Abdulloh Shamsutdinov @abdulloh_shamsutdinov Channel on Telegram

Abdulloh Shamsutdinov

@abdulloh_shamsutdinov


Ta’lim sohasida tadbirkor, biznesni raqamlashtirish va avtomatlashtirish bo’yicha mutaxassis, tizimlashtirish talabasi.

Abdulloh Shamsutdinov (Uzbek)

Assalomu alaykum, aziz do'stlar! Sizni Telegram kanalimizga taklif qilamiz - "Abdulloh Shamsutdinov". Bu kanalda ta'lim sohasida tadbirkorlik, biznesni raqamlashtirish va avtomatlashtirish bo'yicha mutaxassislik haqida eng so'nggi yangiliklarni topishingiz mumkin. Abdulloh Shamsutdinov - bu tizimlashtirish sohasida yetakchi mutaxassis, uning eng zamonaviy fikrlari va tajribalari kanalimiz orqali siz bilan bo'lishadi. Kanalimizda ta'lim sohasidagi yangiliklar, biznes jarayonlari va avtomatlashtirish bo'yicha maslahatlar, qo'llanmalar va kurslar haqida ma'lumotlar paydo bo'ladi. Sizga eng so'nggi yangiliklar va eng foydali ma'lumotlar olish imkoniyatini beradigan "Abdulloh Shamsutdinov" kanalimizga a'zo bo'ling va o'z bilim va ko'nikmalaringizni o'stirib, yangi mahsulotlarni va texnologiyalarni o'rganib, biznesingizni rivojlantirishda eng yaxshi vositalardan foydalaning! Hojatlar, maslahatlar va bepul kurslar bilan ta'lim sohasida o'z bilimlarini mustahkamlashni istagan har bir insonni "Abdulloh Shamsutdinov" kanalimizga taklif qilamiz. Sizni kanalimizga xush kelibsz!

Abdulloh Shamsutdinov

19 Nov, 18:40


Xom ekan

Soham boshqaruvga oid matn yozib mazza qilaman. Mavzular ham tabiiy keladi, fikrlar ham asosli. Qiymatli narsalar o‘rgatolaman.

Shaxsiy rivojlanish, dunyoqarashni kengaytirish mavzularida esa ko‘proq fikrlarimni tiniqlashtirish maqsadida yozar ekanman.

Aslida, yozishga mavzularim juda ko‘p, nomlari bor, ichi bo‘sh. Hali yetilmagan fikrlar.

Qiziq, shunda ham istalgan mavzuda gaplasholaman, fikrlarim bor, zarur bo‘lsa tortishishim ham mumkin.

So‘zda sehr bor deyishardi, rost ekan. Nutqda aslidan ancha aqlli ko‘rinar ekan kishi.

Yozish qiyin, suhbatga o‘xshab o’quvchimni chalg‘itolmas ekanman.

Yozish qiyin, aqlim ko‘p narsaga yetmasligini o‘zimga bildirib qo‘yar ekan.

Tushundim, yozolganlarimni tushunar ekanman, qolgani xom ekan.

@abdulloh_shamsutdinov

Abdulloh Shamsutdinov

05 Nov, 08:41


Tayyor bo’ling

2017-yil.

Universitetda 2-kurs edim. Namoz sabab 2-yilga yotoqxona berishmadi — qadriyat uchun badal to’lashni o’rgandim.

Ijaraga oilali hovli topdim. Sharoiti juda og’ir, issiq suv muammo, 5 talaba bir kichik xonada, tagimiz zax, to’shakda yotardik — yashash uchun chidashni o’rgandim.

Stipendiyam 450 ming so’m. Uydagilar pul berisholmasdi. Ijara 200 ming, 3 mahal ovqatga kunlik 8 000 byudjetim bor edi — och qolmaslik uchun rejalashtirishni o’rgandim.

70-80% darslar bo’lmasdi yoki befoyda bo’lardi. Aksar kursdoshlarim gaplashib o’tirishar edi. Men esa qulog’imga narsa tiqib darslarda kitob o’qirdim — rivojlanish uchun chalg’imaslikni o’rgandim.

7 yil o’tdi. Yuqorida aytilgan va aytilmagan barcha qiyinchiliklar qolmadi, lekin olgan darslarimni hech biri yodimdan chiqmadi.

Tushundim. Haqiqiy ilm, tajribalar qattiq og’riqlardan, qiyin vaqtlarda olinar ekan, oson yoki to’kin hayotdan emas.

Rivojlanmoqchimisiz? Qiyin yo’llardan o’tasiz. Tayyor bo’ling.

Ukalaringizni rivojlantirmoqchimisiz? Qiyinroq yo’llardan yurgazing. Tayyor qiling.

@abdulloh_shamsutdinov

Abdulloh Shamsutdinov

30 Oct, 16:41


Keyin gaplashamiz

Asabiylashamiz. Kimdir gapiradi-da, bizni jig’ibiyron qiladi.

Shu zahotiyoq, jahlimiz chiqib, gapirib tashlamoqchi bo‘lamiz.

Eng yaxshi maslahat? Jahl chiqqanda munozaraga kirmaslik.

G‘azab bilan aytilgan gaplardan keyin ko‘pincha afsuslanamiz, oylar, yillar davomida qurilgan ko‘priklar bir zumda yonishi mumkin.

Shuning uchun peshonadagi tomir chiqa boshlasa, chuqur nafas olib, “Buni keyin gaplashamiz,” deyish va chiqib ketish kerak.

@abdulloh_shamsutdinov

Abdulloh Shamsutdinov

29 Oct, 18:13


Qutqarolmaydi

Tayinli asos yo’q, katta loyihalarga yordam berishni istaymiz.

Niyat ajoyib, o’zi yetmaydi, amalga ko’chsa ziyon ham berishi mumkin:

- Tenglamalar mavzusidagi darsda kasrlardan savol berish ustozga ziyon;

- Futbol qoidalarini bilmaydigan birini o’yinga tushirish jamoaga ziyon;

- Balog’atga yetmagan bolani oldiga o’tkazish haydovchiga ziyon.

Yoshimizga mos sinfda o’qish hammamizga foyda edi.

Jamiyatga yordam bermoqchimisiz? Avval o’zingizga yordam bering.

Til bilmaydigan yigitga, intizomsiz bir qizga.

Instagramdan voz kecholmaydigan bir yoshga.

O’zini qutqarolmagan loyihalarni qutqarolmaydi.

Qutqarishni o’zimizdan boshlaylik, halal bermasdan.

@abdulloh_shamsutdinov

Abdulloh Shamsutdinov

23 Oct, 05:07


Ko’r nuqtalar

“Inson biror sohada juda iste'dodli, yuqori malakali mutaxassis bölishi, "Professor falonchi", "Teacher fistonchi" degan nomlarga sazovor bölishi mumkin.

Vaqti kelganda esa, erishgan yutuqlari va muvaffaqiyatlaridan boshi yoki keti aylanib, õzini har sohada - ham siyosatda, ham iqtisodda, ham huquqda, ham moral va axloq masalalarida gõyoki daho hisoblab, turli voqea-hodisalar borasida hukm chiqarib tashlashi ham mumkin.

Qisqa qilib aytganda, inson bir paytning õzida ham "aqlli" va zakiy, ham nodon va maraz bölishi mumkin. Bunday kontrastlar har doim, har yerda bölgan; bundan keyin ham boladi.

Aql va insof, zukkolik va donolik, bilimlilik va xolislik kabi xususiyatlar bir insonda jam bölishi ham, bölmasligi ham mumkin. “

By Behzod Alimov

@abdulloh_shamsutdinov

Abdulloh Shamsutdinov

20 Oct, 06:43


Badali bor

Yaqin olganlarimizga kamchiliklarimiz ko‘proq ko‘rinadi.

Ko‘proq ko‘rgandan ko‘proq aytishi kutiladi.

Aytmasa bizga unday yaqinlikdan nima foyda?

Aytyaptimi, to‘xtatmaylik, xato bo‘lsa ham.

To‘xtatdikmi, endi aytmaydi, to‘g‘ri bo‘lsa ham.

Yaqinlikning badali bor — yoqmasa ham eshitish.

Yaqinlikning mukofoti bor — ikki dunyolik do‘stlik.

Badalni to‘lashga rozi bo‘lmasak yaqinlashmaylik.

Shunda do‘st bo‘lmasmiz, lekin dushmanga aylanmaymiz.

Bizga do‘stlar kerak, dushmanlar emas, axir.

@abdulloh_shamsutdinov

Abdulloh Shamsutdinov

02 Oct, 14:32


Olib qo’yolishmaydi

Olimpiada o‘yinlarida yutgan va yutqazgan sportchilarimiz o‘rtasidagi yagona farq — ba’zilarini omadi keldi.

Tayyorgarlikdagi farq katta emas, shaxsiyatlar bir-biriga yaqin edi. Olimpiya jamoasiga qo‘shilish talabi bu.

G‘oliblarga mashina, uy berildi. Dabdaba bilan kutib olindi. Mag‘lublar esa boshini ekkancha bir chetdan uyiga ketdi.

G‘oliblardan berilgan narsalarni olib qo‘yish mumkin, olib qo‘yib bo‘lmaydigan shaxsiyat va xarakter mag‘lubda ham qoldi.

U hali ham sog‘lom, matonatli va baquvvat shaxs, qattiq intizom hamda jasorat egasi. Bu xislatlarni hech kim ololmaydi.

Endi sohada yoki boshqa bir sohada muvaffaqiyat qozonishi vaqt masalasi, xolos.

Xonavayron bo‘lgan biznesmenlar qayta oyoqqa tez turishi shundan, ularda pul va biznesni o’zi emas, shuni qiloladigan shaxsiyat bor.

O‘zimga ham gapim shu, sendan olsa bo’ladigan narsa seniki emas, olib qo‘yib bo‘lmaydigani seniki.

Shaxsiyatingni rivojlantir va borini asra, prinsiplaringda tur, yo‘qotishdan qo‘rqmasdan.

@abdulloh_shamsutdinov

Abdulloh Shamsutdinov

29 Sep, 03:10


Juda aqlli emasmiz

2016-yildan davlat top menejmenti o‘zgardi.

Nazorat, tekshiruv va qo‘rqitishlar keskin kamaydi.

Bozor ishlashni boshladi. Tadbirkorlar kengayishni.

Kengayish bilim talab qilardi, bozorda yetarli kadr yo‘q.

Harakati ko‘proq kishilarga ko‘p pul to‘lanadigan bo‘ldi.

Suv yo‘qligida tayammum.

Biznesga erkinlik 2-3 yilda ta’sir qilib, kompaniyalar 10x gacha o‘sdi.

Lekin, ta’limga erkinlik ta’siri 10 yillarda bilinadi.

Endi "tayammum" o‘rnidagi biz kabi kadrlar o‘zimizni "suv" ko‘rib qolmasak bo‘ldi.

Oyligimiz, imkoniyat va takliflarimiz ko‘pligi bozor o‘sganidan,

va shu paytda bozorga kadr bo‘lib chiqqanimizdan bo‘lsa kerak.

Bizdan 10-15 yil avval tug‘ilganlarda bu imkoniyatlar yo‘q edi.

@abdulloh_shamsutdinov

Abdulloh Shamsutdinov

27 Sep, 16:07


O’sish sikli

Na ish sig‘adi ko‘ngilga na boshqa narsa, tog‘larga chiqib ketgim keladi ba’zan.

Yuzimda tabassum, ichimda g‘ashlik to‘la. Bir necha kun shunday hislar.

Har 2-3 oyda holat takrorlanadi. Nima qilaman?

Noodatiy hech nima, shunchaki o‘zim bilan qolaman, taftish qilaman.

Qayerdan keldim? Qayerga keldim? Qayerga ketyapman?

Javoblar yangi amallarga boshlaydi.

Amallar shaxsiyatimni shakllantiradi.

Shakllangan shaxsiyat yanada kattaroq ishlar qiloladi.

Buni o‘sish sikli deb qabul qilaman. Depressiyaga tushishga hojat yo‘q, tabiiy jarayon.

Xuddi kuzda daraxt barglarini to‘kkandek, yangi bahor uchun.

@abdulloh_shamsutdinov

Abdulloh Shamsutdinov

26 Sep, 13:07


Yetar endi?

Pulni to'plashning yagona yo'li — kamroq sarflash.

Kamroq sarflash uchun kamroq istash kerak.

Kamroq istash esa boshqalar biz haqimizda nima deb o'ylashi bilan kamroq qiziqish orqali bo’ladi.

Boshqalarga ko'proq ko'rinib turish esa ularda ko'proq qiziqish uyg'otadi.

Sizga bo'lgan qiziqishlarini kamaytiring. Mediadan qoching.

Daromad va hayot tarzingizni juda kam odam bilishi kerak.

Shaxsiy brendni rivojlantirish haqida o'ylayapsizmi? Bu haqda faqat yetuk mutaxassis bo'lgach o'ylash kerak.

Yetuk mutaxassislar odatda pul bilan bog'liq muammolarni hal qilishda qiynalishmaydi.

Unda shaxsiy brend nima uchun kerak? Pul bilan yechib bo'lmaydigan muammolarni hal qilish uchun.

Faqat brend bilan hal qilinadigan qanday muammolar bor? Pulga doir muammolaringiz qolmaganda bilasiz.

Pul topish uchun shaxsiy brend quradigan shaxslar ham bor.

Ular pul topadi, lekin ko'pincha pulga yarasha shaxsiyat, xarakter va tayinli kasbi bo'lmaydi.

Yetar endi?

@abdulloh_shamsutdinov

Abdulloh Shamsutdinov

25 Sep, 11:55


Shalpillab qolmasin

Ko‘tarilmoqchimisiz? Qo‘shimcha vazifa so‘rang, lavozim emas.

Yangi ishlarni ko‘ngildagidek topshiraversangiz o‘zlari sizga lavozim berishadi.

Tabiiy, avvalgi ishlar chala qolmasligi ham muhim, bo‘lmasam ishonishmaydi.

Boshqa yo‘li kimnidir tanishi bo‘lish. Bunda uch muammo bor:

1. Aksarimizda bunday tanishlar yo‘q;
2. Tanish bilan kiriladigan yaxshi ishxona emas;
3. Loyiq bo‘lmasdan ko‘tarilish.

Asl razmeringiz 38 bo‘lsa ham 44 o‘lchamli oyoq- kiyim kiyishga o‘xshaydi.

Shalpillab qolaveradi.

@abdulloh_shamsutdinov

Abdulloh Shamsutdinov

24 Sep, 17:21


Chalg’itmay

Xullas, har birimiz boshqaramiz yoki boshqarilamiz.

Eng kamida o‘zimizga rahbarmiz.

Eng zo‘rimiz ham ota-onamizga xodimmiz.

Asosiy faoliyatim boshqaruv, tajribam ham shu sohada ortyapti.

Bu blogda umumiy mavzulardagi xulosalarimni ulashaman.

Boshqaruv haqida shu yerga yozib chalg’itmay, deb alohida kanal ochdim.

Nomi “Boshqaruvchiga”. Soha qiziq bo’lsa obuna bo’lishni tavsiya qilaman.

@abdulloh_shamsutdinov

Abdulloh Shamsutdinov

24 Sep, 07:46


O’tmishni o’tmishda yoping

Xato qildi. Tan oldi. Kelishdik. Mavzu yopildi.

Vaqt o‘tib boshqa xato qildi. Endi birinchi xatoni eslatmaylik. Boshqa taom bu, masallig‘i farqli.

Yopilgan mavzuni ochish suhbatni cho‘zadi, qiyinlashtiradi. Munosabatni ham buzadi.

Takror xato muhokama qilinishi mumkin, avval tushungan yoki yo‘qligini aniqlash ma’nosida.

Maqsad — munosabatlarni avaylash, ziyondan saqlash.

Munosabatni tanadagi qonga o‘xshatish mumkin. Kishining kasalligi ham shundan, davosi ham.

Qoningizni tekshirtirib turing, azizlar

@abdulloh_shamsutdinov

Abdulloh Shamsutdinov

23 Sep, 10:11


Devor urmang.

"Nega o‘zimga aytmaydi" deb xafa bo‘lamiz. O‘rtaga devor urganimizni eslolmaymiz.

Ko‘rishganda samimiy tabassum qilmaysizmi? G‘isht uryapsiz.

Besabab bog‘lanib hol-ahvol so‘ramaysizmi? G‘isht uryapsiz.

Suhbatlaringiz qisqa, dangal o‘tyaptimi? G‘isht uryapsiz.

G‘ishtlar o‘rtasida loy bo‘lmasa devor bo‘lmaydi.

Oz bo‘lsa ham mehnatini maqtab turmaysizmi? Loy chaplayapsiz.

Ana endi devor urildi. Devor ovozni o‘tkazmaydi. Maqtovni ham, kamchilikni ham.

Odamlar devorni o‘zi tomonidagi kishiga gapirishlaridan hayron bo‘lmaylik endi.

@abdulloh_shamsutdinov

Abdulloh Shamsutdinov

22 Sep, 13:31


Yutib ketaveradi

Ertaga yana dushanba. Noqulay suhbatlar, murakkab muammolar va noaniqliklar bilan to‘lgan hafta.

Vaqt tez o‘tyapti — ko‘z ochib yumguncha yana yakshanba. Go‘yo vaqtdan baraka ketgan. Yolg‘iz bo’lmasam kerak.

Kamayayotgan vaqt, ko‘payayotgan tajriba, shakllanayotgan xarakter. Ketgan narsa aniq, kelgani savol ostida.

Uzoq muddatga reja tuzish qiyin bo’lib qoldi, xuddi ikki kunda muddat kelib qoladi.

Yechim bugunni ma’noli sarflashda bo’lsa kerak. Yetib kelganim shu.

Erta uyg‘onish, jismoniy mashqlar, 15-20 daqiqa kitob o‘qish, o’zi bilan suhbatlashish.

Yaqinlar bilan bog‘lanish, ishlarni bajarish, oila bilan vaqt o‘tkazish, foydasiz kontentdan saqlanish, va ertaroq uxlash. Oddiy ishlar.

Ilgari "do‘stingni ayt, kimligingni aytaman" deyishar edi, hozir "kuningni ayt, kelajagingni aytaman" deyishyapti ustozlar.

Kuni to‘g‘ri o‘tgan inson baxtli va xotirjam. Raqobat dunyosida, shu kishi yutib ketyapti — yutuqlari bo‘lmasa ham. Chunki eng katta yutuq — bugunni his qilib yashashdir.

Buguningiz qanday o’tdi, azizlar?

@abdulloh_shamsutdinov

Abdulloh Shamsutdinov

21 Sep, 08:15


Masalliqni o’zgartiring

Tarjima kitoblarni 25 mln aholimiz o’qiyoladi.

Mahalliy podkastlarni shofyorlarimiz ham eshitoladi.

Hamma qiloladigan ishni qilib katta natija kutishdan ma’no yo’q.

Ishga kirolmayapsizmi?

Shaxs sifatida o’solmayapsizmi?

Kompaniyaningizni kattalashtirolmayapsizmi?

Hamma bilan bir xil “taom” iste’mol qilyapsiz.

Yaxshi taomga sifatli mahsulot kerak.

Til o’rganing, chet el “mahsulotiga” yo’l ochiladi.



Yoz bizda “Jang” davri edi, endi davom etamiz

@abdulloh_shamsutdinov

Abdulloh Shamsutdinov

30 Jul, 05:10


Hissiyotlar hal qiladi

10 yillik yaqin do‘stim bilan chatda yozma xabarlashib, o‘zaro xafalashib qoldik.

Ko‘ngil og‘rib qolsa kishi o‘z aqlini ham, nasihatni ham eshitmasligini amalda his qildim.

Munosabatlarni qayta tiklashimizga salkam 3 oy vaqt ketdi. Ustozimizga rahmat.

Avvalida mavzuni yuzma-yuz yoki telefonda gaplashilganda bu holatga tushmasdik.

Dars bo‘ldi. Masala qancha jiddiy bo‘lsa, suhbat ham shuncha jonli bo‘lishi kerak.

Matnlarimiz jonsiz, ovozlarimizning tabassumi yo‘q.

Tadqiqotga ko’ra, inson muloqotining 55% tana tili, 38% ovoz ohangi va faqat 7% so'zlar orqali yetkaziladi.

Chehramizga qarab gaplashishga nima yetsin, do‘stlar

@abdulloh_shamsutdinov

Abdulloh Shamsutdinov

21 Jul, 08:28


Qo‘rqmang, yeb ketishmaydi

O‘rmonda shovqin eshitilganda, ota-bobolarimiz qurollarini tayyorlashardi. Bu yirtqich hayvon yoki shamol bo‘lishi mumkin edi. Ming yillar davomida himoya instinktimiz shunday sharoitlarda shakllangan.

Bugun ovga chiqish yoki qurol olib yurish shart emas, ammo himoya instinktimiz hali ham faol. Ilgari jonga tahdid paytida ishga tushgan odatlarimiz hozir fikrga tahdid paytida ishga tushyapti. Masalan, ijtimoiy munosabatlar va moliyaviy xavflar oldida.

Eshitishimiz va tushunishimiz kerak bo‘lgan joylarda, biz birdaniga gapirishga o‘tamiz. Farqli yondashuvlarni o‘rganish va fikrni bo‘lmasdan eshitish muhim ko‘nikmaga aylangan. Empatiya va sabr-toqat bu jarayonda katta rol o‘ynaydi.

Yangi kasblarda kim eshitishni bilsa, u muvaffaqiyatli bo‘ladi. Eshitolmagan rivojlana olmaydi. Eshitaveraylik, endi hech kim bizni yeb ketmaydi.

Tavsiya o’zimga ham tegishli.

@abdulloh_shamsutdinov

Abdulloh Shamsutdinov

15 Jul, 06:00


Ko‘prikni saqlash kerak

Biznesda qarorlar to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri bo‘lmaydi, o‘xshadi yoki o‘xshamadi bo‘ladi, deyishadi kattalar.

Qarorlarni ko‘pincha jamoa a’zolari fikrlarini birma-bir eshitgandan keyin qabul qilinadi.

Juda kam qarorlargina hammaga birdek ma’qul keladi, ayniqsa kimnidir ishga olish yoki bo‘shatishga oid.

Tabiiy, bir safar Alining fikri inobatga olinmaydi, boshqa safar Vali xafa bo‘lishi mumkin.

Amalda Ali ham, Vali ham sizga qadrli insonlar, o‘tmishda o‘xshagan yoki o‘xshamagan qarorlarga sherik.

Lekin, qaror qilish kerak. O‘ng qo‘l yoki chap qo‘l farqi yo‘q, tishlasangiz butun jon og‘riydi, tishlamaslik tanlovi yo‘q.

Qaysi fikrlar ko‘proq o‘xshashiga ishonsangiz shu tomonga og‘asiz, ilojsiz. Haqiqiy natija esa vaqt o‘tib o‘rtaga chiqadi.

Nozik nuqta shuki, Ali ham, Vali ham buni tabiiy qabul qilishi kerak, har safar shunday o‘rtada qolishga esa siz o‘rganishingiz.

Bo‘lmasa munosabat ko‘priklari uzilib ketadi. Ko‘prik bo‘lsa yana yuk tashish mumkin, ko‘prikni avaylaylik do‘stlar.

@abdulloh_shamsutdinov

Abdulloh Shamsutdinov

09 Jul, 06:54


Mediada samimiylikni qanday saqlash mumkin?

Mediada boshqa, amalda boshqa kishi bo‘lib qolish oson ekan.

Tarmoqlarda faqat yutuqlarimizni, xursandchilik onlarimizni ulashish orqali.

Bilgan narsalarimizni o‘zini bo‘lishish ham yutuqlarga kiradi.

Shundan keyin

Postlarimda o‘z kamchiliklarimni, xatolarimni qo‘shishga kirishdim.

Avvalida biroz noqulay bo‘lgandi, hozir o‘rganib ketdim.

Blog yuritishda hali ancha o‘sish nuqtalarim bor ekan.

Yuzma-yuz ko‘rishganlar blogda ancha jiddiy tuyular edingiz, deyishyapti.

Endi buni ham yaxshilashga harakat qilaman 😊

Asosiysi, mediada samimiy, voqelikda nosamimiy, kibrli bo‘lib qolmasam bo‘lgani.

Oxirgi vaqtlarda ko‘proq yozishga harakat qilyapman, sayozroq chiqib qolayotgan bo‘lsa kechirasizlar endi)

@abdulloh_shamsutdinov

Abdulloh Shamsutdinov

08 Jul, 09:25


“Mashinam” tuzaldi.

Mashinam ovozida nosozlik paydo bo‘lib qoldi. Poytaxtdagi va Farg‘onadagi tajribali ustalarga ko‘rsatdim.

Avtomobil modeli bizning yurtga yangi bo‘lgani sababli ustalar ham zavod shu qismni zaifroq ishlab chiqargan bo‘lsa kerak, deb yurishdi.

Xitoydan yangi butlovchi qism olib kelib qo‘ydik, muammo shu zahoti yechildi, shukr. 1 hafta o‘tmasdan eski holat — yana o‘sha ovoz.

Mutaxassislar ham hayron, aniq tashxis qo‘yish yana qiyinlashdi. Shu kunlari bir tanishim aytib qoldi, yurib ketayozib konditsionerni o‘chirib yoqavermaysanmi, deb.

Odatda, katta tezlikda ham havo holati, manzaraga qarab konditsionerni ko‘p o‘chirib yoqar edim. Masala yechildi, nosozlik shundan paydo bo‘lyapti ekan.

Zavod motor sochilib ketishini oldini olish uchun shu kabi xatoliklarda mashinaning shkifini ishdan chiqadigan qilib chiqargan ekan.

Shunaqa gaplar, hozir mashinamdagi ovoz ketmadi, lekin aqlimdagi “mashinam” tuzaldi:

Xilma-xil dorilar ichamiz, shifo topmaymiz. Muammo noto‘g‘ri ovqatlanishda edi.

Telefon sekin ishlayapti, alishtirmoqchi bo‘lamiz. Xotirasi to‘lib qolgandi, xolos.

Lug‘atlar yodlaymiz, ko‘p o‘tmay unutamiz. Masala so‘zlarni amalda qo‘llamasdik.

Ishdan bo‘shatamiz, eplolmayapti deymiz. Hali yetarlicha o‘rgatolmadik, vaqt bermadik.

O‘qimagan kitobimiz, bormagan joyimiz qolmadi, ish yurmayapti. Duo qilib so‘rash kerak, deb o‘ylamagandik ham.

@abdulloh_shamsutdinov

Abdulloh Shamsutdinov

07 Jul, 16:37


Postga izoh yozmasa bo‘lmadi

Do‘stlar, kishi oliy maqsadini qancha yosh anglab yetsa shuncha yaxshi.

Oliy maqsad qayerga borishingizni belgilab beradi, chalg‘iyvermaysiz.

Masala, uni har yerda, har kimga aytib, qadrini tushirishda.

Intervyularida ish beruvchi lavozim talab qilgan eng zaruriy ko‘nikmalar sizda bormi yoki yo‘qligini bilishga intiladi, oliy maqsadingizni emas.

Keyin, oliy maqsadni qadrlaydiganlar o‘zi sizdan so‘rab oladi, siz so‘z ochib qadringizni tushirmang.

Izohlarda bir singlimiz yozganidek, oliy maqsad har kuni yashaladi, avval ham bu haqida yozgandim.

@abdulloh_shamsutdinov

Abdulloh Shamsutdinov

07 Jul, 15:03


Avval katta pul topishni o’rganing

Tayinli mutaxassis bo’lmagan yigitlar oldimizga kelib oliy maqsad, ta’limga hissa qo’shish haqida gapirishadi.

Niyat zo’r, faqat noto’g’ri vaqtda, noto’g’ri kishiga bu haqida gapiryapsiz, birodar.

Avval odamlar sizga yaxshi pul to’lashlariga mos kadr bo’ling, ungacha niyatlaringizni oynaga aytib yuravering.

Pul bilan yechiladigan muammolaringiz qolmagandan keyin istar-istamas hayotdan zerikishni boshlaysiz, shunda oliy maqsad bilan chindan yashashga oʻtasiz.

@abdulloh_shamsutdinov

Abdulloh Shamsutdinov

05 Jul, 15:35


U muhtojdir, balki.

Bugun bir yaqin akamiz, ustozimiz bir narsani tushuntirayotganlarida shoshilib "bo‘ldi, tushundim" deb gaplarini keskin bo‘lib qo‘ydim.

Ustoz odoblari sababidan bo‘lsa kerak, indamadilar. Bir necha oy oldin o‘zimga ham shunday munosabat qilishganda yoqmagan edi, esimga tushib ketdi.

O‘shanda elektron daftarchamga "Sizni eshitishga ehtiyojingiz bo‘lmasa, gapiruvchining tushuntirishga hojati bor" deb yozib qo‘ygan edim.

Ba’zi insonlar gapirishni boshlashi bilan maqsadini anglab olishimiz mumkin. Shunda ham ikkinchi tomonni gapirishga qo‘yib berish kerak.

Ehtimol, siz o‘ylamagan yondashuvni bildirar. Siz tahmin qilgan fikr bo‘lsa ham eng kamida ikkinchi tomonning soʻzini bo‘lib, xafa qilmaysiz. Hurmatini joyiga qo‘yasiz.

Bugun shu xatoni qildim, avvaldan bilsam ham. Endi yanada e’tiborliroq bo‘laman, bekorga kar odam ham gapirmay qolmaydi. Eshitolmagan gapirolmaydi.

@abdulloh_shamsutdinov

Abdulloh Shamsutdinov

02 Jul, 05:40


Birini yo’qotasiz

Harakat va shaxsiyatimizga salbiy baho beradigan kishilar ko’p topiladi. Kimdir va’daboz, boshqasi kibrli deydi.

Bizni yaqindan biladigan, birga ishlaydigan, yashaydigan insonlarning fikrlari aksar holatda rost bo’ladi.

Bizni uzoqdan biladigan, faqat tarmoq orqali taniydigan kishilar aytadigan salbiy fidbeklar esa ko’pincha bir tomonlama, rost bo’lmaydi.

Uzoqdagilarning fidbeklarini jiddiy olsangiz xotirjamligingizni yo’qotasiz, yaqindagilarni jiddiy olmasangiz yaqinlaringizni.

@abdulloh_shamsutdinov