Abdulloh Ozod yozyabdilar:
Ushbu sahifadagilarga yoki sahifada yoʻq boʻlsa ham, ustoz bilan tez-tez messenjer orqali xabarlashib turadiganlarga bu murojaat yetib borsa, ularga bir iltimos bor edi.
Ustozning koʻzlarining nuri ketib boryapti
Biror kun avval bir sahifa admini ustozni xatmi Qurʼon bagʻishlash uchun chaqirgan ekanlar. Suhbat boshlanishidan oldin ustoz telefon qildilar. Bir ishni aytdilar. Planshetlari yoniq, undan suhbatga kirmoqchi ekanlar. Ishni aytdilar, shuni qilyapman, oʻzlari esa 5-6 ta odamdan kelgan xabarni ochib, javob berib chiqyaptilar. Javoblarini eshitib turibman: «Mayli, xoʻp, siz ham duo qiling», «Mayli, kelsangiz boʻladi», «Xoʻp, taqsir». Yaʼni biror jiddiyroq masala emas, kimdir duo qilishlarini soʻragan, kimdir ziyoratlariga kelmoqchi va hokazo. Endi oʻylang, har kuni qancha odam ustozga mana shunday umuman muhim boʻlmagan, keraksiz murojaatlarini yoʻllaydi, ustoz ularga javob berib chiqadilar?
Ustoz juda koʻngilchanglar, birovni hecham xafa qilib qoʻygilari, xizmatga qoʻygilari kelmaydi. Ustozga kimdir yozsa, ularga javob bermasdan qoʻymaydilar. Nechta boʻlsa, hammasiga javob berib chiqadilar. Ammo har safar murojaatlarni oʻqib, javob berib chiqar ekanlar, koʻzlarining nuri ketib boradi.
Iltimosim, murojaatim shuki, ustozga yaxshi boʻlishini, tan-u sihatlari sogʻ boʻlishini xohlasak, ularga yozmaylik, ustozning rioyasini qilaylik.
Oʻzing yaqin boʻlib, bizga aql oʻrgatma, deyishingiz mumkin. Keling, haqiqatni aytay. Ustoz bilan 2 yildan beri ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyatlariga bilan ishlab kelayotgan boʻlsak, bir martagina shaxsiy iltimosni soʻraganman. Undan boshqa biror marta na oʻzimni, na boshqalarning savollari-yu salomlarini yetkazganman. Yaqinda bir kishi aytdi: «Sizga maza, doim ustozning yonida yurasiz». Yoʻq, aslo unday emas. Qachon ustoz bilan birga boʻlgan boʻlsam, ustoz chaqirgan boʻladilar. Bu ham doim emas, 2 oyda bir boʻlib qolishi mumkin. Oʻzim ziyoratlariga borishni, koʻrishishni hech soʻramaganman.
Hazrat bilan bogʻliq voqea bor edi. Ikki kishi hazratning ziyoratlariga boradi. Kotib hazrat ilm bilan mashgʻul ekanini aytadi, ziyoratchilarning biri kutib turaman deb qoladi, ikkinchisi ilm bilan mashgʻul boʻlsalar, bezovta qilmay, deb qaytib ketadi. Hazrat kelgan ziyoratchi bilan koʻrishib, uni kuzatganlaridan keyin boya kelib ketgan boshqa ziyoratchi haqida kotib aytadi. Hazrat xursand boʻlib, oʻsha odamni bir necha daqiqa duo qilgan ekanlar.
Biz ham har safar ustozga xabar joʻnatsak, ziyoratlariga borsak, albatta ustozni ilmdan toʻsgan, qimmatli vaqtlarini band qilgan boʻlamiz. Aksincha boʻlsa ilmga xizmat qilgan boʻlamiz. Ustozga xizmat qilmoqchimisiz? Marhamat, telegramdan xabar yozmang, duo qilishlarini, marakaga kelishlarini va boshqa masalalarni soʻramang, ziyoratlariga bormang. Ayni damda mana shu narsa ustozga eng katta xizmat boʻladi.
Bu murojaat samimiy yozildi, hech qanday maqsad, manfaat koʻzlanmadi, Oʻziga ayon.