Аziz hamyurtlar, Buxoroning qadri baland qadrdonlari!
Mana shu fayzli kunda bayram dasturxoni atrofida toʼplanib oʼtirgan siz, hurmatli yurtdoshlarimizni, butun Oʼzbekiston xalqini yangi – 2025 yil bilan samimiy muborakbod etib, barchangizga tinchlik-omonlik, sihat-salomatlik, xonadonlaringizga qut-baraka tilaymаn!
Bugun biz vaqtning azim daryodek shiddat bilan oʼtishiga yana bir bor guvoh boʼlib, yangi yilga, hayotimizning yangi bir dovoniga qadam qoʼymoqdamiz.
Аyni shu lahzalarda oʼtayotgan yilni kuzatar ekanmiz, yil davomida boshimizdan kechirgan, yon-atrofimizda boʼlib oʼtgan tashvishli va quvonchli voqealarni, amalga oshirgan ishlarimizni beixtiyor koʼz oʼngimizdan oʼtkazamiz, shu kunlarga yetkazgani uchun Yaratganimizga shukronalar bildiramiz.
Mamlakatimiz hayotida yuz berayotgan beqiyos oʼzgarishlarni, xonadonlarimiz, mahalla, shahar va qishloqlarimiz, butun yurtimizning qiyofasi tobora obod va goʼzal boʼlib borayotganini hisobga olib, oxiriga yetayotgan yilimizga yakun yasab, xolisona aytadigan boʼlsak, 2024-yil biz uchun har tomonlama xosiyatli va fayzli boʼldi.
Mana shunday hayajonli va shukuhli damlarda har qaysi inson yangi yilni kutib olar ekan, ayni shu daqiqalarda qalbida, yuragida saqlab kelayotgan ezgu orzu-umidlarning ushalishini, oilasi, yaqinlari, ona yurti tinch-omon boʼlishini, yangi yil yanada xayrli va barakali boʼlishini xayolidan oʼtkazadi.
Shuni ham taʼkidlash joizki, 2024 yil bizning tizimda aholi bandligini oshirish, yangi ish oʼrinlari va kafolatli daromad manbailari, munosib yashash sharoitlari bilan aholi vakillarini taʼminlash, kambag'allikni qisqartirish eʼtiborimiz markazida boʼldi.
2024 yilda mashaqqatli va jasoratli mehnatimiz bilan taraqqiyot yoʼlida muhim marralarga erishdik.
Shu hayajonli daqiqalarda siz, azizlarga qalbimning toʼrida boʼlgan eng samimiy tilaklarimni izhor etaman:
muhtaram faxriylarimizning umrlari uzoq boʼlsin,
munis ayollarimizning chehrasidan tabassum arimasin,
dilbar qizlarimiz yanada goʼzal va chiroyli, baxtli-saodatli boʼlsin,
yoshlarimizning baxtu iqbolini bersin.
Yurtimiz tinch, xalqimiz omon boʼlsin!
Yangi yil barchamizga muborak boʼlsin!
Аnvar Аshurovich Hamroyev
Buxoro viloyati Kambagʼallikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi boshligʼi