"Davlat" kitobini o'qir ekanmiz, asar qadimgi Yunon qadriyatlarini o'zida mujassam ettirgan holatda, Suqrotning quyidagi so'zlari bilan boshlandi: "Kecha men Aristonning o'g'li Glavkon bilan birgalikda ma’budaga sig'inish uchun Pireyga bordim, bundan tashqari, ma’budaning bayramini qanday o‘tkazayotganliklarini ham ko‘rmoqchi edim".
Va asarda, "Zevs nomi bilan ont ichamanki", "Zevsga qasamki" kabi jumlalarni qahramonlar aktiv ishlatib borishadi. Bu bizga davr va joy atmosferasini to'liq anglash uchun yordam beradigan qimmatli manbadir, aslida. Chunki hozirgi zamonga kelib ham, hayotimizning ko'p jabhalarida qadimgi yunon falsafasiga, atamalariga va an'analariga murojaat qilmoqdamiz. Siyosatdan tortib kalendargacha hamma yo'llar qadimgi Yunonistonga olib boradi.
Biroq meni tanimaganlar ko'p qiziqishadi nega tug'ilgan kunni oddiy kundek qabul qilishimga, odamlarni tabriklamasligimga va o'zim ham sovg'a va tabrik qabul qilmasligimga. Mantiqiy jihatdan, men yilida bir marta emas, iloji boricha har kuni loyiq ekanligimni his qilib yashaydigan davra a'zosiman. Biologik jihatdan, meni tug'ilishimga sababchi odamlar tabrik va sovg'alarga haqlidir. Hujuvatingiz ko'tarsa, borib ularning ko'nglini oling. Marketing jihatidan, men istemolchi jamiyatning iste'molchi a'zosi emasligimni aniq belgilab olganman.
Diniy jihatdan, menga bu kunni bazm-u jamshidda o'tkazishim uchun biror tayinli fatvo berilmagan. Tarixiy jihatdan esa, qadimgi Misrda Fir'avnning Xudo sifatida tug'ilishini nishonlash tadbiri va qadimgi Yunonistonda oy xudosiga sig'inish rituali hisoblangan (har bir detali bir amaliyot, hatto, tort va shamlar, uning puflanish jarayoni ham), hozirgi kunga qadar yetib kelgan bu an'anani nishonlash naqadar to'g'ri?
Endi esa, katta munozaralarga olib kelgan yangi yil bayramini nishonlamasligim haqida. Bu ham xuddi o'sha sabablar bilan bog'liqdir. Ushbu kun haqida videoda biroz ma'lumot berilgan. Aniqki, din ilmida ham, ilm-fanda ham eng cho'qqida emasman, ammo "nima uchun?" degan savolni berish men uchun qiyin emas. Ayniqsa, XXI asrda ma'lumot topish juda osondir.
Marketing kurslarida o'qigan va bir necha yillik tajribaga ega shaxs sifatida ham shuni aytamanki, ratsional kishilarni diniy fobiyalaringiz bilan assotsiatsiya qilmasdan, o'zingizga savol va javob berishdan qo'rqmasdan bir o'ylab ko'ring-chi: siz iste'mol qilayotgan mahsulotlarning tarkibigayam qiziqmasdan sotib olishingiz, qaysidir musiqani eshitishingiz, qaysidir hazilni tilingizga olishingiz, qaysidir sportchini deb jon kuydirishingiz, qaysidir usulda kiyinishingiz — hammasi o'zingizning tanlovingizmikan yoki qayerdadur sizning psixologiyangiz yaxshilab hisob-kitob qilib chiqilgan?
Ongli jamiyatda yashashni istar ekanmiz, ongli holatga ko'chishni qabul qilish darajasiga yetishimiz va jamiyat ongli ravishda surib chiqarayotgan narsalardan rostakamiga voz kecha olishga irodali bo'lishimiz kerak, azizlar. Kim ham mahsulotlari inson sog'ligiga foydali, ta'lim sistemasi to'g'ri, turmush qurish oson, birta aniq kun emas, har kunini bayramdek o'tkazadigan, tarbiyasi koinot darajasida raso jamiyatda yashagisi kelmaydi.
Buning uchun hamma jamiyatda talab yo'q narsalarga talab yo'qligini ko'rsata olishi kerak. Bunga harakatlar ziyolilar tomonidan boshlab berilganida "Jadidlar" davri edi. Ya'ni haligacha davom etmoqda, Xudoga shukr. Lekin ba'zi intellektual qatlam a'zolarimiz borki, haliyam har qanday o'zgarishni nimagadur islomafobiyalari bilan qabul qilisholmaydi.
Shunaqalarga maslahatim, shu islomofobiyangiz o'zingiznikimi yoki kimgadur sizni shunaqa programmalash kerak bo'lganmi, bir sarhisob qilib ko'rsangiz. O'zingizniki bo'lsa, shifo tilayman. Kimdirning ta'sirida bo'lsangiz, ilm oling. Yana bir gap, men bunaqa rituallarni nishonlaydiganlarga "Nishonlama", demayman, avvalo, qadriyatim gapirsin. Ikkinchidan, menga ham kelib "Nishonla", deyishga hech kimning haqqi u yerda tursin, sababi ham yo'q. Shuning uchun, faktlar olamida bir-birimizni tushunib yashashga nima yetsin.
Hamma gapim shu.