#manhaj
#ulumulmaqosid
Hanafiy Mazhabi kitoblari martabalari
(Har bir tolib albatta oʻqisin).
✍️Maʼlumki, Hanafiy mazhabiga oid kitoblar bir xil martabada emas. Bu kitoblar uch darajaga boʻlinadi:
🟢Birinchi daraja:
Bu darajadagi kitoblarni “Usul” deb ataladi.Mazkur darajadagi kitoblarni “Zohirur rivoya” deb ham ataladi. Ular imom Abu Hanifa, Abu Yusuf va Muhammadning qavllarini oʻz ichiga olgan boʻlib, Imom Muhammad tomonidan taʼliyf qilingan. Ular quyidagi kitoblar:
1. “Kitobul asl”. Bu kitobning ikkinchi nomi “Mabsut”.
2. “Kitobuz-ziyodot”.
3. “Kitobul Jomeʼus-Sagʻir”.
4. “Kitobul Jomeʼul Kabir”.
5. “Kitobus-Siyaris-Sagʻir”.
6. “Kitobus-Siyaril Kabir”.
🟢Ikkinchi daraja:
Bu darajadagi kitoblarni “Navodir” deb ataladi.Ular mazhabning katta imomlaridan rivoyat qilingan boʻlib, mazkur olti kitobga kirmay qolgan masalalardir.Navodir kitoblarga Imom Muhammadning oʻsha mashhur olti kitobidan boshqa “Kasaniyot”, “Horuniyot”, “Jurjoniyot”, “Ruqayyot” kitoblari va Hasan ibn Ziyodning kitoblariga oʻxshash kitoblar kiradi."Hoshiya" sohi Ibn Obidiyn bu haqida quyidagilarni yozadi: “Bunday kitoblar jumlasiga Abu Yusufning “Amoliy” kitoblari kiradi. “Amoliy” imloning jamidir. Bunda, mujtahid oʻtirganda uning atrofiga shogirdlari qogʻoz-qalamlarini olib oʻtiradi. Soʻng, olim ilmda Alloh unga bildirgan narsani yoddan gapiradi. Shogirdlar uni yozib boradi. Keyin, yozgan narsalarini jamlab kitob qiladilar. Ana oʻshani “imlo” yoki “amoliy” deb ataydilar. Oʻtgan fuqaho, muhaddis va arab tili olimlarining shunday odati bor edi”.Bu darajadagi kitoblar avvalgi darajadagi kitoblardan past hisoblanadi. Agar bir masala usulda va navodirda kelgan boʻlsa, usuldagisi olinadi.
🟢Uchinchi daraja.
Fatvolar va voqeʼalar kitoblari:
Bunda keyin kelgan mujtahidlar mazhabning avvalgi mujtahidlaridan rivoyat kelmagan masalalarda oʻzlaridan savol soʻralganda bergan javoblari yigʻilgan boʻladi. “Keyin kelgan mujtahidlar”dan murod Abu Yusuf va Muhammad hamda ulardan soʻng kelganlarning as'hoblaridir. Ular koʻpchilik boʻlib, xabarlari tabaqot kitoblarida kelgan.Abu Yusuf va Muhammad rahmatullohi alayhilarning as'hoblariga Isom ibn Yusuf, Ibn Rustam, Muhammad ibn Samoʼa, Abu Sulaymon al-Javzjoniy, Abu Hafs Buxoriy va ulardan keyin kelgan Muhammad ibn Salama, Muhammad ibn Muqotil, Nusayr ibn Yahyo, Abu Nasr Qosim ibn Sallomga oʻxshashlar kiradi.Ular oʻzlariga zohir boʻlgan dalil va sabablarga koʻra mazhab sohiblariga xilof qilishlari mumkin. Ularning fatvolarini dastlab jamlagan Abu Lays Samarqandiyning “Navozil” kitobidir. Keyin mashoyixlar boshqa kitoblarni jamladilar. Misol uchun, Notifiy “Majmaʼul navozil” va “Voqeʼot”ni, as-Sodr ash-Shahid “Voqeʼot”ni jamlagan.
🟢Keyingi ulamolar aralash kitoblar qildilar. Bunga “Fatovoi Qozixon” kitobi misol boʻladi. Baʼzilar esa, Roziyiddin Saraxsiy oʻzining “al-Muhiyt” kitobida qilganiga oʻxshab, har bir sohani ayri-ayri keltirdilar. U kishi avval usulga oid masalalarni, keyin navodirlarni keltirgan.Albatta, fatvolar va voqeʼotlarning martabasi usul va navodirning martabasidan pastdir. Chunki, usul va navodirlar mazhab sohiblarining qavllaridir. Fatvo va voqeʼotlar esa, ularning qavllari asosida izdoshlari yechgan masalalardir.
✏️Mazkur uch qismning qoʻshilishidan Hanafiy mazhabi tashkil boʻladi.
Sizu biz "Inshoni qanday yozaman?","CEFR olishim kerak", "TANAL da nima tushadi?","Darajam B1 uni B2 qilishim kerak,darajam B2 uni C1 qilishim kerak","Muhadasa" Istimaa" deb yurgan paytimizda shuncha kitob bizni kutib turganini bilmasligimiz, qadimdan bizda boʻlgan ilm manhajidan chiqib,qiymatsiz boʻlgan qogʻozlar ortidan ergashib va "ergashtirib" yurganimiz ulugʻ Movarounnahr yurtining ahli va avlodlari uchun anchagina jiddiy masala.Bu ketishda avlodlarga kitoblar,tahqiqlar,tarjimlar emas faqat shahodatnomalar,diplomlar,certifikatlar qoldiramiz.Maqsadimiz kimnidur qoralash yoki kimgadur tosh otish emas,balki oldimizda turgan masʼuliyat va asosiy maqsadlarni hamda ajdodlardan qabul qilib olgan ilmni kelajak avlodga yetkizishdek burchimizni eslatishdir.
👉Umr juda oz,uni kerakli oʻringagina ishlating!
🌐@xushnudbek_xolmuhammad