Lingvist Iroda Azimova @psixolingvist Channel on Telegram

Lingvist Iroda Azimova

@psixolingvist


Til va til ta'limiga oid turli masalalar

Lingvist Iroda Azimova (Uzbek)

Lingvist Iroda Azimova kanali psixolingvistning rasmiy Telegram kanalidir. Bu kanal til va til ta'limi bo'yicha turli masalalar haqida ma'lumotlar, ko'rsatmalar, va maslahatlar bilan to'ldirilgan. Iroda Azimova birinchi bo'lib tanilan lingvistlar, tilshunoslar, va tarjimonlar orasida o'z o'rinini egallagan. Uning dastlabki mavzulari orasida turli tillar ustida bilim va tajribalar bo'yicha ma'lumotlar mavjud. Kanalda o'z tilini o'rganish, yengilash, yaratish, va tinglovchi so'zlar bilan do'st bo'lish masalalari muntazam ravishda ko'rsatiladi. Bu kanal til va til ta'limi sohasida ko'proq bilim olishni istaganlar uchun mo'ljallangan. Siz ham Lingvist Iroda Azimova kanaliga a'zo bo'lib, til bilimlaringizni kengaytirib, yangi imkoniyatlarni oching!

Lingvist Iroda Azimova

27 Jan, 13:22


Olimlar oilada qaysi farzand halolroq boʻlishini aniqladi

Ular buni aniqlash uchun 2 ta guruh ustida tajriba oʻtkazgan.

Batafsil: https://oyina.uz/uz/posts/26535

Rasmiy sahifalarimiz👇

Telegram | Instagram | X | YouTube

Lingvist Iroda Azimova

23 Jan, 17:01


Nuqtalar: “Shakl oson, mazmun uchun ishlash esa qiyin” – ta’limdagi forma muammosi va Toshkent shahar hokimi qaroriga chizgilar


Dasturimizning ushbu soni 21-yanvar kuni muhokamaga chiqqan, bir-biridan farqli ikki sohadagi bir-biriga o‘xshash ikki vaziyat tahliliga bag‘ishlandi.

Qashqadaryoda maktab direktorining o‘qituvchilarga forma uchun pul yig‘ish va formasiz o‘quvchilarni maktabga kiritmaslik haqidagi ko‘rsatmasi hamda Toshkent Shahar hokimi Shavkat Umurzoqovning poytaxtda milliylik targ‘ibotini oshirishga qaratilgan qarori.

Suhbatdoshlarimiz, ta’lim ekspertlari Iroda Azimova va Komil Jalilov bu ikki voqelikning o‘zaro bog‘liq jihatlari hamda ilmdan uzoqlashib, shamoyilga berilish xatarlari, oqibatlarini tahlil qilishdi.

📹👉 https://youtu.be/gA_cMbAcJd0

@haqiqatdaIlyos

Lingvist Iroda Azimova

22 Jan, 23:50


#maktab_formasi

Баъзан йўқ жойдан “мактаб формаси”, вазирлик стандарти, “долзарб форма ойлиги” деган гаплар чиқиб қолади. Ҳамма бир хил кийиниши керак, палон пулга мактаб тасдиқлаб берганини олсин, ҳаммаси мажбурий деган “қатъий талаблар”дан, рости, энсам қотади.

Бундай қоидаларни мактабига хоҳлаганини кийиб, вақти келса, пижамаси, уй шиппаги, севимли ўйинчоғи билан дарсда ўтирадиган эдмонтонлик ўқувчи эшитиб, миясига сиғдиролмаса керак. Бола ўзига қулайини кийиб келади.

Тўғри, ҳар нарсада меъёр, муайян чеклов бор – бу ердагилар ҳам шунга риоя этади, жуда бачканалашмайди. Аммо жонажонда формадан-да муҳим ишлар тиқилиб ётганда яна форма дейилса, ёмғир ёғиб, лой-балчиққа айланган йўлдан мактабига қатнаётган болалар расми кўз олдимга келади.

Мактаблари таъмирталаб, канализация етиб бормаган ёки ичимлик сувда муаммоси талай, дарсликлари баҳсталаб, танқидлар ичида қолган, ўқитувчилари маоши паст бўлган бир пайтда формага ёпишиш – пойдевори қулай деяётган уйни косметик таъмирлашга ўхшайди мен учун. Ялтираб турса бўлди-да.

Қизим 1-синфга Эдмонтонда чиқди (бундан, рости, хурсандман. Чунки икки давлат таълим тизимини таққослайвермайди). Ҳеч қандай форма, алоҳида кийим олиб бермадик. Бисотида борини, ҳали кичраймаган бўлса, ювиб, дазмоллаб кийиб чиқаверди. Август охирида мактаб бозорига югур, янги носки, сочига тасма, кофта-юбка, дафтар-ручка ол қилмадик.

Ўқув қуроллари мактаб маъмурияти имейлга юборган ҳавола орқали буюртма берилади – онлайн дўконнинг ўзи мактабга етказади. Бир йилда бир марта. Фонд пули, ремонт пули, дарслик ижараси, ўқитувчилар байрамига йиғ, 8-мартга совға ол, битирув кечасига кўйлак тиктир деган гаплар умуман йўқ.

Боланинг бор эътибори ўқиш, саводини яхшилаш, танқидий/ижодий фикрлашни ўстириш, жисмоний машғулотлар ва ижтимоий фаолликда бўлади.

Биз ота-оналар олдига мактаб маъмурияти қатъий талаб ёки шартлар қўймади бирор масалада. Аксинча, қандайдир тадбир, лойиҳа бўлса, узрхоҳлик билан имейл ёзилади ва вақт-шароитга қаралади. Боланинг ўқишдаги камчилиги, сустлиги ё муаммоси бўлса, синф раҳбари индивидуал гаплашиб, бирга ечим қидиради.

Афсуски, оҳори тўкилмаган форма жорий қилган билан таълим ривожланиб, болалар ақлли, илмда пешқадам бўлиб кетмайди-да.

@chnizomiddinova

Lingvist Iroda Azimova

22 Jan, 05:04


Psixolingvistlikning yana bir yaxshi tarafi odamning bir matnga yozgan izohidan matn unda qanday assotsiativ reaksiya keltirib chiqarganini, uning qaysi stereotiplari faollshganini, matnning qaysi qismiga eʼtibor berib qayerini eʼtibordan chetda qoldirganini baholash imkonini beradi.

Bunaqa ko‘nikmaga odam nazariy bilimning o‘zi bilan erisha olmaydi. Buning uchun nazariy bilimni o‘zlashtirgan holda, matn va uning tushunilishini ifodalovchi materialni ko‘p va xo‘p tahlil qilish orqali kelinadi. Shuningdek, psixolingvist o‘zbek tilida juda ko‘p o‘qigan bo‘lishi kerak. Aytilganlarning yetarli darajada bo‘lmasligi tahlilning yaroqli bo‘lmasligiga olib keladi.

@psixolingvist

Lingvist Iroda Azimova

21 Jan, 13:59


Assalomu alaykum, tahlil uchun rahmat. Postni haqiqatan ham noto'g'ri talqin qilinishi mumkin ekanligini hisobga olib o'chirdik. Aslida biz hech qanday kamsituvchi fikr yoki mulohaza emas, shunchaki til o'rganishga urg'u bermoqchi edik. Biz Abduqodirning o'zbek tilida gapirganidan xursandmiz. Aksincha, undan hamkasblari o'rtasida o'zbek tilini o'rganmoqchi bo'lganlarga ham yordam bera olamiz.

Marhamat, Sizlar ham ingliz tilida so'zlashuvchi do'stlariningizga jo'natishingiz mumkin:

👉https://youtu.be/Vuvlskrg1Bk?si=aPQ0xdE-wPDozbJi

Lingvist Iroda Azimova

21 Jan, 12:42


Yana reklama haqida

Hozir instagramda ko‘zim tushdi. Abduqodir Husanovning rasmi bilan "Ibrat farzandlari" loyihasi reklama chiqaribdi. Matn: ingliz tili qanchalik tez kerak bo‘lib qolishini bilmay qolasiz. Shunday ekan, "Ibrat farzandlari" bilan ingliz tilini o‘rganishni hoziroq boshlang".

Psixolingvist sifatida xulosam: bu omadsiz/muvaffaqiyaysiz, hatto noadekvat reklama. Nima uchun?
1. Abduqodir Husanovning Angliyada o‘zbekcha intervyu berishiga salbiy munosabat implitsit ifodalangan. Loyiha mualliflari, garchi bu reklama intervyudan oldin tayyorlanganini aytganlar. Ammo bu mohiyatni o‘zgartirmaydi. Baribir, Abduqodirni ingliz tilini bilmaydi va bu uning nuqsonli jihati degan implitsit ifoda, yaʼni tagmaʼno bor.
2. Abduqodir Husanov o‘z sohasida shu darajada muvaffaqiyatga erishganki, uning professionalizmi inglizlar uchun uning ingliz tilini bilishidan muhimroq. Abduqodirning Angliya premyer ligasidagi eng kuchli komandaga taklif qilinishi o‘z sohasining yaxshi mutaxassisi bo‘lish til bilishdan muhimroq degan xulosani beradi. Shuning uchun bu vaziyatdan til kurslari reklamasi uchun foydalanish mantiqsizlikdir. Ko‘proq antireklamaga o‘xshab qolgan.
3. Bu reklama menga taxminan o‘n yillar oldin Jo‘rabek Jo‘rayevning rus televideniyesidagi ko‘rsatuvda chiqib, o‘zbekcha gapirganini muhokama qilib, uyat, ota-onasi rus tilini o‘rgatmagan ekan degan ayrim "ziyoli" larimizning gapini eslatdi.
Bu bizdagi bir yarim asrlik mustamlaka natijasida shakllangan o‘z millati, tilidan uyalish, o‘zini nuqsonli his qilish bilan bog‘liq.

Xulosa sifatida, bo‘ldi-da endi... Biz ingliz tilini bilishimizdan emas, ona tilimizda shunday yuksak minbarlarda gapirayotganimizdan g‘ururlanaylik!

@psixolingvist

Lingvist Iroda Azimova

20 Jan, 19:40


#uyqusizlik

Tushlar haqida

Tush har doim ham bo‘lmasa-da, ayrim paytlarda bashoratgo‘y bo‘ladi.

Shaxsan o‘zim ko‘rgan va hayratda qolgan ikkita tushni aytib bermoqchiman.
Birinchisi magistraturaning 2-kursida o‘zim o‘qigan, ishlagan maktabga ishga qaytmoqchi bo‘lib, ertasiga borishni rejalashtirgan kunim ko‘rganman. Unda o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari "Hozir ona tili va adabiyotdan soat yo‘q. Lekin tarixdan soat bor", deganlar. Albatta, tush-da bu, deb eʼtibor qilmay, maktabga borib o‘sha zavuchga uchrashganman. Zavuch tushimda aytgan gapini aynan takrorlagan. Shunchaki qaysidir boshqa fan ham emas, aynan tarixdan dars bor deb aytganlar.

Ikkinchisi, 2016 yili aprelda ko‘rganman. Unda rahmatli ustozim Aziz Jo‘rayev kirganlar. U vaqtda ular vafot etganlariga bir yarim-ikki yil bo‘lib qolgandi. Tushimda ularni tirik ko‘rib rosa quvonganman. Qayerda ishlayapsiz, deb so‘rasam, pedinstitutda, Munavvaralarning kafedrasida deganlar. Bu tush ustozimni ko‘rganim bilan ahamiyatli bo‘lgan, uni telefon qaydnomasiga o‘sha kuniyoq yozib qo‘yganman.
O‘shandan bir-bir yarim oy o‘tib, men xayolimga ham keltirmagan ishga meni chaqirishgan. Avvaliga rozilik bermaganman. Biroq otam tengi ikki masʼul kishining taklifini rad etish ham odobsizlik bo‘lib tuyulgani uchun qabul qilganman. Shu bilan meni yangi ochilgan universitetning O‘zbek tilini o‘qitish metodikasi kafedrasiga mudir qilib tayinlashgan. Yangi universitet O‘zMU, TDPU dagi O‘zbek filologiyasi va O‘zbek tili va adabiyoti fakultetlari negizida tashkil qilingan edi.
Ishni boshlaganimdan bir necha kun o‘tib, ustozimni ko‘rgan tushimni eslaganman va hayratda qolganman. Chunki men mudir qilib tayinlangan kafedra aynan ustozim tushimda ishlayapman deb aytgan kafedra edi.

Bu holatlar menga axborot, maʼlumotning biz hali o‘rganib ulgurmagan tarqalish usullari mavjudligiga dalil deb o‘ylayman.
Sizda ham shunday tushlar bo‘lganmi?

@psixolingvist

Lingvist Iroda Azimova

18 Jan, 17:19


#takror

Ikki yil avval yozilgan post:

Ancha avval qizim "Oyi, odam nega o‘ylay oladi?" deb so‘ragandi. Men "Miya shunaqa, o‘ylash uchun yaratilgan" degandim mujmal qilib. O‘shanda qizim "yo‘q, odam xursand bo‘lish uchun o‘ylay oladi", degandi.

O‘shanda ham bu xulosaning, 5-6 yoshli bola tafakkuri bilan qilingan xulosaning haqligiga tan bergandim.
Aslida ham o‘ylash, o‘ylay olish, ne baxt! Yaqinda doktorant qizlar bilan gaplashib qolganimizda "qarindoshlarnikiga, yig‘inlarga borsam, ilmiy ishimni sog‘inib qolaman" degan iqrorni eshitgandim. O‘zimda ham shunaqa edi. Hozir ham mayda-chuyda gap-so‘zlar dilimni xira qilganda qanday yaxshiyey, fikrlash imkoniyati bor, birovning "dedi-dedi"sini emas, muhimroq narsalarni tafakkur qilish imkoniyati bor deb ko‘nglim yorishib ketadi.
Yaxshiyam fikrlovchi mavjudot qilib yaratilganmiz. Bu ne'matning shukrini qilish payidan bo‘lishimiz kerak.

@psixolingvist

Lingvist Iroda Azimova

16 Jan, 07:44


​​ЭСКИДАН ҚОЛГАН ҚАЛАМ
- Қани ўғлуш, дафтарни олиб бир ёзингчи, дедим телефонида бир нарсалар титкилаб ўтирган ўғлимга.
- Мамаа, янами, мен ёзишни ёмон кўраман. Бу мантиқсиз!
- Ээ, нимаси мантиқсиз экан?
- Мана, биз ҳозир компьютерлар билан ишлаймиз, ёзамиз. Қани қачон ўзингиз қўлда ручка билан ёздиз? Нимага ёзишни ўрганаётганимизни тушунмайман. Ахир керакмаску, - дея нолиди ўғлим.

У саккиз ёшда ва 3 синфда ўқийди. Ўқув йили бошланганда олиниши керак бўлган нарсалар ичида: dolma kalem бор эди. Биз уни пероли ручка дея таниймиз. Ўзбекча муқобилини эса топа олмадим.
Бундан икки йилча аввал қаердадир бу ручкага кўзим тушди ва: мен ҳам шунақа ручкада ёзиб кўришни истайман. Аммо уни қаердан топа оламан, балки эски нарсалар сотиладиган дўконда бўлар, деган фикрда гугл амакига ёзсам: турли туман, қиммату, арзон турлари чиқиб келсами. Ёнимиздаги дўконга чиқсам у ерда ҳам: мана мен ўша сен ёзишни истаган ручка, деб турибди.

Кейин билсам, бу ручка фақат бизда – Ўзбекистонда бир нави унутилган ва фақат каллиграфия усталари ишталадиган ускуна деб қаралар экан.
Мактабнинг иккинчи қисмида ўғлим ҳар куни қўллари мана шундай рангли рангли келишни бошлади. Сўрасам: синфдошларим билан деярли ҳаммамизни қўлимиз шунақа, деди. Нега, десам, биз Füller (перьевой ручка) билан ёзяпмиз, деди.
Асримизда турли қалам, туман ручкалар бор экан, бу немисларнинг пероли ручкада ёздириш сабаби нима, дея қидира бошладим.

Топдим!
Пероли ручкада ёзиб кўрган бўлсангиз, у ёзишда алоҳида эҳтиёткорлик ва назоратни талаб қилади. Қўлнинг кичик бир нотўғри ҳаракати ва саҳифа кирланади ваёки хато ёзилади. Шу билан бирга сўзларни оддий ручкадек алғов далғов ёза олмайсиз. Ҳарфларни дона дона, оҳиста ҳаракат билан бир биридан узоқ ҳам яқин ҳам эмас қилиб ёзиш талаб қилинади. Бу боладаги кичик моторика(мелкая моторика)ни ва Ҳуснихатни ривожлантиришга ёрдам берар экан.

Қўл ҳолати ва қадни тик тутишга ҳам фойдали эмиш. Пероли ручкани қаттиқ босиб бўлмайди, ёзатуриб уни ҳис қилишингиз керак, қаттиқ босиш эса ёзишга ҳалал беради. Шунда бу ручка орқали ёзганда қўл чарчамас экан. Қўл чарчаш борасида унчалик ҳам тўғри эмасдиров – чунки айнан мана шу ручка билан ёзсам қўлим чарчайди. Балки бу кўникмам йўқлигидандир...

Маъданий одат

Айнан Гермонжонда бу ручка билан ёзиш сифат, зиёлилик ва ёзиш маъданиятига ҳурмат дея талқин қилинар экан. Бу одатни болаларга эмлаш учун ҳамма мактабларда бўлмасада баъзи мактабларда пероли ручкада ёзиш ўргатиларкан.

Диққатни ошириш
Пероли ручкада ёзиш кишидан диққат талаб қилгани боис – у болада сабр ва концентрацияни ривожлантиради.

Экология – немисларга экологик маҳсулот десанг, ўзини томдан ташлайди. Ҳазил албатта, аммо бу ручка экология учун нисбатан хавфсиз ва бир неча йил ишлатиш мумкинлиги ҳам унинг фойдасига ишларкан. Чунки бир марталик ручкалар ўрнига пероли ручкани ичини тўлдириб қайта қайта ишлатиш мумкин.

Интизом – пероли ручка билан ёзиш немисларда интизом дея қабул қилинади. Бу болада кейинги ўқув сарҳадларига тайёрлайди ва ўз ишини устаси бўлиш, саранжомликни ўргатишнинг бир поғонаси.

Хуллас, ўғлимни қўлларига қараб: бу услубни бошланиши мени бироз шубҳалантирди.
Аммо ўзим баъзан пероли ручкада ёзсам мазза қилганимни ҳис қиламан.

Lingvist Iroda Azimova

15 Jan, 16:41


Aytgancha, menga bu xabarni bir oz kechikib yuborishdi, 70%li chegirma vaqti tugashiga 20 minut qolibdi.
Lekin mening kanalim o‘quvchilariga ertalab soat 8gacha uzaytirib berishdi bu chegirmani. Buning uchun to‘lov chekini yuborayotganda "Iroda Azimova" deb qo‘shib qo‘ysangiz kifoya.

Doktorantlar, magistrantlar, umuman ilm olamidagi har bir mutaxassis uchun yaxshi qulaylik, fikrimcha.

@psixolingvist

Lingvist Iroda Azimova

15 Jan, 16:12


#xushxabar

☄️ Diqqat! Yopiq kanalga qabul boshlandi!

“Til va adabiyot ta’limi” jurnali Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligi va Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 542 yilligi munosabati bilan maxsus yopiq kanal tashkil qildi.

Siz kutubxonalarda kunlab vaqtingizni sarflamay, qo‘lingizdagi telefon orqali 🚩🚩🚩 ga yaqin materiallar bilan tanishish, faoliyatingizda foydalanish imkoniga ega bo‘lasiz.

Navoiyshunos va boburshunos olimlarning qiziqarli maqolalari, ilg‘or o‘qituvchilar tayyorlagan dars ishlanmalari, tadbir senariylari bilan Siz yanada bilimli, mahoratli va omadli o‘qituvchiga aylanasiz! 🥇

Bugun, 15-yanvar kuni soat 20:00 dan 21:59 gacha ulgursangiz, 7️⃣0️⃣ foiz chegirmani qo‘lga kiritasiz va atigi 3️⃣9️⃣ 0️⃣0️⃣0️⃣ so‘m to‘laysiz! Shoshiling, keyin bunaqa narx boshqa bo‘lmaydi.

Click ilovasi orqali "Til va adabiyot ta’limi" jurnali hisobraqamiga to‘lov qiling va ism-familiyangiz, telefon raqamingiz va chekni MAXSUS BOTga yuboring. Tahririyat xodimlari obunachilarni navbati bilan yopiq kanalga qo‘shib boradi.

🔽 To’lovni amalga oshirish uchun video yo‘riqnoma keyingi postda beriladi.

Unutmang, eng faol 3 obunachiga 🚩🚩🚩🚩🚩🚩 🚩🚩🚩🚩🚩ham bor.

Bir kitob puliga bir kutubxonalik xazinani qo‘lga kiriting!

📱 Sayt 📱 Telegram 📱Murojaat 📱 Muhokama

Lingvist Iroda Azimova

13 Jan, 04:34


Bugun ilmiy tadqiqot bo‘yicha onlayn kurs boshlanadi.

Dars vaqtida ulgurmay qolsam videosi yozib olinadimi degan savollar bo‘ldi.

Darslar yozib olinadi va kursning yopiq telegram guruhiga videosi va audiosi qo‘yiladi. Bu video va audio guruhda uch oy davomida turadi. Bu vaqt davomida bemalol qayta-qayta ko‘rish va o‘zlashtirish mumkin.

Shuningdek, to‘lovini bo‘lib to‘lash imkoniyati bor. Faqat shu bir oy ichida darslar tugaguncha to‘lash kerak bo‘ladi.

Ilmiy tadqiqot kursi shu o‘quv yili hisobidan boshqa bo‘lmaydi.
Qiziqqanlar bugun soat 17gacha kursga yozilishlari mumkin.

@psixolingvist

Lingvist Iroda Azimova

09 Jan, 16:18


#hordiq (gazeta emas;))

Bolalik haqida shu paytgacha aytilgan birorta qo‘shiq ko‘nglimga o‘tirmagan edi.
Abrobey ijrosidagisi esa bittada yoqdi, juda ham samimiy chiqqan, ortiqcha pafossiz. Hammasi samimiy, beg‘ubor xotiralar fragmentlarini tasvirlaydi. Youtubeda 5 millionga yaqin kishi tomosha qilgan bo‘lsa-da, men ham ulashgim keldi.

@psixolingvist

https://youtu.be/0jPjArBeJOk?si=wWmvLJHiG3AZQlgK

Lingvist Iroda Azimova

07 Jan, 05:53


#talabalik

Bir yil avval facebookka yozgan postim. Talabalik xotiram. Sergey Yeseninning "Отговорила роща золотая" deb boshlangan sheʼrini o‘qib yozgan ekanman.

Oxirgi paytlarda Facebook Yeseninning turli she'rlarini tavsiya qildi. O‘qib, bir paytlar sevimli shoirim bo‘lganini esladim. Maktabda "Onamga xat" she'ridan boshlangandi shekilli bu muhabbat. Ikkinchi kursligimizda "Slavyan xalqlari adabiyoti" fani bo‘lgan. Ikkita referat yozish kerak edi. Mavzu uchun Pushkin va Yeseninni tanlaganman. Yeseninning turli yillardagi to‘plamlari, u haqidagi maqolalar va bir dissertatsiyaning monografiyasini, sheʼrlarining o‘zbek tiliga tarjimalarini asli bilan solishtirib o‘qib chiqqanman. Qo‘lyozmada naq o‘n uch betli referat yozganman. Yeseninga berilib ketib, Pushkinga vaqtim kam qolgan, u mavzudagi referat ham shunga yarasha chiqqan. Topshiradigan kunimiz domla mendan Pushkinni birinchi so‘ragan. Tabiiyki, yaxshi javob berolmaganman. Domlamiz astoyidil achinib "bitta sizga besh qo‘ysam kerak, deb kelgandim, sizki shunday javob beryapsiz... Mayli, Yeseninga o‘ting" deganlar. Yesenin haqida bidirlab, ishtiyoq bilan gapirishimni domla bo‘lmay, birorta savol so‘ramay eshitganlar. Gapirib bo‘lganimda birorta izohsiz zashotkamga "a'lo" deb yozib bergandilar.

Yillar davomida "Qora odam"ni qayta-qayta o‘qirdim, "Singlimga xat"," Ayolga xat" she'rlarini...
Esimdan chiqib ketgan ekan o‘sha vaqtlar... Hozir o‘qib, o‘zimga juda yaqin, qadrdon narsani topganday his qilyapman.

@psixolingvist

Lingvist Iroda Azimova

05 Jan, 13:08


Virtual muloqot yuzma-yuz muloqotdan farqli va uning hayotimizda faollashuvi ko‘p narsalarni o‘zgartirdi.

Aslida muloqotning samarasini oshirish uchun o‘ylab topilgan virtual muloqot bugun nazarimda o‘ta (haddan tashqari, keragidan ortiq) samarador bo‘lib ketganday. Ya’ni yuzma-yuz muloqotda jilovlanadigan hissiyotlar, istihola qilinadigan o‘y-fikrlar ham virtual muloqotda o‘zini namoyon qilaveradi. Bu esa avval yuzaga kelmagan yoki aylanib o‘tilgan ziddiyatlarni paydo qilaveradi…

Virtual muloqotni inson ijtimoiylashuvni kuchaytirish ehtiyoji bilan o‘ylab topgan deb taxmin qilaman. Ammo avval bo‘lmagan ziddiyatlarning yuzaga chiqishi odamlarni yaqinlashtirishdan ko‘ra bir-biridan uzoqlashtiradi.

Psixolingvist sifatida yondashsam, inson suhbatdoshini ko‘rib turganida o‘zi aytgan har bir gapga suhbatdoshining reaksiyasini kuzatadi va uning reaksiyasiga qarab muloqot xulqini o‘zgartiradi. Aytaylik, masalan, ovozini bir oz pasaytiradi, hissiy bo‘yoqdor so‘zni neytral so‘zga almashtiradi yoki biror keskinroq gapini do‘stona tabassum bilan yumshatishga urinadi. Aynan mana shu jonli kuzatuvning yo‘qligi virtual muloqotga kirishgan so‘zlovchini “xudbin” qilib qo‘yib qo‘yadi. Ya’ni u har bir gapi suhbatdoshiga qanday ta’sir qilayotganini kuzata olmas ekan, avvalgi tajribasi asosida uning reaksiyasini taxmin qiladi va shunga asoslanib muloqotni davom ettiradi. Agar suhbatdosh yozma javob bersa, uning nutq ohangi ham tinglovchi tomonidan tasavvur qilinadi (tasavvur qilmaslikning iloji yo‘q, chunki muloqotning yashash shakli jonli nutq - ovozli, ohangga ega jonli nutq; yozuv esa jonli nutqni ifodalovchi timsol xolos).
E’tibor qilsangiz, bu yerda so‘zlovchi subyekti muloqotning katta qismini “bosib olyapti”. Suhbatdoshni tinglash, u bilan hisoblashish o‘rniga ikkala tomon ham o‘z aytgan gapi va bu gapini suhbatdoshi qanaqa qabul qilgani haqidagi subyektiv tasavvuri atrofida aylanib qolyapti. Bu esa muloqotdan asl ko‘zlangan maqsadga yetishni qiyinlashtiradi.

Menga juda qiziq, virtual muloqot ijtimoiy me’yorlarni qanday o‘zgartiradi va o‘zi mavjud jonli muloqot me’yorlariga qanday moslashadi. Boshqa ishim bo‘lmasa, jon deb shuni ilmiy jihatdan tahlil qilgan bo‘lardim.

@psixolingvist

Lingvist Iroda Azimova

04 Jan, 17:00


#onlayn_kurs

Kanalimiz aʼzolariga maʼlumki, ilmiy maqola yozish bo‘yicha onlayn kurs taxminan o‘n martacha bo‘lib o‘tdi. O‘tilgan kurslardan xulosa qilgan holda kurs mohiyatini bir oz yangiladim. Avval kurs bitta ilmiy maqola yozishga mo‘ljallangan edi. Ehtiyojdan kelib chiqqan holda navbatdagi kurs maqola emas, umuman, ilmiy tadqiqot mohiyatini tushuntirishga bag‘ishlanadi. Menga o‘zimizdagi bakalavr, magistratura, aspirantura davomida o‘tilgan birorta kurs ilmiy tadqiqot mohiyatini aniq tushuntirib bermagan. Shu sabab ilmiy tadqiqot mavhum tushunarsiz bir jarayon, uni qolgan ishlarni o‘qib, intuitiv amalga oshirish kerak degan tasavvur shakllangan bo‘lgan. Hozir doktorantlarning 80-90 foizida shunaqa qarash mavjud nazarimda.

Ilmiy tadqiqot haqidagi bilimimning aniq tizimlashishida Yevropa magistraturasi juda katta rol o‘ynagan. Hozirda ilmiy tadqiqot men uchun bosqichlari aniq, har bir bosqichning mohiyati aniq bo‘lgan ishdir. Kurs davomida o‘z akademik tajribam bilan o‘rtoqlashaman.

Ilmiy tadqiqot asoslari onlayn kursi

Kurs narxi 1 200 000 so‘m.

Jami 8 ta darsdan iborat bo‘ladi. Har bir dars 60 minut davom etadi. Savollar va munozaralarga qarab undan ko‘proq ham bo‘lishi mumkin.

Haftasiga 2ta dars dushanba va payshanba kunlari soat 19:00da telegramda ochiladigan alohida guruhda videochat formatida bo‘ladi.

Darslar 13-yanvar kuni boshlanadi.

Kurs dasturi:

1.Ilmiy ish o‘zi nima? Ilmiy ish yozish uchun odam qanday fikrlashi kerak?
2.Ilmiy tadqiqot uchun mavzu qanday shakllantiriladi?
3.Ilmiy ishni yozishda adabiyotlarni o‘rganishning ahamiyati: adabiyotlarni saralash, obzor qilish usullari.
4.Ilmiy muammoni belgilash.
5.Ilmiy tadqiqot uchun metod tanlash.
6.Ilmiy tadqiqot natijalari tahlili va talqini.
7.Ilmiy tadqiqotdan xulosa chiqarish. Ilmiy ishning xulosa qismini yozish.
8.Ilmiy maqola chop qilish: konferensiyalar va ilmiy jurnallar
.

Kursga ro‘yxatdan o‘tish muddati 12-yanvar 17:00ga qadar

Kursda o‘qishni istaganlar shu post ostiga izoh qoldirishi mumkin.

@psixolingvist

Lingvist Iroda Azimova

31 Dec, 00:38


Yil sarhisobi xarakteridagi xulosalarimni balki kimlargadir foydasi tegar degan o'yda ulashyapman.

1.Biz o‘ziga o‘zi hokim bo‘lmagan organizmmiz. Bizning yuksak darajadagi o‘y-xayollarimiz va hissiyotlarimiz vaqti kelsa, biz moddiyat, jismiy deb kamsitadigan shu organizmimizning mahsuli aslida. Shuning uchun sog‘lom bo‘lish yashashning birinchi sharti. Sog‘lig‘imiz uchun qayg‘urishimiz, uni asrashga harakat qilishimiz shart. Tiriklik- ne'mat, uning qadriga yetish kerak. Qadriga yetish albatta bundan xursand bo‘lish, boshqa nolishga undaydigan o‘y-xayollarimizni shayton vasvasasi ekanini anglab, ularni samarodor ishga, ya'ni nolishga olib kelgan vaziyatni hal qilishga safarbar qilish bilan bo‘ladi, nazarimda.
2.Hayotning mazmun-mohiyati Allohga qullik qilishda. Bundan boshqa haqiqat yo‘q. Bu men uchun shunday, bu mening xulosam. Aslida Allohga qullik qilish orqali biz o‘zimizga eng katta yaxshilikni qilgan bo‘lamiz. Bunda ilm bilan qullik qilishni nazarda tutyapman, kim din nomidan nima gapirsa, ishonib ergashib ketishni emas. Aqlni ishlatish va bilim olish Qur'on va hadislarda eng muhim ish ekani qayta-qayta ta'kidlangan. Biz ko‘pincha shu qismiga bee'tibor bo‘lamiz va urf-odat bilan diniy haqiqatni ajrata olmaymiz.
3.Ota-ona va farzandlarimiz, oilamiz, eng yaqin do‘stlarimiz va bizga samimiy va xolis mehr qo‘ygan yosh avlod yashashdagi eng asosiy motivatsiyamiz. Biz inson o‘laroq atrofimizdagi insonlar uchun kerakli ekanligimizni bilishimiz muhim. Buni ojizlik deb o‘ylamaslik kerak. Bu shunchaki insonlikning mohiyati.
4.Yana sog‘liq haqida. Bizning mamlakatimizda ayni kunlarda tibbiyot sohasida ham yaxshi mutaxassisni topish nihoyatda qiyin. Aksariyat xususiy klinikalar sizga operasiya qildiradigan va albatta bu uchun katta pul to‘laydigan daromad manbai sifatida qaraydi. Shu yondashuv yaratgan hirsga ergashib aksariyat vrachlar kerakli tekshiruvlarni amalga oshirmasdanoq yo operatsiya belgilaydi, yo sizga umuman kerak bo‘lmagan davolash kursini yozib beradi. Sizning shikoyatlaringizni bee'tibor qoldiradi. Sizga sobiq bemorlari bilan bo‘lgan muvaffaqiyatli holatlarni aytib, manipulyatsiya qiladiganlari ham topiladi. Shuning uchun bitta vrachga ishonib qolmaslik kerak. Agarki vrach tashxis uchun jiddiy tekshiruv o‘tkazmasa, bunga hafsala qiladiganini topguncha qidiring. Sizdagi og‘riq yoki tanangizdagi nimadir o‘zgarish qanday kasalliklarga simptom deb hisoblansa, uni aniqlash uchun qanday tahlillar talab qilinsa, hammasi qildirilishi kerak. Vrach buni buyurmadimi demak, ishiga hafsala bilan yondashmayapti degani.

Kelayotgan yilda hammaga sog' bo'lishini va hayotini baxtli va samarali kechirishini tilayman.

@psixolingvist

Lingvist Iroda Azimova

29 Dec, 07:14


Bundan ikki yil avval "Doc-1 max" dorisidan zaharlanish oqibatida 68 bola vafot etgan. Gazeta uz har bir bolaning so‘nggi kunlarini sud materiallari asosida batafsil yoritibdi.


Bu juda katta fojia edi. Shifo bo‘lishi kerak bo‘lgan dorining zahar bo‘lib chiqqani inson nafsini jilovlamasa (bu yerda pora olib, dorini kerakli tekshiruvdan o‘tkazmay sotuvga chiqargan mutasaddilar nazarda tutilyapti) qancha odamning umriga zomin bo‘lishi, qancha odamni hayotini barbod qilishi mumkinligiga yaqqol misoldir.

Gazeta uz dagi maqolani o‘qib, yuragim ezilib ketdi. Bu post ham kanalimda turarkan, har ko‘rganimda yana ezilishi aniq. Biroq bu bizga ibrat bo‘lishi kerak bo‘lgan fojia. Aqlimizni nafsimga hokim qiliishimiz uchun eslatma. Bu qaytarilmasligi kerak. Buning uchun esa biz bu voqeani hech qachon unutmasligimiz kerak.

@psixolingvist

Lingvist Iroda Azimova

28 Dec, 03:44


Bugun onamning tug‘ilgan kunlari. Onam pediatr. Ammo vrachlikdan ko‘ra ko‘proq, pedagog sifatida ishlaganlar. Tibbiyot kollejida 20 yildan ortiq dars berganlar.
Men onamga ko‘proq o‘xshayman, tashqi ko‘rinishim, shuningdek reaksiyamning tezligi onamdan o‘tgan. Mening filolog bo‘lishim ham onamning orzusi bo‘lgan. Shu bilan birga iymon, ya’ni Xudo bor degan qarashni ham ilk bor onamdan o‘zlashtirganman.
Instagramda bir savol o‘qigandim, agar onangiz haqida kitob yozilsa, uning nomi qanaqa bo‘lar edi, degan. “Superqahramon” deb o‘ylagan edim. Chunki onam men tanigan eng kuchli ayol. Ularning kuchliligi hech kimdan hech qachon xafa bo‘lmasliklarida, har doim hammani tushunishga intilishlarida va o‘taketgan samimiyatida. Onam oliy ma’lumotli bo‘lganliklari uchun ham biz qizlari maktabdan keyin oliy ta’limda o‘qishni voqealarning tabiiy yagona rivoji sifatida ko‘rganmiz. Onamning o‘qib-o‘rganishdan charchamaydigan xarakterlari bor. o‘rganganda ham daftar tutib, yozib-chizib o‘rganadilar.
Bir yili sal mazalari bo‘lmadi, men esa yuqoridan tushgan topshiriqni bajarish uchun yakshanba ham ishga borishimga to‘g‘ri kelgan. Qo‘ng‘iroq qilib, uzr, sizni ko‘rgani bora olmayapman, desam, “tushlik qildingmi, och yurmagin” degandilar.
Ko‘nglimdagi zarra xiralikni qiyofamdan, hatto telefonda gaplashganda ovozimdan payqaydigan yagona odam - onam. Onam shuncha qayg‘urishlari, xavotir olishlariga qaramay, hech qachon o‘qish uchun chet elga ketishimga to‘g‘anoq bo‘lmaganlar. Xudo asrasin, Xudodan boshqa g‘amxo‘rimiz yo‘q, deydilar doim. Onam menga bergan eng katta narsa - o‘z hayotimga mas’uliyat hisi bo‘lsa kerak. Ular ham otam kabi hayotimdagi muhim qarorlarni o‘zim hal qilishimga qo‘yib berganlar va qarorlarimni hurmat qilganlar.
Ota-onamiz qanchalik ulg‘aymaylik, har doim yugurib bag‘riga borishni istagan insonlarimiz. Baxtimizga bor bo‘lishsin, sog‘ bo‘lishsin, umrlari uzoq bo‘lsin.

@psixolingvist

Lingvist Iroda Azimova

27 Dec, 04:36


Tanqidiy fikrlash

O‘g‘lim 4-sinfdaligida ota-onalar kelishib, bir savdo markazida sinfdoshlari bilan bayram tashkillashtirgandik. Imkoni bo‘lgan onalar bayramga borib, tashkilotchilik qilishgan. Tashkilotchi onalardan biri bolalar ovqatlanayotganda "oyijonlarga rahmat denglar" deb videoga olgan. Bolalar hammasi "oyijon, rahmat!" deb chiqqan. Navbat o‘g‘limga kelganida "oyijon rahmat, adajon rahmat!" degan. Shundan keyin videoga olayotgan ona ham "voy, rostdan, adalarga rahmat yo‘qmi, adalargayam rahmat denglar" degan va o‘g‘limdan keyin videoga tushgan bolalar hammasi ota-onani baravar tilga olib minnatdorchilik bildirgan.

O‘g‘limning vaziyatga tanqidiy yondasha olgani va o‘zi mustaqil o‘zgartirish kirita olgani meni ona sifatida xursand qilgan. Shu bilan birga odam tanqidiy fikrlab, shunga ko‘ra o‘z harakatini o‘zgartirsa, bu jamiyatda ham o‘sha narsaning o‘zgarishiga sabab bo‘la oladi degan xulosaga olib kelgandi.

Mening nazarimda tanqidiy fikrlash insonni jamiyatda odatiy bo‘lgan harakatdan fitratiga xos aslida to‘g‘ri harakatga olib boradi, nafsini yengishga vosita bo‘ladi.

Tanqidiy so‘zining maʼnosi faqat kamchilik va xato qidirish degani emas, balki hodisaning/ishning/holatning yaxshi tomonlari va yomon tomonlariga xolis baho berish degani.

@psixolingvist

Lingvist Iroda Azimova

26 Dec, 03:57


#Güllü_gün
Gül - turk tilida atirgul degani. A umumiy gul so'zi uchun "çiçek" so'zi ishlatiladi.
Men doim shoh Boburning "Ki olam bog'ida topmoq guli bexor* mushkuldur"* misrasini eslaganda shu yerdagi "gul" aynan atirgulni anglatsa kerak, chunki tikani yo‘q chechaklar ko‘p, lekin tikansiz atirgul bo‘lmaydi-da, deb o‘ylayman.

Tag'in bilmadim. )
---
*xor -tikan degani, bexor - tikansiz
* Mushkuldur radifli g'azali - butunligicha shoh asar.

Lingvist Iroda Azimova

24 Dec, 13:27


"Subyektiv" ko‘rsatuvini Jamshidxon Ziyoxonov tayyorlagan paytlari bu ko‘rsatuvni O‘zbekiston uchun fenomen hisoblardim. Chunki ko‘rsatuvlarda doim mavzu dolzarb, nutq samimiy, tasvirlar go‘zal, montaj mukammal bo‘lardi.
Jamshidxon u ko‘rsatuvdan ketgach, to‘g‘risi birorta ham sonini ko‘rganim yo‘q.
Bugun shu muallifning "Qora Angliya" ko‘rsatuvini ko‘rdim.
Meni qoyil qoldirgan joyi ko‘rsatuv sifat jihatidan yanada o‘sgan. Tasvirlar, montaj yanada yaxshiroq chiqqan. Muallifning mavzuga astoyidil kirishishi, hamma mavjud holatlarni o‘rganib, tahlil qilib, qayta ishlab, o‘zbek tomoshabiniga bir butun muloqot birligi (kontent deylik urf bo‘lgan tilda) sifatida taqdim eta olishi birinchi o‘rinda yuksak aqliy qobiliyat, undan keyin jonkuyarlik va katta mehnat samarasidir.

Ko‘rsatuvda ko‘tarilgan bir masala haqida fikrimni qo‘shib ketgim keldi: Angliyaga o‘qishga deb borib, ammo o‘qishini tashlab ishlab yurganlar ochiqcha intervyu berishni istashmagani... Nega biz shunaqamiz? Aslida bizning aybimiz bo‘lmagan narsani o‘zimizga ayb sifatida yuklab olib, undan uyalamiz. Bu esa hayotimizni badtar qiyinlashtirayotganini ham tan olmaymiz yoki anglamaymiz. Bularning tagida qo‘rquv va jurʼatsizlik yotganday tuyuladi. Qo‘rqmaslik kerak. Muammolarni ochiq tan olish va bor holicha jamiyatga yuzlashishdan qo‘rqmaslik kerak. Aslida hamma shu yoki boshqa qiyinchilikdan o‘tadi hayoti davomida va hech kim ideal emas! Samimiyatni kimdir aybsitsa, demak uning o‘zida muammo bor.

Ko‘rsatuvni albatta ko‘rish kerak.

https://youtu.be/AJmuzuTJuh8?si=LNtwy5UfrTQVS9gY

@psixolingvist

Lingvist Iroda Azimova

23 Dec, 04:58


Yana bir til birligiga pragmatikasi bo‘yicha izoh berishga ehtiyoj his qilyapman.

Siz bir notanish odamga yoki hatto tanish, ammo yaqin qadrdon bo‘lmagan odamga ishingiz tushib murojaat qildingiz. U odam sizga "kasalman, davolanishdaman" deb aytdi. Eng to‘g‘ri javob siz tomondan u odamga shifo tilab, xayrlashish. Zero u ishda emas, sizga umuman javob bermaslikka ham haqi bor. Ammo sizni mavhumotda vaqtingiz ketmasin deb, sizga javob berdi. Shundan keyin ham o‘z masalangiz bilan uni bezovta qilish siz tomondan xudbinlik, qarshi tarafning shaxsiy chegarasini buzib o‘tishga urinish bo‘ladi.
Agar sizga yordam berishga imkoni bo‘lsa, u sizga kasal ekanini aytib o‘tirmasdi. Modomiki, aytdi, demak sizning masalangiz bilan shug‘ullanishga jismonan/ruhan imkonsiz.
Uni tinch qo‘ying!

@psixolingvist

Lingvist Iroda Azimova

23 Dec, 04:16


Ozgina izoh beraman endi.

1. Ayni vaqtda jamiyatimizdagi dolzarb mavzuga sarkazm (kesatiq) bilan ishora qilgan.
2. Ikki sonini so‘z bilan emas, raqam bilan yozgan, bu matnni qabul qilishni osonlashtiradi/tezlashtiradi.
3. Aynan ikkita non deb urg‘u bergani, bu odamlar avval odat bo‘lganiday ikkita emas, bitta non olishi holati ko‘payganini bildiradi (shaxsan o‘zim non deyarli yemayman, ikkita olsak yeyilmay qolgan holatlari bo‘lgani uchun bitta olgan paytim ko‘p bo‘lgan).
4. "Ovuring" shevada yozilgan. Yaʼni mahalliy isteʼmolchilarni nazarda tutgan. Buni u qadar to‘g‘ri yechim deb o‘ylamayman, boshqa sheva vakili duch kelsa bu matnga unga aks taʼsir qiladi. Begonalik hisini uyg‘otadi.
5. Ijtimoiy tarmoqda keng qo‘llanadigan, hazil/tabassumni ifodalaydigan belgilar majmuyining :) qo‘llanishi isteʼmolchiga yaqinlik hisini berib, ishonch uyg‘otadi, matn muallifiga nisbatan xayrixohlik paydo qiladi.

P. S. Bu psixolingvistik tahlil EMAS. Bu matn pragmatikasi, yaʼni til birliklarining ayni vaziyatda qanday maqsadda qo‘llanib, qanday mazmun ifodalashga xizmat qilayotgani yuzasidan filolog mutaxassisning sharhi xolos.
Psixolingvistik tahlil uchun matnni qabul qiluvchilar bilan tajriba o‘tkazilishi va tajriba natijalari tahlil qilinishi shart.

@psixolingvist

Lingvist Iroda Azimova

22 Dec, 16:25


Rasm facebookdan.
Marketingning o‘zbekchalashayotganiga yana bir misol.

Psixolingvist sifatida muallifga olqishlarim.

@psixolingvist

Lingvist Iroda Azimova

21 Dec, 14:32


#professorningkundaligi

Magistrantlardan birinchi kursning boshidayoq mavzuga asosnoma so‘rash mutlaqo xato! Hammasi har xil joyda, har xil saviyali taʼlim olgan bo‘ladi. Aksariyatida ilm haqida tayinli tasavvur ham yo‘q. Qalashtirib publitsistik gaplarni yozib keladi.

Vaziyatga aql bilan yondashib, rivojlangan davlatlardagi kabi uchinchi semestrning oxirida (ungacha ilmiy tadqiqot asoslari kabi fanlar o‘qitilgan, yaxshi o‘qitilgan bo‘ladi degan yaxshi gumonda shunday deyapman) asosnoma yozishni talab qilish to‘g‘ri bo‘ladi.

Bo‘lmasa... magistrant mayli, domlaga katta jabr. Talab qilinayotgan narsa bilan talabaning undan naqadar yiroqligini ko‘rib turib vaziyatning o‘ziga chidash azob!

Ha, bilaman, kim o‘qib o‘tiribdi, yozilsa bo‘ldi-da, deydi ko‘pchilik. Noto‘g‘ri bu! Talab aqlga to‘g‘ri keladigan bo‘lishi kerak. Bir necha minglab odamdan bilmagan narsasini talab qilib esankiratmasdan, tegishli hujjatga o‘zgartirish kiritish kerak. O, bu qanchalar ishimizni yengillatgan bo‘lardi...
Ammo kimgadir qiziqmi bu jarayonning oson va mantiqli bo‘lishi?!
Bilmadim...

@psixolingvist

Lingvist Iroda Azimova

21 Dec, 12:03


"Malapropizm" hodisasi haqida eshitganmisiz? "Malaproprizm" so'zi XVIII asr ingliz-irland dramaturgi Sheridan asarlaridan biri qahramoni Malaprop xonim nomidan olingan. Sheridan bu qahramon ismini fransuzcha "noto'g'ri joylashgan" ma'nosini bildiruvchi mal à propos birikmasidan yasagan. Malaprop xonim o'z nutqida aytmoqchi bo'lgan so'ziga talaffuz jihatdan yaqin, biroq aslida mavjud bo'lmagan so'zlarni ishlatgan.

Klip so'ngidagi dialogda "realitet mashinalar" degan jumla ishlatiladi. Tushunimcha, aslida "raritet mashinalar" demoqchi. "Raritet" - qadimiy va qimmatbaho narsa. "Realitet" degan so'z esa mavjud emas. Bu, nazarimda, malaproprizm hodisasiga misol bo'la oladi - talaffuzi ishlatilmoqchi so'zga yaqin, biroq aslida mavjud bo'lmagan so'z ishlatilgan. Bu komik effekt hosil qilish uchun ataylab qilingan bo'lishi ham mumkin.

Lingvist Iroda Azimova

20 Dec, 16:21


#havas
Abdulloh Mahmudov mening Zoom orqali tanishgan, faqat onlayn o'qitgan o'quvchim.
U haqida PMda doim eng yuqori ball olib o'qigan o'quvchim - xolavachchasi - aytgan va qarindoshlar bir - biriga o'xshasa kerak degan yaxshi gumon bilan birga ishlashga rozi bo'lgan edim.
Abdulloh bilan o'tgan o'quv yilidan beri adabiyot kursi doirasida suhbatlashamiz. Asarlar tahlil qilamiz.

U har safar o'ziga xos qarashlari, xulosalari bilan hayratga soladi.

Mana bu xabar esa eng yoqimlisi bo'ldi:
Abdulloh MIT universitetining bakalavriga kirgan 1-o'zbek farzandi bo'libdi.

Faxr tuydim.
Havas qildim.
Tabrikladim.
Duo qildim.
Alloh bizning farzandlarimizga-da mana shunday ta'lim dargohlarida o'qishni nasib qilsin deb astoydil orzu qildim.
Bu xursandchilikni sizlar bilan ham baham ko'ray dedim.
@suvaydo

Lingvist Iroda Azimova

19 Dec, 05:01


Kimdir o‘ldi... U 30 yosh edi, balki 20 yosh... Men uni tanimasdim, ammo yig‘ladim... chunki u menga o‘xshab o‘zbekcha gapirardi... Menga o‘xshab ota-onasini, oilasini qadrlardi... U men yashayotgan shaharda yashardi... ishlardi... Garchi hammamiz o‘lishimizni bilsak-da, ajalning alami achchiq... Va... shunchaki... nodonlikka vatandoshim, dindoshim, millatdoshim qurbon bo‘layotganining alami achchiq... Alloh bizga rahm qilsin...

Buni besh yil avval metro qurilishida ishchilarni tuproq bosib qolganda yozgan ekanman. Farg‘onadagi fojia haqida bugun bildim... Unga ham mos tushaverarkan... Oradan besh yil o‘tdi, muammolarimiz o‘zgarmadi.

Hammasining tagida kalta o‘ylash, burnidan nariroqni ko‘rmaslik, mas'uliyatsizlik yotibdi deb o‘ylayman.

"Hech narsa qilmaydi", deb hayotimiz uchun mas'uliyatni g‘ayritabiiy kuchlarga yuklab qo‘yadigan mifologik dunyoqarashimiz sabab shu fojialarga.
Aql insonga bekorga berilmagan... Ishlatish kerak... Nafsni yengish uchun ishlatish kerak.

Hech narsa qilmaydi emas, qiladi! "Doc 1 max" hodisasidagi kabi, metro qurilishida tuproq ko‘chishidagi kabi, Qozog‘istonda yonib kul bo‘lgan avtobusdagi kabi, sanab sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan is gazidan zaharlanish va gaz portlashidagi kabi, juda katta miqdorda ro‘y berayotgan avtohalokatlardagi kabi begunoh insonlar, eng achinarlisi, bolalar qurbon bo‘ladi.

Fikrlashga o‘rganishimiz kerak, mas'uliyatli bo‘lishga o‘rganishimiz kerak, degim keladiyu... ammo ona tili ta'limida kommunikativ yondashuvni tatbiq qilayotganda qotib qolgan qarashlarga ikki-uch yillik samarasi u qadar bo‘lmagan kurashlarimni eslasam... shunga asoslanib, ko‘nikilgan, eski yondashvni yengish quyi darajadan boshgansa deyarli imkonsizligini o‘ylasam dahshatga tushaman...

@psixolingvist

Lingvist Iroda Azimova

16 Dec, 13:14


#mulohaza

Maktab direktorining o‘rinbosari tarbiya (!!!) fanidan darsga kirib, daftari bo‘lmagani uchun bolani tarsakilashi biz jamiyat sifatida unchalik ham rivojlanmaganimizni bildiradi.

O‘qituvchilik tajribam asosida hoynahoy bu daftarsiz kelish bilan namoyon bo‘lgan darsga bepisand munosabat tarixi bir darsdan ko‘proq muddatni qamrab oladi deb taxmin qildim. O‘qituvchi ham bu bepisandlikdan bezib ketgani uchun o‘zini tuta olmagandir, degan yaxshi gumondaman.

Ammo, lekin, biroq...
Zulm zulmni yaratadi, u hech qachon muammoni hal qimaydi. Jamiyatimizda hali bog‘cha opalar, hali o‘qituvchilar tomonidan sodir etilayotgan bu kabi harakatlar barham topishi kerak.

Nima bo‘lishidan qat'i nazar o‘qituvchining o‘quvchini urishga haqi yo‘q.
Kuch ishlatib birovga jismoniy og‘riq berish o‘zini madaniyatli, o‘qimishli deb hisoblagan odam o‘ziga ep ko‘rmaydigan harakat bo‘lishi kerak.

Kaltak yeganidan tarbiyasi yaxshilangan odamni men ko‘rmaganman.

Bolalar juda himoyasiz bo‘ladi aslida va himoyaga, mehrga muhtoj bo‘ladi.

Eslasam, maktabda o‘qituvchilikni endi boshlagan paytimda aynan ikkichi o‘quvchilar bilan yaxshiroq chiqishardim. Ularga imkon darajasida yordam berishga harakat qilganman. Yo‘q, bir ikkichi men sabab a'lochiga aylangan romantik yakun bo‘lmagan. Ammo bolalar darsga kelardi, vazifalarni bajarardi. Badiiy tadbirlarimda jon deb ishtirok etardi.
Esimda bir o‘quvchim diktantdan nuqul ikki olardi. Bir safar qo‘ygan bahoyimning atrofini ko‘k ruchka bilan aylana qilib o‘rab chizib chiqibdi. "Abror, nima qilding?"- desam, "Ikkini qafasga solib qo‘ydim",- degandi. Buning uchun uni urishish xayolimga ham kelmagan, uning bolalarcha fantaziyasiga zavqim kelgan. Nazarimda, ikki olganidan o‘zining pushaymonligi shu tarzda yuzaga chiqqandi.
Maktabda uch yil ishlab bo‘shaganman, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishni xohlaganim uchun. Ikki-uch yil davomida aynan o‘sha ikkichilarim ko‘rishga kelib turardi.

Hozir ham ko‘chirmakash, dangasa, gap ta'sir qilmaydigan talabalar, hatto doktorantlarga, afsuski, ko‘p duch kelaman. Qayta-qayta ta'kidlanganiga qaramay uy ishini qilmay kelsa, avvallari asabim buzilardi. Hozir yo dars davomida qilib topshirishga majbur qilaman, yoki 0 ini qo‘yib, e'tibor bermaslikka harakat qilaman. Oxir-oqibat talaba bu - kap-katta odam. O‘z harakatlariga mas'uliyatni olishi shart. Eng yomoni bu yerda men ta'lim bo‘yicha plankani tushirishmga to‘g‘ri kelishidir... Milliy universitetdagi bir hamkasbimiz uch yil avval aytganiday, plankamiz plintusdan ham pasayib ketdi... Bunga esa menimcha tizimdagi muammolar sabab...
Buyuk islohotlar bizni sabrsizlik bilan kutyapti...

@psixolingvist

Lingvist Iroda Azimova

15 Dec, 16:43


Taxminan ikki-uch yil avval yozilgan xotiralar

Qorni yaxshi ko‘raman. U aql hayron qolishi va tengsiz zavq olishi kerak bo‘lgan yaratiqlardan deb o‘ylayman. Shuning uchun menga u bergan xotiralar yorqin hali ham.
Bolaligim: 1990 yilda yangi hovliga ko‘chganmiz. O‘sha yili qor zo‘r yoqqandi. Hovlimizning etagidan katta yo‘ldagi chiroq ko‘rinib turardi. Uning yorug‘iga qarab qor yog‘yaptimi-yo‘qmi aniq bilsa bo‘lardi. Biz- opacham, ukam va men chana uchganmiz hovlimizda. Zavqimizning cheki yo‘q edi.
Universitet:  nomzodlik  dissertatsiyamning ustida oxirgi tahrirni qilganimda ko‘p ishlaganimdan ko‘zim charchab qolgan. Qor yoqqan edi o‘shanda, qorda ko‘zimni ocholmaydigan bo‘lib qolganman, qordan qaytayotgan nur ko‘zimni og‘ritardi.
Ustozim:  2009-2010-yilgi qishda qor deyarli yog‘madi. Faqat bir marta 2010-yilning 14-fevralida qor yoqqan. O‘sha kuni ilmiy rahbarimga yangi chiqqan Hozirgi o‘zbek adabiy tili kitobini olib borib berganman. Toshkent univermagi (tsum) ning oldidagi "Kapadokiya" kafesida ko‘rishgandik. Rahbarim kitobning pulini beraman, deganlar. Men "yo‘q, olmayman", deganman. Ular "Siz bu kitobni menga obkelib berib yaxshilik qilib bo‘ldingiz. Pulini olishingiz shart", deb berganlar. Shunaqa halol va beta'ma... bebaho inson edilar...
Musofirlik. 2010-yil Gollandiyada birinchi qor yoqqan. Umrida birinchi marta qorni ko‘rgan tayvanlik kursdoshim "boshingdan qazg‘oq to‘kilishiga o‘xsharkan qor yog‘ishi" degandi. Esimda qolgani 16-dekabr. Semestrning oxirgi kuni va Developmental language disorders kursidan taqdimot qilishim kerak edi. William sindromili bolalarda til bilan bog‘liq muammolar mavzusidagi review maqoani taqdimot qilganman. Bundan shunaqa qo‘rqqanman ochig‘i. Ingliz tilida birinchi marta taqdimot qilishim edi. Groningen universiterining academy building i bor, tarixiy bino.O‘sha binodagi auditoriyada bo‘lgan dars. Shukrki, yaxshi o‘tganman. Ertasiga uyga uchishim kerak edi. Kechqurun chemodanni taxlab, "stroopwafel" olmaganim esimga tushib qolgan. Gollandlarning asalli vaflisi.  Soat 8 larmidi... Keyin yotoqxonadan bir oz nariroqdagi supermarketga yo‘l olganman. Qor yog‘ayotgandi. Qor, binolar, chiroqlar yorug‘i- kechagiday ko‘z oldimda turadi.Juda ham yoqimli xotira edi. Chunki uyga ketayotgandim!
Ertalab ham qor tinmagandi. Aeroportga kelsam, mening parvozim bekor qilinibdi. Kayfiyatim tushib ketgan... Aviakompaniya, air Baltic, mehmonxonadan bir kunga joy qibergan. Mehmonxonada "В Петербурге сегодня гроза"  qo‘shig‘ini eshitib o‘tirganman. Ertasiga Transaero bilan uchganman. Christmas arafasidagi Shiphol aeroporti go‘zal, tirband, esda qolarli edi.
2012-yilda ham Gollanidyada qish serqor bo‘lgan. O‘g‘limni har kuni toza havoga aylantirgani obchiqardim. Albatta, o‘qishim kerak bo‘lgan maqola bilan marker yonimda bo‘lardi. Ham aravachani sudrab, ham maqola o‘qirdim.
Keyingi yillardagi qorlar hammasi bolalarim bilan bog‘liq esimda qolgan. Ularga birinchi marta qorbobo yasab berganim, birga qorbo‘ron o‘ynaganimiz...
Qor, men uchun baribir mo‘jiza, go‘zal va betakror. Qorni yaratib Alloh bizga behad marhamat qilgan deb o‘ylayman.

@psixolingvist

Lingvist Iroda Azimova

15 Dec, 16:22


Qolgan to'rtburchak va sakkizburchak piyozlardan farqli o'laroq, "Korzinka" da yumaloq piyoz bor.
@suvaydo

Lingvist Iroda Azimova

12 Dec, 16:58


Oldingi post bilan bog‘liq bir izoh bergim keldi. Onlayn kurslar ikki yildan ortiq vaqt davomida o‘tib kelingan.
Kurslar haqiqiy o‘quv kurslari. Ularni olib siz bilimga imkoniyatni qo‘lga kiritasiz. Bu imkoniyatdan qanday foydalanish sizning tanlovingiz, sizning qaroringiz.

Ilmiy maqola yozish kursi bo‘yicha so‘ragan bir talaba "shu kursingizni o‘qisam, magistrlik dissertatsiyamni qiynalmay yoza olamanmi?" deb savol bergan edi.
Bu savol meni hayratda qoldirgan, ochig‘i. Shu bilan birga rahmatli ustozimiz Abdimajid Po‘latovning ingliz tilini o‘rganish haqidagi gaplarini eslatgandi: ingliz tili kostyum emas, uni xohlagan payti javondan olib kiyib ketib bo‘lmaydi. Uni vaqt sarflab, mehnat qilibgina o‘rganish mumkin.

Xuddi shunday, kurslarni sotuvga qo‘yar ekanman, bu mening tajribam, nokamtarlik bo‘lsa ham, unikal, hech kimnikiga o‘xshamagan tajribam, bu tajribaga uzoq yillik mehnat bilan erishganman. Uni sizga bir bilim manbai sifatida taklif qilaman. Undan qanday foydalanish va qanday samaraga erishish bu yuz foiz sizning mas'uliyatingizdagi vazifadir.

@psixolingvist

Lingvist Iroda Azimova

12 Dec, 09:15


Yil oxirlayapti. Kanal a'zolarining men o‘tadigan onlayn kurslardan xabari bor. Ikki yil davomida ilmiy maqola yozish, psixolingvistika va neyrolingvistika onlayn kurslarida yurtimizning turli hududlaridan yuzdan ortiq tinglovchi o‘qidi.

Oxirgi marta kurslar shu yilning aprel oyida bo‘lgan edi. Kuzgacha tanaffus e'lon qilgan edim. Ammo sog‘lig‘im bir oz pand berib kuzda kurslarni qayta ochish imkoni bo‘lmadi.

Yanvar yoki fevralda ilmiy maqola yozish bo‘yicha kurs rejalashtirilgan. Ammo ungacha bu kursga hamda psixolingvistika, neyrolingvistika kurslariga ehtiyoji borlar videodarslarni eski narxida (ya'ni har bir kurs uchun 600 ming so‘m) sotib olishlari mumkin.

Marketing usulini qo‘llamoqchi emasmanu, lekin rostdan ham bu eski narx, o‘tgan yilgi. Yangi yilda kurs o‘tadigan bo‘lsam, narxi bunga ikki baravar bo‘ladi.

Quyidagi linklarda har bir kurs dasturi berilgan:

Ilmiy maqola yozish

Psixolingvistika

Neyrolingvistika

Videodarslar yopiq kanalga joylanadi va uch oy davomida o‘sha kanalda turadi. Kurslarni sotib olishni istaganlar shu post ostiga izoh qoldirishlari mumkin.

@psixolingvist

Lingvist Iroda Azimova

09 Dec, 02:07


#Кайфият #Бадиҳа

ҚОРХАТ

Субҳаналлоҳ, оппоқ нур ёғар кўкдан,
Лаҳзада ўзгарар мезон куйлари.
Оқ яктак кийгач ҳам оғочлар ўктам,
Борлиққа ярашиб турар бўйлари.

Аста гулга дўнар шаффоф томчилар,
Севгимиздай нафис, меҳримиздай пок.
Гўё Орзу сари йўллар очилар,
Олдга бошлар ҳассос илоҳий идрок.

Ҳикматлар ўқиймиз оппоқ дунёдан,
Бахтли саҳфаларни очиб бирма-бир.
Сўзлар ярми кумуш, ярми тиллодан,
Олам тўла маъно, олам тўла сир.

Бу қор биринчи ё охиргисимас,
Биздан олдин, биздан кейин ҳам бордир.
Хотималар абас, ҳижронлар абас,
Ҳали ҳаётимиз биринчи қордир.

Шукрона илмини ўргансин юрак,
Ёмғирига шукур, қорига шукур.
Менинг қорхатим ҳам шу эзгу тилак:
Борига барака, барига шукур!

2011

© Беҳзод Фазлиддин @Behzod_Fazliddin

#Кутмаган_кунларим_кутган_кунларим

Lingvist Iroda Azimova

08 Dec, 03:41


#qor
Qashqadaryodan xolajon qo'ng'iroq qildilar va oyijondan so'rayaptilar:
- Qor yog'imi sizlarga?
- Ha.
- Laylaqqormi?
- Yo'q, pishakizi.
***
Kuldim. Bunaqa ifodani bilmaskanman. Mushuk izi bilinadigan darajada degani bo'lsa kerak-da.
Ps. Rasm yangi. Hozir oldim.
@suvaydo

Lingvist Iroda Azimova

06 Dec, 11:52


2017-yil QVZda Nukus jamoasining hazillaridan.
Facebookka yozib qo‘ygan ekanman.
O‘sha paytda Toshkentda toza havo bo‘lgan ekan...

"Afrikaliklar kiyimsiz yuradi, lekin har kuni banan yeydi. Biz qoraqalpog'istonlikmiz, lekin har kuni banan yesak, kiyimsiz qolamiz".

"Hamma o'ylaydiki, TATUda QVZchilar yo'q, hammasi kompyuterchilar, deb. Sizlarga bir sirni ochaman, TATUda kompyuterchilaram yo'q".

"Hayron bo'lyapsizlarmi nega protivogaz kiyib olishibdi, deb. Bizda havo chang, tuzli. Toshkentning toza havosiga o'rganolmay bo'g'ilib qolyapmiz".

@psixolingvist

Lingvist Iroda Azimova

04 Dec, 09:37


"Ilhom kelishi bor gap, faqat u kelganda seni ish ustida ko‘rgani ma'qul".

Pablo Pikasso

Rasm facebookdan

@psixolingvist

Lingvist Iroda Azimova

22 Nov, 12:15


#professorningkundaligi

Yana ko‘chirmakashlik haqida

Ko‘chirmakashlik toqat qilib bo‘lmaydigan, qilinmaydigan illat.
Hech narsa - hech qanday yaxshi niyat, hech qanday ezgu maqsad bilan ham oqlab bo‘lmaydigan illatdir. Uyat, sharmandalikdir.

Ilm va ta'lim sohasida faoliyat yuritayotganlar bunga qo‘l ursa, ikki marta yomon ish qilgan bo‘ladi: birinchidan, xalqni aldaydi o‘zi yozmagan narsani o‘zining nomidan taqdim qilib; ikkinchidan, yosh avlodga ko‘chirmakashlik me'yorga aylanib bo‘lgan degan qarashni singdiradi.

O‘tgan yili yozgandim: olimlar ko‘chirmakashlikka nisbatan murosasiz bo‘lmas ekan, jamiyatdagi boshqa kamchiliklardan nolishga ma'nan haqli emas.

Halolning yo‘li doim qiyin bo‘lgan. Ko‘chirmakashlik halol ish emasligi hammaga ayon bo‘lsa kerak.

Quyidagi maqolani yana bir bor o‘qib yuborishni tavsiya qilaman:
https://www.xabaruz.com/jamiyat/kochirmachilik-taraqqiyotimiz-oyogiga-urilgan-boltadir

@psixolingvist

Lingvist Iroda Azimova

21 Nov, 06:19


#tafakkur_kurtaklari

O‘g‘lim 8 yoshligida bergan savoli.
Siz nima deb javob bergan bo‘lardingiz?


"Hayvonot olamiga sayohat" kitobidan oqbosh burgut haqidagi matnni o‘qiyotib:
"bu qush AQSH gerbida tasvirlangan..." Bizning gerbimizdagi qushning nomi nima edi?
- Humo.
- A dunyoda bormi unaqa qush?
- Yo‘q, u afsonaviy qush.
- Nega biz yo‘q qushning rasmini qo‘yganmiz?
-.....

@psixolingvist

Lingvist Iroda Azimova

19 Nov, 01:17


#professorningkundaligi

Menga shunday tuyuladiki, bilmagan narsamizni bilmayman deb tan olish hayotimizni ancha yengillashtiradi.

Biz o‘zimizga negadir (katta ehtimol bilan xatolarga betoqat ta'lim an'anasi sababli) bilag‘on obrazini ideal qilib olganmiz.

Bu idealga shunchalik intilamizki, bilimimiz qayerda boshlanib, qayerda tugashidan xabarimiz yo‘q. Hamma narsani bilishimizga o‘zimiz asossiz ravishda ishonib boramiz.

Bu noto‘g‘ri! Hech kim hech qachon yuz foiz hamma narsani bilmaydi va bilishi ham shart emas. Kelinglar, shu yukni bo‘ynimizdan soqit qilaylik.

Shunda... hech bo‘lmaganda bilmagan narsamizni bilaman deb o‘ylab, birovga aql o‘rgatib o‘zimizni sharmanda qilmaymiz. Aytaylik, shunday vaziyat ro‘y berib ham qoldi, bilaman deb o‘ylab gapirganimiz aslida xato ekan.To‘xtash va tan olish bu vaziyatda eng to‘g‘ri ish. Buni tan olmaslikka undaydigan ichimizdagi tuyg‘u kibr va hirsdan boshqa narsa emas. Uning oxiri esa har doim pushaymonlik bo‘ladi.

Men ishonaman, har kimning aslida bilgan narsasi yetarli va shuning o‘ziyoq hurmatga loyiq. Oxir-oqibat, insonmiz, hayotimiz o‘rganishdan iborat. Biz bilmaganlarimizni o‘rganish tabiati bilan yaratilganmiz.

@psixolingvist

Lingvist Iroda Azimova

17 Nov, 15:16


Ko‘pchilik mantig‘ini to‘g‘ri topdi. Zukko o‘quvchilarim, sizlar bilan faxrlanaman 🫶

"Aslida bo‘sh vaqtni sotib olish mumkin"- bu Goodwell kompaniyasining idish yuvadigan mashinasi reklamasi edi.

Bizning mentalitetda idish yuvadigan mashinani dangasalar sotvoladi, idish yuvish ham ish bo‘ptimi, degan qarash kengroq tarqalgan.

2010-yilda Berlinda o‘qiganimda kvartiramizda idish yuvadigan mashina bor edi. Men ham o‘sha stereotiplar ta'sirida uni deyarli ishlatmasdim.

Taxminan bahorlarda instagramda bir video ko‘rib qoldim. Turkiyadagi bir o‘zbek ayol idish yuvish mashinasini albatta olish kerakligini, kir yuvadigan mashina ishingizni qanday yengillatgan bo‘lsa, bu mashina ham shunday, degan gapi stereotiplarimni parchaladi va idish yuvadigan mashinamiz bo‘lishi kerak deb qaror qildik va oldik (turmush o‘rtog‘im o‘zlari tanlab oberdilar, Alloh rozi bo‘lsin).

Endi men sizlarga aytsam, bu jonning rohati ekan. Ko‘pchilik o‘zbek ayollari kabi shanba-yakshanba kunim oshxonada o‘tadi. Ketma-ket ovqat tayyorlash, ketma-ket idish yuvish qanchalik epchil va chaqqon bo‘lmang, vaqtingizni oladi. Kun qanday o‘tib ketganini, rejalashtirgan maqolani o‘qimaganingiz, rejalashtirilgan nimanidir yoza olmay qolganingizni payqamay ham qolasiz.
Idish yuvadigan mashinaning eng yaxshi tomoni ayrim idishlarni tozalash uchun yuvish vositalarini surib qo‘yib, astoyidil ishqalab, kuch sarflamasangiz toza bo‘lmaydi, aynan shu ovoragarchilikdan sizni qutqaradi. Idishlarni qo‘limiz dosh bermaydigan yuqori haroratda yuvgani uchun idishlar qo‘lda yuvgandan tozaroq chiqadi.
Bir kun davomida idish yuvishga sarflaydigan vaqtingiz va toqatingiz (ikkinchisi muhimroq hatto degan bo‘lardim) yonga qoladi.

Shu ma'noda reklama matni yaxshi o‘ylab topilgan. "Bo‘sh vaqtni sotib olish mumkin" deganda bo‘sh vaqtning idish yuvadigan mashinaga ishora qilayotgani, mening nazarimda, reklama matnining samarali bo‘lishini ta'minlashi kerak.

P. S. Undan tashqari idish yuvadigan mashina suvni ancha tejaydi.

@psixolingvist

Lingvist Iroda Azimova

17 Nov, 12:27


Oxirgi paytda yurtimizda marketing ancha o‘zbeklashib qoldi. Haligacha so‘zma-so‘z tarjimalar uchrab tursa-da, o‘zbekona ifodalarning qo‘llanishi tez sur'atda o‘sib boryapti.
Kecha bir reklamaga ko‘zim tushdi. Balki siz ham ko‘rgandirsiz:
"Aslida bo‘sh vaqtni sotib olish mumkin".

Bu reklamani ko‘rmaganlarga savol: nimaning reklamasi deb o‘ylaysiz?

Reklama matnining psixolingvistik tahlilini javoblardan keyin qilamiz.

@psixolingvist

Lingvist Iroda Azimova

17 Nov, 05:15


#talabalar_kuni

Sobiq va joriy talabalarimni hamda meni kuzatadigan barcha talabalarni talabalar kuni bilan tabriklayman! Alloh yo‘lingizni ochiq, yuzingizni yorug‘, qalbingizni pok qilsin!

... degandan keyin nasihatga o‘tib ketgim keldi: o‘qish sizning mas'uliyatingizda ekanini anglash, shunga yarasha o‘zingizni tutish, qoldirgan darslaringiz, qilmagan vazifalaringiz uchun domlaga iddao qilmaslikka o‘rganish, ilm olish dunyoda umrni sarflashga eng arziydigan mashg‘ulot ekanligini qalb-qalbingizdan anglash, shunga yarasha yashash nasib qilsin!!!

@psixolingvist

Lingvist Iroda Azimova

16 Nov, 02:58


"Mentor Hub" guruhi asoschisi, Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti katta oʻqituvchisi Nodira Isamuhamedova bilan taʼlimda tadqiqotlarning oʻrni, ilmiy tadqiqotlarga asoslangan taʼlim siyosati qanday boʻlishi kerakligi haqida suhbatlashdik.

Darvoqe, "Mentor Hub"ning Youtube kanalini kuzatib borishni tavsiya qilaman. Nodira opa jiddiy va pedagoglar uchun kerakli mavzularda suhbatlar tashkil qilmoqdalar.

Lingvist Iroda Azimova

14 Nov, 09:27


#lirik_chekinish

Kuz haqida eng yaxshi ko‘rgan she'rlarimdan biri Behzod Fazliddinning she'ri.

***
Bir muddatga kitobingni yop,
Mavhumotdan nigohingni uz.
Tabiatning oʻzi zoʻr kitob,
Bugun uning qahramoni – Kuz.

Qara, asar topilmas bunday,
Tebranadi bogʻlar – ruhafzo.
Nelarnidir esga olganday,
Entikadi zaʼfaron dunyo.

Tura tursin eski koʻzoynak,
Boqqin ochiq koʻz bilan bundoq.
Derazangga barg otgan kuzak
Muncha maʼyus, munchalar quvnoq.

Oʻylatmasin ortiq tartibi,
Shundogʻicha olam mukammal.
Qoʻya turgin havo tarkibin,
Toʻyib-toʻyib nafas ol avval.

Qushlar kelib, qushlar qaytmoqda,
Bilganicha chalib surnaylar.
Kimlar uchun vido aytmoqda
Tiriklikka tashna toʻrgʻaylar.

Hayot shudir – qancha tejamay,
Vaqti-bevaqt toʻkilgan xazon.
Bor boʻyicha, boʻyab-bejamay
Tasvirlaydi musavvir Mezon...

2010

© Behzod Fazliddin

#Kutmagan_kunlarim_kutgan_kunlarim

http://behzodfazliddin.uz/mezon/

https://t.me/Behzod_Fazliddin/4670

@psixolingvist

Lingvist Iroda Azimova

13 Nov, 17:30


#professorningkundaligi

Bu safar malaka oshirish haqida. Malaka oshirish oliy ta'limdan keyingi ta'lim hisoblanadi. Men o‘zim ham shu malaka oshirishdan o‘tganman. Shu malaka oshirishda dars beraman.

Hozirda malaka oshirishga borgan professor-o‘qituvchi 1 oy davomida har kuni uch paradan darsga qatnashi, kurs yakunida o‘tilgan hamma kurslar bo‘yicha test topshirishi, bitiruv loyiha ishi yozishi va portfoliosida maqolalari, shogirdlari bilan erishgan yutuqlari yetarli darajada bo‘lishi kerak.

2019-yili men malaka oshirishning chiqish testidan 0.5 bal yetmay yiqilganman.

Keyingi yili yonimdan pul to‘lab o‘qiganman. Test bu boshog‘riq. Besh yuzta testni odam yodalshi kerak. Keyin bitiruv loyiha ishi yozib, uni himoya qilishi kerak.
Bitiruv loyiha ishi mavzusini o‘zim o‘qitib yurgan yo‘nalishlarga yaqinroq tanlaganman. Avvaldan o‘zimda mavjud g‘oyalar, materiallarni umumlashtirib tayyorlaganman.
Aks holda bitiruv ishini har kungi darslar va test yodlash orasida yo‘q joydan boshlab yozib tugatish imkonsiz. Buni tinglovchilarga har doim ta'kidlayman.
Mening soham nisbatan yangi soha. Ko‘pchilik psixolingvistikani umuman o‘qimagan. Shunchaki u yer-bu yerda ko‘rib qolgan ishlar asosida tasavvuri bor. Shunga ishonibmi, bilmayman mavzuni olishadi. Eng yomoni... keyin ko‘chirishadi. Ko‘chirishni odatiy hol hisoblashadi. Yoki ilmiy rahbarga uyalmasdan "yordam bering, xizmatingizni qilaman" deydi. Men bunaqa takliflardan nafratlanaman!

Hurmatli professor-o‘qituvchilar, siz oliy ta'limda dars berasiz. O‘zini shunaqa tutadigan talabalardan kuygandirsiz siz ham. Lekin malaka oshirishda o‘zingizni xuddi o‘sha talabalarday tutasiz.

Bitiruv loyiha ishi uchun mavzu olayotgan paytda ilmiy rahbar bilan bog‘lanib maslahat so‘rash kerak. Buyruqqa kiritib bo‘lib, mavzuni tushunib-tushunmay 50 betlik matnni tayyor qilib, himoyaga 2 hafta qolganda emas. Undan tashqari, bitiruv loyiha ishi bu sizning ishingiz. Ilmiy rahbar bilan vaqtida bog‘lanib, maslahatlashmaganingizga yarasha, "siz shu sohadan ish qilganmisiz, menga manba tashlab berishingiz kerak" deb yondashmang. Bu nafaqat domlaga, eng birinchi navbatda o‘zingizga nisbatan hurmatsizlikdir. Ayniqsa, agar domla ayni vaqtda kasalligini aytib, sizdan bezovta qilmaslikni so‘ragan holatda ham, qayta-qayta o‘z tashvishlaringizni unga bayon qilishingiz xudbinlikning cho‘qqisidir.

Malaka oshirish tizimida hal qilinishi kerak bo‘lgan muammolar ko‘p. Ular haqida doim gapirib kelinyapti. Bu tizimni shaxsan men o‘ylab topmaganman. Shu tizimda ishlayapsiz degani uning past-balandiga rozi bo‘lib ishga kirgansiz degani.
Ta'limga nisbatan munosabatimizni tartibga solaylik. O‘qish, o‘rganish o‘quvchi/talaba/dokorant/tinglovchining mas'uliyatidagi vazifa. Qiynalganingizda domlani ayblash hurmatsizlik ekanligidan tashqari, o‘taketgan mantiqsizlikdir.

@psixolingvist

Lingvist Iroda Azimova

13 Nov, 14:12


Oldingi postga ozgina tushuntirish: ma'lum badiiy asarni u yaratilgan davr, siyosiy va ijtimoiy muhit, mentaliltet fonida tahlil qilish ayni muddao. Chunki yozuvchi qanday til materiali ta'siri ostida bo‘lganini shu orqali to‘g‘ri taxmin qilish mumkin.

Men shunchaki fanlarning yondashuvi bir biridan farq qilishiga e'tibor qaratdim.
Oxir oqibat psixolingvistikani o‘z soham sifatida tanlaganimning sababi uning aniq faktlarga asoslanishidan tashqari tushunishning aslida psixofiziologik jihatdan qanday amalga oshishini o‘rganishi edi.

@psixolingvist

Lingvist Iroda Azimova

13 Nov, 13:32


#mulohaza

Muloqot xulqimiz va u asosida fikrlashimiz ham qanday til materiali qabul qilganimizga qarab shakllanishi haqidagi bilim fonida qaysidir badiiy asarning ma'lum turdagi tafakkur tarziga bog‘lab tahlil qilinishi menga erish tuyuladi... Go‘yoki biz shu taxlit balandparvoz nazariyalarga o‘zimizni ishontirib asl holatdan uzoqlashib ketayotganday...

P.S. Bu shunchaki psixolingvistika tomonidan yondashuv. Unda qaysidir soha yoki uning vakilini behurmat qilish niyati yo‘q.

@psixolingvist

Lingvist Iroda Azimova

07 Nov, 01:10


Qiziq tendensiya: so‘nggi paytda qurilayotgan masjidlar Turkiyadagi masjidlarga o‘xshatib qurilyapti... O‘zimizning me'moriy an'analarimizdan nega voz kechayotganimiz qiziq...

Turkiyadagi deyarli hamma masjidlarda Aya Sofiyaning uslubi takrorlanganini ko‘rish mumkin, qaysiki avvalboshidan nasroniylarning ibodatxonasi bo‘lgan.

Turklarning Aya Sofiyadan nusxa olishi, bugungi kunda bizning turk masjidlaridan nusxa olishimiz asosida bir xil qonuniyat yotibdi deb taxmin qilaman... Ya'ni birovning madaniyatini o‘zinikidan ustun ko‘rish. O‘zi xususida qoniqmaslik esa moddiy farovonlik darajasi bilan belgilansa kerak...

P. S. Men turkiy xalqlarning birdamligi tarafdoriman. Hamma turkiy xalqlarning bir-biriga intilishini tabiiy jarayon deb o‘ylayman.

SSSR vaqtida shu o‘zimizning qo‘shnilarimiz bilan, qozoq, qirg‘izlar bilan ham, masalan, qandaydir o‘zaro mensimaslikka o‘xshash kayfiyati bor kabi edi. Oxirgi vaqtda shu narsa barham topib, birodarlik kayfiyati kuchayganday tuyulyapti. Birodarlik tuyg‘usi esa har doim yaxshi.

@psixolingvist

Lingvist Iroda Azimova

07 Nov, 01:00


Abu Bakr jome masjidi🕌

Lingvist Iroda Azimova

05 Nov, 07:35


​​ЎҚУВЧИ ПАСПОРТИ

Кузатувим: Кутубхоналарда соат 16:00 ларга қадар асосан катта ёшли ўқувчиларни учратаман. Соат 16:00 дан кейин эса аста секин боғча ва мактабдан қайтган болаларини олиб келган ота оналар ва чуғурчуқ болаларни кўриш мумкин.

Болалар ва катталар бўлими кутубхона биносининг алоҳида қанотларида жойлашган. Болалар бўлимида ерда ўтириб, ёки бемалол диван ёки кресло каби ўтирғичларга суяниб ҳали кичик фарзандларига китоб ўқиб бераётган ота оналарни бу ерда кўп кузатдим.

Ўзбекистонда кўп китобхонага бормаганим боис бизда ҳам бундай одат шаклланганми ёки йўқми, билмайман. Бошқа кузатган мамлакатим Туркия аҳолисини ҳам кўп ўқийдиган миллат дейиш мумкин. Аммо у ерда ҳам фарзандлари билан китоб ўқиётган ота оналарни тўғриси учратмаганман.
Шунга кўра немисларни китоб ўқишни яхши кўрадиган миллат дея оламан.

Ўғлим биринчи синфнинг иккинчи ярмидаёқ матнларни шариллатиб ўқирди. Бунинг сабаби: китоб ўқишга бўлган талаб эди. Унинг синф хонаси 2 та хонадан иборат. Бири дарс қилиш учун парталар қўйилган хона ва ёнида яна бир хонадан иборат. Иккинчи хонада китоб жавонлари ва маҳсус юмшоқ тўшалма солинган. Дарсини тезда битирган болалар ваёки китоб ўқиш соатларида болалар мана шу хонага кириб китоб ўқишади.

1 синфнинг иккинчи ярмидан бошлаб болаларга Lesepass – Ўқувчи паспорти бера бошлашди. Бу “ҳужжат” китоб ўқиш прогрессини кузатиш ва болани китоб ўқишга рағбатлантириш учун берилади. Паспортда кўриб турганингиздек турли талаблар бор(илова расмда).

Масалан: Чўнтак чироғи билан ўзинг ясаган юмшоқ кулбачада қўрқинчли китоб ўқи – болалар уйда ёстиғу чоршаблардан кулбача қуришни яхши кўришади. Ва бу бола учун айри бир завқ. Қай биримиз чоршаблару кўрпачалардан кулбача қуриб унда турли орзулар қилиб, янги оламлар кашф қилмаганмиз?.. Қўрқинчли деганда албатта жуда қўрқинчли китоб эмас, балки турли эртаклар ўқиш тавсия қилинган.

Ёки: Иссиқ мазали ичимлик ичиб яхши бир китоб ўқи – ҳаво совиши билан киши бир пиёла иссиқ чой ёки қаҳва ҳамроҳлигида китоб ўқишни ким орзу қилмайди, дейсиз? Ахир, бу кузнинг завқию ва романтикаси-ку. :)

Ёмғирли бир кунда юмшоққина кўрпа тагида китоб ўқи ва шунга ўхшаш мотивациялар.
Бу каби ўқувчи паспорти ҳар мавсумга хос равишда тайёрлаб болаларга берилади. Ҳар бир бажарилган талабга ота ёки она сана ва имзо қўяди. Паспортдаги талаблар тўлгач эса болаларга турли совғалар бор.

Масалан, бу сафарги совға – мактабда ётиб қолиш кечаси. Аммо бунинг учун синфдаги болаларнинг барчаси паспортларидаги талабни бажариб керакли баллни йиғишлари керак.

Ўқитувчи – ўқувчи – ўқувчининг ота онаси – ва бутун синф – бир бирига боғлиқ меҳнат.
Мен катталар позициясидан ёзаяпман, аммо фарзандимда кузатаётганим: бугун менга какао пишириб бер, ойи, мен паспортимда ёзилганларни қилишим керак. Чунки мактабда синфдошларим билан бир кеча қолгим келяпти. Биз мазза қилиб ўйнамоқчимиз – деди ўғлим.

Кўриб турганингиздек бу нафақат китоб ўқишга рағбат, балки шу билан бирга китоб ўқиш жараёнини болага яхши кўрдириш учун ҳам ҳаракат. Бу шаклда китоб ўқиш – кейинчалик мустақил китоб ўқиш кўникмасини ҳосил қилиб уни ёқимли жараён эканини англашга хизмат қилади.

Ҳа, айтганча, баъзан синф ва ўқитувчилар биргаликда кутубхонада ҳам ётиб қолиш кечалари уюштиришади. Аммо бу ҳақда кейинги сафар айтиб бераман.
Саломатлик тилаги ила
@MadinaZarif

Lingvist Iroda Azimova

04 Nov, 07:01


"Har kimning fikri o‘z shaxsiy tajribasidan kelib chiqishini hisobga olsak, birov haqida aytilayotgan xulosa aslida o‘zi to‘g‘risidagi iqror ekanini anglaymiz".

Nikola Tesla

P. S. Tarjma o‘zbekchada silliqroq chiqishi uchun ikkinchi shaxs birinchi shaxsga almashtirildi.
Manba: https://www.instagram.com/reel/DBt6Kn7OViD/?igsh=MWZ5bG8xd28weHFyNg==


Tajribali tarjimon/muharrirdan yaxshiroq tarjima:

“Har kimning fikri o‘z shaxsiy tajribasidan kelib chiqishini tushungach, birov haqida aytilayotgan xulosa aslida so‘zlovchining o‘zi to‘g‘risidagi iqrori ekanini anglarkansiz”

@psixolingvist

Lingvist Iroda Azimova

31 Oct, 06:29


Қизиқ. Манба.

Lingvist Iroda Azimova

30 Oct, 10:41


​​#yangikitob

Bugun o'g'limga AsaxiyBooks'dan kitoblar sotib oldim. Ikkitasi "Dunyo daholari" turkumida nashr qilingan Muhammad Ali va Stiv Jobs haqidagi kitoblar. Rangli, rasmli, qog'ozi ham juda sifatli, muqovasi qattiq, xullas, yoshlarbop.

Muhammad Ali haqidagi kitobga ko'z yugirtirib chiqdim. Kitob qisqa-qisqa raund (bob)lardan iborat — har biri qahramon hayotining bir davrini yoki bir voqeani o'z ichiga oladi. Kitobda o'quvchini o'ylashga, o'zi uchun xulosa chiqarishga undovchi fikrlar va iqtiboslar talaygina. Xullasi kalom, menga yoqdi, o'g'limga ham yoqadi degan umiddaman.

Hozirgi gadjetlar zamonida bolalarga kitob o'qitish oson emas. O'g'limga turli kitoblar olib berib qiziqtirishga harakat qilganman. Shular orasidan "Britannika bolalar ensiklopediasi" va Artur Konan Doylning Sherlok Xolms va uning do'sti doktor Vatson sarguzashlari haqidagi hikoyalari unga juda yoqqan (ammo ko'pini inglizchada o'qigandi). Shuning uchun o'zimizning detektiv hikoyalarni ham o'qib ko'rsinchi degan ma'noda Omon Muxtorning "Sherlok Xolms Buxoroda yoxud sirli qo'lyozma tarixi" nomli detektiv hikoyalari to'plamini ham oldim. Ko'ramiz, ma'qul kelarmikan.

Lingvist Iroda Azimova

28 Oct, 03:44


Facebookdan:

"Bu dunyoda o‘qishi kerak bo‘lganlar juda ko‘p, ammo ular yozish bilan band."

Jaun Ella

@psixolingvist

Lingvist Iroda Azimova

27 Oct, 14:04


Kuz manzaralari

Toshkent. O‘rda. Anhor.

@psixolingvist

Lingvist Iroda Azimova

26 Oct, 16:14


Oldingi postga kichkina izoh

Miyamiz har bir ishni tez va samarali usulda bajarishga harakat qiladi. Muloqot inson hayotining o‘ta muhim tarkibiy qismi.

Muloqot insondan qisqa vaqtda tahlil, xulosa va shunga yarasha javob berishni talab qiladigan jarayon. Buning uchun miyamiz bor imkoniyatning hammasidan foydalanadi. Ayni vaziyatda lablarning qimirlashi ko‘z orqali, tovush to‘lqinlari quloq orqali qabul qilinar ekan, ikkala yo‘l orqali qabul qilingan signalni uyg‘unlashtirib xulosa chiqaradi.
Albatta, aytilgan gapning mazmunini tushunishda mimika ham o‘ta muhim rol o‘ynaydi.

Shuning uchun podkastlarda so‘zlovchining yuzi to‘liq ko‘rinishi muhim.

@psixolingvist

Lingvist Iroda Azimova

26 Oct, 15:55


#takror

Kanalni endi ochgan paytimda qo‘ygan postlarimdan.
Bir podkastning qoralama videosini ko‘rib qoldim. Unda mikrofon mehmonning og‘zini to‘sib qo‘ygan.
Bu tomoshabinga katta noqulaylik tug‘diradi. Sababini shu postdan tushunib olasiz.

Quloqlarimga ishonmayman! Ko‘zlarimga-chi...

Fanda "Makgurk effekti" (McGurk effect) deb nomlangan hodisa bor. Bu hodisa ko‘zlarimiz va quloqlarimiz qabul qilgan ma'lumot bilan miyamiz bizga taqdim qilgan ma'lumot orasida farq borligini ko‘rsatadi.
Quyidagi videoni ko‘rib, uni siz ham o‘z tanangizda sinab ko‘rishingiz mumkin.
Sizga videoda tasvir boshqa tovushni (-ga-ga-ga), audio esa boshqa tovushni (-ba-ba-ba) bir vaqtda taqdim etadi. Siz videoni ko‘rar ekansiz uni "da-da-da" deb eshitasiz. Nimaga bunday bo‘ladi: ga- bo‘g‘inidagi undosh til orqa undoshi, videodagi tasvirda og‘iz aynan shu tovushni aytish uchun qilgan harakatini ko‘rasiz,  -ba bo‘g‘inidagi undosh esa lab undoshi. Siz audioda aynan shu tovushni eshitasiz. Endi bir vaqtning o‘zida quloq orqali boshqa tovush, ko‘z orqali boshqa tovush talaffuzi harakati qabul qilingach, miyamiz ikkalasini qo‘shib, oraliqdagi  til undoshi bo‘lgan d bilan boshlangan bo‘g‘in bu deb xulosa qiladi.

@psixolingvist

https://www.youtube.com/watch?v=jtsfidRq2tw&t=11s

Lingvist Iroda Azimova

25 Oct, 03:29


Мен ва япон тили

Японияга илк борганимда содда бўлганман. Ўзимча Дипломатияда 2 йил ўрганган япончам билан кўчадаги одамлар билан гаплашиб кета оламан, деб ўйлаганман. Ёшларча максимализм, нимаям дейсиз. Қўлимни узатсам, ойни оламан, дейдиган даврлар.

Японияга боргунча, Англияда, Манчестерда бир йил ўқидим. Ўзимча буни ғурур деб билдим, чунки бу бир йил умримнинг ундан олдинги йигирма уч йилига татигуликдек эди. Аммо Японияга борганимда, узоқдан ўрганган, узоқдан интилган бу давлатимни умуман тушунмасилигимни тушундим. Буни айниқса японча китобларга лиқ тўла китоб дўконига кирганимда ҳис қилардим.

Қаерга борсам, китоб дўконига кирадиган одам сифатида, у ердаги минглаб китобларни очиб ўқий олмасамда, япон китоб дўконларига тезда ошиқ бўлдим. Ошиқ бўлишга арзийдиган, вақт ва ташқи дунёни унутадиган даражадаги жойлар улар. Катта шаҳарлардаги китобчиларда албатта инглизча китоблар бўлими бўларди.

Бу бўлим китоб дўконининг нари борса 10 фоизини эгаллаб турар, унда инглизчадаги классика ва асосан бизнес ва сиёсат соҳасидаги янги китоблар сотиларди. Токионинг машҳур Марузен китоб дўконида, ёки Кинокуния дўконларида бирталай инглизча китоблар сотувда бўлар, булар унча-мунча одамга етадиган китоблар эди. Ҳар борганимда камида 2-3 китобни қўлтиқлаб чиқардим. Аммо бу ажойиб китоблар дўкондаги япон тилидаги китобларнинг ўндан бири ҳам эмасди! Шунча китоб ичида туриб, биронтасини очиб ўқий олмаслигимни ич-ичимдан ҳис қилардим!

Икки йил Японияда магистратурада ўқидим. Англияда олган тажрибамга таяниб, япон университетининг кредитларини бир йилда ёпдим. Қолган бир йилни диссертация ёзишга ва япон тилини ўрганишга сарфладим. Ҳар куни эрталаб велосипедда япон тили дарсига борар, дарсдан чиқиб, тушлик қилиш учун ётоқхонага келар, тушликдан кейин университет кутубхонасининг индивидуал дарс қилиш учун белгиланган кичик хоначаларидан бирига қулфланиб олиб, японча ўрганардим. Япончадан чарчаганимда, роман ўқирдим.

Тил ўрганишни ҳамиша ёқтирганман, аммо мотивациям тугаб қолмаслиги учун, Япон тили қобилият имтиҳони (日本語能力試験) N2 даражасига ёзилдим. Бу имтиҳонни япон тилидаги IELTS деб осонгина тушунтирса бўлар. IELTSда максимум 9 олиш мумкин; японча имтиҳонда эса 5 даража бўлиб, энг баланд даража N1, энг пасти эса N5 ҳисобланади. Имтиҳон йилда икки марта, июл ва декабрда бўлади, унга бир неча ой олдиндан ёзилиш керак. Имтиҳонга ёзилиш пайтида N2 даражасини ола олишимга умуман ишонмасдим. Шунга қарамай, тайёрланишга сабаб бўлсин деб, ¥5500 (ўша пайтдаги курс билан $59) тўлаб, имтиҳонга ёзилдим.

Имтиҳоннинг мен учун энг фойдали жиҳати япончага нисбатан қўрқувимни камайтиргани бўлди. Бир бет японча текстни кўриб, саросимага тушиш ўрнига, ўқишга уринадиган бўлдим. Имтиҳондан бир неча ой сўнг, япон китоб дўконидан китоблар сотиб ола бошлаганим эсимда. Катта қисмини ўқиб тушуна олмасдим, аммо луғат ёрдамида мағзини чақса бўларди.

Одам бирон бир тилни ўрганишни қанча кеч бошласа, ўзлаштириш шунча қийин бўлади. Қанчалик ҳаракат қилмай, япончани инглизча ё русчани билганимдек била олмайман. Билган тақдиримда ҳам, билимимга ишончим бўлмайди. Шунга қарамасдан, тил ўрганишнинг кечи бўлмайди.

@profsherzod

Lingvist Iroda Azimova

21 Oct, 09:46


Нега қиммат, доллар ошдими? - АҚШнинг Тошкентдаги элчихонасидан Ўзбек тили байрамига ўзига хос табрик

Kun.uz расмий канали

Lingvist Iroda Azimova

21 Oct, 04:05


Kecha bir o‘quvchimiz boshqa millat vakillarining o‘zbek tilini o‘rgangani haqidagi ma’lumotga “milliy g‘urur tuydim” mazmunidagi izohi ushbu mavzuda fikrlarimni bayon qilishga undadi.

Bundan ikki yil avval o‘zbek tili va adabiyoti universitetida angliyalik bir tadqiqotchining antroposentrik tilshunoslik bo‘yicha ma’ruzalari bo‘lib o‘tdi. U tadqiqotchi o‘zbek tilini juda yaxshi bilardi. Ma’ruzalarni o‘zbek tilida qildi. Bizning talabalar biri olib, biri qo‘yib unga o‘zbek tilini hurmat qilib o‘rgangani uchun minnatdorchilik bildirishdi. Ingliz tadqiqotchi o‘zini noqulay his qildi va javoban: men hech kimga ingliz tilini o‘rgangani uchun minnatdorchilik bildirmaganman, - dedi.
Karantin paytlari edi, darslar onlayn. Talabalarning telegram guruhiga yozishga majbur bo‘ldim: “falonchi janob (familiyasi hozir esimdan chiqqan, o‘shanda familiyasini yozgandim) o‘zbek tilini o‘zbek xalqini hurmat qilgani uchun emas, ilmiy ishiga zarur bo‘lgani uchun o‘rgangan, odamni sharmanda qilib, minnatdorchilik bildiravermanglar!” deb.

Men o‘zbek tilining boshqa millat vakillari tomonidan o‘rganilishiga o‘zbeklarning bunday munosabati tabiiy ekanligini juda yaxshi tushunaman. Biz qariyb 2 asr davomida boshqa millatga mustamlaka bo‘lgan millatmiz. Ya’ni bizga, ota-bobolarimiz yashab kelgan, ulardan meros qilib olgan yerimizga boshqa millat vakili bostirib kelib, o‘z hukmronligini o‘rnatib, sen noto‘g‘ri yashayapsan, mana bunday yashash kerak, deb bizning odatlarimiz, e’tiqodimiz, hattoki, tilimizni ham savol ostiga olgan. Millatparvarlik, vatanparvarlik bir qarashda qanchalik yuksak, moddiyatdan xoli tushunchalarday ko‘rinsa-da, aslida kundalik hayotdagi konkret holatlarga o‘ta bog‘liqdir (ya’ni jangda kim ustun kelgani bizning vatanparvarlik va millatparvarlik hissiyotlarimizga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qiladi). Biz 200 yilga yaqin vaqt ichida o‘shanday kamsitilish (darajasi ko‘tarilib tushib turganiga qaramay bu kamsitilish har doim bo‘lgan) ostida kun ko‘rgan xalqmiz. Buning oqibatida o‘zbeklik bu uyaladigan jihat degan qarash ongostimizga singib ketgan. Shu qadar singib ketganki, biz qachon o‘sha qarash ta’sirida qaror qilayotganimizni o‘zimiz sezmaymiz.

Bir necha yillar avval universitetda qo‘yilgan vazifa yuzasidan ona tili ta’limi bo‘yicha qilingan xalqaro miqyosdagi tadqiqotlar bilan qiziqdim. O‘shanda UNICEF Afrikaning biz kabi mustamlaka bo‘lgan davlatlarida o‘tkazgan tadqiqoti bilan tanishdim. Unda tilga olingan fakt meni hayratga soldi: Afrika davlatlarida ham aholi o‘z farzandlarini mustamlakachi millat tilidagi maktablarga berishga oshiqarkan. Xuddi bizda deyarli hamma ziyolilar o‘z farzandlarini rus matkabiga berish to‘g‘ri deb hisoblaganiday.

O‘z vaqtida menda ham shunday fikr, ya’ni rus maktabida o‘qish o‘zbek maktabida o‘qishdan yaxshiroq degan fikr bo‘lgan, bo‘lmagan emas. Men o‘zim o‘zbek maktabini bitirganman. O‘zbek filologiyasi bo‘yicha mutaxassisman. Rus tilini ancha yaxshi bilaman. Faoliyatim davomida rus guruhlarga dars o‘tganman. O‘shanda asli o‘zbek bo‘lib rus guruhda o‘qiydigan talabalarning aksariyatida g‘alati kibr borligini ko‘rganman: ular o‘zini o‘zbeklardan alohida tabaqa hisoblaydi. Aynan shu tajribam o‘z farzandlarimni rus maktabiga bermayman, deb qaror qilishimga sabab bo‘lgan. Hozir esa psixolingvistik asosim bor: bola ta’limni qaysi tilda olsa, o‘sha tilda fikrlaydi. Albatta, tanlov har kimning o‘ziniki. Buni muhokama qilmoqchi emasman. Men e’tibor qaratmoqchi bo‘lgan jihat shundaki, men ham to o‘zim boshqa tildagi ta’limning menga ma’qul kelmaydigan oqibatini ko‘rmagunimcha o‘sha butun xalqqa xos stereotip bilan fikrlaganman va buni o‘zimning shaxsiy fikrim deb o‘ylaganman.

Endi UNICEFning tadqiqot xulosalariga qaytsak: unga ko‘ra bola boshlang‘ich ta’limni o‘z ona tilida olishi bolaning keyingi aqliy rivojlanishi yaxshiroq bo‘lishini ta’minlovchi omil. Boshlang‘ichdan boshqa tilda o‘qigan bolalarning kattaroq sinflarda o‘sha tilni o‘zlashtirishi boshlang‘ichdan ona tilida o‘qib, boshqa tilni keyinroq o‘rganishni boshlagan bolalardan pastroq chiqqan.
1/2 @psixolingvist

Lingvist Iroda Azimova

21 Oct, 04:05


Ya'ni buni misol bilan tushuntirsam, tasavvur qilamiz rus sinfga bir bola boshlang‘ichdan bordi. Ikkinchi bola boshlang‘ichda o‘z ona tilida o‘qidi. Keyinroq shu ikkala bolaning rus tilini bilish darajasi solishtirilganda ikkinchi bolaning o‘zlashtirishi birinchi boladan yaxshiroq chiqqan. Chunki til o‘rganish, o‘zlashtirish kognitiv jarayon, uning sifatli bo‘lishini boshlang‘ichda o‘z ona tilida ta'lim olish ta'minlaydi, deydi tadqiqot xulosasi.

Bir necha yillar avval bir jurnalist savol bergandi: tillar yo‘qolib boradi, degan qarash bor, o‘zbek tili yo‘qolishi mumkinmi, deb. Men o‘shanda ham, hozir ham "yo‘q", deb ishonch bilan aytaman. FIkrimning asosi quyidagicha: O‘zbekiston mustaqil davlat, o‘zbek tilida so‘zlashadigan odamlar kam emas, bizda juda yaxshi badiiy adabiyot bor (tarixiy va zamonaviy).
Albatta, bunga bevosita yo bilvosita ta’sir qiladigan omillar mavjud. Xususan, tilning mavqeini unda ma’lumot olish imkoniyati belgilaydi. Ma’lum tilda original ma’lumotning ko‘p yoki kam bo‘lishi esa o‘sha jamiyatda turli sohalarning rivojlanganiga bog‘liq. Aksariyat sohalarning rivojlanishi esa iqtisodiy farovonlikka borib taqaladi.
Xulosa o‘laroq aytmoqchi bo‘lgan gapim: ona tilingizdan faxrlanasizmi yoki undan uyalasizmi - bu sizning tanlovingiz, sizning qaroringiz. O‘zbek tili til sifatida hech qaysi tildan kam joyi yo‘q.
2/2
@psixolingvist

Lingvist Iroda Azimova

17 Oct, 11:30


#tavsiya

Ta'lim sohasiga qiziquvchilar "Ochiq dars" deb nomlangan loyiha boshlashibdi.

“Ochiq dars” loyihasi oʻzbekzabon ustozlarga sohaga oid bilimlarni muntazam oʻrganish uchun imkon yaratadi. “Ochiq dars”da xorijiy taʼlim bloglaridan maqolalar tarjima qilinadi. Oʻzbekistonlik mutaxassislarning ham mualliflik maqolalari eʼlon qilib boriladi. Maqolalarni oʻqish yoki ovozli shaklda tinglash mumkin. Loyihaning Telegram kanali — https://t.me/ochiqdarsuz

Bu loyihani qo‘llab-quvvatlayman. Barcha ustozlarga tavsiya qilaman. Zero bugungi kunda bilimsizlik qaysidir faktni bilmaslik bilan emas, balki o‘z ustida ishlab, o‘zini mustaqil rivojlantira olmaslik bilan belgilanadi. Mazkur loyiha aynan shunga, ya'ni ustozlarimizning ilmiy-nazariy qarashlarini boyitishga xizmat qiladi deb ishonaman.

@psixolingvist

Lingvist Iroda Azimova

17 Oct, 02:22


#mulohaza

Bu yerda odatda falsafa so‘qimaslikka harakat qilaman. Kecha facebookda quyidagi postga ko‘zim tushdi. Shu kunlardagi holatimga hamohang bo‘lgani uchun ruschadan tarjima qilib, shu yerda ulashgim keldi. Muallifi Y. Kasyan ekan:

"Tongda hech qayering og‘rimasdan uyg‘onish buyuk ne'mat, biroq biz uning qadriga ko‘p ham yetavermaymiz. Chunki ko‘pincha unga solishtiradigan boshqa holatni bilmaymiz (iloyim hech dard ko‘rmaylik). Lekin men biz juda ham noshukrmiz deb qo‘rqaman, juda ko‘p narsani o‘zi shunday bo‘lishi kerakday qabul qilamiz.
Bu dunyoda jismimizdagi hayot tajribasi bu u haqida qayg‘urish, unga nisbatan aql bilan va ayab munosabatda bo‘lish darsi ham demakdir.
Biz nuqul nimadandir norozimiz (aftromizdagilardan noroziligimizni gapirmasa ham bo‘ladi).  Biz tinglashni bilmaymiz. Yaxshi ko‘rishni bilmaymiz... Biz kulguli odamlarmiz. O‘zimizga va'da bergan baxt uchun pul yig‘ib yarim umrimiz o‘tib ketishi mumkin. Biz bu umrni to‘laqonli yashamaymiz, qadrlamaymiz degani.
Aslida shunchaki to‘xtash va diqqat qilish kerak. Shunda anglab yetamizki, bizda hamma narsa yetarli. Hozirning o‘zida, shu yerning o‘zida hamma narsamiz bor. Bu to‘kis baxtning ichida o‘zimiz yo‘qmiz xolos... Boshqa nimanidir izlab ketyapmiz".

Boriga shukr qilish degan ifodani biz taskin uchun ishlatamiz odatda. Ammo bor narsalarimizni sanasak, anglasak, boriga shukr qilish bu o‘zingning naqadar baxtli ekanligingni anglash demak.
Hammamizga ma'lum gap "Shukr bilan ne'matlar ziyoda bo‘ladi".
Alloh hammamizni shukr qiluvchilardan qilsin.

@psixolingvist

Lingvist Iroda Azimova

09 Oct, 17:07


"Oʻtkan kunlar"ni ingliz tiliga oʻgirgan tarjimon Mark Rizning yozishicha, juma, 11 oktyabr kuni soat 19:00da Asaxiyning Furqat koʻchasi, 15a manzilidagi doʻkonida kitob taqdimoti va imzolash marosimi boʻladi. Kitobni shu yerda xarid qilish imkoni ham boʻladi.

Darvoqe. Gazeta.uz da Mark Rizning intervyusi eʼlon qilingan edi. Oʻqishni tavsiya qilaman. Tarjimonning asar haqidagi fikrlari ayrim oʻrinlarda bizdagi adabiyotshunoslikda qabul qilingan fikrlardan farq qilishi bilan juda qiziq.

Lingvist Iroda Azimova

08 Oct, 05:43


Javobi
Pastda, dumaloq degan belgilaridan va Oishaning "qo‘ziqorin etamanyuu" (men qo‘ziqorin deb aytamanku) deganidan chiqarib oldim. Qo‘ziqorin bilan fonetik o‘xshashligi bor.

Chig‘anoq

Chig‘anoq so‘zi bilan qo‘ziqorin so‘zining adashtirilish sabablari: 1.Ikkalasi ham o‘zbek tilida chastotasi past.
2.Ikkoviyam biz uchun nisbatan ekzotik narsa
3. Rasmini chizganda shakli o‘xshash
4. Q tovushi bittasining boshida, bittasining oxirida kelgan (so‘zning chegarasida ya'ni)
5. O, n, i tovushlari ikkovida ham ishlatilgan
6.Bittasida r, ikkinchisida g‘ (talaffuzi bir-biriga yaqin)
7. Asosiysi (menimcha) transition o‘xshashligi, birinchisida chuqur til orqa undoshi(q) dan til oldi undoshi(z) ga, keyin yana chuqur til orqa undoshi(q) ga, undan yana til oldi (n)ga o‘tiladi. Ikkinchi so‘zda esa til oldi undoshi (ch)dan til orqa (g‘), undan yana til oldi (n)ga va til orqa (q)ga o‘tiladi.

Q (til orqa)- z (til oldi)- q (til orqa)- n ( til oldi)
Ch (til oldi)- g‘(til orqa)- n ( til oldi)- q (til orqa)

Mana shunaqa holatlarni tahlil qilib, javobini topishni sevaman.

@psixolingvist

Lingvist Iroda Azimova

08 Oct, 05:41


Qizim 5 yoshligidagi suhbat:


Oisha: suvli joyda, dumaloq, qo‘ziqorin etamanyuuu?
Men: nima?
Oisha: suvli joyda.
Men: dengizmi?
Oisha: ha, pastda qumli joyda.
Men: plyajmi?
Oisha: ha, dumaloq, qo‘ziqorin etamanyuu
Men: ha,......... mi?
Oisha: ha!

Savol Oisha qaysi so‘zni topolmayotgan edi?

@psixolingvist

Lingvist Iroda Azimova

30 Sep, 13:19


Universitetning "Qizlar gapirsin" podkastida qizlar ta'limi masalasida fikrlarim bilan o‘rtoqlashgandim.
Kimga qiziq bo‘lsa shu havolada ko‘rishi mumkin.

https://youtu.be/8OH6CR9N7FU?si=_BCvx2LBhb0wa_gQ

Lingvist Iroda Azimova

24 Sep, 05:40


Bugungi kunda turkiy xalqlar o‘rtasida hamkorlik va birdamlikni kuchaytirish haqida ko‘p gapirilyapti.
Shu yo‘nalishdagi g‘oyalardan biri o‘rta turk tilini yaratish g‘oyasi. Men bu g‘oya bilan 2002-yilda tanishgandim. Shu masalaga bag‘ishlangan konferensiya bo‘lib o‘tdi. Youtubedagi "Ilm va ijod" kanali ushbu konferensiyadan videomaterial tayyorlagan. Qiziquvchilar ushbu havola orqali ko‘rishlari mumkin:
https://youtu.be/b8eIMrXQZqc?feature=shared

Lingvist Iroda Azimova

17 Sep, 06:37


Og‘lim 5 yoshligida:

O'g'limga "Qizil qalpoqcha" ertagini o'qib berdim. Oxirida "Buvisi bilan Qizil qalpoqcha sog'-salomat ekan" desam, hayron qarab turib "Chaynamasdan yegan ekanmi?" dedi.

Menga farzandlarimning tafakkuri shakllanishini kuzatish men o‘zim ishlatadigan fikrlash tarzi madaniyat va urf-odatlar (gap milliylik haqida emas) bilan ancha qolipga solinib cheklangan bo‘lganini anglatgan.
Bolalardan ko‘p narsa o‘rganishimiz mumkin.

@psixolingvist

Lingvist Iroda Azimova

13 Sep, 18:08


Til KO‘NIKMASI

Ba'zan birovning nimadir gapi dilimizni xira qilib qo‘yadi. Xafa bo‘lamiz shu vaziyatimda shunaqa dedi-ya, deb.
Masalan, kimningdir vafoti sabab birov hamdardlik bildirarkan, "shuncha uy-joy kimga qoladi endi" dedi.
Azador esa "men nima darddamanu, bu nima deyapti", deb o‘ylaydi.

Aslida esa u odam hamdardlikni boshqacha ifodalashni bilmaydi. Shu gapda u aslida insonning bevaqt o‘limiga achinayotganini izhor qilmoqchi xolos.

U achinish hissi ifodasi uchun yaxlit gapdan foydalanyapti. Siz esa uni so‘zning ma'nolarigacha ajratib tahlil qilyapsiz. Muloqotdagi nomuvofiqlik aynan shu joyda yuzaga kelgan va u ziddiyatni keltirib chiqaradi.

Nimaga u odam yaxlit gapga boshqacha ma'no yuklayapti? Chunki uning tajribasida birov hamdardlikni tafsilotlargacha ifodalamagan, izhor qilmagan.
Til taqlidan shakllanishini eslatib ketaman shu o‘rinda. Shuningdek, bizning madaniyatda hissiyotlar ifodasiga keng o‘rin berilmaydi.

Kimdir qiyin vaziyatingizda noo‘rin gap aytib dilingizni og‘ritgan bo‘lsa (albatta buni atay qilmagan bo‘lsa), u shafqatsiz zolim emas, shunchaki muloqotga bir oz no‘noq bo‘lishi mumkin.

@psixolingvist

Lingvist Iroda Azimova

02 Sep, 13:50


Ishni boshlashdan oldin, universitetga kelgan yangi domlalarga bir haftacha oriyentatsiya tadbirlari boʻlib oʻtadi. Universitetni har xil boʻlimlari va maʼmuriyatni har xil qismlaridan universitet haqida, uni falsafasi, talabalari va boshqa narsalari haqida maʼmuriyat, talabalar va anchadan beri ishlayotgan domlalar gapirib berishadi. Oʻsha haftada kunlar odatda yangi kelgan professorlar bilan birga nonushta qilib deyarli soat 5-6gacha birga kun oʻtkazishdan iborat boʻldi. Haftani oxiriga kelib, bir adabiyot professori bilan tanishib qoldim, bir necha yil bu yerda ishlagan, endi esa toʻlaqonli ishni boshlayotgan ekan (visiting boʻlgan, bu yildan esa “full time”), asosan sher yozishi va shoir ekani haqida suhbatlashdik. Oʻzi shu tadbirlarda 5-6ta stol boʻlib, har kuni har xil professorlar bilan oʻtkazishdi, yaʼni nonushda va obedni har xil odamlar bilan qilish maqsadida va fakultetlardagi domlalar bir birini yaxshi tanib olishi uchun qilingan edi bu. Keyin tadbirlar tugagach oʻsha yangi hamkasbim haqida koʻproq bilish uchun google qilsam — u sherlari uchun 2015 yilda Pulitzer sovrindori boʻlgan ekan, ismi Gregori Pardlo. Gregori oʻzi bilan birga Abdulrazak Gurnah ham adabiyot fakultetiga professor boʻlib qoʻshilayotganini aytib oʻtdi. Aytganida, menga bu ism tanish tuyulmaganini sezdi shekilli, keyin men aytdim, toʻgʻrisi Gurnahni oʻqimagan ekanman va kelajakda albatta oʻqiyman dedim, bosh ustiga bir kampusdagi hamkasbim ekan, keyin bilsam u adabiyot boʻyicha Nobel mukofoti sovrindori ekan.

Bugun ertalab NYU prezidenti domlalarga xat yozibdi, unda maʼmuriyatdagi yangiliklar va rejalar ulashgan, va Abu Dabi kampusiga yangi kelgan domlalar haqida ham qismi bor ekan: “NYU Abu Dabi safiga ikkita hurmatli olimlar qoʻshildi: Tunisda plyuralistik demokratiyani yaratishdagi xizmati uchun 2015 yilgi Tinchlik uchun Nobel mukofoti bilan taqdirlangan Tunis Milliy Muloqot Kvartetining arbobi Ouided Bouchamaui va 2021-yilda adabiyot boʻyicha Nobel mukofotini sovrindori jahon adabiyotining taniqli ovozi Abdulrazzak Gurnah. Ular adabiyot giganti, inson huquqlari va ijtimoiy adolat kurashchisi, Nobel mukofoti sovrindori Vole Soyinkaga qoʻshilishdi”. Men shu bir haftalik oriyentatsiyada bir Pulitzer mukofoti sovrindori va ikki Nobel mukofoti sovrindori bilan boʻlgan ekanman va ularni bu yutuqlari haqida bilmay qolibman (adabiyotdan uzoqligim ham pand berdi albatta, oʻzimni aybim), oʻzlari ham shuncha kun ichida mundoq biror marta aytishmabdi ham. Tanishtirganda: “men ismim palonchi, falon masalalarga qiziqaman, falon fanlardan dars berish rejam bor” deb aytishdi xolos. Universitet prezidenti vaqtliroq xat yozganda bilar edimmi deb oʻyladim. Eh mayli.
Bilishimcha, endi adabiyot fakultetida toʻlaqonli ishlaydigan ikki Nobel mukofoti sovrindori va bir Pulitzer sovrindori bor. Toʻgʻrisi, talabalarga havasim keldi, NYU Abu Dhabida haqiqiy “liberal arts” darajasi beriladi. Yaʼni hamma talaba ham adabiyotni ham aniq fanlarni olishi kerak, juda keng maʼnoda har xil fanlar va sohalarni oʻrgatadigan bir joy ekan. Manimcha, Nyu Yorkdagi kampusdan aynan shunisi bilan ajralib turadi. Sinflar kichikligi va har tomonlama keng beriladigan liberal arts darajasi. Sinfni kichikligi esa, domlalar va talabalar orasidagi interaksiyani ancha erkinlashtiradi.

Meni bu yerdagi ikkinchi haftam boshlanyapti. Hayolga shular keldi.

Aytmoqchi, bu yerda 19 ta Oʻzbekistonlik talaba ham tahsil olishar ekan. Kecha birga mustaqillik bayramini nishonladik — kechki ovqatga meni taklif qilishdi. Juda faxrlandim toʻgʻrisi. Juda yorqin talabalar.

Lingvist Iroda Azimova

01 Sep, 18:00


#tildarslari

O‘tgan yili Madisonda o‘zbek tilidan dars berganimda (esimda yo‘q, nimadir munosabat bilan, hoynahoy, matnda uchragan bo‘lsa kerak shavla so‘zi) shavla nimaligini tushuntirish uchun youtubedan shavla pishirish bo‘yicha video topib o‘quvchimga qo‘yib bergandim. Video jarayonida so‘z va birikmalarni tushuntirib ketgandim. Oxirida "Bugun shavla qilaman shekilli, anchadan beri yemagandim", deganman. O‘quvchim "Men ham shuni o‘ylab turuvdim, hamma masalliqlar uyimda bor ekan, bugun qilsam bo‘larkan", degandi. Kechki payt o‘zi pishirgan shavlasining rasmini yuborgandi. Rasm tagida "Afsuski, turshak yo‘q" degan izoh bor edi (videoda shavlaga turshak ham solingandi).

Hozir rasmlar galereyasini titkilab turib o‘sha rasmni topib oldim.

Qissadan hissa: til darslari maksimal darajada hayotiy zaruratlarga bog‘langanda yaxshi samara beradi.

@psixolingvist

Lingvist Iroda Azimova

31 Aug, 16:10


Mustaqillik bayrami barchaga muborak bo‘lsin!

Dunyoda o‘zbek degan millat borligi va shu millat nomida mamlakat borligi ham bir ne'mat.
Mamlakat mustaqilligi har qanday muvaffaqiyatning, har qanday taraqqiyotning asosidir. Tilchi bo‘lganim uchun til haqida gapiraman: tilning yashashi va rivojlanib borishi uchun mamlakat mustaqilligi eng birinchi shartdir.
Shuning uchun mustaqillikning qadriga yetishimiz kerak. O‘z faoliyatimiz bilan uning mustahkamlanishiga hissa qo‘shishimiz kerak.

Bayramona tilagim esa, yurtimizga tinchlik, xalqimizga farovonlik bersin! Har bir inson hurlikni o‘z tanasida his qilib, anglab yashasin!

@psixolingvist

Lingvist Iroda Azimova

29 Aug, 08:03


Kundalik yozish haqida yaxshi post.
Qo‘shimcha qilaman: kundalik yozish eng yaxshi psixoterapiya. Men uchun shunday vazifani bajargan doim. Nima muammoga duch kelishimdan qat'i nazar uni yozib tahlil qilish samarali yechimga olib kelgan doim. Chunki yozish jarayonida bir narsa ustida uzoqroq o‘ylanish imkoni bo‘ladi. Undan tashqari muammo ustida tartibli va izchil fikr yuritish mumkin, chunki yozish bu chiziqli jarayon, fikrlash esa ko‘p darajali murakkab jarayon. O‘sha ko‘p darajali murakkab jarayonni yozishda soddalashtirish imkoni mavjud. Bu bizga muammoning qaysi qismi qanday emotsiya uyg‘otayotganini anglash, yozma tahlil oxirida esa adekvat munosabat shakllantirishimizga yordam beradi.
Yana bir muhim foydasi yozma nutqingiz charxlanadi. O‘zingiz yozib, qayta o‘qir ekansiz, o‘z-o‘zingizga muharrirlik qilasiz.

@psixolingvist

Lingvist Iroda Azimova

27 Aug, 07:55


#professorningkundaligi

Faoliyatimdagi eng yoqimsiz davr bu o‘quv yili boshi va sessiya payti. Hozir o‘quv yili boshi...

O‘quv yili boshida har doim, istisnosiz ravishda soat talashishga to‘g‘ri keladi. Har doim shunga majbur bo‘lganimda o‘zimni haqoratlangan his qilaman. Shu sababli jon-jahdim bilan kirisha olmayman bu jarayonga.
Biroq mas'ul sifatida majbur bo‘laman. Chunki soat yetarli emas degani xodimlardan kimgadir jabr degani: yo ishdan bo‘shashi kerak, yo shtati qisqarishi kerak, shunga mos ravishda oylik maoshi kamayishi kerak degani.

Mening nazarimda, jarayon bunaqa bo‘lishi kerak emasday... O‘qituvchi har yili yo oyligi kamayishi, yo ishdan ketish xavfi bilan yasharkan, u qanday qilib ta'lim sifati haqida jon kuydirsin?! Tizim darajasida bunga qanaqadir yechim bo‘lishi kerak.

Bu muammolar men oliy ta'limga kiribmanki bor. Har yili shu bilan to‘qnash kelganman. Biror yil yo‘qki, shu muammoni chetlab o‘tgan bo‘lsak... Hali-beri o‘zgarmasa ham kerak...

@psixolingvist

Lingvist Iroda Azimova

22 Aug, 04:06


Bir-ikki narsani yozib qo'yay degandim:
Turk tilida arab tilidan o‘zlashgan so‘zlar tarkibidagi "a" harfini "e" shaklida talaffuz qilish bor, masalan:
التَوَكُّل -- tevekkül
التشكر -- teşekkür

Qisqa unli bo'lgan fatha, o'zbek tiliga "a" tarzida o'giriladi, o'qishda ham, yozishda ham. Bu asliyatga yaqinroq: tavakkul, tashakkur kabi.

Yuqoridagi misollarda fathaning "a" yoki "e" shaklida o‘qilishi ma'noga ta‘sir qilmasa-da, ba'zi so'zlar borki, ularda fatha "e" deb talaffuz qilinsa ma‘no o'zgarib ketadi.
Men onalari turk tili o'rganayotgan ba‘zi bolajonlarning "Muhammed" deyotganini eshitdim. Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning ismlarini bunday aytmaslik kerak.

Muhammed yoki Muhammid - [محمِّد] (kimnidir) tinmasdan maqtab turuvchi degani. Bu arab tilida ismi foil bo‘ladi.
Muhammad - [محمَّد] tinmasdan maqtaluvchi, osmon va yerdagilar tomonidan doimiy madh qilinuvchi degani. Bu - ismi maf‘ul.
****
Ijtimoiy tarmoqlarda ba'zi kishilar diniy mavzuda gapirgach, "vallohi a‘lam" deb gaplarini tugatishadi.
"Vallohi a‘lam" -- ُ[واللهِ أعلم] Allohga qasamki, men bilaman, degani.
Agar "Alloh bilguvchiroq" deyish ko'zlansa, "Vallohu a'lam" [واللهُ أعلمُ] deyish kerak.
@qqizingiz_yozdi

Lingvist Iroda Azimova

14 Aug, 05:06


"Aql o‘zgara olish qobiliyati bilan o‘lchanadi",- degan ekan Einshteyn.
Shunga yaqin gap Rumiyda bor edi: eng yuqori darajadagi o‘rganish o‘rganganlaringdan voz kecha olishdir.

Inson bir narsaga nisbatan yondashuvini o‘zgartirishi juda qiyin. Bu mehnat talab qiladigan narsa.
Ha, qiyin, ha, mehnat talab qiladi, ammo imkonsiz emas.


@psixolingvist