Yaqinda Bahodirning tavfsiyasi bilan IBM kompaniyasida dasturiy ta'minot muhandisi lavozimiga ishga kirish jarayonini boshdan kechirdim. Jarayon quyidagi bosqichlardan iborat bo'ldi:
Rekruter bilan suhbat: Rekruter bilan dastlabki suhbatda Polshada ishlash va yashash huquqim, vizamning amal qilish muddati, hozirgi maqomim, shartnoma turi haqida savollar berildi. Bu bosqichda kompaniya va loyiha haqida umumiy ma'lumotlar ham taqdim etildi.
Texnik suhbat (savol-javob): Bu bosqichda dasturlash bo'yicha bilimlarim, resume bo'yicha savol-javoblar bo'ldi. Loyiha suniy intellektga aloqador bo'lganligi uchun LangChain, Vector Database, ML kabi mavzulardan savollar berishdi.
Texnik suhbat (DSA): Ushbu bosqichda Rim raqamlariga oid, hash table bilan ishlanadigan mashxur masalalardan birini ishlab berishimni so'rashdi
Taklif: Suhbatlar muvaffaqiyatli o'tgach, IBMdan ish taklifi oldim. Biroq, taklif etilgan maosh hozirgi daromadimdan ancha past bo'lgani va Krakov shahriga ko'chib o'tish xarajatlarini inobatga olgan holda, taklifni rad etishga qaror qildim.
Ushbu jarayon davomida IBMning professional yondashuvi va suhbatlarning samarali tashkil etilganidan mamnun bo'ldim. Har bir bosqichda o'zim uchun yangi tajribalar oldim va kelajakdagi imkoniyatlar uchun qimmatli saboqlarni o'rgandim.
Agar siz ham yirik texnologik kompaniyalarda ishlashni rejalashtirayotgan bo'lsangiz, intervyu jarayonlariga jiddiy tayyorgarlik ko'rishingizni tavsiya etaman. Ma'lumot tuzilmalari va algoritmlar bo'yicha bilimlaringizni mustahkamlash, obyektga yo'naltirilgan dasturlash tamoyillarini chuqur o'rganish va texnik savollarga aniq javob berish muhim ahamiyatga ega.
Shuningdek, intervyu jarayonida ochiq fikrlash va savollar berish orqali muammo haqida ko'proq ma'lumot olish, yechim topish jarayonini osonlashtiradi. Bu esa suhbat oluvchida yaxshi taassurot qoldirishga yordam beradi.
Kelajakdagi intervyularda barchangizga omad tilayman!