Nodizayn @nodizayn Channel on Telegram

Nodizayn

@nodizayn


Nodir Khalilov kanali.
Dizayn va samaradorlik haqida yozaman. LinkedIn: https://www.linkedin.com/in/nodirkhalilov

Nodizayn (Uzbek)

Nodizayn kanali Nodir Khalilov tomonidan idorasi. Bu kanalda dizayn va samaradorlik haqida yozuvlar paydo bo'ladi. Nodir Khalilovning LinkedIn profiliga o'ting: https://www.linkedin.com/in/nodirkhalilov. Agar siz dizayn sohasida yangiliklarni xohlasangiz, yangi yaratish usullarini va texnologiyalarni o'rganishni istasangiz, ushbu kanal siz uchun ideal bo'ladi. Nodizayn kanali orqali siz dizayn sohasida o'z bilim va ko'nikmalarini oshirishingiz mumkin va eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'lishingiz mumkin. Sizga Nodizayn kanali orqali yaratuvchi fikrlar, dizaynning eng so'nggi trendlari va samarali dizayn yaratishning qulay yollarini tadqiq etish imkoniyati beriladi. Nodizayn kanaliga obuna bo'ling va dizayn sohasida o'z bilimingizni oshiring!

Nodizayn

03 Feb, 13:50


Adobe Design generativ AI uchun UX dizayn bo‘yicha maqola e’lon qildi. Unda quyidagilar haqida so‘z boradi:

- AI UX dizaynga qanday ta’sir qiladi
- Foydalanuvchilarga qulay va tabiiy tajribalar yaratish
- AI cheklovlari: hissiyotlar va madaniy kontekstni tushunmasligi
- Dizaynerlar uchun yangi bilim va ko‘nikmalar

👉 Designing for generative AI experiences

@nodizayn

Nodizayn

30 Jan, 10:40


Sun’iy intellekt dizaynerlarning ishini tortib olmaydi. Aksincha, undan foydalana bilmagan dizaynerlarni ishsiz qoldiradi.

Keling, real misol bilan tushuntiraman. Ishda murakkab ma’lumotlar bilan ishlashni talab qiladigan dizayn yechimi ustida ishlayabman. Har xil rollarga qarab imkoniyatlar berish kerak, lekin rollar ko‘p, ma’lumotlarning iyerarxiyasi ham juda murakkab. Bu iyerarxiyani tushunarli diagramma shakliga keltirishim kerak.

30 daqiqa vaqt sarflab, qaysi vizualizatsiya usulini tanlashni hal qila olmadim. Barcha tafsilotlarni ChatGPT’ga tushuntirib, bosqichma-bosqich yo‘riqnoma berdim. Natijada, u atigi 10-15 soniyada kerakli diagrammani tayyorlab berdi. Diagramma men o'ylagandan ham tushunarli va sodda holatga keldi.

Natija: Sun'iy intellekt mening vaqtimni tejadi, men natijaga tezroq erishaman va vaqtimni qanday qilib diagramma chizishni o'ylashga sarflamayman, bundan-da kattaroq muammolarni hal qilish haqida o'ylayman.

Sun'iy intellektdan qo'rish emas, balki uni bizni ishimizni osonlashtiruvchi vosita sifatida ko'rishimiz kerak.

@nodizayn

Nodizayn

16 Jan, 14:56


Bento Grid dizayni

Apple o’zining taqdimotlarida foydalanadigan Bento Grid ko’pchilik dizaynerlarga tanish bo’lsa kerak (1-foto).

Super Dispatch’da har ikki haftada bir All-hands yig'ilishi bo’ladi. Ana shu yig’ilish uchun tayyorlaydigan taqdimotlarda, dizaynerlar Apple'dan ilhom olib shu Bento Grid asosida dizayn qilishi trendga aylangan edi. Yaqinda shu dizayn tarixi haqida qiziq manbaalar topdim.

Bento qutisi tarixi:
Bento grid dizayni yapon bento qutisidan ilhomlangan (2-foto). Bento qutisi — bu Yaponiyada keng tarqalgan ovqat qutisi bo’lib, unda har xil turdagi ovqatlar alohida bo’limlarga ajratiladi. Mazkur qutining asosiy vazifasi — turli taomlar bir-birga aralshib ketmasligi hamda estetik tarzda joylashtirishdir. Har bir bo’lim o’lchami va shakli o’ziga xos bo’lib, mazkur tizim tartib va aniqlikni ta’minlaydi.

Biz foydalanuvchi interfeysida foydalanadigan uslub, yaponlarning ovqat soladigan qutisi dizaynidan olinganligi, ularning har bir detalga did bilan e'tibor berishini bildirmoqda.

Hammasidan ham qizig'i, Bento qutisi tarixi 12-asrga, Kamakura davriga borib taqaladi.

Bento Grid afzalliklari:
- Modullik: Kontentni aniq va tartibli bo’limlarga ajratish.
- Moslashuvchanlik: Har bir bo’limni turli o’lcham va shaklda moslashuvchan tarzda ishlatish.
- Vizual muvozanat: E’tiborni chalg’itmasdan, barcha kontentni estetik ko’rinishda taqdim etish.

Apple mazkur dizayn uslubini taqdimotlari va marketing materiallarida faol qo’llab, uni yanada ommalashtirishga hissa qo’shgan.

Bento Grid'ni dizaynda qo'llash uchun shablonlar:
- Bento Box Figma Community (Bento Box deb qidirganda yanada ko'proq natijalar chiqadi).
- Bentogrids - ilhom olish uchun dizaynlar to'plami

@nodizayn

Nodizayn

12 Jan, 07:46


Large Language Models (LLM) qanday ishlashi sodda uslub bilan tushuntirilgan video qo'llanma:
https://youtu.be/LPZh9BOjkQs

Nodizayn

01 Jan, 10:01


2024-yil uchun tuzgan rejalaringiz amalga oshmadimi?

Chunki siz noto’g’ri rejalar tuzgansiz. Hozir men sizga 2025-yilda muvaffaqiyatga erishish sirlarini o’rgataman
, deb navbatdagi murojaatini boshlabdi, treningchi Eshmat...



Faqat 8% odam yangi yilda rejalashtirgan ishlarini amalga oshira oladi

Scranton universiteti tadqiqotlariga ko‘ra, yangi yil boshida maqsad qo‘yadigan odamlarning atigi 8% yil oxiriga qadar ularni amalga oshirishga erishar ekan. Qolgan 92% esa rejalarini bajarolmaydi. Aksariyat hollarda, yanvar oyidan keyin ko‘pchilik o‘z maqsadlarini unutib yuboradi yoki motivatsiya yetishmasligidan qiyinchiliklarga duch keladi.

Shuni yodda tutish kerakki, motivatsiya – vaqtinchalik kuch, lekin uzoq muddatli muvaffaqiyatni faqat intizom va har kuni tashlangan kichik qadamlar ta’minlaydi. Reja qilish muhim, lekin uni izchil va oddiy odatlar bilan amalga oshirish undan ham muhimroq. Katta natijalarga erishish uchun kichik, lekin uzluksiz harakat qilish yetarli.

Biz yillar davomida shakllantirgan odatlarimizni bir zumda reja tuzib o‘zgartirish qiyin, ayniqsa real hayotdagi imkoniyatlarimizni hisobga olmasdan katta rejalarga sho‘ng‘ib ketsak. O‘zgarish asta-sekinlik bilan va kichik, foydali odatlarni (habits) shakllantirish orqali amalga oshadi.

Reja tuzmang, qanday bo’lsangiz shundayligingizcha qoling demoqchi emasman.

Menga yordam bergan uslub — “Atomic Habits” kitobidagi maslahatlarni hayotga tatbiq qilish. Unda “har kuni atigi 1% yaxshiroq bo‘ling” degan tamoyilga asoslangan oddiy, lekin kuchli usullar keltirilgan. Bu kichik o‘zgarishlar vaqt o‘tishi bilan hayotni yaxshilashga yordam beradi.

Muhimi, natija emas – jarayon!

Bizning odatlarimiz, kunlik harakatlarimiz va kichik qadamlarimiz uzoq muddatda hayotimizni shakllantiradi. Shuning uchun asosiy maqsad biror natijaga yetishish emas, o‘sha natijaga yetaklovchi odamga aylanishdir. Mana, hayotiy misollar:

- Sportda maqsad marra chizig‘ini bosib o‘tish emas, yuguruvchi bo‘lish. Har kuni yoki kun ora ozgina yugurish, kun kelib marafon tugatishga olib boradi. Ammo natija emas, yugurish jarayoni hayotingizni o‘zgartiradi.

- Bilim olish: Maqsad universitetni tugatish emas, o‘quvchi bo‘lish. Har kuni yangi bilimga intilishni odat qilgan odam hayotining har bir sohasida muvaffaqiyatga erishadi.

- Sog‘lom ovqatlanish: Maqsad vazn tashlash emas, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish. Har kuni ratsionga ko'kat va sabzavotlarni qo'shib borish va foydasiz mahsulotlarni kamaytirish kabi kichik odatlar vaqt o‘tishi bilan sog‘lom tanani shakllantiradi.

Kichik odatlarni shakllantirib maqsadga erishishda yordam beradigan manbaalar:

📖 Atomic Habits
🌐 1% Better Every Day

@nodizayn

Nodizayn

30 Dec, 08:29


TBC Bank ilovasi interfeysida juda shubhali holatni sezib qoldim.

Ilovani ochib, profil ekraniga o'tib, "Другое" bandini ochganda,
"У вас активная заявка" matni, uning ostida esa, "Отменить заявку на кредит" tugmasi bor. Qiziq tomoni men zayavka qoldirmaganman. Hamamsidan qizig'i, arizani bekor qilgandan keyin ham bu holat shundayligicha qolmoqda.

Ilovadan video yozib joylamoqchi edim, xavfsizlik uchun bunga ruxsat berishmaydi.

TBC Bank ilovasi ishlatadiganlar, bu holatni tekshirib ko'rishlarini tavsiya qilaman.

Farkhod.com qanday qilib kredit tarixiga ta'qiq qo'yish haqida foydali yo'riqnoma bergan edi. Bu amalni bajarib qo'yish ham har xil xavflar oldini oladi.

@nodizayn

Nodizayn

26 Dec, 13:37


Birinchi 42Meetup a’lo darajada o’tdi. Tadbirda Azimjon va Otabekga side project yoki startup qilishda qanday xatolarga yo’l qo’ymaslik haqida berilgan savolga foydali javoblar bo‘ldi.

Ular tez ishlash kerakligi, mahsulot hali foydalanuvchilarga yetib bormagan bosqichda uzoq muddatli masalalar haqida o‘ylashdan ko‘ra, iloji boricha tezroq MVP (minimal funksional mahsulot) chiqarish va kichik iteratsiyalar orqali rivojlantirishga e’tibor qaratishni tavsiya qilishdi.

Dizayn nuqtai nazaridan men ham bir nechta fikr bildirmoqchi edim, lekin vaqt yetmagani sababli ulasholmadim. Mana mening dizayn bo‘yicha qo‘shimcha fikrlarim:

- MVP dizayni uchun ko‘p vaqt sarflamaslik: Foydalanuvchilar uchun sodda, tushunarli va qulay dizayn yaratish. Dizayn mukammal bo‘lishi shart emas, kichik xatolarga ruxsat beriladi.

- Hali mavjud bo‘lmagan mahsulot uchun brend yaratmaslik: Mahsulot validatsiya qilinmaguncha logo, brend to‘plami yoki reklama materiallariga vaqt sarflashni kechiktiring. Men bir side project/startup ustida ishlaganimda, mahsulot MVP dizayni tayyor bo'lgach, brend yaratishga qattiq fokus qilishim so'ralgan, logo yaratish, har xil to'plamlar va reklamalar, lekin u jamoani tark etganman. Sababi, bor kuchni MVP mahsulotga sarflamasdan, dizaynga sarflash noto'g'ri.

- “Less is more” tamoyiliga amal qilish: Kerak bo‘lmagan funksiyalarni qo‘shib mahsulotni murakkablashtirishdan saqlanish.

- Jamoaning moslashuvchanligi va tezkorligi: MVP jarayonida o‘zgarishlarga tez moslashishi va kerakli o‘zgarishlarni amalga oshira olishi kerak.

- “Done is better than perfect”: Ishni mukammallikka intilmasdan yakunlash muhim. Muhimi, natija ko‘rsatish va foydalanuvchilar muammosini hal qilishdir.

@nodizayn

Nodizayn

26 Dec, 13:36


42Meetup

100dan ortiq 42.uz talabari bilan bo'lgan uchrashuvdan suratlar.

Nodizayn

24 Dec, 13:19


Yil boshida 42.uz platformasiga user research jarayonida yordam bergan edim. Muammolarni aniqlash maqsadida so‘rovnoma va intervyular o‘tkazdik.

Tadqiqotda kurs sotib olganlarning juda kam qismi uni muvaffaqiyatli yakunlaganini aniqladik, va buning sabablarni bilish muhim edi.

Tadqiqot natijasida quyidagi asosiy xulosalarga keldik:
- Odamlar kurs yoki muallif haqida ma’lumotga ega bo‘lishi bilanoq tezda kursni sotib olishadi.
- Kurs sotib olingach, ko‘pincha birinchi 3-5 kun davomida faol bo‘lishadi.
- Birinchi haftadan so‘ng ko‘pchilik kursga qaytmaydi.
- Kursda o‘quvchini progress qilishga undaydigan mexanizmlar (masalan, nudging yoki rewarding) mavjud emas.
- Kurs asosan nazariyaga asoslanganligi sababli, passiv o‘qitish zerikarli bo‘lib qolmoqda.

Tadqiqotda faqat kursda natija ko'rsatmagan o‘quvchilarni emas, balki kursni tamomlagan yoki tamomlash arafasida turgan ishtirokchilarni ham jalb qilishni maqsad qildik.

Intervyularning birida Milliy Universitet yoki TATUda 20 yil davomida dars bergan professor bilan suhbatlashdim. Ular Express Backend kursidagi 34 darsdan 30 tasini muvaffaqiyatli tamomlagan ekanlar.

Ularning kursga qiziqishlari yosh avlod qanday metodikalardan foydalanayotganini ko‘rish va o‘rganish istagi bilan bog‘liq bo‘lgan.

Professorning fikr-mulohazalari:
- Kurslarni elementary, beginner, pre-intermediate, intermediate, advanced kabi darajalarga ajratish kerak. Ana shunda, o‘quvchilarga tushunish osonlashadi. Bosqichma-bosqich o‘rgatish yanada samarali bo‘ladi.

- Kurslarni passivdan aktivga o‘tkazish. Masalan, Intuit saytida har bir darsdan keyin bilimni test orqali tekshirishadi. Joriy kurslar passiv holatda, bilimlar amaliy tekshirilmaydi. Natijada o‘rganilgan ma’lumotlar tez unutiladi.

- O‘zbekistonda online universitetlarni rivojlantirish zarur, chunki an’anaviy tizim orqali yetarlicha dasturchi tayyorlanmayapti.

- Sun’iy intellekt yordamida yangi o‘qitish usullarini joriy qilish kerak.

Intervyularni dam olish kunlari o‘tkazganim sababli, suhbatimiz 20 daqiqadan ko'p davom etdi.

Shu kabi intervyular orqali qiziqarli va foydali ma’lumotlar hamda yangi g‘oyalar olinadi.

@nodizayn

Nodizayn

23 Dec, 09:52


Attention span — bu ishlayotganimizda yoki bilim olayotganimizda, chalg’imasdan qancha vaqt e’tiborimizni saqlashimizni bildiradi.

Masalan, kichik yoshdagi bolalarda bu muddat qisqa bo’ladi.
Mashina o‘ynayotgan bola birdan kitobga qiziqib, rasmlarini varaqlashi mumkin yoki tezda boshqa o'yinga o'tib ketishi mumkin. Bolalar odatda yangi narsalarga qiziqadilar, lekin bu qiziqish tez so‘nishi mumkin, chunki ularning diqqat muddatlari hali to‘liq shakllanmagan.

Kattalar o‘rtacha 20 daqiqa davomida bir faoliyatga diqqatni qarata olarkan, agar bu faoliyat qiziqarli yoki dolzarb bo‘lsa, bu muddat 40-50 daqiqagacha yetishi mumkin ekan.

Ijtimoiy tarmoqlar va Telegram kabi servislarning salbiy tomoni — diqqat muddatiga (“attention span”) ta’sir qila olishi.

Telegramda kerakli xabarni tekshirish uchun kirganimizda, osonlik bilan chalg’ib qolish mumkin. Shu sababli, men har doim ham Telegram guruhlarga qo‘shilavermayman va guruhlarga qo‘shishni cheklab qo‘yganman, ayniqsa faqat yangiliklar yoki videolarni “forward” qiladigan guruhlarga.

Tasavvur qiling, har bir “krug” uchun alohida guruh bor: sinfdoshlar, kursdoshlar, ishdagi hamkasblar, qarindoshlar, ulfatlar va hokazo.

Ularning har biriga kuniga 5-10 daqiqa ajratib, vaqtni tez yo'qotish mumkin. Albatta, har kimning o‘z tanlovi bor va bu tanlovga hurmat bilan qarash kerak.

@nodizayn

Nodizayn

17 Dec, 12:25


Ro’yxatdan o'tish uchun, uzun forma to'ldirish talab qilinmaydi 😃

Nodizayn

17 Dec, 12:25


42Meetup ⚡️

@qirikki jamoasi bilan uchrashuvga taklif qilamiz.

Uchrashuv davomida “Dizayn va Dasturlash” haqidagi bilimlar bilan qatorda 2024-yil natijalari va 2025-yil uchun rejalar bilan bo’lishamiz.

🗓️ Sana: 21-dekabr
🕑 Vaqti: 14:00 - 17:00
📍 Manzil: Impactt Technology Hub

👉 Ro’yhatdan o’tish uchun @qirikkibot ga “meetup” deb yozing.

Nodizayn

15 Dec, 15:07


Elena Verna shaxsiy brend yaratish haqida yaxshi post yozdi va uning asosiy xulosalari quyidagicha:

- Shaxsiy brend o‘zingizni rivojlantirish va yaxshi natijalar yaratish orqali tabiiy paydo bo‘ladi. Avval sifatli ish qilishga e’tibor qaratish kerak, brend esa foydali ish va muvaffaqiyat ortidan shakllanadi.

- Ko‘p “influencer”lar shaxsiy brend orqali tez muvaffaqiyatga erishish mumkinligini targ‘ib qilishadi, lekin bunday yondashuv noto‘g‘ri. Haqiqiy obro‘ va ishonch faqat o‘z mehnatingiz va natijalaringiz orqali keladi, ijtimoiy tarmoq yoki algoritmlar orqali emas.

- Shaxsiy brendga urg'u bergandan ko‘ra, haqiqiy bilim va tajribani boshqalar bilan ulashishning foydasi ko'p. Bu yondashuv boshqalarga ham foyda beradi.

- Shaxsiy brend uchun harakat qilishdan ko‘ra, avval yaxshi natijalarga erishishga va undan keyin bilimlarni ulashishga intilish kerak.

P.S.: Bugungi kunda shaxsiy brend uchun kontent yaratish yoki post yozish trendga chiqdi, algoritmlar o'ylab topildi. Ayniqsa sun'iy intellekt yordamida bu kabi jarayonlarni amalga oshirish oson bo'ib qoldi.

Har doim birovni kuzatishdan oldin yoki biror kitob o'qishdan oldin, oddiy savollar berib, muallif kimligini filtrlab olish vaqtni zoye ketmaslikka yordam beradi.

👉 You don't need to build a personal brand - Elena Verna

@nodizayn

Nodizayn

13 Dec, 19:02


Tutorial Hell iborasi dasturlash yoki dizaynni o’rganishda faqat tutoriallarga o’rganib qolish, haqiqiy loyihalarda o’z bilim va ko’nikmalarni sinay olmaslikni anglatadi. Bu o’rganish jarayonida tutoriallarga haddan tashqari bog’lanib qolishga olib keladi.

O’zim uchun AI Hell yoki ChatGPT Hell iborasini o’ylab topdim. Ya’ni, so’nggi paytlarda har bir amalni ChatGPT yordamida bajarishga odatlanib qolganman.

Bu, albatta, ba’zi jihatlari bilan foydali. Ishda ingliz tilida yozma yoki og’zaki muloqot qilganim uchun har bir yozgan matnni ChatGPT yordamida tekshirishga o’rganib qolganman.

Uzunroq email yozishda bunday yondashuv foyda beradi, lekin oddiy chat orqali muloqot qilishda ham, matnim professional yozildimi yoki yo’qmi, deb ikkilanib ChatGPT’dan foydalanish miyani ishlatmaslikka va ChatGPT Hell holatiga olib keladi.

Shuning uchun, oxirgi ikki haftadan beri yozma muloqotlarda ChatGPT’dan foydalanishni to’xtatib qo’ydim. AI chiqishidan oldin ham shunday qilganmam.

@nodizayn

Nodizayn

06 Dec, 11:48


World Usability Day Toshkent

Demak, rus-tilida 'Usability test' mavzusini yoritaman. Dokladim usability testni o'rganmoqchi bo'lganlar uchun foydali bo'ladi. Kanalimda qiziq joylarini, o'zbek tilida ham yuklayman.

📅 7-dekabr (shanba),10:30–15:00
📍 C-Space Yunusabad (Ahmad Donish, 20A)

Tadbirga bot orqali ro‘yxatdan o‘ting https://t.me/itcomuzbot

P.s. Tadbir xaqida qo'shimcha ma'lumot kommentda.

-------

@farkhod_com

Nodizayn

05 Dec, 05:37


Avvalroq Oybek Kholikov ishlari bilan bo'lishgandim. Oybek Janubiy Koreyada bir nechta kompaniyalarga UI/UX dizayner vazifasida ishga topshirdi va nihoyat TEAM SKY kopmpaniyasiga stajirovkaga qabul qilindi.

Bungacha bir nechta intervyu jarayonlaridan o‘tdi va har bir intervyudan keyin natijalarni tahlil qilib, yo‘nalish ko‘rsatishga harakat qildim.

Shu bilan, so‘nggi bir yil ichida men mentorlik qilgan dizaynerlardan 4 nafari o‘ziga mos ish topishga muvaffaq bo‘ldi.

Men mentor sifatida hech qachon dizaynerlarga bu sohada ishlash orqali falon ming dollar daromad qilishini yoki kursimdan keyin aniq bir summada oylik maosh topishini va’da bermayman. Hatto to‘g‘ridan-to‘g‘ri so‘rashganida ham, bu jarayon ularning o‘z mehnati va harakatlariga bog‘liq ekanini ochiq tushuntiraman.

Mening eng katta yutug'im – ularning o‘z natijalariga erishayotgani.

@nodizayn

Nodizayn

30 Nov, 12:28


Menga dizayn industriyadagi jarayonlar, sohadagi o'zgarishlar va ishga qabul qilish jarayonlari qiziq. Yaqinda Tom Scott bilan bo'lgan suhbatda, hozir qanday dizaynerlarga talab ko'p deb so'raganimda, u quyidagilarni aytib o'tdi:

- Kod yoza oladigan dizaynerlar
- Kichik startap yoki kompaniyada yakka tartibda ishlaydigan dizaynerlar (solo)

Tom Scott asosan Buyuk Britaniya va Yevropa bozorida dizaynerlar topishda yordam beradi. Uning aytishicha, u asosan 1% eng yaxshi dizaynerlar bilan ishlaydi.

Keling yuqorida keltirilgan ikki toifa dizaynerlarni tahlil qilamiz:

Kod yoza oladigan dizaynerlar (designer who can code)
Bunday dizaynerlar tayyorlagan dizayn yechimini frontendga o'gira oladigan (HTML, CSS, JavaScript yordamida) yoki kamida shu jarayonda oddiyroq amallarni bajara oladigan dizaynerdir.

Bunday dizaynerning asosiy afzalliklari:
- Texnologiyalarni tushunish, dizayn jarayonida texnologik cheklovlar va imkoniyatlarni hisobga ola bilishi.
- Prototip tayyorlash, ayniqsa yangi va kichik startap muhitida, tezkor prototiplarni yaratishda katta yordam beradi.
- Ish jarayonini tezlashtirish, g'oyalarni amalda realizatsiya qilish jarayonini soddalashtiradi.

Yakka tartibdagi dizaynerlar (solo)
Kompaniya yoki jamoada yolg'iz dizayner sifatida ishlashning o'ziga xos sabablari bor. Bunday dizaynerlarning afzalligi shundaki, ular ko'p qirrali bo'lib, biznes ehtiyojlarini yaxshiroq tushunadi va kamroq resurs bilan katta natijalar ko'rsatadi.
Ammo bunday dizaynerlarning duch keladigan asosiy muammolari:

- Mentorlarning yetishmasligi: Komandada boshqa dizaynerlar yo'qligi sababli, ular ko'pincha o'zlarini yolg'iz his qilishadi va rivojlanish uchun mentor qidirishadi.

- O'sish imkoniyatlari cheklangandek tuyulishi: Yakka tartibda ishlashda dizaynerlar bo’lmagani uchun jamoaviy hamkorlik va tajriba almashish imkoniyatlari kamroq bo'lishi mumkin.

Ikkala holatda ham dizaynerlar biznesni to'g'ri tushunib, kamroq xarajat va kuch bilan ko'proq natijaga erishishga yordam beradi. Ayniqsa o'tgan 2 yil davomida IT sohasidagi massiv ishdan bo'shatishlardan keyin kompaniyalar iloji boricha kamroq odamlar bilan ko'proq natijaga erishishga urinmoqda.

Shaxsiy tajribam
2010-yillarda men ham dasturchi va web dizayner bo'laman deb, HTML va CSS ni o'rganib, o'zim chizgan saytlarni verstka qilib ko'rgandim. Lekin o‘sha davrda bunday ko‘nikmalarga talab past bo‘lgani uchun bunga fokus qilmadim.

Keyinchalik, adashmasam, 2018-yillarda Farhodjon aka orqali Notion kompaniyasida faoliyat olib borgan Sergey Surganovdan, Notionda kodlashni biladigan dizaynerlarga talab borligini eshitganman.

Hozir tez-tez tarmoqlarda dizayner kod yoza olish-olmasligi haqidagi bahslarga ko'zim tushadi.
Dizayner kod yozishi kerak degan talab yo'q, lekin agar dizaynerda bu ko'nikma bo'lsa, bu juda katta foyda beradi.

@nodizayn

Nodizayn

28 Nov, 17:56


Sun’iy intellekt erasi

Ko’plab mashhur startap yoki mahsulotlar saytining yuqori qismida (hero section) sun’iy intellekt yordamida qanday yechim taklif qilayotganlari haqida ma’lumot berishi trendga aylanmoqda.

Lokal bozorda bu kabi trend qachon boshlanadi?

@nodizayn

Nodizayn

28 Nov, 17:43


Networking yordamida soha mutaxassislari bilan muloqot qilib, yangi bilim va ko'nikmalar olish mumkin.

DevFest Tashkent — O‘zbekistondagi dasturchilar uchun eng yirik tadbirlardan biri hisoblanadi. Adashmasam, dizayn bo'yicha ham dasturlar birinchilardan bo'lib, aynan DevFest tomonidan amalga oshirilgan edi. Bu safar dizayn yo‘nalishi bo‘yicha maxsus dasturlar bo‘ladimi, aniq emas, lekin dasturchilar uchun albatta juda foydali va qiziqarli tadbir bo‘lishi kutilmoqda.

Shuning uchun, ayniqsa dasturchilar, ushbu tadbirda qatnashishni, o‘tkazib yubormasliklarini tavsiya qilaman.

👉 Bepul ro‘yxatdan o‘tish

Nodizayn

21 Nov, 18:11


UX dizayn kursda tahsil olgan, navbatdagi dizayner — Oybek Kholikovning kurs davomida bajargan ikki loyihasi bilan bo'lishaman.

Ikkala dizayn ham haqiqiy loyihalar uchun qilindi. Ya'ni ilova sifatida chiqarib, g'oyani sinovdan o'tkazish uchun yechim qilingan.

Ishlarni batafsil ko‘rish uchun havola:

👉 Mizan - QR Kod menyu
👉 helpForeigner App

@nodizayn

Nodizayn

12 Nov, 14:15


Von Restorff qonuni

Nodizayn

12 Nov, 14:15


Google sozlamalardan foydalanishga oid videolari yaxshi va tushunarli tayyorlangan. Interfeysda ko’p matn mavjud, lekin kerakli joyni belgilab ko’rsatish uchun ular aynan shu joynni matn ko'rinishida qoldirib qolgan elementlarni “skeleton” shaklida ajratib ko’rsatishgan.

Bu esa e’tiborni matnga osonlikcha qaratadi, chunki matn boshqa elementlardan ajralib turadi. Bu yerda Von Restorff qonuni qo’llanilgan.

@nodizayn

Nodizayn

11 Nov, 15:00


2023-yilning yanvar oyida UX dizayn kursini e’lon qilgan edim va bundan 7 oy oldin bu kursni to’xtatishga qaror qildim.

Nega kursni ishlab chiqqanim, jarayon qanday kechganligi, uni to’xtatishim sabablari va natijalari haqida alohida post yozaman. Eng quvonarlisi shuki, kursni tamomlagan ishtirokchilar orasida dizayner sifatida ish boshlaganlar ham bor.

Hozircha esa, kursda qatnashuvchilar tomonidan bajarilgan ba’zi loyihalar haqida ma’lumot bermoqchiman.

Kurs davomida dizaynerlar loyiha tanlab, g’oya ustida izlanish olib borishlari, foydalanuvchi intervyulari orqali mavjud muammolarni o’rganishlari va o’z loyihalari ustida ishlab, muammoga dizayn yechim tayyorlashlari kerak edi.

Misol uchun, Izzatilla Umirzokov dizaynerlik bo’yicha ilgari hech qanday tajribaga ega emas edi. Kurs davomida u BusTracker ilovasidagi muammolarni o’rganib, ularni hal qilishga harakat qildi.

Dizaynerlar orasida portfolioga ish qo'shish uchun aslida dizayner persona tayyorlamagan bo'lsa ham, matn generatsiya qilib persona tayyorlash kuzatiladi. Ammo, Izzatilla persona yaratish uchun 5 dan ortiq foydalanuvchilar bilan intervyu o’tkazib, asosiy muammolarni aniqlashga muvaffaq bo’ldi.

Kursda bajarilgan asosiy ishlar orasida ko’pincha dizayn jarayonlarida chetda qoldiriladigan quyidagi bosqichlar mavjud bo’lib, Izzatilla ular ustida ishladi:

- Muammoni aniqlash uchun foydalanuvchi intervyularini o’tkazdi.
- Foydalanuvchi personasini haqiqiy ma’lumotlar asosida yaratdi.
- Foydalanuvchi empatiya xaritasi (Empathy Map) ustida ishladi.
- Yechimlarni eskiz shaklida tasvirladi.
- Prototip tayyorlab, uni sinovdan o’tkazdi.
- Yakuniy dizayn ustida ishladi va uni sinovdan o’tkazdi.

Izzatillaning ish jarayonidan ba’zi lavhalarni quyida taqdim etaman, to’liq ishlari bilan esa quyidagi havola orqali tanishishingiz mumkin:

👉 Safar — Bus Tracker App

P.S.: Case study’da asosan jarayonga e’tibor qaratilgan va kamchiliklar mavjud, lekin dizayner sifatida hali faoliyat yuritmagan inson uchun bu ish juda yaxshi.

Izzatilla uchun rus tilida yozish qulayroq bo’lgani uchun case study rus tilida yozilgan.

@nodizayn

Nodizayn

29 Oct, 18:04


2024-yilda UI/UX dizayn bo’yicha ish bozori holati

ADPList joriy yil uchun dizayn bo'yicha ish bozori holatini (State of the design job market 2024) e'lon qildi.

Ma'lumotlar yig'ilishida 640 mingdan ortiq dizaynerlar qatnashgan.

Hisobotni o'qib chiqib, asosiy faktlar va xulosalarimni yozaman:

1. Dizaynerlarga talab oshmoqda

Hisobotda ma'lumot berilishicha, UX dizayn rollari 2019-yildan beri 29.2% ga o‘sgan, bu esa foydalanuvchi tajribasi bo‘yicha mutaxassislarga katta talab borligini ko‘rsatadi. Kompaniyalar foydalanuvchi tajribasiga ko‘proq e’tibor qaratmoqda, bu esa tajribali dizaynerlar uchun ko‘plab imkoniyatlarni yaratmoqda.

Bu tendensiya kelajakda ham davom etishi kutilmoqda, chunki dasturiy ta’minot biznes strategiyalarining markazida turadi.

2. Yumshoq ko‘nikmalarga (soft skills) talab oshmoqda

Ish beruvchilar texnik ko‘nikmalardan tashqari, yumshoq ko‘nikmalarga ham katta ahamiyat bera boshlagani aniq sezilgan. Bunday vaziyatda samarali muloqot va hamkorlik ko‘nikmalariga ega dizaynerlar bozorda ajralib turishi haqida eslatib o'tilgan.

Bu ma'lumot dizaynerlarga yumshoq ko‘nikmalarni rivojlantirish zarurligini ko‘rsatmoqda.

3. Frilanserlik imkoniyatlarining o‘sishi

Dizayn sohasida frilanserlik ishlari ko‘paygani menga qiziq tuyuldi. Ko‘plab dizaynerlar turli xil tajribalarni sinab ko‘rishga imkon beradigan erkin loyihalarni tanlashmoqda.

4. Katta texnologiya kompaniyalaridan (MAANG) tashqaridagi imkoniyatlar

MAANG kompaniyalaridan (Meta, Apple, Amazon, Netflix, Google) tashqari boshqa kompaniyalar ham UX dizayn sohasiga katta sarmoya kiritmoqda.
Masalan, JPMorgan 62 UX dizaynerni ishga olgan va bu ko‘rsatkich ayrim texnologiya kompaniyalaridan ham yuqori.

Bu holat ish qidiruvni faqat texnologiya kompaniyalari bilan cheklamasdan boshqa sohalarda ham qiziqarli imkoniyatlar borligini ko‘rsatmoqda.

4. Ish topish muddati uzaymoqda

Hisobotda dizaynerlar avvalgi yillarga nisbatan ish topish uchun ko’proq vaqt sarflayotgani keltirilgan. 2019-yilda dizaynerlarning 67.9% 3 oy ichida yangi ish topgan bo’lsa, 2024-yilda bu ko’rsatkich 49.5% ga tushgan. Bu esa kuchli raqobat va ish beruvchilarning talabchanligi tufayli yangi pozitsiyalarni egallash biroz qiyinlashayotganini anglatadi.

Bu ma'lumotlar, bugungi bozor holatida ish qidirishda, sabrli bo'lish kerakligiga urg'u bermoqda.

Hisobotdan kelib chiqib, sun’iy intellekt rivojlanishi dizaynerlarni ishsiz qoldiradi deb xavotirlanmasdan, UX/UI dizayn sohasini chuqur o‘rganishda davom eting.

@nodizayn

Nodizayn

29 Oct, 09:04


Yaxshi avtomobil interfeysi, yoqilg’i yoki elektr quvvati miqdori kam qolganda, haydovchiga faqat kam miqdordagi elektr quvvati yoki yoqilg'i haqida ma'lumot bermasdan keyingi yoqilg’i yoki quvvatlash stansiyasini tavsiya qiladi.

Tesla, BMW yoki Mercedes-Benz avtomobillarining so'nggi rusumlarida shunga o’xshash funksiyalar mavjud bo’lib, ular quvvat yoki yoqilg’i kamayganida avtomatik ravishda yaqin joylashgan quvvatlash nuqtalarini taklif qiladi va unga qanday yetib borish bo’yicha batafsil yo’riqnoma beradi.

WHOOP qurilmasida uyqudan uyg’onish vaqtini belgilash (alarm) mumkin. Qurilma organizm qancha uxlagani va qanchalik tiklanganidan kelib chiqib, kerakli uyqu miqdori haqida maslahat beradi. Agar uyg’onish vaqtini belgilangan bo’lsa va qurilmaning quvvati kam qolsa, tunda o’chib qolish ehtimoli mavjud bo’lsa, foydalanuvchiga bu haqida ma'lumot berib qizil rangda, uyqudan oldin quvvatlash kerakligi haqida ma'lumot beradi.

Juda zo'r dizayn yechim. Ya'ni vaqtida uyg'onish uchun qurilmani quvvatlash tavsiya qilinadi.

Foydalanuvchi interfeysida ham qandaydir xatolik yoki muammo paydo bo’lsa, faqat xatolik haqida xabar berish emas, balki uni qanday bartaraf etish mumkinligi haqida ham ma’lumot berilishi zarur.

@nodizayn

Nodizayn

25 Oct, 05:36


Kostya Gorskiy sun’iy intellektning kelajakdagi imkoniyatlari haqida o‘z prognozlarini yillar bo‘yicha taqsimlab, batafsil fikr bildirdi. Uning tahlillariga ko‘ra:

2024–2026 yillar
AI eng oddiy va bir xil vazifalarni bajaradi, hozirda bu ishlarni odatda junior darajadagi xodimlar bajarishadi. Masalan, kod yozish, tayyor yo'riqnomalarga ko‘ra dizayn qilish, kandidatlarning javoblarini saralash va eng qiziqarli bo‘lganlari bilan intervyu tashkil qilish kabi vazifalar. Qayta-qayta takrorlanadigan ishlarimizni sun'iy intellekt tezlashtirib beradi.

2026–2028

AI-agentlar o‘rtacha (middle) malakaga ega mutaxassislar darajasida ishlay boshlaydi. AI-dizaynerlar va AI-dasturchilardan iborat jamoa tuzish mumkin bo‘ladi. Lekin ularga vazifalarni qo‘yish va fikr-mulohaza berish hamon odamlar tomonidan amalga oshiriladi. Shuning uchun haqiqiy dizaynerlar va dasturchilar ko‘proq jamoa yetakchisi sifatida qolishadi.

Yaxshi tomoni shundaki, AI-agentlar hech qachon “burn out” bo'lmaydi yoki charchamaydi va ularni boshqarish uchun yumshoq ko‘nikmalar (soft-skills) juda kerak bo‘lmaydi. Freelancerlar bozori jiddiy o‘zgaradi, chunki AI o‘rtacha freelancerlardan ancha yaxshi va arzonga ishlaydi. AI-rekruterlar yangi nomzodlarni topishda va birinchi suhbatdan o‘tkazishda juda yaxshi ishlashadi.

2028–2030
AI-agentlar yuqori malakali mutaxassislar darajasida ishlashadi: ular mustaqil bo‘lishadi, hatto noto‘g‘ri qo‘yilgan vazifani ham tushunib, yuqori sifatli tarzda bajarishadi. Faqat asoschilar tomonidan tashkil etilgan, inson ishtirokisiz milliard dollarlik kompaniyalar paydo bo‘ladi. Katta va noodatiy muammolarni hal qila oladigan, yuqori darajadagi malakaga ega odamlar (principle-level) esa yanada qadrliroq bo‘ladi. Jismoniy dunyoda robotlar odamlarning ko‘plab ishlarini o‘rnini bosadi: ovqat tayyorlash, tozalash va yetkazib berish. Yashash xizmatlari odamlar tomonidan bajarilganida qiymati keskin oshadi.

2030 va undan keyin – bu yerda men uchun hamma narsa biroz noaniq. Lekin bir narsa aniq, dunyo butkul yangicha bo‘ladi va ko‘pgina tizimlarni qayta ko‘rib chiqish kerak bo‘ladi. Insonlar har qanday holatda ham o‘zaro ishlashadi va biror narsalarni yaratishda davom etishadi. Lekin bu hozirgi ratsional biznesdan ko‘ra ijodiy jarayonlarga yaqinroq bo‘lsa kerak.

Aytgancha, 2030 yil bizga hozir futuristikdek tuyulishi mumkin, lekin aslida bu yil shu qadar yaqin – xuddi bugungi kun bizdan bir necha yil oldingi vaqt kabi.

Mening fikrim:
AI kelajakda kundalik hayotimizni va ish jarayonlarimizni tubdan o‘zgartiradi. Oddiy vazifalarni avtomatlashtirgach, odamlar murakkabroq va ijodiy masalalarga e’tibor qaratishi kerak bo‘ladi. Eng katta o‘zgarish – bu iqtisodiyot va jamoaviy ishlash usullarining yangilanishida. AI yordamida kichik jamoalar katta natijalarga erisha oladi, lekin raqobat ham kuchayadi.

Shu bilan birga, inson qobiliyatlari – ijodkorlik, strategik fikrlash, va empatiya – AI’dan ustun bo‘lgan sohalarda qadrliroq bo‘lib qoladi. Aynan mana shu sohalar kelajakda eng katta ahamiyatga ega bo‘ladi.

AI texnologiyasini to‘g‘ri boshqarish va cheklovlarini tushunish kelajakdagi muvaffaqiyatning asosiy kaliti bo‘ladi. Insoniy aloqa va xizmatlar hech qachon o‘z qadrini yo‘qotmaydi, chunki ular AI tomonidan to‘liq almashtirib bo‘lmaydi.

Sun'iy intellekt kelajagi haqida siz qanday fikrdasiz?

@nodizayn #ai

Nodizayn

24 Oct, 11:06


Dizaynerlar o'qishi kerak bo'lgan kitoblar ro'yxati: 3-qism

1-qism
2-qism

O'zim o'qigan va menga juda katta yordam bergan kitoblar ro'yxatini davom ettiraman.

Getting Real - The smarter, faster, easier way to build a successful web application - Basecamp

Basecamp tomonidan yozilgan va sodda, samarali mahsulotlar yaratishga yo’naltirilgan qo’llanma. Kitob foydalanuvchi ehtiyojlarini ustuvor qo’yishga, keraksiz funksiyalarni kamaytirishga va tezkor iteratsiyalarda ishlashga undaydi.

Dizayn ustida haftalab yoki oylab ishlamaslik jamoa bilan samarali hamkorlik qilish, va foydalanuvchi tajribasini yaxshilashga qaratilgan yondashuvlarni o’rganishga yordam beradi.

FFF prinsipini (Fix time, Fix budget, Flex Scope) aynan shu kitobdan o'rganganman va buni ish jarayonida juda ko'p qo'llaganmiz.

Hooked: How to Build Habit-Forming Products
Odatiy foydalanuvchi xatti-harakatlarini shakllantirish uchun mahsulotlarda qanday dizayn elementlaridan foydalanish kerakligini o’rgatadi.

Foydalanuvchilarni mahsulotingizga qaram qiluvchi xususiyatlarni qanday yaratishni tushuntiradi. Foydalanuvchilarda odatlarni shakllinatirishda qo'llaniladigan to'rt element haqida ushbu havola orqali batafsil ma'lumot olish mumkin.

The Lean Startup - Eric Ries
Biznes va mahsulot dizaynida tajriba asosida tezkor ravishda rivojlanishni o’rgatadi. Minimal viable product (MVP) yaratish orqali tezkor sinov va foydalanuvchilardan fikr olish, mahsulotni tez-tez yangilab, mijoz ehtiyojlariga moslashtirish va resurslarni tejash uchun g’oyalarni avval sinovdan o’tkazishni o'rgatadi.

Start with NO. The Negotiating Tools that the Pros Don't Want You to Know - Jim Camp
Samarali muzokaralar olib borishning o’ziga xos usullarini o’rgatadi. Muzokaralarda “yo’q” deyish orqali haqiqiy ehtiyojlarni aniqlash, suhbatni boshqarib, qarshi tomon ustidan nazorat o’rnatish va kuchsiz holatlarda ham muvozanatni saqlash va qarorlarni qabul qilish haqida ma'lumot beradi.

Continuous Discovery Habits - Theresa Torres
Foydalanuvchilar bilan uzluksiz aloqada bo’lib, doimiy kashfiyot qilish yondashuvini o’rgatadi. Dizaynerlar uchun foydasi:

- Mijoz fikri: Foydalanuvchilar bilan muntazam suhbatlashib, muammolarni aniqlash va yechimlar yaratish.
- Test va iteratsiya: G’oyalarni sinab ko’rish va tez-tez takomillashtirib borish.
- amoaviy kashfiyot: Butun jamoani kashfiyot jarayoniga jalb qilish orqali yaxshiroq natijalarga erishish.

Bundan tashqari Teresa Tores'ning blogini ham o'qishni tavsiya qilaman, unda mahsulot menejeri va dizaynerlar uchun foydali resurslar bor: Product Talk - Make better product decisions.

Lean UX: Applying Lean Principles to Improve User Experience
Bu kitob Lean yondashuvini UX dizaynga qanday qo’llash haqida. Dizaynerlar uchun foydalari:

- Tezkor sinovlar: G’oyalarni tezroq sinab ko’rib, foydalanuvchi fikriga asoslanib o’zgarishlar qilish.
- Hamkorlik: Jamoa bilan yaqindan ishlash orqali muammolarni tezroq hal qilish.
- Maqsadli dizayn: Foydalanuvchilarning ehtiyojlarini doimiy ravishda o’lchab, dizaynni takomillashtirish.

Laws of UX
Bu kitob UX dizaynidagi psixologik tamoyillarni tushuntiradi va samarali dizayn qilish uchun qoidalar beradi.

Sprint: How to Solve Big Problems and Test New Ideas in Just Five Days
Google Ventures’da ishlab chiqilgan tezkor muammolarni hal qilish va yangi g’oyalarni sinab ko’rish jarayonini tushuntiradi.

5 kun ichida katta muammolarni hal qilish usullari, yangi g’oyalarni tezda sinab ko’rish va foydalanuvchilar fikrini olish hamda jamoani samarali ishlashga undaydigan maslahatlar beradi.

Refactoring UI
UI dizaynni yaxshilash bo’yicha amaliy ko’rsatmalar beradi.
Foydalanuvchi interfeyslarini yanada estetik va intuitiv qilish usullari, dizayn elementlarini qayta ko’rib chiqish va yaxshilashga oid oddiy va samarali maslahatlar beradi.

@nodizayn #books

Nodizayn

21 Oct, 11:29


UX (User Experience)nima?

Bu savolga bugun boshimdan o’tgan voqea orqali javob beraman.

Ipak Yo‘li Banki plastik kartamga bank rekvizitlari orqali pul o‘tkazildi. Oradan 4 soat o‘tsa ham, pul tushmadi.

Men muammoni nimadaligini bilishga harakat qildim va bankka qo'ng'iroq qilishga qaror qildim.

Soat 15:02
Ilovadan bankning telefon raqamini topib, qo‘ng‘iroq qildim. Xodim menga kartani qaysi filialda ochgan bo‘lsam, o‘sha filialga qo‘ng‘iroq qilishim kerakligini aytib, filial raqamini berdi.

15:10
Filialga qo‘ng‘iroq qildim. Xodim meni tinglab, plastik kartalar bo‘limiga murojaat qilishim kerakligini aytdi va raqamini berdi. Ulab ham berdi, lekin hech kim javob bermadi.

15:20
Xodim bergan raqamga yana qo‘ng‘iroq qildim. To‘g‘ri yozib olganimga ishonchim komil bo‘lmay, saytdagi raqamni tekshirdim. Raqam bor edi, lekin u faol emas ekan.

15:28
Muammoga yechim topish uchun ilovadagi Chat xizmatidan foydalandim. Xodim qanday yordam bera olishini so‘radi, men muammoimni tushuntirdim. Lekin 15 daqiqa kutganimdan keyin ham javob kelmadi, qayta yozsam ham o‘zgarish bo‘lmadi.

15:45
Yana karta ochilgan filialga qo‘ng‘iroq qildim, bu safar karta amaliyotlari bo‘limiga ulab berishdi. U yerdagi xodim bir necha savollardan so‘ng boshqa xodimga uladi. Yana boshidan tushuntirdim. Bu xodim nimadir tekshirdi va 5 daqiqada pul tushishini, xatolik bo‘layotganini aytdi.

15:59
Suhbatimiz yakunlandi.

16:41
Pul kartada ko’rindi.

Bu jarayonlar UX (foydalanuvchi tajribasi) deb ataladi. Men bank xizmatidan foydalandim va natijada bankka nisbatan tajribaga ega bo‘ldim.

Keling, bu yerdagi yomon UXni tahlil qilamiz:

- Nega men bu muammoga duch keldim, haligacha bilmayman.
-Nega bankka qo‘ng‘iroq qilganimda kartani ochgan filialga murojaat qilishim kerak, texnologiyalar markazlashgan emasmi?
-Nega filialga murojaat qilganimda boshqa raqamga qo‘ng‘iroq qilish so‘raldi (xodim raqamni ulashga harakat qildi)?
-Nega har bir xodimga muammoimni qayta-qayta boshidan tushuntirishim kerak?
-Nega pul hali tushmadi?
-Nega men 1 soatdan ko‘proq vaqtimni sarfladim, axir online banking jarayonni yengillashtirishi kerak emasmi?

Xulosa qilib aytganda, UX bu faqat ilova yaratish yoki yaxshi vebsayt tayyorlash emas. UX — bu foydalanuvchining butun jarayondagi tajribasi.

Don Normanning tushuntirishicha, yaxshi UX — bu foydalanuvchi biror narsani sotib olish jarayonidan tortib, undan foydalanish va keyinchalik yordam olishgacha bo‘lgan barcha tajribalari.

Masalan, TV sotib olishda bu tajriba do‘kondagi xizmat, televizorni o‘rnatish osonligi, va sotib olgandan keyin yordam olish kabi bosqichlarni o‘z ichiga oladi.

🌐 Don Norman: The term "UX"

@nodizayn

Nodizayn

21 Oct, 06:34


Nomzodning ismi TABIAT UCHUN BIRLASHAYLIK bo’lmasa kerak.

Yaqinlik teoriyasiga amal qilmaslik oqibati. Bu yerda ism va familiya fotodan keyin kelishi kerak edi.

👉 Yaqinlik teoriyasi

@nodizayn

Nodizayn

17 Oct, 06:55


Ishga kirish intervyularida sinov uchun beriladigan vazifalar

Raqamli mahsulot yoki UI/UX dizaynerlarini ishga qabul qilishda kompaniyalar ko’pincha nomzodning tajribasini baholash uchun sinov vazifalari berishadi. Bu vazifalar odatda kichik redizayn yoki yangi loyiha yaratish kabi bo’lishi mumkin.

O’z tajribamdan kelib chiqib, 10 dan ortiq dizaynerni ishga qabul qilgan shaxs sifatida shuni tushunib yetdimki, sinov loyihalari unchalik foydali emas va ular bepul bo’lsa, bu noto’g’ri va dizaynerga nisbatan nohaqlik hisoblanadi.

Sinov vazifalari kamchiliklari

- Dizayner hali ishga olinmagan bo’lsa-da, ular uchun ish talabi beriladi. Agar dizayner qabul qilinmasa va topshiriq uchun haq to’lanmasa, bu nohaqlik deb qaraladi. Dizayner o’z vaqtini va mehnatini sarflaydi, ammo natijada hech qanday kompensatsiya olmaydi.

- Ko’p kompaniyalar dizaynerga juda qisqa muddat beradi. Dizayn jarayonida dizaynerning muammoni chuqur o’rganishi va tadqiqotlar o’tkazishi zarur. Agar bu jarayon taxminan 1 hafta oladigan bo’lsa, kompaniya ham ishga qabul qilish jarayonini sekinlashtiradi.

- Ba’zi kompaniyalar test vazifalaridan haqiqiy muammolarni hal qilish uchun foydalanishi mumkin, bu dizaynerlarni bepul ishlashga majbur qiladi. Bu tajribaga ega dizaynerlar orasida salbiy taassurot qoldirishi va kompaniya brendiga putur yetkazishi mumkin.

Unda yechim qanday?

Yevropadan dizayner ishga qabul qilganimizda, biz test vazifalar o’rniga dizayn mashqlari (design exercise) metodini qo’lladik. Bu jarayonda dizaynerga 30-45 daqiqa vaqt beriladi va ularga aniq bir muammo berilib, shu muammoni qanday hal qilish so’raladi. Bu jarayon davomida dizayner quyidagilarga asoslanib baholanadi:

- Muammoni tushunish: Dizayner berilgan vazifani qanchalik to’g’ri tushundi va tushunishga harakat qildi. U tushunishni aniqlashtirish uchun savollar berdi yoki to’g’ridan-to’g’ri yechim ustida ishlashga o’tib ketdimi?

- Kommunikatsiya: Dizayner muammoni hal qilish jarayonida o’z fikrini qanchalik ochiq va aniq ifoda qildi.

- Tezkor yechim berishga qaratilgan yondashuv: Eng katta xato – dizayner kontekstni to’liq o’rganmasdan, tezda yechimni taklif qilishga o’tib ketishi va faqat UI dizaynga e’tibor qaratishi. Bu holatda dizaynerning strategik fikrlashi yetarli darajada emas deb hisoblanadi.

Unda dizaynerning UI bo’yicha mahoratini qanday aniqlaymiz?

Bu bosqichga kelguncha dizaynerning portfoliosi ko’rib chiqiladi va dizayner o’z portfoliolarini taqdim etish qobiliyatini namoyish qiladi. Portfolio orqali UI dizayn qobiliyatlari aniqroq baholanadi.

Test vazifalari o’rniga, dizaynerning ilgari bajargan ishlari va ularga qanday yondashganini baholash osonroq.

Dizayn mashqlarini dasturchilarni ishga qabul qilishdagi “Live coding session” uslubiga o’xshatish mumkin.

@nodizayn

Nodizayn

15 Oct, 12:02


Ta’lim sohasidagi startaplar va bizneslarda faoliyat yurituvchi mutaxassislar bilan suhbatlashganim sari qiziqarli holatlarga duch kelmoqdaman.

Kurs ishlab chiqish jarayonida jamoa sifatida faoliyat olib boradigan odamlar haqida eshitgan edim. Masalan, videoni yozish uchun alohida studiya, video bo’yicha mutaxassis (kamera va montaj ishlari uchun), marketing bo’yicha mutaxassis hamda kurs tayyor bo’lgach bir nechta kuratorlar bo‘lishini bilardim.

Biroq, kurs materiallarini mustaqil ravishda tayyorlab beradigan shaxsning mavjudligini bilmagan ekanman. Buni bilganimdan keyin, nega odamlar bir necha hafta ichida kurslar tayyorlayotgani va ularning sifati past bo‘layotganini tushunib yetdim.

Men tilga olgan odam – influyenser (yoki kurs muallifi) asosan tayyor mavzular bo‘yicha internetdan materiallarni olib, ularni tarjima qiladi va slaydlar yoki matnlar va grafikalarni tayyorlaydi. Kurs muallifi esa faqat kameraga gapirib, ma’lumotlarni yetkazib beradi, jamoa esa kursni tayyorlash bilan shug’ullanadi.

Salbiy tomoni shundaki, foydalanuvchi o‘zini sohada katta tajribaga ega mutaxassisning kursini o‘rganayotgan deb o‘ylasa-da, aslida kursning asosiy qismi yuzaki tayyorlangan bo‘lishi mumkin. Bu jarayonda sifatga yetarlicha e’tibor berilmasligi, ta’lim mazmuni yuzaki bo‘lib qolishi, hamda chuqur bilimga ega bo‘lish imkoniyatidan foydalanuvchi mosuvo qolishi ehtimoli yuqori.

Bundan tashqari, bunday yondashuv ta’lim jarayonining sanoatlashtirilishiga, ya’ni tez va sifatsiz kurslar yaratish bilan bog‘liq muammolarga olib keladi.

@nodizayn

Nodizayn

13 Oct, 06:31


Dizaynerga murojaat

Hurmatli dizayner, iltimos, vaqtingizni faqat kontent o‘qishga sarflamang. Meni diqqat bilan tinglang.

Internetda qancha kontent o‘qisangiz yoki ko‘rsangiz ham, eng katta tajriba haqiqiy loyihalarni yaratish va ularni amalda sinab ko‘rishdan olinadi.

Noto‘g‘ri tushunmang, bugungi kunda ajoyib ijodkorlar va yuqori sifatli kontentlar juda ko‘p. Ammo hech narsa mahsulot yaratish, foydalanuvchilar bilan muloqot qilish, ma’lumotlarni tahlil qilish, muvaffaqiyatsizlikka uchrash va qayta ishlash bilan tenglasha olmaydi.

Vaqtingizning atigi 5% ini sifatli kontent o‘qishga sarflang.

Qolgan 95% vaqtingizni quyidagilarga sarflash ancha samaraliroq bo‘ladi:

- Foydalanuvchilar bilan muloqot qilish
- Dasturchilar bilan hamkorlik qilish
- Mahsulotingiz ma’lumotlarini (data) tahlil qilish
- Odamlarga foydali bo'lgan mahsulotlar dizaynini yaratish
- Yoqmagan eski loyihalarni qayta ko‘rib chiqish

O'rningizdan turing va haqiqiy mahsulotlar yaratishda ishtirok eting, dunyoni o’zgartiruvchi g’oyalarga qo‘shiling!

Manba

@nodizayn

Nodizayn

12 Oct, 06:55


Dizaynerlar o'qishi kerak bo'lgan kitoblar ro'yxati: 2-qism

1-qism
3-qism

Aslida, dizaynerlar o’qishi kerak bo’lgan kitoblar haqida internetda ko’plab resurslar bor, lekin ko’pincha ular faqat kitoblarning oddiy ro’yxatini berish bilan cheklanadi.

Men o’zim o’qigan kitoblar ro’yxatini keltirayotganimning sababi ham shunda — bu kitoblar mening tajribamdan o‘tgan va foydali deb topilgan. Misol uchun, quyidagi to‘rt kitobni ko‘p ro‘yxatlarda uchratish qiyin, lekin har bir dizayner ularni albatta o‘qishi kerak deb hisoblayman.

Edward Tufte qalamiga mansub to'rt kitob


1. The Visual Display of Quantitative Information
Ushbu kitob ma’lumotlarni vizual tarzda taqdim etishning asosiy qoidalarini o’rgatadi. Grafikalar va diagrammalar orqali ma’lumotlarni aniq va samarali yetkazish haqida ko’plab misollar keltiriladi.

2. Envisioning Information
Bu kitob murakkab ma’lumotlarni qanday qilib sodda va tushunarli qilib ko’rsatish kerakligi haqida gapiradi. Ranglar, o’lchovlar va vizual texnikalardan qanday foydalanish kerakligini o’rgatadi.

3. Visual Explanations
Vizual hikoya qilish va ma’lumotlarni aniq tushuntirishning kuchi haqida. Tufte vizual taqdimot orqali ma’lumotni tezroq va samarali qabul qilish usullarini o’rganadi.

4. Beautiful Evidence
Kitob ma’lumotlarni taqdim etishda estetikani va aniqlikni qanday uyg’unlashtirishni o’rgatadi. Tufte ma’lumotlarni samarali ko’rsatish uchun dalillar va vizual elementlarni birgalikda ishlatishning ahamiyatini tushuntiradi.

👉 To'rttala klitob uchun havola

Edward Tufte kitoblari umuman olganda ma'lumotni qog'oz va ekranda tasvirlash bo'yicha juda chuqur yo'nalishlar bergan.

Kitob haqida ba'zi mashhur dizaynerlar yaxshi fikrlar bildirishgan. Ulardan Artemiy Lebedev quyidagicha fikrlagan:

Edward Tufte'ning to'rt kitobi ma'lumotlarni tasvirlash bo‘yicha daholikning jonli asarlaridir va 160 dollar sarflashga arziydi.
Hatto kvartira uchun ijara pulini to‘lamasdan, oilani och qoldirib bo‘lsa ham.


Edward Tufte ingliz tilidan boshqa tilga kitoblarini tarjima qilishga ruxsat bermagan, hatto chop etishga ham. Faqat o'zining nashriyoti kitoblarini chop etadi.

@nodizayn #books

Nodizayn

11 Oct, 11:41


Tesla Cybercab modelining birinchi ko’rinishi taqdim qildi.

Elon Musk 2026-yilda ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan Tesla’ning avtonom Robotaxi modelini taqdim etdi.

Rul va pedallarsiz, to’liq avtonom boshqaruv tizimi.

$30,000 dan past narxda sotuvga chiqishi kutilayotgan ushbu ikki o‘rindiqli avtomobil futuristik dizaynni eslatadi.

Menga qiziq bo'lgani borgan sari mahsulot dizaynda (industrial design) futuristic stil ommalashmoqda. Bizning ko'zimiz o'rganmaganligi uchun ular go'yoki prototipni ham eslatadi.

Tesla Cybertruck va iMacning oxirgi modellari menga har doim prototipni eslatadi.

Nodizayn

11 Oct, 10:39


Qanday qilib davomiy kitob o'qishni yo'lga qo'yganim haqida 2018-yilda Mediumda o'z tajribamni bo'lishgan edim.

Hozir bu jarayondan farqli ravishda, kitoblarni Trello'da ro'yxat qilmayman va 80% kitoblarni audio formatda eshitaman.

Maqola qiziq bo'lsa, quyidagi havola orqali o'qish mumkin:

👉 Har kuni kitob o'qiymiz

@nodizayn

Nodizayn

11 Oct, 10:18


Don't Make Me Think kitobidan olgan ba'zi xulosalar haqida avvalroq yozgan edim. Bu kabi muammolar juda ham ko'p jamoalarda kuzatiladi.

Nodizayn

11 Oct, 10:07


Dizaynerlar kitob o'qishlari kerak deb bilaman. Kitoblar bizni fikrlashga undaydi, boshqalar tajribasini o'rganishga yordam beradi.

O'zim o'qigan va dizaynerlar o'qishi shart deb bilgan kitoblar ro'yxatini keltiraman. Shunchaki ro'yxat emas, har bir kitobdan nimalar olish mumkinligini ham keltiraman.

Ro'yxat uzun bo'lgani uchun uni uch qismga bo'lib keltiraman.

1-qism

Don't Make Me Think - Steve Krug
Foydalanuvchi tajribasini soddalashtirish va aniq qilinishiga urg’u beradi. Foydalanuvchilarga interfeys haqida ko’p o’ylamaslik imkonini berish zarurligini tushuntiradi.

The Design of Everyday Things - Don Norman
Kitob foydalanuvchi tajribasining asosiy tamoyillarini, ayniqsa dizaynning kundalik hayotdagi oddiy narsalarga qanday ta’sir qilishini chuqur tushuntiradi.

Har bir element foydalanuvchining xatti-harakatlariga mos ravishda ishlab chiqilishi kerak. Yaxshi dizayn mahsulotni instinktiv tarzda ishlatishga imkon beradi, bu esa texnologiyadan foydalanishni soddalashtiradi.

Ководство - Artemiy Lebedev
Dizayn bo'yicha men o'qigan birinchi kitob. Kitob dizayn falsafasi va jarayonlarini o’ziga xos tarzda ochib beradi. Tipografika, verstka hamda telefon raqamlar va sanalarni to'g'ri yozish, sodda dizayn primitiv dizaynga teng emasligi va shu kabi dizaynda kerak bo'ladigan asosiy bilimlarni olish mumkin.

Bu kitobni 2013-yilda qog'oz variantini sotib olganman. Dizayni juda qulay va chiroyli bo'lgani uchun qayta-qayta o'qiganman.

Типографика и верстка - Artem Gorbunov
Tipografika va verstkaning asosiy tamoyillarini tushunishga yordam beradi. Kitob interaktiv ko'rinishda bo'lib, langar obyektlar (anchor objects), modullar, tipografika va boshqa muhim elementlarni joylashtirish bo'yicha yo'riqnomalar keltirilgan.

Пользовательский интерфейс - Ilya Birman
Kitob interfeys dizaynining muhim jihatlarini sodda va tushunarli qilib tushuntiradi. Interfeys elementlari, tugmalar, menyular va boshqa interaktiv elementlarni samarali va intuitiv ishlatish haqida gapiradi. Birman, interfeys yaratishda har bir detal foydalanuvchi uchun qanday ma’no anglatishini chuqur tahlil qiladi.

Kitob foydalanuvchilarning har bir qadamini qulay va tushunarli qilish uchun qanday yechimlarni tanlash kerakligini ko’rsatadi. Shu bilan birga, keraksiz elementlardan qochish interfeysni samarali qilishiga urg'u beradi.

Управление проектами, людьми и собой - Nikolay Toverovskiy
Byuroning yana bir interaktiv kitobi. Unda loyihalarni boshqarish, vaqtdan unumli foydalanish va “deadline”larga ulgurish bo'yicha yaxshi maslahatlar berilgan. Toverovskiy dizayner yoki menejer sifatida qanday qilib loyiha va odamlarga bir vaqtda samarali e'tibor qaratish kerakligi haqida ko'plab amaliy maslahatlar bergan.

@nodizayn #books

Nodizayn

10 Oct, 02:54


Kapitalbank ilovasi orqali viza kartaga buyurtma berdim va buyurtma bergach quyidagi skrinshotdagi holat ro'y berdi.

Buyurtma berish jarayonida men bu xizmat uchun to'lovni amalga oshirdim hamda shaxsimni tasdiqlovchi hujjatlarni ilovaga biriktirdim. Lekin ilovada quyidagilar yetishmayapti:

- Mening buyurtmam nima bo'ldi, u qabul qilindimi yoki yo'qmi?
- Keyingi bosqich nima?
- Buyurtmam qachon tayyor bo'ladi?
- Nima uchun men karta ma'lumotlari kiritiladigan ekranni ko'ryabman?

Ilovada foydalanuvchi sarflagan vaqt va mablag' hamda ilovaga shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini biriktirganidan so'ng, u sarflagan mehnat, e'tibor va mablag' bekor ketmaganini hamda uni xotirjam qilish uchun keyingi bosqichni aniq ko'rsatish kerak.

@nodizayn

Nodizayn

09 Oct, 10:02


The New York Times har doim dizaynlarni e’tibor bilan tayyorlaydi. Ushbu dizayn ham minimalizm uslubida ishlangan. Katta, aniq serif garnitura dizaynga jiddiylik bag‘ishlab, matnni o‘qishni osonlashtiradi. Bu uslub sahifaga zamonaviy va klassik uyg‘unlik beradi.

@nodizayn