#Maslahat
Ingliz tilini to‘g‘ri o‘rganish bo‘yicha 12ta ko‘nikma
Xorijda ta'lim olish istagida bo‘lgan yoshlar tomonidan eng ko‘p o‘rganiladigan til, shubhasiz, ingliz tilidir. Xo‘sh, ingliz tilini o‘rganish qay darajada oson? Ushbu tilni qanday qilib tezroq va samaraliroq o‘rganish mumkin? Buning uchun quyidagi ko‘nikmalar ustida ishlashingiz lozim.
✅ O‘qish
1) Inglizcha kitob, jurnal, gazeta o‘qing
Xorijiy til o‘rganishning oltin qoidasi – ko‘p o‘qishdir. Unutmang: bu ko‘nikmaga ega bo‘lmay turib, og‘zaki va yozma sinovlarda yetarli darajada muvaffaqiyatga erisha olmaysiz. Modomiki, til o‘rganish masalasida qat'iy fikrda ekansiz, internetdan o‘zingizni qiziqtirgan mavzudagi biron kitob, jurnal, gazetani topib, muntazam o‘qib boring.
2) Qo‘l telefoningiz va kompyuteringizning tilini inglizchaga o‘tkazing
Telefoningiz, kompyuteringiz dasturini inglizchaga o‘zgartirish, bajaradigan amalingizni ma'lum bir so‘z bilan bog‘lash va buni har kuni bajarish so‘z boyligingizni orttiradi. Ayni vaqtda ijtimoiy tarmoqlar tilini ham o‘zgartirish yangi bilimlar o‘rganishingizda yordam beradi.
3) Mobil ilovalardan foydalaning
Texnika taraqqiyoti yashin tezligida ildamlab borayotgan bir vaqtda bu imkondan foydalanish tamoman sizning ixtiyoringizda. O‘qishdan yoki ishdan uyga qaytar ekansiz, telefonga yuklangan bir qancha bepul ilovalar yordamida so‘z yodlashingiz o‘qish va anglash ko‘nikmangizni orttiradi.
✅ Yozish
4) Blog yozing
O‘zingiz uchun inglizcha bir blog oching. Boshida qiynalishingiz tabiiy, ammo xotirangizdagi so‘zlarni «uyg‘otish» uchun bu usul juda katta yordam beradi.
5) Yangi so‘zlarni e'tiborda tuting
Bu sizga anchayin tanish usul. Yangi so‘zlarni yozilgan qog‘oz parchalarini tez-tez ko‘zingiz tushadigan yerga yopishtiring va ularni har kuni o‘qib boring. Buning natijasini esa bir necha kunda o‘zingiz ko‘rasiz!
6) Forumlardagi bahslarda ishtirok eting
Tasviriy san'at, musiqa, teatr, adabiyot kabi san'at turlari, shuningdek, siyosat, texnologiya, moda olami, pazandachilik kabi mavzularga qiziqishingiz bo‘lsa, demakki, forumlar aynan siz uchun. Qiziqishlari sizga yaqin bo‘lgan insonlar bilan bu mavzular haqida fikr almashish, bahslashish yangi so‘zlar va iboralarni qo‘llashingizga turtki beradi.
✅ Tinglash
7) Inglizcha qo‘shiq tinglang
Xorijiy tilini rivojlantirmoqchi bo‘lganlarga ilk tavsiyalardan biri o‘rganayotgan tillarida ko‘p qo‘shiq eshitishdir. Bu esa ham so‘zlarni, ham ularning talaffuzini o‘rganishingizda, shuningdek, qulog‘ingiz notanish so‘zlarga moslashishida asqotadi. Qo‘shiqni tinglar ekansiz, uning turiga, oson tushunilishiga, qo‘shiq matnining qancha qismini qog‘ozga tushira olishingizga ham diqqat qilib boring.
8) Inglizcha TV-kanallarini tomosha qiling
Amerika va Angliya TV kanallarida efirga uzatiladigan seriallarni, shoularni, xabarlarni, filmlarni ko‘rish eng foydali usullardan biridir. Dastlabki bosqichda subtitr bilan tomosha qilib, keyin yozuvsiz holda anglashga urinib ko‘ring.
9) Musobaqalarda qatnashing
Turli millatga mansub nomzodlar qatnashuvchi simpozium va musobaqalarda ishtirok etib, tajriba orttiring. Talaffuzingiz tozalanib borishiga e'tibor qarating.
10) Podkast tinglang
Internet – podkastlariga osonlik bilan yetishishda asosiy vosita. Sevgan mavzularingizdagi efirlarni tinglash asta-sekin bu boradagi mahoratingizni oshiradi, sizga motivatsiya beradi.
✅ Muloqot
11) O‘zingiz gaplashing va yozing
Nutqingizni yozib olib, ona tili inglizcha bo‘lgan do‘stingizga tinglatishingiz, xatolaringiz bo‘lsa, ulardan yordam so‘rashingiz mumkin.
12) Inglizzabon do‘stlar orttiring
Muloqot qila olish mahoratingizni rivojlantirish uchun inglizzabon do‘stlar orttiring. Internetdagi ko‘plab saytlar madaniyatlar bilan tanishuv, xorijiy til o‘rganish, dunyoning turli mamlakatlaridan do‘st orttirish uchun mo‘ljallangan platformalardir. Shuningdek, Telegram, WhatsApp, Skype kabi ilovalar yordamida o‘rtoqlaringiz bilan jonli suhbat qurish imkoningiz bor.
☄ @learnenglish_uz