Yangi paydo bo’layotgan texnologiyalar, shu jumladan sun’iy intellekt rivojlangani sari, ko’pchilik insoniyatning ushbu shakllanayotgan dunyo paradigmasidagi o’rni haqida qayg’urishni boshlayapti. Katta til modellari (masalan, ChatGPT) hozirning o’zida o’rtacha ofis xodimi bajara oladigan vazifalarining aksarini tezroq va sifatliroq bajarishi hech kim uchun sir emas. Undan tashqari, AGI (Artificial General Intelligence) bir kun kelib paydo bo’lsa, insoniyatning sun’iy intellektdan afzalroq bo’lgan tomonlari umuman qolmaydi. Demak, har birimiz ishsiz qolishimiz muqarrar, to’g’rimi?
Yo’q.
Sababi oddiy - nisbiy ustunlik. Sun’iy intellekt (SI) har bir sohada ixtiyoriy insondan yaxshiroq bo’lsa ham, uning ustunlik darajasi bir xil bo’lmaydi.
Misol uchun, deylik, butun dunyodagi SI modellari bir kunda 300 million bemorga tashxis qo’ya oladi yoki 600 million programma uchun kod yoza oladi. Insoniyat esa bir kunda 100 million bemorga tashxis qo’ya oladi yoki 100 million programma uchun kod yoza oladi deb faraz qilaylik. Ko’rishingiz mumkinki, SI tibbiyotda ham, ITda ham unstunlikka ega.
Lekin SI har bir qo’shimcha tashxis uchun 2 programmadan voz kechishi kerak. Insoniyat esa har bir qo’shimcha tashxis uchun 1 dona programmadan voz kechadi. Bu muqobil xarajat (opportunity cost) deb ataladi. Demak, programmalar sonida ifodalanganda, tashxis qo’yish insoniyat uchun, SI bilan solishtirganda, arzonroqqa tushadi. Shunday ekan, SI programma yozishda, insoniyat esa tashxis qo’yishda ixtisoslashgani optimal.
Boshqacha qilib tushuntirish uchun: faraz qiling, siz milliard dollarlik kompaniyaning prezidentisiz. Shu bilan birga, siz butun dunyoda klaviaturada pechat qilish tezligi bo’yicha birinchi o’rinni egallaysiz. Savol: kompaniyangizga kelib tushadigan elektron xatlarga o’zingiz javob berib o’tirganingiz ma’qulmi yoki kotibni shu uchun ishga olganingizmi? Aminmanki, deyarli har bir inson “kotib olganim” deb javob beradi. Sababi: siz xatlarga har bir ixtiyoriy kotibdan tezroq javob yoza olishingizga qaramay, sizning vaqtingizning narxi ancha baland, va u boshqa muhimroq vazifalar uchun ajratilishi optimal. Xuddi shu mantiq SI va insoniyat orasidagi vazifalar taqsimotida ham ishlaydi.
Albatta, hamma yozganlarim ishlashi uchun SI cheksiz miqdordagi vazifalarni bajarish qobiliyatiga ega bo’lmasligi kerak. Ya’ni, SIning taklifi chegaralangan bo’lishi zarur (supply-side constraints). Bu esa shunday bo’lib qoladi ham, chunki SI doimo hisoblash quvvatlari va elektr energiyasiga chambarchas bog’liq bo’lib qoladi. Bu ikki resurs cheksiz miqdorda paydo bo’lmagunicha, SI faqat eng optimal vazifalarda ixtisoslashadi, insonlar esa boshqa ishlarni bajarishda davom etadilar.