Bek Olimjon @drbekolimjon Channel on Telegram

Bek Olimjon

@drbekolimjon


▫️Xalqaro toifadagi ko’z shifokori 🇪🇺🇺🇿🇮🇳🇸🇪🇳🇴
🔜 Norvegiyada professor
▪️Fikrlar, hayotiy hikoyalar, o’gitlar, rivojlanish, kelajak…
▫️Balki foydasi tegar...

Instagram.com/BekOlimjon

YouTube.com/BekOlimjon

bekolimjon.com

Bek Olimjon (Uzbek)

🌟🌍🇪🇺🇺🇿🇮🇳🇸🇪🇳🇴💬🔜 Bek Olimjon - Xalqaro toifadagi ko’z shifokori Norvegiyada professor. Kanalda fikrlar, hayotiy hikoyalar, o’gitlar, rivojlanish, kelajak va boshqalar haqida ma'lumotlar mavjud. Bek Olimjon orqali balki sizning hayotingizga foyda yetar. Kanaldan qiziqarli paytlar va ma'lumotlar olish uchun Instagram.com/BekOlimjon, YouTube.com/BekOlimjon va bekolimjon.com manzillariga tashrif buyuring. Ergashtiruvchi va foydali bilimlardan o'zaro fikrlar olish uchun Bek Olimjon kanaliga obuna bo'ling!

Bek Olimjon

09 Dec, 06:08


ChatGPT yoki Grokdan savol so’rash oddiy holatga aylanib qoldi.

Ammo men kecha bir narsani o’ylab qoldim. AI dan biz savol so’ragan sarimiz uning bilimi ortib boradi. Bizdan ham savol so’rashsa fikrlaymiz va bilim ortadi.

Oddiy misol, bizga ustozlar o’rgatadi, tushunganimizni bilish uchun mavzu bo’yicha savol berishadi.

Kecha undan savol so’rash o’rniga u mendan savol berishini so’radim.

Natija juda qiziq bo’ldi.

Mana bunday deb yozdim:

Mendan (X mavzuni) to’liq tushunib yetmagunimcha savol berishdan to’xtama.

X mavzu bu men o’rganishni xohlagan har qanday mavzu.

Misol uchun
Mendan inflyatsiyani to’liq tushunib yetmagunimcha savol berishdan to’xtama.

Natija quyidagicha bo’ldi.

Dastlab inflyatsiya bo’yicha eng oddiy savollardan birini berdi. Bilimimni tekshirish uchun. Undan keyin javobimga qarab murakkablashib ketaverdi. Har bir tushuncha ortidan bilganimni tekshirish uchun savol so’radi. Agar tushunmadim desam bir qadam ortga qaytib, ”non-chaynab” bergandek qilib tushuntirishga harakat qildi. O’sha mavzudagi muhim tushunchalarni birma-bir aytib bo’lganidan keyin ”qanchalik tushunding?” deb savol berdi.

Eng qizig’i men gapni boshqa tomonga burmoqchi bo’lib mavzuga mutloq aloqasi yo’q narsa haqida yozib ham ko’rdim.

Javobi esa: ”mavzudan chetlashmaylik” bo’ldi 😁

O’zbek tilida ham sinab ko’rdim, Grokda ham ChatGPT da ham. Ingliz tilidagi sifat 10 chandon ortiq.

Autodidaktika bilan ishlay oladigan odamlar endi x10 tezlikda harakatlana oladilar.

Kelajak naqadar go’zal. AI juda ko’p ishlarimizni yengillashtiradi, samaradorlikni oshiradi.

Hammaga xayrli haftalar tilayman azizlar!

Bek Olimjon
09.12.24
Norvegiya

Bek Olimjon

08 Dec, 09:52


Inson mazmunli hayot kechirishi uchun nimalar muhim?


• hayotda biz ta’sir qila olmaydigan omillar ko’pligini tan olish (faith)

• jamiyat uchun foydali sohani tanlash (market economy)

• imkon qadar ko’p odamga foydasi tegadigan maqsad qo’yish (scalability)

• maqsad sari muntazam harakat (consistency)

• kelajakda afsuslanishga sabab bo’ladigan xato qilmaslik (moral compass)



Mana shularni qilsak biz kelajakda baribir boy bo’lamiz.

Eng muhimi - o’limdan oldin afsuslanadigan xato qilmasligimiz!

Bek Olimjon
06.09.24
Toshkent

Bek Olimjon

07 Dec, 09:55


O’zbekiston chet elga talaba yuborish bo’yicha dunyoda 3-o’rinda ekan. Xitoy va Hindistondan keyingi o’rinda. (1)

Agar bu ko’rsatkich har bir davlat aholisiga nisbatan qaralsa O’zbekiston 1-o’rinda bo’ladi.

Men 2010-yilda Shvetsiyaga o’qishga kelganimda ota-onam juda ko’pchilik qiladigan xatoni qilishmagan.

Mendan uyga pul yuborishimni hech ham so’rashmagan. Shu sabab menda uyga pul yuborish bosimi bo’lmagan. Natijada vaqtimni o’qishga qarata olganman.

Bu juda muhim.

Bolasini chetga o’qishga yuborayotganlardan iltimos qilib so’rar edim:
«Bolangiz o’qigani ketgan bo’lsa undan pul yuborishini emas, mutaxassis bo’lishini talab eting»

Agar pul jo’nat desangiz hozir 1-2 yil mayda ishlarda ishlab 10-15 ming dollar topadi, o’qishni tugatib tuzuk ish topa olmay yo qaytib ketishga majbur bo’ladi yoki illegal bo’lib yashirinib yuradigan bo’ladi.

Rivojlangan davlatlarda mutaxassisga ehtiyoj kundan-kunga oshib bormoqda. Mutaxassis bo’lsin, pul uni ketidan quvadi.

Shunda sizga o’sha mashina ham bo’ladi, uy ham bo’ladi, to’y ham bo’ladi.

Shularga qo’shilib o’z atrofidagilirini oyoqqa turishiga yordam beradi. Jamiyatga yordam beradi.

Haqqingizga duo olib keluvchi bo’ladi.

Faqat sizdan farzandga bo’lgan ishonch, ruhiy ”podderjka” va ozgina sabr kerak xolos.

Bek Olimjon
07.12.2024
Norvegiya

Bek Olimjon

06 Dec, 07:13


Shoshilish hissi

O’zbekistonda 25 yoshgacha bo’lgan aholi soni: 14,2 million

Norvegiya, Finlyandiya, Estoniya, Latviya. Bu 4 ta davlat jami aholisi 14,2 million

Siz 20-25 yoshdasiz: raqobatni his qilyapsizmi?

Kelajagingiz haqida qayg’urish vaqti allaqachon kelgan


Shoshilish zarur!

Iqtisodiy raqobatda yutib chiqishning sinalgan va eng samarali usuli bu bilim olish orqali.

Jamiyat uchun kerakli bilimlar o’rganish uchun birinchi qadam bu til o’rganish.

Faqat o’zbek tilidagi ma’lumotlar bilan raqobatda ishtirok etish qiyin, azizlar!

Til o’rganish bu safarning boshi, manzil emas.


Bek Olimjon
06.12.24
Oslo, Norvegiya

Bek Olimjon

05 Dec, 16:07


Do’stim: o’gil tishiga breket qo’yganmiz, qiyshiq tishini to’g’rilash uchun

Men: tomog’i ham o’griydimi?

Do’stim: Ha, anginasi bor

Men: burnini tuzatish kerak. Breket bu asoratni to’g’rilaydi, qiyshiq tishga sabab bo’lgan muammoni emas.

Dos’tim: …


Shu joyda o’smirlarda tishlar qiyshayishini tushuntirishga harakat qildim. Keyin fikrlarni sizlar bilan ham bo’lishay dedim.


Tishlar qiyshayishiga sabab bir nechta. Tish duxtirlar (hammasi ham emas) asosiy sababni ”jag’lar yetarlicha katta emas, tishlarga yetarlicha joy yo’q” deb tushuntirishadi. Bu eng ko’p uchraydigan sabablaridan biri.

Bola va o’smirlarda jag’lar to’g’ri o’sishini belgilab beradigan muhim omil bu burun bo’shlig’ini yetarlicha keng bo’lishi. Agar burun bo’shlig’i keng bo’lmasa jag’lar ham kichkina bo’ladi.

Endi burun bo’shlig’i yetarlicha keng bo’lishi uchun u ishlashi kerak. U qachon ishlaydi? Qachonki u orqali havo qiynalmasdan o’tsa.

Shuning uchun ham burundan nafas olish juda muhim. Agar bola burun orqali nafas olmasa burun bo’shlig’i yetarlicha kengaymaydi, bu esa jag’ni kichkina bo’lishiga sabab bo’ladi. Bu esa tishlar qiyshayishiga.

Qiyshiq tishni to’g’rilashdan oldin, burun ichidan qiyshiq emasmikin deb tekshirish kerak.


Do’stim o’g’lida nega tomoq o’g’riydi? Sabab burundan to’liq nafas ola olmaydi, og’izdan oladi. Tomoq quriydi va yallig’lanadi.


Muammoning asl sababini o’rganishga harakat qilish, bir xatoni qaytarmaslikka yordam beradi.

Kelganda yozib qo’yay dedimda 👃

Balki foydasi tegar…

Bek Olimjon
05.12.24
Bergen, Norvegiya

Bek Olimjon

04 Dec, 04:54


Oftalmologiya bo’yicha tibbiyot institutlari talabalari uchun tayyorlangan darslar


Nafaqat talabalarga, balki ordinator va magistrlarga (balki oftalmologlarga) ham foydasi tegishiga ishonchim komil



https://youtube.com/playlist?list=PLhPAlhM1eKze3AxXHFuW8V6fRC0knTxeV&si=eOk-Y_EdyEo6dYbp


Balki foydasi tegar…

Bek Olimjon
04.12.24
Stokgolm, Shvetsiya

Bek Olimjon

03 Dec, 13:13


Ko’z duxtir endi tadbirkor


2015
Uzbda xirurg edim, hammasini tashlab, mavhumlikni qabul qilib Norvegiya keldim

2021
Yevropada oftalmolog litsenziyasini oldim

2023
Hamkorlikda yangi ko’z klinikasi ochdik Norvegiyada. Klinika yaxshi ishga tushdi, boshqa shaharda bitta filial ochdik, 2-filial ochilish arafasida

2024
O’zimni shaxsiy klinikamni ochishga qaror qildim…

Yanvar 2025
dan boshlab yangi o’z xususiy klinikam ishga tushadi, Norvegiyada (hozircha :))


Alloh rahmati cheksiz!


Ko’z duxtir endi tadbirkor 😁


Bek Olimjon
3.12.24
Norvegiya

Bek Olimjon

02 Dec, 23:29


Hayot tarzi inflyatsiyasi

Post boy va puldor orasidagi farq, inflyatsiya tushunchasi va hayot tarzi inflyatsiyasi haqida.

Puldor kim?
Puli bor odam bu puldor odam. Odatda bu holat puli bor ekanligini ko’rsatish orqali namoyon bo’ladi.

Boy kim?
Puli tugamaydigan odam. Boy odam keladigan daromadi, ketadigan harajatidan doim baland bo’ladi. Bu ko’rsatkich butun umr bo’ladi. Qo’pol qilib aytganda yeb tugata olmaydi pulini.

Qiziq jihati shuki haqiqiy boy odamlar oddiyroq yashash tarzini tanlashadi. Mehnat qilib topgan pulini ko’kka sovurmaydi. Shu sababli ham qattiq ishlashga majbur bo’lishmaydi. Vaqti ko’p bo’ladi. O’z vaqti ustida o’zi xo’jayin bo’ladi.

Hamma puldor ko’ringan odam ham boy degani emas. Bugun puldor, ertaga qarzdorlarni ko’p ko’ramiz.

Kuniga 1000$ topib, 1000$ sarflaydigan odam boy emas. Boy odam kuniga 1000$ topsa, sarfidan orttirib, ortganini foyda keltirish uchun investitsiya qiladi.

Boy odam uchun boshqalar nima deyishidan ko’ra uning o’z erkinligi muhim. O’z xohlaganidek hayot kechirishi muhim. Boshqalarga qaram bo’lishni xohlamaydi boy odam.


Inflyatsiya nima?
Iqtisodda inflyatsiya tushunchasi maxsulot yoki xizmatlar narhi oshishi hisobiga bir pul birligini qadrsizlanishiga aytiladi.

Misol uchun o’tgan yili go’sht, pishloq, shakar har biri kilosi 100 mingdan bo’lgan bo’lsa, yanagi yil shular biri kilosi 150 mingdan bo’lishi. Barcha turdagi transport chiptalari narhi ortishi. Agar go’sht narhi 100 dan 150 ga chiqib, pishloq narhi 100 dan 50 ga tushgan bo’lsa bu inflyatsiya emas. Shunchaki bozorda go’shtga bo’lgan talab ortdi, pishloqqa bo’lgan talab pasaydi degani.

Shaxsiy moliyasi ustidan nazorat o’rnatmoqchi bo’lgan inson uchun eng muhim tushunchalardan biri bu ”hayot tarzi inflyatsiyasi”.

Hayot tarzi inflyatsiyasi - ko’proq pul topgan sari ko’proq pul sarflash. Buning asosiy sababi psixologik bo’lib ”bunga qurbim yetadi” deb mantiqiy asos (bahona) topish. Buni aslida yomon tarafi yo’qdek. Ammo ko’p pul topgan sari ko’proq pul sarflash insonni g’ildirak ichida yuguradigan kalamushga aylantirib qo’yadi.

Bugun mahalla boshidagi hojakani oshxonasida 3000 ga qiyma kabob yeb yoki sopol kosada yarimta lag’mon yeb maza qiladigan odam, ertaga ozgina pul topdi va shahar markaziga borib Turk oshxonasida 10000 ga döner yeyishni boshladi. Ertaga yana ko’proq pul topdi va 500 000 ga mangal go’sht yeyishni boshladi. Ko’p topgan sari ko’p sarflashni boshladi, yanada ko’proq topish uchun yanada ko’proq ishlashni boshladi, yanada kattaroq risk qilishni boshladi, ishiga ko’proq vaqt sarflagani uchun ko’chada ko’proq vaqt sarflashni boshladi va hok. Mayli, omadini bersin deymiz. Ammo har qanday harakat va maqsadimiz solig’i bor ekanligini tushunishimiz zarur. Ko’p sarflash solig’i ko’proq pul topish uchun ko’proq vaqt sarflash.

Nafsni boshqarish qiyin. Shuning uchun qanoatni tushunib yetish juda muhim.

Bir nechta tanishlarim bor. Sifatli yashash uchun puli yetadi, ortadi ham. Hozirdan ishlamay qo’ysa ham butun umr puli kelib turadigan darajada. Ammo yana-yana-yana deyish sabab butun umrini ko’chada o’tkazadi.

Ammo har kuni 4-5 soat rulda o’tirib salomatligiga zarar yetkazayotganini tan olgisi kelmaydi.

Telefonda 2-3 so’m uchun tortishib asabiylashishi qanchalik arzimas ekanligini tushungisi kelmaydi.

(Bu post o’quvchilari aksar qismi post mazmunini hozir tushunmasligini bilaman. Bugun bir do’stim bilan bo’lgan suhbatdan keyin bo’lishgim keldi xolos.)



2008-yil. Bir yaqin insonimiz umri ohirgi soatlari. Yonida o’tiribman. Sochiqni xo’llab peshonasiga bosaman.

O’z davri uchun puldor odam bo’lgan. Umrini pul topish uchun sarflagan, topgan, ikkitalab Tiko mashinasini olgan.

Joni chiqishidan 20 minut oldin. Men nima xohlashini so’radim, muzdek suv beraymi dedim.

”Bek, qishlog’im olmasini sog’indim” dedi.

O’lim muqarrar va qachon kelishini bilmaymiz. Ammo bilishimiz kerak bo’lgan narsalardan biri bu hayot tarzi inflyatsiyasi.

Buni tushunmagan va nazorat qila olmagan odam butun umrini pul ortidan yugurib o’tkazishga mahkum.

Bek Olimjon
06.05.24
Norvegiya

Bek Olimjon

01 Dec, 17:10


Roger Federer - tarixdagi eng zo’r tennischilardan biri.

Yaqinda Roger Federerni Dartmouthdagi nutqini ko’rdim.

Qiziq holat. U qanday qilib mag’lubiyatlarni yengib o’tish haqida gapirdi. Nutqidan bir parcha.


”Men faoliyatim davomida 1526 ta o’yinda ishtirok etdim va shulardan 80% da g’alaba qozondim.

Ammo ochko bo’yicha necha foizini yutdim? Atigi 54%. Boshqacha qilib aytganda top tennischilar ochko hisobida o’rtacha 50% yutuqqa erishadi.

Har ikkitadan bitta ochkoni yutqazaverganingdan keyin o’zinga yaxshi saboq bo’ladi. Mag’lubiyatga uchraganing uchun siqilmaslikni yaxshi o’rganasan. Muhimi keyingi qadam. Bor fokusni unga qaratish. O’yin davomida bitta ochko bu eng muhim narsa emas. O’tdi-ketdi. U qaytmaydi.

Shuning uchun mag’lubiyatni qabul qila olishni o’rganish muhim. Agar shunday qila olsang u senga erkinlik beradi. Natijada sen bor kuchingni aniqlik bilan keyingi ochkoga qarata olasan”

Bundan qanday xulosa qilish mumkin?

Biz biror ishni uddasidan chiqa olmasak, nimadir o’xshamasa siqilb yurishni to’xtatish kerakligini, undan dars olgan holatda keyingi muhim vazifaga fokusni qaratishni o’rganishimiz zarur.


Biz nima qilamiz?

Bir darsdan 4 oldik, uni 5 qilishga harakat qilamiz.

Bir qiz rad javobini berdi, unga erishaman deb ortidan yuguramiz.

Bizni ishga olishmadi, bahonalar topamiz.

Ishimiz o’xshamadi, boshqalarni ayblaymiz va hok.

Ozaman deymiz, o’xshamaydi, yana semirishda davom etamiz.

Til o’rganaman deb boshlaymiz, qunt qilmaganimiz uchun natija bo’lmaydi. Tashlab ketamiz.


Inson hayoti uchun uning o’zidan boshqa hech kim javobgar emas.

Inson o’zi xohlagan hayotini qurishga harakat qilishi muhim.

Nima bo’lishidan qat’iy nazar, faqat va faqat o’zi javobgar.


Bek Olimjon
28.06.2024
Norvegiya

Bek Olimjon

30 Nov, 10:42


Kimlargadir havas qilamiz, ulardan o'rnak olamiz, ularni o’zimizga ustoz deb bilamiz.

Agar 5 yildan keyin ularga o'xshamoqchi bo'lsak ular aytayotgan gaplariga emas,

ularning ustozlari aytayotgan gaplarga, yanada muhimrog’i qilayotgan ishlariga e'tibor berishimiz kerak.

Ya'ni "nabira shogird" bo'lishga harakat qilish kerak.

Bek Olimjon
30.11.2024
Bremen, Germaniya

Bek Olimjon

29 Nov, 13:00


Yaxshi savol berish haqida, 2-qism

“Bir insonga uni beradigan javoblaridan ko’ra uning savollariga qarab baho berish kerak” - Voltaire

Savol so’rashda nimalarga e’tibor berish kerak? Yaxshi savol berish uchun nima qilish kerak? Bugungi post mana shu haqida.

Bu mavzuni menga “Norvegiyada o’qish va yashash” mavzusida beriladigan savollar misolida ko’rib chiqamiz. Vaziyatingizga moslashtirib olaverasiz qolganini 😊

Savol berishda mana shunga yaqinroq holda savollarimizni shakllantirsak o’zimizga foydaliroq bo’ladi degan fikrdaman.

Norvegiyada o’qish bu Googledan javob topish mumkin bo’lgan savol bo’lsada, tushunishga oson bo’lishi uchun misol tariqasida olamiz.

1. Savolda aniqlik muhim.

Aniq savol aniq javob olish imkonini beradi. “Men Norvegiyada magistratura qilmoqchiman. Nima qilay?” Bu ancha keng qamrovi keng savol. O’rniga “Men Oslo universitetida iqtisod bo’yicha 2025-yili magistratura qilmoqchiman. Men uchun eng birinchi qadam nima?” mana shu savol bo’lsa aniqroq javob olish mumkin.


2. Savolingizni bir necha aniq detallarga bo’lib bering.

Javob berishni osonlashtiradi. Misol “Norvegiyada yashash harajatlari uchun; uyga, transportga, ovqatga, kiyim kabilarga o’rtacha talaba hayoti uchun minimum va maksimum qancha ketadi?”


3. “Siz nima qilgan bo’lar edingiz…?” mazmunidagi savol odatda yaxshi natija beradi. Bunda javob beruvchidagi mas’uliyatni faqat o’zida qoladi, erkinroq va aniqroq javob olasiz. Misol “Men ishimni tashlab Norvegiyaga o’qishga ketishimni tavsiya etasizmi?” degan savol javob beruvchiga katta mas’uliyat yuklaydi va umumiy, mavhum javob olasiz. Men ketgin desamu, ertaga siz bu qarordan afsus qilsangiz men nima qilaman degan mas’uliyati bo’ladi menda. Shuning uchun yo javob berishdan qochishim mumkin, yoki umumiy javob berishim mumkin. Undan ko’ra “Siz Uzbda yaxshi to’laydigan ishingiz bo’lganida ham, Norvegiyada magistraturaga o’qishga ketgan bo’larmidingiz?” deya savol berish ma’qulroq. Bu savolda eng markaziy punkt nega Uzbdagi ishni tashlab ketgan bo’lar edim degan qismiga aniqroq javob olish imkoni bor.


4. Savol berayotganda misollar bilan bering.

Misol uchun mana bunday “Osloda o’qiyotgan yoki o’qigan ko’p o’zbeklar bor. Ular bilan siz aloqadasiz, qanday xatolar eng ko’p takrorlanganligiga guvoh bo’lgansiz?” Bu savol menga kamida 3-4 ta talaba bo’lib kelgan odamda uchragan umumiy xatolarni aytib berish imkonini beradi.


5. Savolda qarama-qarshilik so’ralishi ham yaxshi.

Misol uchun “Norvegiyada 10 yilga yaqin yashayapsiz. Eng katta plyus va minuslari nimadan iborat?”


6. Qiziquvchanlik bilan savol so’rash. Misol uchun “Norvegiya haqida o’zbek jamiyatida keng tarqalgan noto’g’ri fikrlar qaysilar deb o’ylaysiz?”


7. Savolni so’ragandan so’ng, to’xtab insonni eshitish va nima deyayotganiga sinchkovlik bilan e’tibor berish juda muhim.

Juda ko’pchilik qiladigan xato javobga e’tibor bermaydi, uning savoliga javob berilayotgan vaqtda o’zini keyingi savolini yoki o’zi keyin nima deb gapirishini o’ylab turadi. Savol beruvchi sifatida fikr bildirish shart emas. Ammo tinglash juda-juda muhim.



8. Javob beruvchining qadriyatlariga mosroq savol berish.

Misol “Norvegiyada musulmonlar bormi?” degandan ko’ra “Biz hayit kunlari dam olamiz, Norvegiyada hayit bayrami kuni ishlashga to’g’ri kelsa nima qilinadi?” savoli kengroq ma’lumot olish imkonini beradi. Shunda javob beruvchi qanchalik taqvodor yoki ateist bo’lsin diniy bayramlar uchun qonuniy dam olish kuni belgilanishini aytadi. Na six kuyadi, na kabob shunda.


Bek Olimjon
07.04.24
Norvegiya

Bek Olimjon

26 Nov, 14:43


Yaxshi savol berish haqida... 1-qism

Savol berish bu bilim olish kafolati. Shakllantirish muhim bo’lgan ko’nikmalardan biri.

O’zim ustozlar, muvaffaqiyatli insonlar davrasida yaxshi savollar berishni o’rganish jarayonidaman.


Qanday savollar bermaslik yaxshiroq? Qanday savollar berish kerak? Yaxshi savol qanday bo’ladi? Nimalarga e’tibor berish kerak? Post mana shular haqida



Qachon savol so'ramaslik va qanday savollarni so’ramaslik kerak?

1. Javobini googledan topish mumkin bo'lgan umumiy savollar. Misol uchun “Norvegiyada yashash qimmatmi?”, “Norvegiyada o’qish tekinmi?” Tilni bilmaysizmi, tarjimondan foydalaning.

2. Savolni avval o’zidan so’rash. Biz odatda savollarimizga javobni allaqachon bilamiz. Biz javob qidiryapmizmi yoki javob beruvchi tomondan tasdiq yoki bahona qidiryapmizmi, buni aniqlab olishimiz zarur. Misol “25 yoshda ingliz tili o’rgansa bo’ladimi?”. Javob bu yerda aniq.

3. O’ta keng savollarni bermaslik shart. Misol “qaysi sohani tavsiya etasiz?”, “kelajakda qaysi sohalar rivojlanadi?”, “men qaysi sohani tanlay?”. Bu uchun sizni yetarlicha tanimaydi javob beruvchi.

4. Mavhum bo’lgan savollarni bermaslik. Misol “Sizningcha baxtli bo’lish siri nimada?”

5. Ko’p so’raladigan savollar. Misol mendan ko'p so'raladigan savol “Norvegiyada shifokor bo’lish uchun nima qilish kerak?”. Katta ehtimol bilan bunga allaqachon javob berilgan. Izlash kerak!

6. Javobi na sizga, na boshqalarga foydasi bo’lgan savollar. Misol “Oyligiz qancha?”

7. Javobi aniq “ha” yoki aniq “yo’q” bo’lgan savollar. Misol “Yugurishni tavsiya etasizmi?”, “Treydingni tavsiya etasizmi?”

8. Savol berishda o’zini reklama qilish yoki aqlli ekanligini ko’rsatish. Nobody cares. Savol reklama bo’lishi kerak emas.

9. Savolni javob olish uchun emas, o’ziga e’tibor qaratish yoki boshqalarda sizga nisbatan g'amxo'rlik uyg'otish uchun so’rash. Nobody cares.

10. Kimnidir oilasi haqida savol so’rashda juda ehtiyot bo’lish. Ayniqsa turmush o’rto’gi haqida.

11. O’zingiz haqingizda savollar? Misol “Nega meni hamma yomon ko’radi?”. How on earth can someone answer this question?

12. Siyosatshunos yoki teolog bo’lmagan odamdan siyosat va din haqida so’ramaslikni tavsiya etaman. O'zi aslida siyosat borasida savol-jaovbga vaqt sarflash ma'qul emas.

13. Bir vaqtda bir nechta savol so’rash. Javob beruvchi odam sekretar emaski yozib olgani.

14. Uzun matn yoki nutqli savol bermaslik kerak. Detallarni imkon qadar qisqa tasvirlab, bir qator gapdan iborat savol bo’lishi

15. Kimnidir taqvosi, e’tiqodi yoki gunohlari haqida shaxsiy savol berish. Bu 6-punktga ham to’g’ri keladi. Misol “Siz nasha chekkanmisiz, aroq ichganmisiz, namoz o'qiysizmi va hok”. Bunga javoblar hattoki onalardan berkitiladi.


Mana shularni o'zi ham yaxshigina filtr vazifasini bajaradi. Shularni qo'llasak savollarimiz sifati ancha yaxshilanadi. Yaxshi savol bera olish bu ham o'rganish kerak bo'lgan muhim ko'nikma. Vaqt va mehnat talab etadi. Sekinlik bilan natijaga erishiladi.


Bek Olimjon
07.04.2023
Norvegiya

Bek Olimjon

23 Nov, 00:41


Moliyaviy savodxonlik haqida gap ketganda kimlardir Kiyosakini kitoblarini zo'r deb maqtasa, yana kimdir uni firibgar ekanligini ta'kidlaydi.


Moliyaviy savodxonlik va erkinlik haqida kitoblar o'qigan inson sifatidagi xulosam shuki bu u qadar oq yoki qora mavzu emas.

Tushuntirishga harakat qilay…

Jamiyatda moliyaviy savodxonlikni quyi, o'rta va yuqori darajaga bo'lish mumkin.


Shaxsiy moliya bilimlarni olishni endi boshlaganlar uchun Kiyosaki kitoblari yoki Latte omili kabi kitoblar ancha ma'qul bo'ladi. Chunki tushunishga oson, hayotiy misollar bilan berilgan.


Endi shaxsiy moliya haqida dastlabki tushunchalarga ega bo'lib biroz shaxsiy tajribaga ega bo'lgandan keyin u kitoblardagi kamchiliklarni ko'ra boshlaydi odam. Misol Kiyosaki biznesini ko'chmas mulk ustida qurgani haqida yozgan va bu turdagi biznesni qattiq targ'ib etadi. Ammo bu hamma joyda ham ish bermaydi. Misol uchun ayni vaqtda Yaponiyada 9 million bo'sh uylar bor. Italiyada 1 yevroga hovli sotib olsa bo'ladi. Ko'chmas mulk bozori demografik o'sish bilan chambarchas bog'liq. Kiyosaki kitoblarini tanqid qiladigan odamlar shaxsiy moliya haqida dastlabki tushunchalarga ega bo'lgan bo'lib chiqadi, gaplashsangiz. Ammo boshlash uchun bo'ladigan kitoblar deyman men.


Endi moliyaviy savodxonlikni o'rta darajaga olib chiqish kerak bo'ladi. Bu muhim vazifa.
Bu uchun Morgan Houselning "Pul psixologiyasi" kitobi dastlabki yaxshi qadam. Stanley va Dankodan "The Millionnaire Next Door" keyingi o'qish bo'ladi. Unda moliyaga kengroq qarashni o'rganish mumkin. Yana bir asar JL Collinsdan "The Simple Path to Wealth..."


Maqsadi faqat ko'p pul topish emas, balki shoxona bo'lmasada ko'proq vaqtga ega bo'lgan holda yashashni maqsad qilganlar uchun Vicki Robindan "Your Money or Your Life" yaxshi kitob. Buning bevosita davomi sifatida Mr Money Mustache blogi eng markaziy manbalardan biri. U o'z hayotidan amaliy misollar bilan postlar yozgan (2011-yildan beri yozadi). Erta moliyaviy erkinlik ortidagi falsafiy qarashlarni Jacob Lund Fiskerning "Early Retirement Extreme" kitobidan o'qish mumkin.



Moliyaviy savodxonligi yuqori bo'lgan insonlar pul haqidagi kitoblarni o'qishmaydi. Ular falsafa, autobiografiya, tarix, texnologiya, kelajak haqidagi kitoblarga ko'proq qiziqadi.


Bunday kitoblarga kirish sifatida Ray Dalioning "Principles" kitobini o'qish mumkin. Robert Greendan Mastery asari ham yaxshi darslarga boy, (aniqsa 20-25 yoshdagilar uchun). Matt Ridleyning deyarli barcha asarlari, Naval Ravikantning suhbatlari (uni kitob qilingani ham bor, Erik Jorgensen "The Almanach of Naval Ravikant" degan kitob yozgan). Adam Smithdan "Wealth of Nations", Walter Isaacsondan "Ben Franklin", "Steve Jobs", "Elon Musk" kabi top asarlarni o'qimasdan turib pulni yaxshi tushunib bo'lmaydi degan fikrdaman men. Will va Ariel Durantdan "The Lessons of History" ham o'qish zarur bo'lgan kitoblar turkumidan. Aynan bu daraja uchun kitoblar bir qancha.


"Shogird tayyor bo'lganda ustoz o'zi topiladi"

Bek Olimjon
23.11.24
Norvegiya

Bek Olimjon

20 Nov, 09:39


Birinchi va ikkinchi darajali fikrlash

Britaniya Hindistonni bosib oladi. Bosqinchi g’arbliklarga shahar va qishloqlarda kobralar borligi yoqmaydi. Kobralarni qirib tashlashni buyuradi.

Yechim sifatida har bir o’ldirilgan kobra uchun pul mukofoti taklif etishadi. Kambag’al mahalliy aholi uchun pul topishga yaxshi imkoniyat. Odamlar kobralar o’ligini olib keladi va pul ishlashni boshlaydi.

Ammo…
o’lgan kobralar soni qanchalik ko’paysada ular umumiy soni kamayishi o’rniga orta boshlaydi. Bosqinchilar hayron. Tekshiruvchilar qo’yadi.

Ma'lum bo'ladiki ayrim mahalliy aholi biznes deb kobralar fermasini yaratib soqqa qilayotgan bo'ladi. Bundan xabar topgan britlar g’azab ustida o’lgan kobra uchun mukofot pulini berishni to’xtatadi. Mahalliy aholi uchun kobra fermasi endi zarar, hammasini dalaga qo’yib yuboradi.

Kobra muammosi yanada og’ir tus oladi. Shuncha harakat va pul sarfidan so’ng muammo yanada battar holatga keladi.

Bundan qanday xulosa qilish mumkin?

Muammolarga chuqur o’ylanmagan holda tez va oddiy yechimlar berish, salbiy natijalarga olib kelishi mumkin. Bu yerda birinchi va ikkinchi darajali fikrlash haqida o’rganishimiz mumkin.

Birinchi darajali fikrlash bu yuzaki fikrlash bo’lib tez biror natijaga erishish uchun tez qaror qabul qilish. Qarorimiz natijasining natijasi haqida fikrlamasligimiz.

Britlar uchun muammo - kobra ko’pligi edi. Taklif etgan tez yechim - kobralarni o’ldirish va bu uchun mahalliy aholini ishga solish.

Ikkinchi darajali fikrlash qanday bo’lar edi? Britlarning “shunday qilsak keyin nima bo’ladi?” degan savol berishlari muhim edi. Mahalliy aholi bilan maslahatlashib ko’rishlari muhim edi.


Kundalik hayotimizdan oddiy misol
Birinchi darajali fikrlash: muammo - chanqadim → yechim - kola ichishim kerak → natija chanqoq qondi, mazza qildim.

Ikkinchi darajali fikrlash: chanqadim → kola → mazza qildim → kola odat bo'ldi → diabet bo'ldim

Yana bir misol
Birinchi darajali fikrlash: muammo - yigit 20 ga kirdi → yechim - 18 yosh qizga uylash kerak → natija oila qurildi ammo ularni endi kim boqadi? - “Ha, bir gap bo’lar…” → yigit bolasi tug’ilishidan 3 oy oldin Rossiyaga ketishga majbur bo’ldi.

Ikkinchi darajali fikrlash: yigit 20 ga kirdi → 18 yoshliga uylash kerak → "keyinchi? Xo’p, oila qurdi ham deylik, ammo ularni keyin kim boqadi?” → “asosli savol, ota-ona bo’lib biz yordam berarmiz, ammo o’g’limiz oila boshi sifatida mas’uliyatni bo’yniga olishni o’rgana olmasligi mumkin. 20 yoshda hali o’zi bola bo’lsa. Qo’lidan ish kelmaydi hali. 9 oydan keyin farzand ko’rsayam ko’chada to’p tepib yuraversa, kelajak qanday bo’ladi unda? Yo’q, hozir ota-ona sifatida to’y qilishga sharoitimiz bo’lsada, o’g’limizga mas’uliyatli bo’lishi muhimroq. Patinkadagi sabzini olib tashlab, unga mas’uliyatli bo’lishni o’rgatishimiz shart. Oilani eplay oladigan bo’lishi shart. Demak hozir to’y o'rniga mas’uliyat yuklaymiz. Oila boshi mas’uliyatli bo’lishi shart.”

Hayotimizdagi ko’p muammolar ikkinchi darajali fikrlashimiz yo'qligidan. Birinchi darajadan nariga o'ta olmasligimizdan. Ikkinchi, uchinchi, to’rtinchi darajali fikrlash oson emas, vaqt oladi, miya energiyasini oladi. Har doim ham bir o’zimiz o’ylab natijalarni ko’ra olmaymiz, aqlimiz yetmasligi mumkin. Shu sabab maslahat qilishimiz kerak bo’ladi.

Biror bir muammoga yechim topishda ikkinchi darajali fikrlash muhim. Fikrlarni tartibga solish uchun yozish kerak. Muammo → yechim → dastlabki natija → ikkinchi darajali natija/asorat → uchinchi daraja va hok…

Bu uchun Shumboladagi boy kabi “innaykeyinchi?” degan savol berishni o’rganish kerak.

Bek Olimjon
01.04.24
Norvegiya

Bek Olimjon

15 Nov, 07:07


80 ga kirgan bir bemor nolib qoldi. Vaqt juda tez o’tyapti deydi.

Bugun 21 yilga qamalgan qotil bilan suhbatlashdim. Qamoqdagi hayoti haqida biroz so’radim. Qiziq javob berdi. Vaqt juda tez o’tadi deydi.

Sizda ham vaqt tez o’tayotgandek hissi bor bo’lishi mumkin.

Kecha, o’tgan hafta yoki oy juda tez o’tib ketgandek. Kimdir bizdan shu vaqtimizni qanday o’tganini so’rasa aniq javobimiz yo’q.

Bularning sababi - hayotimizning har kuni bir xil, ya’ni monoton hayot. Ertaman turish, ishga yoki o’qishga borish, bir xil odamlar, bir xil dardlar, bir xil suhbat va g’iybatlar.

Yangi tajribalarga erishishga harakat qiladigan, yangi g’oyalar haqida o’ylab yashaydiganlar kam atrofimizda.

Bolalikda vaqt juda sekin o’tgandek bo’ladi. Sababi hamma narsa yangi. Bola har kuni hayotida yangi narsalarga duch keladi va xotiralar quradi. Katta bo’lganimizda esa vaqt juda tez o’tadi. Sababi kunimizda yangilik yo’q. Bir xillikdan iborat. Bir xillik vaqt tez o’tishi asosiy sababi.

O’tgan yili Azamat bilan 3 kunga velosayohatga chiqqan edik. Norvegiyadagi Dovre tog’i atrofini aylandik. Azamat uchun birinchi marta bo’lgan tajriba edi u. 3-kun yakunida ”Aka huddi bir oy vaqt o’tgandek his qilyapman” degan edi. Haligacha eslaymiz. Zo’r xotiralar qolgan.

Vaqtni tez o’tmasligini ta’minlash uchun nima qilish kerak? Hayotni sekin o’tishi va yangi tajribalar ko’p bo’lishiga harakat qilish kerak.

Odam boy yashashi uchun puldor bo’lishi shart emas. Boy xotiralar orqali ham inson boylikka erishadi.

Nima qilish kerak?

- monoton kunlar zerikarli hayot garovi. Undan imkon qadar voz kechish kerak
- turli xil yangi tajribalarni qilib ko’rish kerak
- sayohat qilish kerak
- yangi tajriba va sayohatlarni imkon qadar hujjatlashtirib borish kerak, jurnalga yozib borish, video yoki rasm shaklida tasvirga olish kerak


- o’tmishni eslash, ikki marta yashash imkonini beradi
- nostalgiya stresga qarshi yaxshi davo
- nostalgiya = yaxshi xotiralar - og’riqli damlar
- xotiralarni hikoyalarga aylantirish kerak. Hayotimiz bir hikoya. U mazmunli bo’lishi muhim


Bularni amalga oshirish eng yaxshi, arzon va sog’lom yo’li bu sekin sayohat qilish. Tabiatga sayohat qilish eng arzon usullardan biri. Velosayohat ham yaxshi variant.

Qiziq jihati shuki bu guruhdagi 90% odamda ana shularni qilish imkoniyati albatta bor, ammo qiluvchilar 10% bo’lsa ham katta gap.

Nega unday? Sababi komfortdan chiqqimiz kelmaydi. Hammamiz yaxshi tabiat do’ppi otsa yetadigan masofada yashaymiz. Norvegiyada mingtacha o’zbek bor. Tabiat aylangani chiqadigani esa barmoq bilan sanoqli.

Vatanda ham shunday. Juda borsa 2 soatlik yo’l yurib juda zo’r tabiatli joylarga borsa bo’ladi. Puli ham qimmat emas aslida. Mayli vaqt yo’qdir, pul yo’qdir. Ko’cha borku, dala borku. Hech bo’lmasa ko’chaga chiqib yugurish mumkinku.

Biz odatda nima qilamiz, biz choyxona variantini tanlaymiz.

Biz nima qilamiz, uy quramiz, mashinani zo’rini olishga harakat qilamiz. Bular uchun esa umrimizni sotamiz. Umrni sotsak ham insofni sotmay qolsak biz eng katta natijaga erishgan his qilamiz o’zimizni. Aslida ikkisini ham sotmaslik kerak.

Yugurish kerak desang, ”eee qo’ysangchi, reels ko’ryappan” degan javob beradi miya.

Dangasalik bu hayot dushmani.

Yashashdan maqsad komfort emas.

Komfort insonni ojiz, nimjon qiladi, qiyinchiliklarga tayyor bo’lmasligini kafolatlaydi.

Qanchalik ko’p komfortda o’tirsak har qanday mayda qiyinchilik ham chidab bo’lmasdek tuyuladi.

Yumshoq kursidan turish qiyinroq.

Bek Olimjon
17.06.2024
Norvegiya

Bek Olimjon

10 Nov, 15:51


Time management yaxshi emas deganlar adashadi

Time management qilishga harakatimiz ishlarga ulgurmasligimiz asosiy sababi. Stresga tushamiz, kayfiyat tushadi, o’zimizdan qoniqmaymiz. Bu jarayon charxpalak kabi aylanaveradi.

Inson o’z imkoniyatlarini yuqori baholashga moyil. Qila olmaydigan narsalarini qilaman deb katta rejalar tuzadi.

Qila olmaymiz, time managementni yaxshilashim kerak deymiz.

Yoki dangasaman deymiz. Motivatsiya yo’q deymiz.

Menimcha unday emas. Biz shunchaki tarelkamizga yuta olmaydigan ko’p ovqat solib olganmiz.

Bizga motivatsiya kerak emas, bizga aniqlik kerak.
Bizga qo’shimcha vaqt kerak emas, bizga fokus kerak.


Xo’sh, nima qilish kerak?

Bitta asosiy maqsad qo’yib, bir kunda bir soat ajratib, bir o’zimiz, bitta xonaga kirib olib, faqat bir kungi natijaga fokus qilib harakat qilishimiz muhim.


1. Bir vaqtda bitta ish bilan mashg’ul bo’lish muhim
Ko’pchilikda shu yil erishsam zo’r bo’ladi degan maqsad bor. Aytaylik nemis tilidan B2 olish. Asosiy fokusni shunga qaratish kerak. Multitasking qilish kerak emas. To’g’ri boshqa ishlar qolib ketishi mumkin. Muqobili esa undanda yomon
, barchasi qolib ketadi. Hech bo’lmasa bittasi bitgani yaxshi. Eng asosiysi bitgani eng yaxshisi.


2. Fokusni sarflanadigan vaqtga emas, natijaga qaratish muhimroq.
Bir ish uchun sarflangan vaqt yoki mablag’ga emas, o’sha ishdagi natijaga qarashimiz muhimroq. Bir kunda necha soat dars qilishdan ko’ra, bitta bo’limni tugatishga fokus qilishimiz afzalroq.

Boshlanishiga natijalar uchun plankani pastroq qilish kerak. Shunda tugatish oson bo’ladi va muvaffaqiyat hissi bo’ladi. Bu esa davomiylikni ta’minlaydi.


3. Energiyani boshqarishni o’rganishimiz muhim
Har qanday natijaga erishish energiya talab etadi. Energiyani esa to’g’ri boshqarish kerak.
Energiyani so'rib oladigan oladigan amallar
- ijtimoiy tarmoqlar
- shovqinli joylar
- behuda tortishuvlar
- asabiylashish
- doimiy havotirlanish
- monoton ishlar va hok

Energiyani saqlashga yordam beradigan amallar
- Yaxshi uyqu. Buni eng katta dushmani telefon. Bunga yechimni yuqorida bir postda yozdim.
- Yurish yoki yugurish
- Odamlarni boricha qabul qilish
- Chalg’ituvchilardan xalos bo’lish. (Yuqorida 30 daqiqa haqida post bor)




Sher bitta sichqonni ovlash uchun ham bitta kiyikni ovlash uchun ham bir xilda energiya sarflar ekan. Sher uchun natija bu kiyikni ovlash. Uni ovlamagunicha tinchimaydi. Sher sichqon ovlamaydi. Sherdek bo’lish kerak. Natijamiz kiyikmi yoki sichqon. Aniqlab olishimiz muhim.

Bugun kiyik ovlaymizmi yoki sichqon ovlash bilan band bo'lamizmi?


Bek Olimjon
29.03.24
Norvegiya

Bek Olimjon

29 Sep, 20:31


Tibbiyot 1.0, 2.0 va 3.0 haqida

Tarixan insoniyat rivojlanish ustiga qurilgan. Insoniyat rivojlanishida tibbiyot rivojlanishi ham muhim rol o’ynaydi.

Tibbiyot evolyutsion nazardan 3 bosqichga bo’linadi; 1.0, 2.0 va 3.0

Tibbiyot 1.0 nima?

Bu tibbiyot soha sifatida paydo bo’lishidan tortib to 20-asrgacha bo’lgan vaqt. Bu tibbiyotning fundamenti. Gippokrat, Galen, Ibn Sino kabi tabiblar Tibbiyot 1.0 yaqqol vakillari. Tibbiyot rivojlanishiga hissa qo’shgan bo’lsada ko’plab fikrlar nazariyalarga asoslangan bo’lgan. Inson organizmini issig’i oshib ketishi, sovug’i tushib ketishi, o’t ko’payib ketishi kabi fikrlar o’sha zamonlardan qolgan.

Tibbiyot 2.0 nima?
19-asrlarga kelib tibbiyotda katta oz’garish yuzaga keldi. O’sha zamon tabib/doktorlari tomonidan nazariyani ilmiy sinab ko’rish tushunchasi paydo bo’ldi. Bakteriya tushunchasi paydo bo’ldi. Mikroskop topilgan edi.

Venger shifokori Sammelweis tug’ruqdan so’ng ayollar o’limini tug’ruqda ishtirok etayotgan doktorlarni qo’l yuvmasligini dedi. Tug’ruqdan oldin oddiy qo’l yuvish tug’ruqdan keyin ayollar o’limini keskin pasayishini isbotlab berdi. Fleming keyinchalik penisillin ixtiro etdi. Rentgen, keyinchalik kompyuter tomografiya ixtiro etildi. Tibbiyotda endi davoni faqat ayrim shifokorlar kuzatuviga qarab emas, balki ilmiy dallillarga qarab tanlash yondashuvi shakllandi. Keyinchalik (90-yillardan so’ng) bu randomizatsiyalashtirilgan klinik tadqiqotlar qo’llanishiga sabab bo’ldi. Dalillarga asoslangan tibbiyot rivojlandi.

Tibbiyot 2.0 kasallik haqidagi bilimlarimizni juda kengaytirdi. Tibbiyot 1.0 vaqtida o’rtacha hayot davomiyligi 25-35 bo’lgan bo’lsa, Tibbiyot 2.0 davrida infeksiyalarga qarshi kurash, o’lim sabablarini bartaraf eta olish orqali hayot davomiyligi 2-3 baravarga oshdi. Hozirgi kunda biz asosan Tibbiyot 2.0 damiz.

Tibbiyot 2.0 kamchiligi nima edi? Tibbiyot qanchalik rivojlanmasin u ko’p kasalliklarni oldini olishga qaratilmadi. (Ayrim yuqumli kasalliklardan tashqari). Balki kasallik umrini uzaytirish bilan mashg’ul bo’ldi. Aytaylik bundan 50 yil oldin ateroskleroz sabab yurak infarkti sodir bo’lsa inson 2-3 soatdan so’ng o’lgan. Hozir esa yurakka stent qo’yiladi va inson yashab qoladi. Ammo ateroskleroz bartaraf bo’lgani yo’q. Huddi shunday diabet kasalligi bilan hozir 50 yillab umr kechirish mumkin. Ammo diabet kasalligini bartaraf etish ancha qiyin.

Tibbiyot 3.0 nima?
Tibbiyot 3.0 kasalliklar oldini olishga qaratilgan. U faqatgina umrni uzaytirishga emas balki hayot sifatini uzaytirishga qaratilgan.

U Tibbiyot 2.0 ustiga qurilgan holda, kasalliklar xavfini erta aniqlab, uni oldini olish bilan ishlaydi. Har bir insonga individual yondashadi. Aytaylik bir inson ajdodlarida bir necha kishi yurak xurujidan vafot etgan. Tibbiyot 3.0 mana shunga sabab bo’luvchi barcha omillarni o’rganadi. Erta kunda screening qiladi va kerakli choralarni ko’radi.


Tibbiyot 3.0 dagi qiyinchiliklar nima?
Hozirgi kundagi tibbiyot institutlarida biz kasallik bilan ishlashni o’rgatamiz. Uni qanday aniqlash, qanday davolash bilan ishlaymiz. Tibbiyot 3.0 sog’lomlar bilan hali ular kasal bo’lmasdan turib ishlashni o’rgatadi. Shu sabab ham Tibbiyot 3.0 bo’yicha mutaxassislar juda kam.

Tibbiyot 3.0 bemorga juda katta mas’uliyat yuklaydi. Misol uchun Tibbiyot 2.0 diabet kasalligiga dori bilan yechim topsa, Tibbiyot 3.0 jismoniy harakat, og’izga kirayotgan ovqatni nazorat qilish kabi yechimlar bilan yondashadi. Shu sabab ham Tibbiyot 3.0 dan katta foyda oluvchi insonlar intizomga ega bo’lgan insonlar. Undan tashqari Tibbiyot 3.0 mijozdan tibbiy tushunchalarni yuqori bo’lishini talab etadi.


Tibbiyot 3.0 dan foydalanayotganlar kimlar?
Aksar qismi 50 yoshdan past bo’lgan, muvaffaqiyatli, boy, o’qimishli, odatda kamida ingliz tilini biladigan, autodidaktika ko’nikmalari yaxshi rivojlangan, vaziyatlarni so’roqqa tutuvchi, tanqidiy yondashuvchi insonlar. Shuning uchun ham ular tanalariga yaxshigina e’tibor berishadi.
Doimiy sportda, energiyasi yuqori, ko’p ishlarga ulguradigan, ko’pchilik havas qiladigan insonlar bo’ladi.

Bek Olimjon
29.09.24
Norvegiya

Bek Olimjon

18 Sep, 14:22


Va nihoyat Neuralink Blindsight insonlarda tajriba o’tkazish uchun ruhsat oldi.

Bu qurilma ko’z kasalliklari bilan ishlovchilar yoki ko’z kasalliklari bilan muammosi borlar uchun eng zo’r yangilik.

Blindsight - ko’rlikni bartaraf etishni maqsad qilgan qurilma.

Kelajakda nafaqat ko’rishni yo’qotganlar bundan foydalanadi, balki ko’zi sog’lomlar ham bundan foydalanishni xohlashadi. Sababi ko’zi 100% sog’lom insonning ham ko’rish imkoniyatlari ancha cheklangan.

Bu qurilma kelajakda (balki qurilmaning 10-avlodi) insonlarga uzoqni va yaqinni muammosiz ko’rishni, kattalashtirib ko’rishni, hattoki infraqizil nurlarni ham ko’rish imkoniyatini beradi.

Buning imkoni yo’q ekanligiga argument topish qiyin.









https://x.com/neuralink/status/1836118060308271306?s=46

Bek Olimjon

16 Sep, 13:50


Tabiat haqida qayg’uradiganlarga hurmatim baland.

Yusufbek rahmat sizga!

Tabiatga chiqadiganlar, iltimos, axlatingizni o’zingiz bilan olib keting!

Bek Olimjon

15 Sep, 00:55


Subyektivlikdan uzoqlashib, obyektivlikka yaqinlashish kerak

Jamiyatning bir qismi sifatida atrofimizdagilar fikri biz uchun muhim, ko’pchiligimiz uchun o’ta muhim.

Dalillarga asoslanmagan holda bildirilgan fikrlar subyektiv bo’ladi.

Pul topishga qiynalayotgan odamdan so’rasangiz jamiyatdagi iqtisodiy holatni o’ta yomon deydi, hamma joyda adolatsizlik deb noliydi. Ammo raqamlarga e’tibor qaratsangiz jamiyatdagi iqtisodiy o’sish yaxshi ketayotganini yaqqol ko’rasiz.

Kobalt minib yurib, Trekker olgan odam yangi mashinasini qanchalik zo’r, zamonaviy va komfort ekanligini aytadi. Dunyo bozoridagi o’sha klassdagi mashinalar bilan solishtirsangiz aytilgan zamoniy funksiyalarini bundan 15-20 yil avval ishlab chiqarilgan mashinalardan topasiz.

IELTS 7 olib dunyoda juda katta muvaffaqiyatga erishgandek o’zini tutganlarni ko’rasiz. Dunyo bo’yicha raqamlarga qarasangiz bu holat millionlab odamlar uchun talabalikka qo’yilgan eng birinchi talab va qadam ekanligini ko’rasiz.

Stravada 30-40km yugurganlarni ko’rasiz, siz ham 10km yuguraman deysiz. Ammo yetarlicha bilim va tajriba bo’lmagani uchun 5km dan keyin charchab taslim bo’lasiz.
Vaziyatni subyektiv baholaysiz, o’zingizni lozer his qilasiz. Dunyoga va raqamlarga qarasangiz dunyoda 90% odam salomatligi uchun yugurishga ham harakat qilmasligini o’qiysiz. Siz taslim bo’lgan 5km natijangiz bilan top 10% da ekanligingizni tushunasiz.

Instagramda bir ekspert chiqib fikrlarini bayon etadi. Sizga u juda bilgichdek va o’z sohasining eng kuchli ekspertidek tuyuladi. Aslida esa aytilgan fikrlarini kecha ingliz tilida yozilgan bir kitobda o’qigan bo’ladi. Bugun esa ularni kam-ko’stsiz aytib berayotgan bo’ladi, o’zbek tilida, qayerdan olganini aytmasdan.


Har qanday vaziyatda ham obyektiv bo’lishga harakat qilish muhim.


Obyektivlik haqiqat va dalillar ustiga quriladi. Subyektivlik esa hissiyotlar ustiga.


Haqiqatga yaqin bo’lish maqsadga aylanishi ma’qulroq.

Bek Olimjon
15.09.2024
Norvegiya

Bek Olimjon

06 Sep, 14:57


- uchyapsizmi? endi ko’zib ketib maza qilib uxlashni boshlagan chala uyqumdan uyg’otgan savol bo’ldi.

Samolyot Toshkentdan ko’tarilganiga yarim soat ham bo’lgani yo’q. Yonimda ketayotgan bir 40 yoshlar atrofidagi aka. Bir oz oldin telefonidagi videolarini ovozini baland qilgan holda ko’rib tugatdi. Internet yo’q.

Men uxlamoqchi ekanligimni bildirish uchun styuardessaga meni ovqatga uyg’otmasligini iltimos qildim.

Sababi oxirgi 2 sutkada 7 soatcha uxlagandim xolos. 18 soat davom etgan toqqa sayohatdan keyingi charchoq va uyqusizlik yaqqol sezilmoqda.

Ovqat berishlarigacha ko’zim ketib uxlabman. Savollar yana boshlandi.

- Qanaqa ovqat yeysiz? Eshitmaganga oldim.

- Aka nima ichasiz? Ko’zimni sal ochdim va ishora bilan yo’q dedim. Bu vaqtda o’zbek bayroqli forma kiygan o’zbek styuardessalar 95% yo’lovchi o’zbek bo’lgan samolyotda ”kuritsa ili govyadina?” deya o’tib ketdi biz o’tirgan qatordan.

Haligi aka o’tib ketgan styuardessalarga qarab meni ko’rsatib ”Mana bu akaga ovqat bermadilar!” deb baqirdi. Oxiri ko’zimni ochib ”aka men ovqat yemayman, uxlamoqchiman” dedim.

Oradan 3-4 minut o’tdi. Og’zida ovqati bilan haligi aka meni turtib ”nimaga ovqat yemayapsiz?” deydi. Uxlayapman deb ishora qildimda teskari qaradim.

Sal ko’proq uxlagandek bo’ldim, yana oyog’imni turtyapti haligi aka. ”Aka rozi bo’lasiz, sizgayam suv oldim” deydi. ”Menga suv kerak emas, suvim bor, uxlamoqchiman aka iltimos” dedim g’azablanib.

”Uzr aka, aybga buyurmesiz, bilmabman” deydi haligi aka.

Uyqu tagiga oldi. Tuzukroq uxlash imkoni bo’lmadi. O’tirishim bilanoq shapaloqdek katta quloqchinlarni taqib olganim ham yordam bermadi.

Yonimdagi inson o’zini nega bunday tutayotganini tushungim keldi. Internet yo’q, kitob yo’q, bandlik yo’q. Zerikayotgan ekan aka.

Biletni qanchaga olganimu, qachon olganim, qaysi aviakassadan olganimni so’radi. Viza qachon chiqqani, qanchaga tushgani va qaysi firma orqali qilganimni so’radi. Litvada qurilishda ishlaymanmi yoki ”dalshe” Polshaga ketamanmi so’radi.

O’zim haqimda ozgina ma’lumot bersam savollar pushka bo’lib kelishidan tushungan holda qisqa gapirdim.

Suhbat qovushmayotgani yaqqol ko’rinib turipti.

Vaziyatdan o’rganish mumkin bo’lgan saboqlar bor.

Eng muhimi inson zerika olishni o’rganishi.

Zerika olish fiklashga undaydi!


Bek Olimjon
06.09.2024

Bek Olimjon

27 Aug, 23:24


https://telegra.ph/Bola-va-ekran-08-27

Bek Olimjon

22 Jun, 17:53


Issiq havo harorati o’limga sabab bo’lishi mumkin

Nima qilish kerak?

Issiq urishi bor narsa. Qariyalar va bolalarda buni xavfi katta.

Issiq keldi, terlaymiz, suv ichamiz, qancha ichsak ham chanqoq bosilmaydi, terlayveramiz, bosh og’riydi, holsizlanamiz.

Inson tanasi to’g’ri ishlashi uchun ma’lum bir haroratni bir xilda ushlab turishi kerak. Huddi go’sht aynib qolmasligi uchun sovutgich bir xilda sovuq haroratni ushlab turganidek. Havo issiq bo’lishi tana haroratini ortishiga sabab bo’ladi, buni nazorat qilish uchun tana ter orqali issiqlikni tashqariga chiqarib yuborishga harakat qiladi. Natijada tanadagi suv miqdori kamayadi va chanqoq hissi paydo bo’ladi. Buni qondirish uchun biz suv ichamiz. Mana shu joyda eng muhim narsaga e’tibor bermaymiz.

Tanadan chiqayotgan ter ta’mi sho’r bo’lishi bor narsa. Terlaganimizda biz suv bilan qo’shib tuzlarni ham chiqarib yuboramiz. Ya’ni natriy, kaliy va hokazolarni. Bular umumiy nomi elektrolitlar deyiladi.
Bu tuzlar esa yurak, miya, buyrak kabi eng muhim a’zolar funksiyasini bir me’yorda ushlab turish uchun juda-juda muhim. Biz esa bularni terlash orqali yo’qotganimizda faqat suv qismini qoplaymizda, yo’qolgan tuz qismini qoplashga e’tibor bermaymiz. Aslida bunday issiq kunlarda yo’qolgan tuz o’rnini qoplash chanqoqni qondirishdek muhim. Nega yozning issiq kunlarida sho’r ayron yaxshi ketishi sababi ham shunda. Tuzga bo’lgan ehtiyoj yuqori bo’lgani bois shunday.

Issiqda, chanqaganda bosh og’rishi bor narsa. Chunki miya suvsizlanishga eng sezuvchan a’zo. Hujayralar esa tuzsizlanishga sezuvchanligi juda yuqori. Hujayra-ichi degidratatsiyasi degan tushuncha bor. Unda hujayralar qurib, puchayib qoladi va o’z faoliyatini to’liq bajara olmaydi. Bu paytda ularga suyuq qilingan namakob (1 litr suvga 0,5 choy qoshiq oddiy osh tuzi) juda katta foyda beradi. Buni fan tilida gipotonik eritma ham deyiladi.

Chanqoqni qondirish bilan birga, bosh og’rig’i va umumiy holsizlik tez ketsin desak suvsizlanishda suv ichish bilan tuzlarni ham o’rnini qoplash muhim. Natriy va kaliy tuzlarining qondagi miqdori o’ta pasayib ketishi holsizlik, mushaklar bo’shashidan tortib yurak to’xtashigacha olib borishi mumkin.

Yevropa tomondagi o’quvchilar uchun bunga yechim ancha osonroq. Har qanday sport do’koniga kirib oddiy ichgani elektrolit ber desangiz topib beradi. 1 litrga eritiladigan tabletkadan 10 tasini 2€ ga beradi. Buni marafon yugurganda yoki uzoq masofada veloturga chiqqanda ishlatamiz misol uchun.

O’zbekistonda aynan shu turdagi elektrolitli tabletka yoki kukunlar borligidan bexabarman, ammo Uzbda aptekadan regidron kukuni so’ralsa topib berishadi. Regidron bu bolalar ichi ketganda beriladigan tuzli eritma. Bitta paketchasini 1 litrli suvga solinadi va ichiladi.

Bularning afzallik jihatlari suvsizlanishdan keyin miya va tana faoliyatini tez o’ziga kelishini ta’minlaydi. Ramazonda iftorlikda yaxshi yordam bersa, yoz oylarida sizda issiqdan bosh qaynab og’rimasligiga yordam beradi.

Yozning issiq kunlarida suv ichish bilan birga tuzlarni o’rnini qoplashni ham unutmaslik zarur. Oddiy yechim bu tekin namokob yoki arzon regidronli suv.

Bek Olimjon
22.06.24
Norvegiya

Bek Olimjon

21 Jun, 13:59


https://youtu.be/3Zte3ZQ9U94?feature=shared

Bek Olimjon

01 Jun, 16:43


Nega velosipedda o’zingizni qiynab yurasiz degan savollar bo’ladi.

Rosti, aniq javobim yo’q.

Velosayohat qilish orqali bir kunda olinadigan taassurot va hissiyotlar shunchalik ko’pki agar har kunimiz shunday bo’lsa biz aqldan ozgan bo’lar edik.

Balki shuning uchun ham velosayohat o’ziga jalb etsa kerak.

Velosayohat davomida bir narsani tushunib yetasan kishi. Sayohat davomida qaysidir nuqtada juda og’riqli vaqt bo’lishini aniq bilasan. Bilasangki qiynalasan, budun vujuding seni taslim bo’lishga undaydi, barcha narsa senga qarshidek tuyuladi.

Ko’p narsa sening nazoratingda emas. Ketayotib bir kichik chuqurchaga yiqilib nogiron bo’lishing, hatto o’lishing ham mumkin. Himoyang deyarli yo’q.

Ammo aminsangki bu hissiyotlar o’tkinchi. Bu hissiyotlar senga tanish, chunki avvaldan bilasan buni. Mana shu hissiyotlarni yengib o’tgandan keyin yodingda qoladigan xotiralar badandagi og’riqlarni tishingni-tishingga qo’yib bo’lsada yengib o’tishga va davom etishga undaydi. Hech kim seni kuzatmayotganini bilasan, taslim bo’lging keladi, ammo taslim bo’lish eng oxirgi tanlov. Bunga aminsan. Taslimgacha bir qancha yechimlar bor.

Sayohat davomida shunday lahzalar bo’ladiki sen barchasini unutasan, badandagi og’riqlarni, ishxonani, atrofni, kundalik tashvishlarni, barchasini.

Sen, oyoqlaring ostidagi insoniyat kashfiyoti va tabiat.

Muammolaring eng primitiv darajaga tushgan - ovqat, xavfsizlik va keyingi manzilingga yetib olish.

Ko’krak qafasing yorilib ketgunicha chuqur nafas olasan, atrofga qaraysan, qanchalik kichkina va ahamiyatsiz ekaningni tushunasan, hissiyotlar okean shovqinidek otilib chiqadi va ich-ichingdan bor ovozing bilan baqirasan.

Sen nafasdan iborat bir kichik jonzotsan xolos.

Nega ixtiyoriy ravishda o’zingni qiynayotganing asl mazmunini anglab yetgandeksan.

Bek Olimjon
23.06.23
Dovre, Norvegiya

PS. Bu meni hozirgacha qilgan kamtarona tajribamdan kelib chiqib yozilgan xulosalar xolos. Kashf etish uchun yana nimalar bor meni kutayotgan…

Bek Olimjon

31 May, 07:05


Pul jigardan bo’ladi(mi)?

Xalqimizda pul jigardan bo’ladi degan ibora bor.

Rostdan ham shundaymi?

Pulni yaxshi ko’ramiz.

Tanamizni axlatlardan tozalab turadigan jigarimizdan ham ko’proq yaxshi ko’ramiz.

Unday emas deysizmi? Isboti mana:

siz tanigan birorta biznes egasini toping va undan
• o’tgan yili qancha daromad qilganini so’rang
• qaysi loyihadan qancha zarar ko’rganini so’rang
• nechta hodimi bor ekanligi, qaysi hodimi zo’r ishlashini haqida so’rang
• bankda qancha puli borligini so’rang
• keyingi pul qilmoqchi bo’lgan loyihalari haqida so’rang
• Qanday mashina olmoqchi ekaniyu, qanday harajat qilishini so’rang

Yuqoridagi savollariga javobni sizga aytmasligi mumkin, ammo bular haqida detallarigacha biladi, kechalari yarim tungacha uxlay olmaydi shular haqida o’ylab.

Endi o’sha odamdan

• qon bosimi qancha ekanini so’rang
• ohirgi 6 oydagi o’rtacha vazni qancha ekanini so’rang
• necha km yugura olishini so’rang
• maks pulsi va puls zonalari haqida so’rang
• oxirgi marta qachon kasallikni oldini olish uchun tekshirtirganini so’rang
• oxirgi marta xolesterin, trigliserid, HbA1c, gemoglobin, vit D, insulini qancha bo’lgani haqida so’rang

Juda katta ehtimol bilan bularga javobi yo’q

Yuk tashiydigan mashina hajmi qanchalik katta bo’lmasin, motori yaxshi ishlamasa ish bermaydi.

Biznes qanchalik katta bo’lmasin, egasini salomatligi yaxshi bo’lmasa tatimaydi.

Pul topaman deb yurakni unutmaslik kerak!


Bek Olimjon
29.05.24
Norvegiya

Bek Olimjon

28 May, 14:43


⚡️Битта тўғри ғоя билан миллатни аждодларга муносиб авлод қилиш мумкин.

Бунинг учун ғоя шамолини кўтариб, инсоннинг онг остига ўрнашиши лозим. Бунга 6 ой харакат қилдик.

Aгар ушбу видеони кўриб, қалбингиз жумбушга келган бўлса, айнан шу инсон менман ёки менинг фарзандларим, дўстларим, акаларим, укаларим деган инсонларга улашиб, шамолни қадриятли кўтарилишига, уларнинг миллатимиз умидига айланишига сабабчи бўлинг 🙌

Millat Umidi
Umidjon Ishmukhamedov - ғоя муаллифи
Zohidjon Olov - Шеър муаллифи
Zohirshoh Jurayev - Ижроси, мусиқаси муаллифи. Шу лойиҳада қатнашган ҳамма иштирокчиларга ташаккур!

Bek Olimjon

26 May, 15:55


Oftalmologlar uchun yangi kurs taklifi

Iyun oyida makula OCT kursini taqdim qilish rejalashtirilgan.

Kursni 2022 da o’tkazgan edik. Ishtirokchilar foydali bo’lganini aytishgan. Ana shu kurs materiallarini qaytadan taqdim etmoqchimiz.

Kurs narhi so’mda 10$

Savol-javob imkoni bo’ladi.
Kurs mundarijasi mana bu linkda:

https://telegra.ph/Intensiv-OCT-kursi-01-06

Qiziquvchilar bo’lsa
@Shukur_Adxamovich ga bog’lanishi mumkin.

Kurs pullik obuna kanal ichida bo’lgani uchun oftalmologiyadan tashqari ma’lumotlar bilan birgalikda ketadi. Misol may oyida shaxsiy moliya haqida postlar va jonli suhbat bo’ldi.

Bek Olimjon

23 May, 18:33


Men uylanish haqida post yozmaslikka harakat qilaman.

Yozmasligim kerak. Fikrlarim ommaniki bilan to’g’ri kelmagani uchun.

Lekin kechadan beri bitta fikr kalladan ketmayapti. Kecha tog’da velosayohat qilib yursam bir ukamiz maslahat so’rab yozipti. Bir qiz bilan tanishgan, hamma tomonlama ma’qul. Qiz yaxshigina muvaffaqiyatga erishgan, g’arbda yaxshi karyera boshlagan, pul topishi ham yigitnikidan ko’proq. Yigit ham u qizga ma’qul tushunishimcha. Yigit uylanish istagida. Hammasi zo’r va to’g’ri kelyapti. Ammo qiz shu 1-2-2,5 yoshga kattaroq ekanda. Shu o’ylantiryapti ukamizni… Nima qilay deydi.

Xayolim boshqa joyda bo’lgani uchun javobni qisqa qilib ”meni xotinim ham mendan katta, uylanganimda mendan ko’proq pul topar edi, gazini bos, barakali bo’ladi bundaylari” dedim.

Keyin o’ylab qoldim, nega yosh bunchalik katta ahamiyatga ega? Yigitlar bir qizni ko’radi, uni zo’r umr yo’ldosh sifatida ham ko’ra oladi, ammo yoshi katta bo’lgani uchun rishta qurishni xayoliga ham keltirmaydi.

Nega jamiyatimizda uylanmoqchi bo’lgan nomzod yoshi doim kichik bo’lishi kerak deyiladi? Bu qayerdan chiqqan fikr va standart? Javobini izlashga harakat qildim. Ayollar tez qariydi degan gap unchalik asosli emasdek, sababi kallik asosan erkaklarga hos 😊Semirish esa yosh va jins tanlamaydi 😀

Balki avallari oilalar asosan qishloq xo’jaligi bilan band bo’lgani va unda oilalarni bolalar mehnatiga ehtiyoji ko’proq bo’lgani uchundir?! Yosh ayol fertilroq bo’ladi va ko’proq bola ko’rishi mumkin deyilgandir. Bilmasam. Hozir bu ham argument emas. Sababi 2-3 ta farzand bilan STOP deyilyapti.

Men bilgan narsa shuki, ayolni va onani o’qigan bo’lishi, ilmli bo’lishi juda muhim. Bu bolalar va jamiyat kelajagi uchun juda muhim. Bir soha mutaxassisi bo’lsa undanda zo’r. Turmushgacha bir sohada mutaxassis bo’lib, bir joyda ishlab muvaffaqiyatga erisha oldimi, yanada yaxshi. Demak mehnatkash, maqsadi bor, qiyinchilikka chiday oladi, o’z ustida ishlay oladi, jamiyatga foydasi ko’proq tegyapti. Ertaga oilani markaziga aylanadi bunday qizlar. Eng muhimi bolalari salomatligi va ta’limi bilan jiddiy shug’ullanadi. Bunday qizlar onalik uchun yaxshi nomzod hisoblanadi.

Endi bu natijalarga 17-18 yoshda erishib bo’lmasligi aniq. Bunday natijaga erishishi uchun institutda o’qir, ishlar, til o’rganar, bir sohani egallar. Bular 2-3 oyda bo’lmaydiku axir. Bunga kamida 6-7 yil vaqt ketib qoladi va qiz yoshi 25-27 bo’ladi.

”Yigit 25 yosh, qiz 27 yosh ekan” desang, ”Eee, jinnimisan, nimalar deyapsan…” degan reaksiya bo’lishi tabiiy.

”Katta bo’lsa aqli kirib qolgan bo’ladi” degan argument ham bor jamiyatda.

Bo’ydoqlar ishoning, sizga aqlli xotin kerak, zarur 😀

Shu savollarni o’ylab yarim kechasi bir do’stimizga yozdim. Nega bizning jamiyatda shunday fikr bor, sababi nima bo’lishi mumkin deb so’radim.

”Ayol katta bo’lib, er yosh bo’lganini ko’rsatib beradigan misollar kam yoki deyarli yo’q bo’lgani uchun bo’lsa kerak” deb aytdi. Ha, fikriga qo’shilaman do’stimni. Hozirgi zamonamizda kam bunday misollar. Chunki yoshi kattaroq qizga uylanmaganimizdan keyin qayerdan ham bo’lsin bunday misollar.

Ammo misollar butunlay yo’q emas. Eng katta na’muna bor. Butun hayotini misol qilib oladigan shaxsimiz bor.

Yosh farqi 3 yoki 4 emas edi. Rosmana 15 yil edi.

Yigitlar, biz qo’shnilar, xolalar, bratanlar, atrofdagilar gapiga qarab emas, hayotga real qarab, onalar uchun yaxshi nomzodlarni tanlaymiz. Bu muhim. Onalikka nomzod ma’qul kelsa yoshiga uncha e’tibor bermaymiz.

Vaqt va umr nisbiy baribir.

Bek Olimjon
Norvegiya
23.05.24

Bek Olimjon

22 May, 09:34


O'zbekistonda oftalmolog diplomiga ega, nemis tilidan B2 darajasida bilimi bo'lgan va Germaniyada oftalmolog bo'lib ishlash rejasida yurgan kim bor?

Germaniyadagi bir ko'z klinikasiga oftalmolog yordamchisi qidirilmoqda. Avvaliga oftalmolog yordamchisi, keyinchalik imtihonlarni topshirib litsenziya olganidan so'ng oftalmolog bo'lib ishlash imkoniyati bo'ladi.

Agar yuqoridagi talablarga javob bersangiz quyidagi formani to'ldiring. Ma'qul kelsangiz aloqaga chiqamiz.

https://forms.gle/WBSjUsy5Ek2Ub4r87

Bek Olimjon

18 May, 21:59


Tasavvur qiling men 19, 20 yoki 22 yoshga qaytib qoldim.

O’zbekistondaman. Ingliz tili bilaman. Oz-moz IT ham bilaman. Ishim bor va 400-500$ pul topaman.

Hayotim keyingi bir yilini qanday o’tkazgan bo’lar edim?

Bu haqida ba’zan o’ylab qolaman. Menimcha eng to’g’ri qaror backpacking bo’lar edi.

Backpacking bu kundalik yashash uchun minimal narsalarni ryukzakka solib, o’ta arzon yo’l bilan sayohat qilish. Unda hotelda emas hostelda turiladi. Hostel bu bitta xonada 4, 6, 8 ta o’rin bo’lgan uxlash uchun arzon yotoqxonalar. Sayohat arzon bo’lishi uchun restoranda emas ko’chadagi arzon yoki tekin joylarda ovqat yeyiladi. Shahar aylanishni taksida emas, balki piyoda, juda bo’lsa arzon avtobusda qilinadi.

Men quyidagi yo’lni tutgan bo’lar edim:


1. Backpacking uchun manzil belgilar edim. Misol India-Nepal-Burma-Laos-Kambodja yoki shunga o’xshash

2. U davlatlarda komfort backpacking uchun tahminiy byudjet kuniga 25-40$, 60 kunga 2400$. Bilet 500$. Umumiy byudjet 3000$ deylik ana

3. Shuni topish kerak endi. Bu uchun kundalik harajatlarni maksimal kamaytirib, daromadni oshirib bir amallab 3000 to’plar edim

4. Pul to’plash jarayonida Janubiy-Sharqiy Osiyoda backpacking qiluvchilar facebookdagi guruhlar, Reddit, turli forumlarni o’rganib, taxminiy marshrut tuzgan bo’lar edim. Boshqalar tajribasini o’rganar edim

5. Faslga moslab, ishxonam bilan kelishib bir tomonga bilet olib shartta ketgan bo’lar edim. Ishxonam rozi bo’lmasa ham ishdan shunday voz kechib ketgan bo’lar edim. Sababi bugun 20 yoshda 500 topa olyapmanmi, 2 oy sayohatdan keyin ham kamida shuni topa olaman. Topa olmagan taqdirimda ham rizq borasida qo’rquvim yo’q. Tavakkal!

6. Sayohat davomida turistlar boradigan maskanlarga emas, balki mahalliy aholi to’planadigan joylarga borar edim. Maksimal darajada odamlar bilan suhbat qilgan bo’lar edim

7. Bir kundalik olib ko’rgan va his qilganlarimni, xulosalarimni yozib borar edim. Bu jarayonda ”men to’g’ri, boshqalar noto’g’ri” degan fikrdan yiroqlashgan holda yondashuv muhim bo’lar edi

8. Arzonroq kamera olib, yoki telefonga video va rasmlar olar edim

9. Olingan videolar yoki yozilgan kundalikni ijtimoiy tarmoqlarga vatanga qaytguncha qo’ymas edim

10. Sayohat davomida hostelda ko’rishgan yoki orttirgan har bir tanishim kontaktlarini olar edim. Instagram, Facebook, Whatsapp va hok, farqi yo’q.

Ikki oylik sayohatdan keyin vatanga qaytganda bir narsa insonni hayron qoldiradi.

Hamma narsa o’sha-o’sha. Ishxona ham, uy ham, odamlar, ko’chalar va hok. Hech narsa o’zgarmagandek.

Ammo ikki oylik sayohat davomida 99,9999% odamlar 20 yilda ham olmaydigan hayotiy tajriba va hissiyotlarga to’la bo’lgan, ancha yetuk, musofirlikni ko’rgan yangi inson sifatida qaytishim kafolatlangan bo’lar edi.

Qo’rqmaysizmi degan savol bo’lishi tabiiy.

Dunyo xavfli emas. Biz o’zimiz ko’rmagan dunyo haqidagi fikrlarimiz odatda noto’g’ri bo’lib chiqadi.

20 yoshlardagi arzon byudjet bilan sayohat qilish orqali olinadigan hayotiy tajribani beradigan hech narsa yo’qdek fikrimcha.

Buni 40 yoshga kirib tushunasan, agar tushunsang!

Bek Olimjon
17.05.24
Norvegiya

Bek Olimjon

12 May, 14:55


Mallorca - Ispaniya janubida joylashgan orol. Velosportga qiziquvchilar uchun top maskanlardan biri.

Men velosayohatga qiziqaman. Ammo velosiped minishda o’zimni olib qochadgigan narsalarimdan biri yomg’ir bo’lsa ikkinchisi balandlikka chiqish.

Mallorcada Valldemossa round degan velosayohat uchun yo’l bor. U Deia va Coll de Soller joylashgan 2 ta tog’dan oshib tushishdan iborat. Masofa tahminan 60-70 km. Balandlikka ko’tarilish esa 1450m. (Solishtirish uchun Everest 8849m) Bunday balandlikka velikda umrimda birinchi marta chiqishim. Hech ham qilgim kelmadi, lekin noaniqlik, qiyinchilik, komfortdan chiqish, tabiat undadi. Turgan mehmonxonamizdagi ko’m-ko’l basseynni tashlab, jaziramada velosiped bilan chiqdim kecha.

Yaxshigina qiyin, har qalay men uchun qiyin bo’ldi. Yakuniga yetdim. Chegara yanada kengaydi. Komfort zona yanada kengaydi.

Bir narsani o’rgandim.

Rasmdagi balandliklardan biriga ko’tarilayotganimda yonimdan bir kishi o’tdi.

Suffering is real deb hazillashgan edim, u menga ”Relax and suffer!” deb hazillashdi.

Haqiqatdan ham qiyinchilik bor va uni bosib o’tish kerak. Qanchalik qiyin bo’lmasin bosib o’tish kerak. Shunday ekan relax qilgan holda, odam o’z emotsiyasini boshqargann holda, nafsiga qul bo’lmagan holda, maqsadiga qarab davom etaverishi muhim ekanligiga yana bir amin bo’ldim.

Mallorcada velosayohatni albatta tavsiya etaman azizlar!

Bek Olimjon
12.05.24
Mallorca, Spain

Bek Olimjon

10 May, 17:17


Inson nega o’ziga ishonchi past bo’ladi?

Sabablari bir qancha bo’lishi mumkin.

Hammasini bir nuqtaga olib keluvchi sababi unga bolalikda ”sen qila olmaysan” deyishlari.

Butun umr shunga ishonib o’taveradi keyin.

Aslida katta natijalarga erishayotgan odamlar ham siz va men kabi insonlar.

2018-yil Norvegiyada bir rus hamkasbim ishdan haydalishiga bir bahya qolgan edi. Bemor davolashda o’ziga ishonchi juda past edi. To’g’ri fikrlasa ham qaror qabul qila olmas edi. Natijada noto’g’ri qarorlar qabul qilar edi. Vazni og’ir, jismonan juda nozik edi.

Haligi hamkasbimni bir amallab birga yugurishga ko’ndirdim. Ishdan keyin birga yuguradigan bo’ldik. Boshlanishiga 500 metr, keyinroq 3-4km. Yugurgandan keyingi endorfindan foydalanib 2 oylardan keyin bo’ladigan yarim marafonga yozilishga ko’ndirdim.

Birga yugurdik, rosa qiynaldi u. Ohirgi 5-6 km yonida yugurib motivatsiya berib turdim. Amallab tugatdi.

Qizig’i keyingi haftasidan boshlandi. Ishida ancha ijobiy o’zgarishlar bo’ldi. O’ziga loser deb qarashni to’xtatgani sezildi. Sababini so’radim.

”Men hech qachon qila olmayman deb o’ylagan narsamni qila oldim. Umrimda marafon yugura olishimga ishonmaganman. Demak men o’zimga sun’iy chegaralar qo’yganman. Yengib o’tsa bo’lar ekan. Kunimdagi chegaralarni aniqlab, birma-bir olib tashlashga harakat qilyapman hozir. Birga yugurgan marafonimiz o’zimga bo’lgan ishonchimni orttirdi”
dedi.

Men yarim marafon yugurishni odamni o’ziga bo’lgan ishonchni orttirish eng tez usuli deb bilaman. Har qanday sog’lom bo’lgan yosh odam (semiz bo’lsa ham) buni uddasidan chiqa olishiga ishonaman.

Asosiy muammo odamni o’ziga bo’lgan ishonchsizlikda.

6 haftalik tayyorgarlik bilan qilsa bo’ladi.

Mana shu postni uzunroq variantini Bek Olimjon Akademiyasi pullik obuna kanalida qo’ygan edim. Aprel oyi ichida yarim marafonni birinchi marta yugurganlar soni 8 yoki 9 ta bo’ldi.

”Qila olaman desangiz ham, qila olmayman desangiz ham siz haqsiz”

Bek Olimjon
10.05.24
Mallorca, Ispaniya

Bek Olimjon

08 May, 16:41


Boy bo’lmoqchisiz, avtomoykada ish boshladingiz. Umrida pul topmagan, otasi olib bergan mashinada kelgan bittasi sizga past nazar bilan qaradi. Moyka egasi tadibrkor odam maqsadigizdan motivatsiya oldi.

Dunyo kezmoqchisiz, sayohatni qishlog’ingizdan qo’shni viloyatga, avtobusda boshladingiz. Atrofdagilar uchun bu kulgili bo’ldi. Avtobusda Kanadalik turist bilan tanishdingiz. U Madagaskarga qilgan sayohati rasmlarini ko’rsatdi.

Marafon yugurmoqchisiz, do’stlaringiz ahmoqmisan deyishdi. Marafon yuguradiganlar xolis maslahatlar berishdi.

Zo’r mutaxassis bo’lmoqchisiz, chet tili o’rganishni boshladingiz. “Choyxonadan ustunmi” shu deyishdi. Ikki yildan keyin Frankfurtda o’zbeklar bilan choyxonadasiz. Ular sizning hikoyangizni maroq bilan tinglashmoqda.

O’zi biror natijaga erishmaganlar doim bir negativ fikr beradi.

Niyatimiz xolis va harakatimiz chin dildan ekanligini ko’rgan haqiqiy natijaga erishganlar doim biz tomon bo’lishadi, yo’l ko’rsatishadi, o’z davrasiga taklif etadi.

Bek Olimjon
Mallorca, Ispaniya
08.05.24

Bek Olimjon

01 May, 16:23


O’zgartirishga harakat qilma

Bir do’stim bor. Men uchun mentordek inson. Yiliga 2-3 marta ko’rishamiz, birga tushlik qilamiz.

Norvegiyada shifokor sifatida tez natijaga erishishimga bir dona gapi sabab bo’lgan edi.

Norvegiyada moliya sohasida top mutaxassislardan. Ammo ishlamaydi, ishlab pul topishga ehtiyoji yo’q. Undan har safar moliya sohasida ko’p narsa o’rganaman. Ammo meni hayron qoldiradigan jihati u g’azablangani yoki noliganiga hech guvoh bo’lmaganman. Aytishlaricha 30+ yildan beri yashaydigan xotini bilan biror marta urushmagan.

Sababini so’rasam,

”Bek, men boshqalar fikri va hatti-harakatini boshqara olmayman. Ammo men boshqalar fikri va hatti-harakatiga nisbatan o’z emotsiyamni boshqara olishni o’rganganman. Shunday ekan men boshqalarni deb asabiylashishim g’irt ahmoqlik. Katta, tushungan odamlarmiz. Bir muammo bo’lsa asabiylashmasdan hal etishga harakat qilish kerak degan fikrdaman.

Hotinim bilan urushmasligimga kelsak, oilada murosa juda muhim. Men shu inson bilan bir umr birga yashayman deb tanladim. Birga farzandlar ko’rdik.

Endi tasavvur qil, bir ota-onadan tug’ilgan, men bilan bir muhitda katta bo’lgan aka-ukalarim, opa-singillarim bor. Qonimiz, jinsimiz bir bo’lgam ukam bilan fikrim to’g’ri kelmaydi ba’zan.

Endi boshqa jinsli, boshqa oilada, boshqa madaniyatda katta bo’lgan inson bilan har doim ham fikrlar to’g’ri kelishini kutish bu ahmoqlik emasmi?!”

Buni qachon tushunib yetgansan desam:

”25-26 yoshlar edim, atrofimdagilar oilali qurishni boshladi, oradan ko’p o’tmay ayrimlarini doim xotin yo eridan nolishini eshitar edim. Hayron bo’lar edim. Hali oila qurmaganim uchun buni tushunishim va oldini olishim muhim deb o’yladim. Ulardan sababini sinchiklab so’radim. Shuni tushunib yetdimki, ular o’z turmush o’rtoqlarini o’zgartirishga harakat qilishayotgan edi. O’z fikrini o’tkazishga harakat qilishlari, vaziyatni o’zi xohlagandek bo’lishini istashlari edi. Bu insonga g’alaba hissini bersada, oilada totuvlik va baxtlilik hissini bermaydi.”

”Oiladagi janjallar asosiy sababi, biz turmush o’rtog’imizni o’zgartirishga harakat qilishimizda ekanini tushungandim o’shanda. Men o’zgartirishga majbur bo’lmaydigan turmush o’rtog’i topishim kerak ekan degan xulosaga kelganman. Shu talabdan kelib chiqib xotin qidirgandim, hudoga shukur, baraka topdim” deydi.

”Keyinchalik bu kriteriyani ishchi yoki hamkor qidirishda ham qo’lladim. Ancha yordam bergan” deydi.

”Biz odamlarni o’zgartira olmaymiz. Odamlarni faqat o’zlarigina o’zgartira oladi. Biz shunchaki ta’sir etishimiz mumkin xolos. Fikrimiz, hatti-harakatimiz, yashash tarzimiz ularga ta’sir qilishi mumkin. Ammo o’zgarish uchun kuch qalbidan chiqishi kerak.”

”Biz o’zgartirishga harakat qilaversak, ular go’yo o’zgargandek ko’rinadi. Eng yomoni ham shunda. Chunki asli o’zgarmagan odam senga o’zgargandek ko’rinmoqda”

Bek Olimjon
27.04.24
Oslo, Norvegiya