Bahodir ISOga
Daryo qo‘ygan edim bolam ismini,
U daryoga cho‘kib ketdi bir kuni...
Ajdar bo‘lib suvlar yutdi jismini,
Endi menga o‘g‘il bo‘ling, baliqlar.
Bilganimda qo‘ymasdim hech yelkamdan,
Tovonchasi endi yerga tekkanda —
Soyning toshi bolish bo‘ldi erkamga,
Endi menga o‘g‘il bo‘ling, baliqlar.
Qo‘lchalarin silkitib u bemajol,
Yig‘lab-yig‘lab oqib ketdi ehtimol,
Qirg‘oqqa zor boqib ketdi ehtimol,
Endi menga o‘g‘il bo‘ling, baliqlar.
Qonxo‘r daryo qaro qildi kunduzim,
Ko‘zim nuri o‘sha edi, yolg‘izim,
Bu dunyoda qolmadi endi izim,
Endi menga o‘g‘il bo‘ling, baliqlar.
Ot qo‘yganda nechun ko‘nglim sezmadi:
Ismi bilan ekan inson qismati!..
O‘z bolam-ku o‘z bag‘rimda o‘smadi,
Endi menga o‘g‘il bo‘ling, baliqlar.
O‘g‘lim desam o‘rtanadi vujudim,
Suvni ko‘rsam seskanadi vujudim!..
Qum ustida qoldi mening umidim,
Endi menga o‘g‘il bo‘ling, baliqlar.
Daryo qo‘ygan edim bolam ismini.
✍Muhammad Yusuf
O‘zbekiston xalq shoiri
https://t.me/MUHAMMAD_YUSUF_IJODI