Toshkent shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi boshlig'ining Yangi yil munosabati bilan bayram tabrigi
Assalomu alaykum qadrli vatandoshlar, hamkasblar va do'stlar! Barchangizni kirib kelayotgan yangi 2025-yil bilan samimiy muborakbod etaman. Kirib kelayotgan yil barchamizga ulkan marralarni zabt etish, yangidan-yangi yutuqlar, oilaviy xotirjamlik va farovonlik olib kelsin!
2024-yilda Boshqarma katta yutuqlarga erishdi va keng ko'lamli ishlar amalga oshirildi. Boshqarma binosini tubdan zamonaviy qiyofaga keltirish maqsadida yirik ta'mirlash ishlari amalga oshirildi. Yangihayot tuman bo'limi uchun yer uchastkasi ajratilib, yangi bino qurib bitkazildi. Xususan, Yashnobod, Uchtepa, Yunusobod, Mirobod tuman bo'limlari "Tashabbusli byudjed" loyihasi g'olibiga aylanib, tuman bo'limlarida ham ta'mirlash ishlari olib borilibgina qolmay, zamonaviy jihozlar bilan ham ta'minlandi.
Shuningdek, Toshkent shahar aholisi, ayniqsa, bolalar orasida virusli gepatit A kasalligini keng tarqalishini oldini olish uchun ota-onalar tashabbusi hamda tuman hokimliklari tomonidan ajratilgan mablag'ga vaksina xarid qilinib, 44069 nafar bolalar gepatit A kasalligiga qarshi emlash bilan qamrab olindi.
Qayd etish joizki, mavsumiy gripp kasallini oldini olish uchun Toshkent shahrida joylashgan maktabgacha ta'lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari uchun 92000 doza, poytaxtimizdagi ijtimoiy muassasalarda yashayotgan shaxslarni emlash uchun 4414 doza vaksina ajratildi.
Rejali emlash bo'yicha 2024 yilda 1 yoshli 60 mingdan ortiq, 6 yoshli 55 mingga yaqin bolalar emlandi. Shuningdek, epid ko'rsatma bo'yicha 6 oylikdan boshlab 30 yoshgacha aholidan emlanmagan va 1 marta emlanganlarning 120 mingdan ziyod shaxslar o'rtasida qizamiq monovaksinasi bilan emlash ishlari olib borildi.
Ovqatdan zaharlanishni oldini olish va aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlash maqsadida doimiy ravishda poytaxtimizda joylashgan 16 ta dehqon bozorlari va ularning shoxobchalarida nazorat tadbirlari olib borildi. Natijada sifati kafolatlanmagan, noma'lum sharoitda tayyorlangan va xavfsizligini ta'minlovchi hujjatlarsiz sotilayotgan 800 tonnadan ortiq oziq-ovqat mahsulotlari o'rnatilgan tartibda savdodan olinib, yo'q qilindi. Bundan tashqari sotuvchilarni navbatdagi tibbiy ko'rikdan o'tishi va sotuvchilarni maxsus ust-bosh kiyimda savdoni amalga oshirishlari ta'minlandi.
Bundan tashqari aholi salomatligi saqlash, ular orasida yuqumli kasalliklarni oldini olish maqsadida targ'ibot ishlari o'tgan yilgidanda kuchaytirilib, Boshqarma Axborot xizmati tomonidan yil davomida davlat hamda nodavlat telekanallar hamkorligida 500 ga yaqin ko'rsatuv va lavhalar, 200 dan ortiq videomaterial, infografikalar tayyorlandi.
Kirib kelayotgan Yangi yilda Boshqarma laboratoriyalarini so'nggi rusumdagi jihozlar bilan ta'minlash va tuman bo'limlari laboratoriyalarini xalqaro akkreditatsiyadan o'tkazish, poytaxtimizdagi bozor, ovqatlanish shoxobchalari, davolash profilaktika muassasalarida tizimli nazoratni olib borib, bir nechta kasalliklar qayd etilmasligi bo'yicha eliminatsiyaga erishish rejalashtirilgan.
Azizlar Sizlarni yana bir bor kirib kelayotgan Yangi yil bilan qutlar ekanman, yurtimizdan tinchlik, oilangizdan farovonlik arimasligini tilab, rejalashtirib qo'ygan ezgu ishlaringiz bardavom bo'lib, omadli yil bo'lishini tilayman!
Malika Kudratxodjayeva,
Toshkent shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi boshlig'i
Telegram | Instagram |Web sayt