Oʻrganib qolganimni
Oʻylamaydi Oʻgʻiloy,
Oʻrtanib tolganimni
Oʻylamaydi Oʻgʻiloy -
Uch kun boʻldi koʻchaga
Boʻylamaydi Oʻgʻiloy…
_
Kecha borsam eshikka
Chopib chiqdi yangasi,
Qosh chimirib yangi gap
Topib chiqdi yangasi:
Oʻgʻil bolalar bilan
Oʻy-na-maydi Oʻgʻiloy!..
_
Ikkimizni hech kimsa
Ajratolmas derding-ku,
Oʻnta oʻgʻil boladan
Oʻzing yaxshi eding-ku…
Odam doʻstin bunchalar
Qiynamaydi, Oʻgʻiloy?
_
Sensiz dunyom qorongʻu,
Halovat yoʻq jonimda,
Malikadek sollanib
Yurmas boʻlsang yonimda,
Ayriliqqa yuragim
Chidamaydi, Oʻgʻiloy!…
_
Seni oʻzim koʻtarib
Katta "qilib yelkamda",
Endi oʻzim zor boʻlsam,
Alam qilar ekan-da,
Bu xoʻrlikka kim chidab,
Yigʻlamaydi, Oʻgʻiloy?…
_
Men bundan buyogʻigʻa,
Chidolmayman dogʻiga,
Kunda borib tonggacha
Tosh otaman bogʻiga.
Tamom, endi toʻygacha
Uxlolmaydi, Oʻgʻiloy!..
_
✍ Muhammad Yusuf Sheʼri📚
🎙 Abdumalik Gʻaynazarov ijrosi
🎙 Qahramon Toʻxtasinov ijrosi
@Muhammad_Yusuf_Hayoti_va_Ijodi