Necha bor qalbingda tikladim qasr,
Ayriliq bo’roni buzdi muttasil.
Nechun yana qattiq qish kelayotir,
Bahor emasmidi biz kutgan fasl?!
Sahroyi sevgimiz ko’kargan dashtim,
Sog’inch o’rdasida muncha savashtim?..
Nahot adashtirdim, nahot adashdim,
Bahor emasmidi biz kutgan fasl?!
Sevildik — sevindik, ammo aqlli
Zotlardek bo’lmadik sipo shaklli,
Ertaroq nishonlab qo’ydik shekilli,
Bahor emasmidi biz kutgan fasl?!
Azizim, asalga evrilsin zahr:
Sevgida saxiy bo’l, nafratda — baxil,
Bahorga aylantir qishni ham, axir,
Bahor emasmidi biz kutgan fasl?!
Bahor emasmidi biz kutgan fasl?!
Mansur JUMAEV
@dengizgaketamiz