FAOLIYATIMIZ MEZONI: KUCHLI IRODA, BIRLIK VA HAMJIHATLIK!
Bu yil mamlakatimizda muhim siyosiy jarayonlarga boyligi bilan tarixga kirdi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining birinchi yalpi majlisi hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini ko‘rib chiqishga bag‘ishlangan majlislarida Prezidentimiz ma’ruza qildi.
Mustaqil diyorimiz ertasiga daxldor masalalar ko‘tarilgan, istiqboldagi rejalar uchun muhim tashabbuslar muhokama qilingan Davlatimiz rahbarining nutqlari Oliy Majlis va xalqimizga navbatdagi murojaatnoma bo‘ldi, deyish mumkin.
Prezident qonun ijodkorligi, avvalo, jamiyatdagi dolzarb masalalar yechimiga qaratilishi kerakligini ta’kidlab, qator qonunchilik tashabbuslarini ilgari surdi. Jumladan, eskirgan uylar o‘rnida zamonaviy turar joylar qurish, fuqarolarning uy-joy qurilishiga yo‘naltirgan mablag‘larini kafolatli himoya qilish, xususiy ta’lim va elektr energetikasi sohasida investorlarni qo‘llab-quvvatlash, majburiy tibbiy sug‘urta va sun’iy intellektni qo‘llash, franchayzing, kapital bozori, “startap”lar sohasidagi munosabatlarning qonuniy asoslarini yaratish vazifasi qo‘yildi.
Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Orzigul Qozixonova shu kunlarda Farg‘onada bo‘lib, Prezidentimiz ilgari surilgan g‘oya va maqsadlarni keng jamoatchilikka yetkazmoqda.
— Yurtboshimiz ma’ruzalarida deputat bu xalq xizmatchisi, barchaga o‘rnak bo‘ladigan, siyosiy bilimi va ongi yuksak, o‘z Vatanini chin dildan sevadigan insonligi ta’kidlandi, — deydi Senator Orzigul Qozixonova. — Darhaqiqat, oila, mahalla va butun jamiyatda tinchlik, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, xalqaro maydonda O‘zbekiston manfaatlarini qat’iy himoya qilishda xalqimiz deputatlarga tayanadi. Ular joylardagi odamlarning vakili, xalqning ovozi. Buyuk xalqimiz bildirgan ishonchga munosib bo‘lishimiz kerak. Har bir masalaga yondashuvda, qonunlar ishlab chiqishda uzoq-yaqin tumanlardagi insonlarni ko‘z oldiga keltirib, faqat bugunni emas, kelajak avlodlarni ham o‘ylab ish tutsak, elimiz rozi bo‘ladi. Ma’ruzalaridagi bu so‘zlar deputat va senatorlarni xalqqa yanada yaqinlashtirdi. Xalqimizning o‘z vakillariga ishonchini va qo‘llab-quvvatlashini ta’minladi.
Davra suhbatida yurtdoshlarimiz hayotbaxsh yangilanishlardan mamnun ekanligini, islohotlar zamirida insonlarni rozi qilishdek ulkan vazifa turganini ta’kidladi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi.
Facebook | Telegram | Sayt