#Rektor_tabrigi
Assalomu alaykum, hurmatli professor-o‘qituvchilar, aziz ustoz va murabbiylar!
Sizlarni 1-oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan samimiy muborakbod etaman!
Har bir insonning komil shaxs bo‘lib voyaga yetishida, yetuk kasb egasi bo‘lib, jamiyatda o‘z o‘rnini topishida Siz - ustoz-murabbiylarning o‘rni g‘oyat muhimdir. Jamiyatning buguni va kelajagi, uning madaniy, ma'naviy-ma'rifiy salohiyati ta'lim tizimining qay darajada rivojlanganligi bilan belgilanadi.
Ta'kidlash kerakki, mamlakatimizda ta'limga bo‘lgan e'tibor, xususan, oliy ta'limni yanada rivojlantirishga qaratilgan qator amaliy sa'y-harakatlar olib borilmoqda. Shuningdek, ustoz-murabbiylar, professor-o‘qituvchilarning maqomini oshirish, ularga kerakli sharoit va imkoniyatlar yaratish borasida qator islohotlar amalga oshirilmoqda.
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti bugunga qadar milliy va xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinlarni qayd etdi. Albatta, bu ko‘rsatkichlar yanada yaxshilanishida rejali ishlar olib borilmoqda. Bundan tashqari, universitetning 5 ta ta'lim yo‘nalishi xalqaro akkredetatsiyadan o‘tkazildi va endi mazkur ta'lim yo‘nalishlari jahonda tan olinadi.
Mazkur natijalar, avvalo, universitetimizda faoliyat yuritayotgan pedagog-xodimlarning mehnatlari mevasi, deya olaman. Aytish kerakki, ayni vaqtda oliygohda 1500 nafardan ziyod professor-o‘qituvchilar faoliyat yuritmoqda va ilmiy salohiyat ko‘rsatkichi 65 % ni tashkil etyapti. Ishonamanki, bu ko‘rsatkich yildan yilga oshib boraveradi. Shuningdek, bugungi kadrlar buyurtmachilari talab va takliflariga mos, nazariy va amaliy bilim-ko‘nikmalarga ega kadrlar tayyorlashda professor-o‘qituvchilarning xalqaro tajribalarini oshirish, xususan, xorijiy oliy ta'lim muassasalarida stajirovkalar o‘tash, malaka oshirish, ilmiy tadqiqot faoliyatlari bilan shug‘ullanishlari uchun rejali ishlar qilinmoqda.
Faxr bilan ta'kidlash mumkinki, ko‘plab talabalarimiz milliy va xalqaro fan olimpiadalarida, turli tanlovlarda, shuningdek, sport musobaqalarida yuqori o‘rinlarni egallab, Vatanimiz bayrog‘ini ko‘klarga ko‘tarmoqda. Bunda ham Siz - aziz, ustozlarning mehnatlari muhim omil hisoblanadi.
Bir so‘z bilan aytganda, fidoyi, zahmatkash ustozlar o‘z shogirdlariga bilim berish barobarida ular qalbiga ezgu xislatlar, mehr-oqibat va odamiylik tuyg‘ularini singdirib boradi.
Muhtaram ustozlar, qadrli professor-o‘qituvchilar!
Yana bir bor ustoz va murabbiylar kuni muborak boʻlsin!
Sizlarga oilaviy baxt, tinchlik, xotirjamlik, sihat-salomatlik tilayman. Kasbiy va ilmiy faoliyatingizda yanada yuqori marralar yor bo‘lsin!
@tsueuzofficial