#umra_kundaligi
Allohga shukrki, yana bir marta baytida mehmon bo'lisni nasib etdi. Bu yil o'tgan yilgiday har kuni nimanidir yozishga xohish bo'lmadi.
Ibodat qilish, zikr va istig'for aytish orqali ruhim yengillashganday, qalbimdagi zanglar, g'uborlar yuvilganday bo'ldi. Allohdan so'raydiganlarim juda ko'payib ketgan ekan, duo qilishga soatlar sarfladim. Allohga shukr, cheksiz shukr.
NImani his qilganimni ifodalab berolmayman, shunchaki xulosalarim o'laroq nimalarnidir qoralamoqchiman xolos.
***
Umraga kelishni niyat qilgan bo'lsangiz, oz-ozdan pul jamg'arib boring;
***
Safar uchun qish faslini mo'ljallang, chunki bu paytda Madinada 23-25, Makkada 30-33 gradus issiq bo'ladi.
***
Oldin Madinada, keyin Makkada bo'lgan ma'qul ekan, chunki Madinada, asosan, bir jouda o'tirib ibodat qilasiz, charchab qolmaysiz, Makkada esa tavof, sa'y uchun kuch kerak. Yana Haj va Umrani bola-chaqadan qutulib, pensiyaga chiqqandan keyinga reja qilmaslik kerak ekan, chunki keksayib quvvatdan ketganingizda qiynalarkansiz.
***
Kelishdan oldin Umra va Haj amallariga oid qo'llanma va ko'rsatmalarni o'qib, o'rganib, aytiladigan duolarni yodlab olish kerak ekan, chunki aks holda tuzuk-quruq hech nimani bilmay dovdirab yurishga to'gri keladi. Amallarni to'g'ri bajaryapmanmi-yo'qmi, xato qilib qo'ymadimmi, deb ikkilanib yurilmaydi.
***
Duo qilayotganda Alloh shuni ijobat qiladimi yo'qmi deb shubhaga bormang. Allohga oson.
***
Iloj boricha, sheriklaringiz bilan dunyoviy mavzularda gaplashmang, g'iybatga o'tib ketib qolganingizni bilmay qolasiz. Madinada o'qilgan 1 rakat namoz 1000taga, Makkada o'qilgan 1 rakat namoz 100 000ga teng, demakki, guoh va savobingiz ham shuncha ortadi. Yaxshisi, masjidda o'tirganlarga tarqatish uchun bodom, mayiz, turshak kabi quruq mevalar olib oling.
***
Ka'bani tavof qilishga mahsi qulay ekan, oyoqdan zax o'tmaydi. Shippaklar oyoqni kimdir bosib olganda tushib qolarkan.
***
Tavof payti yerda yotgan ( odamlar tushirib qoldirilgan) shippak, ro'mol, ro'molga sanchiladigan nina, suv idishlari kabilarni terib yuring, tavof tugagach chiqindi qutisiga tashlang va savobini ota-onamga bag'ishlayman deb ayting, - deb o'rgatdilar ustoz Arofat opa. Shunga amal qildik baholi qudrat.
***
Ka'bani ushlashim kerak deb odamlarni itarish, birovga ozor yetkazishdan saqlanish kerak.
***
O'zbekiston musulmonlar idorasi 48yoshdan oshgan ayollarga mahramsiz borishga ruxsat bergan ekan, ammo tiqilinchda sizni suyaydigan, himoya qiladigan mahramingiz - baquvvat odam bo'lishi kerak (aeroportda jomadon ko'tarish, sudrash kabilarda-yu, ayniqsa)
***
Ka'baga ko'zing tushganida so'ragan 1-narsangizni Alloh albatta ijobat qiladi, shuning uchun o'sha paytda "Ey Alloh, meni duosi mustajob bo'ladiganlardan qil, deb so'rang, - dedilar Ayam. Shunda bitta emas, barcha so'raganlaringiz qabul bo'ladi, inshallah.
***
Mening yetarlicha ilmim yo'q, onam va ukam o'rgatganlari, kitoblardan o'qiganlarim, o'zim xulosa qilganlarim asosida, baholi qudrat ibodat qilyapman. Hech kimga aql o'rgatish niyatim ham yo'q.
***
Ammo samimiiy duodamanki, Alloh har biringizni panohida asrasin, astoydil niyat qilganlarni baytida mehmon qilsin.
@suvaydo