻzilgan boʻlsa-da, palatalarda 40 kunlardan beri davolanayotganlar ham bor edi. Shunda Muhammad Yusufning bir sheʼri xayolimga keldi:

Shunday bemorlar borki..
Uyalib ketasan tuzalganingdan.

Shunday shifokorlar borki..
Tuzalib ketasan uyalganingdan.

Yetib borish ehtimoli kam boʻlsa-da, shifokor-u, hamshiralarga ham minnatdorchilik bildiraman.

Oʻzingizni, yaqinlaringizni asrang, azizlar va mutolaadan uzoqlashmang:)

@mutolaa_olami

Mutolaa olami

30 Nov, 03:52


Bizlar bir-birimizni tasodifan uchratmaymiz. Biz allaqachonlar ong ostimizda mavjud bõlganlarni uchratamiz.



Zigmund Freyd

@davr_qizi

Mutolaa olami

26 Nov, 07:05


#keling

Mutolaa olami

20 Nov, 06:36


"U shuni tushunib yetdiki, agar qiziq boʻlmasa, kunlar ham haftadek uzun boʻlishi mumkin.."

© Jannat.

Mutolaa olami

19 Nov, 08:49


#mindset

Doʻstingni yoʻqotishni istamasang, unga buyuk omadlar tilama.

©

Mutolaa olami

18 Nov, 03:06


#help
Doʻstlar, yordam kerak edi.

Milliy universitetda oʻqiydiganlar bormi oramizda? Abdi Mamatovning iboralar lugʻati kerak edi, adashmasam, domla fransuz tillar kafedrasida ishlar ekanlar.

Kitobi yoki elektron shakli judayam zarur edi..

Mutolaa olami

14 Nov, 14:47


#xaridlar


Anchadan beri xarid listimda boʻlgan kitoblarni buyurtma qildim bugun. Koreys adabiyotidan hali tanishmagandim, "Onamni asra'' bilan bu xatoni toʻgʻrilamoqchiman)

"Jannat" kitobini esa katta ehtimol bilan shu oy "Kitobdoira" da muhokama qilamiz.

Siz qanday kitoblar xarid qildingiz va qaysi kitoblarni oʻqiyapsiz?

@mutolaa_olami

Mutolaa olami

14 Nov, 09:52


#lirik_chekinish

Kuz haqida eng yaxshi ko‘rgan she'rlarimdan biri Behzod Fazliddinning she'ri.

***
Bir muddatga kitobingni yop,
Mavhumotdan nigohingni uz.
Tabiatning oʻzi zoʻr kitob,
Bugun uning qahramoni – Kuz.

Qara, asar topilmas bunday,
Tebranadi bogʻlar – ruhafzo.
Nelarnidir esga olganday,
Entikadi zaʼfaron dunyo.

Tura tursin eski koʻzoynak,
Boqqin ochiq koʻz bilan bundoq.
Derazangga barg otgan kuzak
Muncha maʼyus, munchalar quvnoq.

Oʻylatmasin ortiq tartibi,
Shundogʻicha olam mukammal.
Qoʻya turgin havo tarkibin,
Toʻyib-toʻyib nafas ol avval.

Qushlar kelib, qushlar qaytmoqda,
Bilganicha chalib surnaylar.
Kimlar uchun vido aytmoqda
Tiriklikka tashna toʻrgʻaylar.

Hayot shudir – qancha tejamay,
Vaqti-bevaqt toʻkilgan xazon.
Bor boʻyicha, boʻyab-bejamay
Tasvirlaydi musavvir Mezon...

2010

© Behzod Fazliddin

#Kutmagan_kunlarim_kutgan_kunlarim

http://behzodfazliddin.uz/mezon/

https://t.me/Behzod_Fazliddin/4670

@psixolingvist

Mutolaa olami

11 Nov, 15:32


#sovgʻa

Kitoblar insonlarni birlashtiradi. Bugun ajoyib kitoblar yetib keldi, juda ham xursand boʻldim. Rahmat @santuagaraoflibrary! Kitoblaringizga kitob qoʻshilsin!

Pochta paketida yozilgani kabi "kitob oʻqish insonga xos ishdir".

Mutolaadan charchamang, doʻstlar!

@mutolaa_olami

Mutolaa olami

10 Nov, 03:43


Talablar sabab Badiiy Tarjima darsini asosan ma’ruza va mashq shaklida o’tqazishga qaror qildik.
Darslarga qo’shilish uchun til bilishingiz shart emas.
Bundan tashqari, sharoitingizni tushuntirsangiz, 50 foizgacha chegirma olishingiz mumkin.

Dars narxi: oyiga 600.000 so’m

Murojaat uchun: @willemesque

Mutolaa olami

07 Nov, 18:33


Bugun xususiy universitetda 1-darsimni oʻtdim. Talabalarga qarab yigʻlagim keldi, bitta konspektni 4-5 kishi nuqta verguligacha aynan takrorlab berishdi, ularni urishib boʻlmaydi, chunki "xususiy üniversitet talabalarining talabi(!) katta" ekan..

Ishdan chiqib avtobusda oʻsha üniveristet talabalarining suhbatini eshitib qoldim: ikki dugona bir ustozni rosa yomonlab kelyapti. Orada oʻsha ustoz telefon qilib qoldi(aslida shu yerda muvozanat buzilgan, ustozning oʻzi talabaga qoʻngʻiroq qilishini qanday tushunish mumkin??), qiz esa "ha, ustoz, onamga hamma ayblarimni aytib mazza qildingizmi.., ha, choy ichib oʻtiribsizmi, ilohim, tiqilib qoling oʻsha choyingizga.." . "Oʻzi bu oʻqish umuman mening didimga toʻgʻri kelmas ekan, onam erga teg, deganlarida tegib ketsam boʻlarkan..". Muzlab qoldim, mabodo menga shunaqa muomala qilinsa, diplomlarimni maydalab tashlasam kerak😄.

Haqiqatdan ham, talabalik zavqi yoʻq hozir yoshlarda, oʻqish zavqi yoʻq..

Mutolaa olami

07 Nov, 18:25


2015-yillar oʻqishga kirish kutilmagan baxtday edi. Meni kursdan 2-3 oy avval olib qaytishgan, onamning mazalari boʻlmay qolgandi. Ham onamga qarab, ham uyimiz oldidagi paxta dalasida oʻtoq qilib, imtihonga tayyorgarlik koʻrardim. Paxta dalalarini koʻz yoshlarim bilan sugʻorardim, agar bakalavr bunchalik ahamiyatsiz ekanini bilganimda bunchalar koʻz yoshimni isrof qilmasdim😄

Onam biror ish buyursalar, oʻsha ishni taqsimlab olardim, bugun bir qismini, ertaga boshqasini. Nega birdaniga bajarmasligimni soʻraganlarida "hammasini birdaniga qilsam, charchab qolaman-da, keyin kitoblarimni oʻqiy olmay uxlab qolaman" derdim. Oʻqishga kirgach ham, bu gapim iboraga aylanib ketgandi. 2 yil paxta terimiga joʻnatishgan, kursdosh qizlar "sekinroq ter, yana charchab qolma))" deb hazil qilib ketishar edi.

Axir qanday qaytishni istamaslik mumkin??

Qaytishdan ham birgina maqsad: yanada koʻproq, ertaroq oʻqigan boʻlardim.

Mutolaa olami

07 Nov, 18:18


Oʻn yil avval hali bakalavr ostonasidan qadam qoʻymagan gʻoʻr bir qiz edim, olis qishloqda uy ishlarini ham qilib, oʻzimcha darsliklarni matematika daftarga katakma-katak koʻchirib yurardim(energiyani qayoqqadir sarflash ham kerak-ku..), televizorda oʻzim tengi qizlarning yutuqlarini koʻrsam, shunaqangi yuragim ezilar ediki, koʻz yoshlarim tinmasdi.

Keyin oʻqishga tayyorlanish uchun ruxsat tegganidan soʻng jon-dilim bilan oʻqidim, atigi 7 oy tayyorlana olgandim va shunga qaramay, talaba boʻldim. Keyin orzular orzularga ulashdi, talabalik gashtini surmay oʻqirdim. Oʻqishdan kelib, tushlik qilar-qilmas oʻqivchilarim kutib turardi, abituriyent tayyorlardim, hayronman, nima yetmagan menga. Grant boʻlsam, 5 lik stipendiya olsam.. maza qilib til oʻrganmaymanmi..

Hozirgi holatimdan ham norozi boʻlmasam-da, lekin 10 yil avvalgi hayotimga qaytish uchun erishgan barcha narsalardan voz kechishga tayyor edim. Yoʻq, ortga boqqanda jiddiy afsusga arziydigan holatlar boʻlmagan, ammo baribir oʻsha begʻubor va faqat oʻzimning tashvishimdangina iborat hayotimni baʼzan juda sogʻinaman.

Mutolaa olami

07 Nov, 18:03


10 yildan so'ng hozirgi kuningizning, yoshingizning, yoshligingizning qaytishi uchun boringizni berishga tayyor bo'lishingizni bilasizmi?

10 yil avvalgi "siz"ni eslang!

@qodirova_g

Mutolaa olami

01 Nov, 16:54


Vaqti-vaqti bilan miyani oziqlantirish uchun kitob o'qib turish kerak. Yaxshi kitoblarni topa olish uchun esa bookblogerlarni kuzatish kerak.

Eng saralanagan kanallarga bittada a'zo bo'lish uchun ushbu tugmani bosing.

Mutolaa olami

31 Oct, 10:24


"Oʻzingni oqlashni boshlasang, tushuntirish ogʻir kechadi.."

Mutolaa olami

23 Oct, 13:41


#hordiq

Yosh bolali ona koʻngli tusagan payti kitob oʻqiy olmasa, kuzning boʻgʻiq kunlarida bir bemalol stressga tusholmasa(bolalarga baxtli ona kerak), nima qilish kerak?

Bolalikka qaytishi kerak))

Abgor togʻlarimizga qaramay keting, kerakli boʻyoqni Daryo olib qochib, xunob qildi)

Siz nimalar bilan mashgʻulsiz?

@mutolaa_olami

Mutolaa olami

21 Oct, 07:19


Madlen Miller. Kırka

Inson yaralibdiki, yashab turgan muhitida oʻzi uchun tayanch qidira boshlaydi. Hayotidagi qandaydir koʻngilsizliklar yoki oddiy tabiat hodisalari ortida qandaydir tilsim/ishora borligiga doim ishonadi. Va bu ishonch uni kim/nimalardandir panoh izlashga undaydi.

Qadimgi yunon mifologiyasiga hamisha qiziqqanman. Miloddan avvalgi davr odamlarining hayot tarzi, madaniy qarashlari, eʼtiqodlari ularni yanada yaxshiroq tushunishga yordam beradi. Asarda ham insonlarning oʻy-xayollaridagi homiy maʼbudalar, Xudolar va ularning yashash tarzi ochiq ifodalanganki, bevosita oʻsha davrga tushib qolganday his qiladi odam.

Avvaliga, Kirka siymosida oʻzimni koʻrgandek boʻldim, bolaligidayoq ota-onasining istagidek boʻlishga intilgan, odob doirasidan hech chiqmagan va bu odobi, yurish-turishi uchun hayotdan qandaydir mukofot kutgan.., eslasam , kulgim keladi.
Ammo unutmasligimiz kerakki, hayot bizga baxt qarzdor emas, hech narsani vaʼda ham qilmaydi. Ishdagi muvaffaqiyatlarimiz harakatlarimizga bogʻliq boʻlishi mumkin, lekin shaxsiy hayotdagi jekpodlar tamomila taqdir tuhfasi va biz bu uchun oʻz mehnatlarimizni pesh qila olmaymiz.

Kitobdan yana shuni anglash mumkinki, oʻz tipingizdagi yaratiqni, boringki, tangrini minnatdor qilish uchun ham oʻlib-tirilish kerak emas, zigʻircha boʻlsa ham, manfaat kutib qilingan yaxshilik chinakam hisoblanmaydi chunki.

*Asar haqida har xil fikrlarga duch keldim. Azizlar, siz oʻz davringiz bilan bir necha ming yillar avvalgi tafakkurni solishtirishga haqqingiz yoʻq. Qaysi davrda yashamaylik, inson hamisha tayanchga muhtoj va bu tayanch har davrda har xil koʻrinishda boʻlishi mumkin. Agar bu sizning moʻrt eʼtiqodingizni sindirib qoʻysa, ayb kitobda emas. Tarixdan qochib boʻlmaydi, oʻqimaslik ham sizni shayx darajasiga koʻtarib qoʻymaydi. Asarlar oʻqish va xulosa chiqarish uchun yaratiladi, oʻzingizga mutlaqo qonun qilib olish uchun yoki eʼtiqodingizni susaytirish uchun emas.

"Iliada"ni oʻqisam, hozirgacha aktual boʻlgan muammolarni koʻraman masalan.

"Urush-ajal yoshlargadir, chollarga gap-soʻz.." Axilles tilidan aytiladi bu. Hozir ham yoshlar va chollar shu tipda emasmi?

Yoki Kirka'dan keltirilgan yuqoridagi iqtiboslar bugunga mos kelmaydimi?

Xullas, kitobni oʻqish kerak, ishonamanki, bu sizga salbiy turtki bermaydi.

@mutolaa_olami

Mutolaa olami

18 Oct, 03:11


«..Aqldan ozmagan har bir yaratiqqa doʻst kerak..»

Kırka

Mutolaa olami

15 Oct, 03:17


«..Bolalar bir-birlarining oʻrnini bosadigan un qoplari emas..»

Kırka.

Mutolaa olami

13 Oct, 17:21


Nostalji..🍂

@mutolaa_olami

Mutolaa olami

11 Oct, 16:15


#Bir necha kun oldin "Mart menekşeleri" ni tugatdim. Kitob Sarah Jioning doimiy uslubida: qiziqarli syujet, samimiy tuygʻularga yoʻgʻrilgan diltortar kitob.

Odatda muallif kitoblarida shunday bir usulni qoʻllaydiki, ular oqali boshqa bir kitoblarga qiziqish uygʻonadi. "Londondan muhabbat ila" tufayli "Shaxsiy xona" asariga qiziqib, turkchasini oʻqigan boʻlsam(u payt hali tarjima qilinmagan edi), bu kitob orqali "Kaybolan yıllar" kitobini topib oʻqishga qaror qildim. Juda zoʻr uslub)

Asarga qaytsak, unda koʻtarilgan hazin muhabbatning sirli tarixi oʻquvchini kitob soʻngiga qadar qizgʻin ushlab tura oladi. Toʻgʻri, xuddi Den Braun asarlaridek Sarah Jioni ham takror-takror oʻqishga ehtiyoj sezmasligingiz, undan fikrlashingizni oʻstiradigan, oʻylantiradigan falsafiy gʻoyalar topolmasligingiz mumkin. Biroq kitoblar — ruhimiz ozuqasi. Har doim vitaminlarga boy mahsulotlarni isteʼmol qilavermaymiz, vujudimizga katta foyda bermasa ham, kayfiyatimizni koʻtaradigan mahsulotlar ham kerak insonga. Xuddi muzqaymoqlar serotaninni oshirgani kabi, bunday asarlar ham, kitoblardan zavq olishga, mutolaadan baxt tuyishga yordam beradi.

Bu roman tarjima qilinsa, juda koʻpchilik tomonidan oʻqilishiga shubham yoʻq, turkchadan biroz xabari boʻlganlar esa kitobning postga biriktirilgan elektron versiyasidan mutolaani boshlab yuborishlari mumkin.

Asarni chuqur tahlil qilmadim, spoyler ketib qolmasligi uchun. Chunki bu turdagi kitoblarda syujet nihoyatda muhim).

Mutolaadan charchamang, doʻstlar💚

@mutolaa_olami

Mutolaa olami

09 Oct, 06:31


Gavjum koʻchalarda soʻlim kuzning "tashrif qogʻozi" — xazonlarni shitirlatib, manzilingizga yoʻl olar ekansiz, Shubert yoqimli hamroh boʻla oladi..🍂🧡

@mutolaa_olami

Mutolaa olami

04 Oct, 18:18


​#mutolaa

Kuzning "sıkıntılı" kunlarida ruhiyatni koʻtaradigan kitobga ehtiyoj sezdim va Bookaholic qattiq tavsiya qilgan kitobni boshladim. Sarah Jio. Mart menekşeleri.

Kitob shunday silliq, hayajon bilan oʻqilyaptiki, turkcham shunchalik yaxshilashganmi yoki bunga kitob sababchimi, bilolmay qoldim. Nihoyatda ajoyib kitob. Albatta, tarjima qilinishi kerak.

The Stranger, tarjima qilsangiz, qiling tezroq. Yoʻqsa, oʻzim boshlab yuboraman))

Qadrli doʻstlar, sizlar qanday kitoblar bilan bandsiz?

@mutolaa_olami

Mutolaa olami

02 Oct, 13:16


#tavsiya

Oktabr keliboq ko‘z ochar borliq,
Samoviy tuhfa-la keltirar yorliq,
Sohibi biliglar eng mohir notiq,
Etarlar sizlarga kanalin tortiq...

Barcha kanallarga ulanish uchun bosing

Mutolaa olami

01 Oct, 05:35


Eng begʻubor tilak..

2 yil avval bakavrning yakuniy bosqichida maktablarga amaliyot uchun yuborilgandik. Menga ikki oy davomida 9-sinf rahbarligi topshirilgandi, sentabr oyida oʻquvchilar bilan tanishib, darslar oʻtib, ancha yaqin boʻlib qolgandik. Maktabda Ustozlar bayrami munosabati bilan tadbir oʻtkazilayotgandi.

Menga berilgan sinfda sal odamoviroq bir bola bor edi, darsda oʻrinsiz gapirmas, oʻqishi ham juda maqtanarli emasdi. Oilaviy muammolari borligi uchun sinf rahbari unga yaxshiroq muomalada boʻlishimni soʻragandi. Oʻsha bolakay bayram kuni sekingina yonimga kelib, stolga ikkita non solingan paketni qoʻydi-da, sekingina "Ustoz.., bayramingiz bilan tabriklayman.., doim shu nonday aziz boʻlib yuring.." dedi. U ham, men ham koʻz yoshimizni tiya olmagandik oʻshanda..
Bu tilak men umrim davomida eshitgan eng goʻzal niyat boʻlib qoldi!

Ana shu damlar uchun ham Ustoz boʻlging keladi..🤍

@mutolaa_olami

Mutolaa olami

29 Sep, 03:16


« -Men tushkunlikka tushmayman, Harri. Lekin hayotdan iztiroblanishga kelsak, o, bu borada tajribam yetarli..»

© Herman Hesse. Choʻl boʻrisi.

@mutolaa_olami

Mutolaa olami

22 Sep, 08:36


Bagʻrikenglik haqida

Ayni paytda tahrir qilayotgan kitobimda shunday ajoyib bir jumla bor ekan: "Amerika hindularida shunaqa qarash bor: biror inson haqida hukm chiqarishdan oldin, osmonda oy 3 marta yangilangunicha uning poyabzalida yurib koʻr, shundan keyingi hukming adolatli boʻladi".

Bu fikr shunchalar yoqdiki, munosabatlarimizdagi koʻp chigalliklar bitta shu usul bilan barham topishi mumkinligini tushundim. Oxirgi paytlar biror kishining xatti-harakatlarini oʻtirgan/choʻzilgan joyimizdan turib, hukm chiqarishga usta boʻldik. Kimnidir mutlaqo yomon, kimnidir esa mutlaqo farishtaga aylantirib qoʻyaverdik.

Yoki oilaviy munosabatlarda chigallik yuz bersa, oʻzimizni jabrdiyda, roʻparadagi odamni toʻliq aybdor deb biladigan boʻldik.

Xarper Li "Mazaxchi qushni oʻldirish" asarida shunday deydi: "Aslida hamma odamlar yaxshi, qachonki ularni tushuna boshlaganimizda..". Odamlarni tushinish uchun esa hindular aytganidek ularning oʻrniga oʻzimizni qoʻyib koʻrish kerak.

Bir qaraganda oddiy fikr. Lekin aslida dunyo tarixidagi barcha urushlar, toʻqnashuvlar tomonlar oʻrtasidagi bagʻrikenglik yoʻqolishidan kelib chiqadi.

Ammo shunisi ham borki, bagʻrikenglik ikki taraflama boʻlishi ham kerak, qarshingizdagi kishi oʻzini istalgancha tutsa va siz uni tushunishda davom etsangiz, albatta, bu munosabat sogʻlom hisoblanmaydi, bu holatda sherik kishiga chegaralarni tushuntirish, agar buning foydasi boʻlmasa, sekingina uzoqlashish lozim.

Ha, aytishga oson. Har doim bunga amal qilish qiyin. Ammo avval ham aytganimdek, kitoblar hammamiz avval ham bilgan fikrlarni taʼsirliroq ifodalab, irodamiz qabul qilishi qiyin ishlarni bajarishga turtki beradi.

Tahrir qilayotgan kitob juda ham yoqdi. Nihoyatda samimiy tilda yozilgan. Nashr qilinsa, xabar berib qoʻyaman.

Mutolaadan charchamang, doʻstlar 💚

@mutolaa_olami

Mutolaa olami

21 Sep, 12:41


#humour

Ikki oʻquvchim bilan uchrashdik bugun, biri kitobqurti, bukblogerlarni sanʼatkorlardan yaxshi taniydi. Ikkinchisi esa aksi, sohasidan tashqari deyarli kitob oʻqimaydi, bukbloglarni kuzatmaydi ham.
Birinchi oʻquvchim berilib gapiryapti
— Bukbloglarni rosa kuzataman, Kitobdoira'ni ham, ayniqsa, The Stranger'ning egasi Ilhom xuddi ichimdan oʻtganlarini yozgandek boʻladi.
Men:
— Ha, Ilhom bilan doʻstmiz, juda dunyoqarashi keng inson.
Mavzuga tushunmay turgan ikkinchi oʻquvchim:
— Kim u, Ilhom Farmonovmi?

))

Mutolaa olami

20 Sep, 09:23


Italiyada ta’lim olayotgan vatandoshimiz ta’limini davom ettirish uchun kitoblarini sotayotgan ekan. Ham kitobli bo’lish, ham ta’limga hissa qo’shish uchun quyidagi link orqali kanaliga kirishingiz mumkin.

https://t.me/+GphpoZCuyBxjNTFi

Mutolaa olami

16 Sep, 10:09


#mutolaa

- Sen bilan bittagina umumiy tarafimiz bor.
- Qanday?
- Ikkimiz ham bir tilda gaplashishimiz..

©

Mutolaa olami

15 Sep, 08:20


Hayot saxiylik talab qiladi.

Mutolaa olami

07 Sep, 10:30


#Xabaringiz bor, Asaxiy tomonidan Tara Vestoverning "Talaba" kitobi sovgʻa qilingandi va biz hech qanaqa turtkilarsiz kitobni oʻqib, jamoamiz bilan qimmatli vaqtni ajratib muhokama qildik. Aslida shu vaqtga qadar Asaxiybooks'dan biror marta kitob sovgʻa olmaganman, lekin uning doimiy xaridoriman. Yaʼni ularning oldida hech qanday muttahamlik joyim yoʻq, aksincha ular tom maʼnoda biz kabi xaridorlar borligi uchun savdo yurityapti.

Lekin kuni kecha oʻtkazilgan muhokamaning (oxirida qatnasha oldim, batafsil eshitolganim ham yoʻq) audiosi ostida "kitobga arzimagan odamlar uchun kitob joʻnatibmiz" taʼnasini oʻqib qoldim, birgina qaysidir gaplari audioda boʻlmagani uchun.

Men 1-1,5 soatlik audioni hozirgi qatlam sabr bilan eshitishiga unchalik ishonmayman, balki, mening ham gaplarim kesilgandir, bu men uchun mutlaqo ahamiyatsiz. Lekin oʻzining arzimas gaplari kesilgani uchun butun jamoani "kitobga arzimas ekansanlar" deyishga kim huquq bergan unga? Kitobini sotib olishga qurbimiz yetmasmidi? Sadaqasiga muhtoj edikmi?


Men Asaxiyni eng boshidan beri 2018-2019-yildan beri xaridori edim. Lekin qachon kelgani nomaʼlum bu qiz oʻzining bemaʼni tushunchalari bilan butun nashriyotga boʻlgan hurmatimni bir pul qildi.

Koʻcha-koʻyda Asaxiybooks fililalini koʻrib qolsam, eski qadrdonimni koʻrganday bir bosh suqib oʻtar edim. Agar nashriyot shunaqa oʻzidan daho yasab olganlar bilan ishlashda davom etsa, birorta xaridori qolmaydi. Bugunoq saytga bogʻlanib, kitobning toʻlovini qilaman. Shu yerda Asaxiy bilan hammasi tugaydi.

Mutolaa olami

07 Sep, 09:37


The midnight library/ Gece yarısı kütüphanesi

Kitobni kitoblar/kutubxonalar haqida biror asar oʻqigim kelganidan boshlagan edim. Ammo tom maʼnosi kitoblar xususida boʻlmasa-da, asarni ayni vaqtida oʻqiganimni his qildim.

Hammamiz ham hayotimizda nimalar uchundir pushaymon boʻlamiz. Qilolmagan qaysidir ishni, erisholmagan qanaqadir marrani eslab, xomush tortamiz. Goʻyo hozirgi hayotimizda oʻsha ishlarni oʻrinlatgan boʻlsak, muammolarimiz barham topadigandek, hayotimiz toʻkis boʻlib qoladigandek his qilamiz. Ammo bilmaymizki, birgina farqli harakat natijalarni ham oʻzgartirib yuboradi. Yaʼni, biz pushaymonlik his qilgan biror ishni bajargan taqdirimizda ayni hozirgi holatda boʻlmasligimiz va hatto holatimiz hozirgidan ham yomonroq vaziyatda boʻlishi mumkin. Yarim tun kutubxonasi' ham aynan shunday tajriba imkonini berib, biz his qilayotgan oʻsha afsuslar ham mukammal baxtning garovi boʻlolmasligini, qilinmagan ishlar uchun afsus qilmasdan, oldindagi kelajak uchun harakat qilishni uqtiruvchi kitob.

Odamning miyasi yalqov rejimida. Hayotidan norozimi, qaysi nuqtalaridan norozi va uni qanday tuzatish kerak? Buni oʻylamasdan atrofidagi oʻzi ideal deb bilgan kishi hayotiga havas/hasad qilib, stressda yuraverishni maʼqul koʻradi, chunki bu osonroq-da.

Bu holat hammada, menda ham boʻlgan, boʻlayotgan edi. Nachora, oʻzimizni har qancha ehtiyotkor, boshimizni qanchalar aqlli deb oʻylasak ham, tanlovlarimiz har doim ham toʻgʻri boʻlavermaydi. Bunda boshqa variantni tanlamaganlik uchun oʻzini ham, boshqalarni ham siqib oʻtirishdan osoni yoʻq. Vaziyatni boricha qabul qilib, holatni yaxshilash payida boʻlish esa insondan kuchli iroda talab etadi.

Ayni paytdagi muammolar tufayli qaysidir maʼnoda oʻzimni omadsiz his qilayotganimda aynan shu kitobni oʻqidim va bu his muammolarning yechimi boʻlolmasligini anglab, uni hal qilish yoʻllarini izlashga kuch topdim. Qizigʻi, bu narsani kitob mutolaasigacha bilmas edimmi, bilardim, boshqalar ham biladi buni. Shunchaki, biz biror narsaga qarab turganimiz uni koʻrayotganimizni anglatmagani kabi, bilganlarimiz ularga doim amal qilishimizni ham anglatmaydi. Aslida kitoblarning vazifasi ham shu: sodda haqiqatlarni taʼsirchan qilib yetkazish. Xullas, asarni oʻqing. Hazin kuzning tushkun ruhidan chiqish uchun ayni muddao kitob.

P.s.: asarning oʻzbek tilidagi nashri ham bor ekan, bilmasdim. Lekin turkcha oʻqiganim uchun oʻzbek tilidagi tarjima sifati haqida hech narsa bilmayman.

Mutolaadan charchamang, doʻstlar 💚

@mutolaa_olami

Mutolaa olami

07 Sep, 09:07


#home

Ertalab Daryo bilan sayrga chiqqanmiz, atrofda 1-2 ta maktablar bor, oʻquvchi qizlar, yigitlar bir-biridan chiroyli, koʻrkam. Lekin endi ularga havas qilib turganingda ularning ogʻzidan shunaqa qoʻlansa soʻkishlar chiqadiki.., maktabdan, dars berishdan, farzandingning shunaqalar orasida ulgʻayishidan qoʻrqib ketasan..