• Shayx va cho‘pon bola.
• Salaflarimizdan birlari safarda keta turib, yaylovda qo‘y boqib yurgan tamyiz° yoshidagi bolaga duch keldi. Hayolidan bu bolaga achinish hissini o‘tkazdi.
Ta’limdan uzoq qolib, yoshligidan qo‘y boqishga mashg‘ul qilingan go‘dakka achindi. Unga Rabbini tanitib qo‘yish maqsadida yaqinlashdi. Salom-alikdan so‘ng shayx bolaga shunday dedi:
- Xoliqingni taniysanmi?
- Xoliqini tanimagan maxluq maxluqmi?! - dedi go‘dak.
• Shayx javobdagi ishonch ohangidan sergak tortdi va yana so‘radi:
- Qayerdan taniysan?
- Shu qo‘ylardan taniyman! – dedi u.
- Yuzta qo‘yim bor. Ularni o‘tlataman, chanqasalar suvga olib boraman, kech tushgach esa qo‘raga haydayman. Modomiki, shu yuztagina qo‘y uchun ham bitta tarbiyachi zarur ekanmi, demak bu qadar ulkan koinotni tarbiya qilib turish uchun albatta bir Parvardigorga ehtiyoj bo‘lishi lozim!
• Shayx tom ma’noda hayratga tushgandi. Tabiiyki, bu qadar mantiqli javobni kutmagan edi.
- Xoliqingni nimaga o‘xshatasan? - yana so‘radi shayx.
- Hech narsaga o‘xshatmayman, - dedi bola ishonch bilan.
- Hech narsaga o‘xshamasligini qayerdan bilding?
- Shu qo‘ylardan! – deya gapini qaytardi cho‘pon bola.
- Hali aytganimdek, men bularning tarbiyachisiman. Ular doim bir birlariga tikilishadi-yu, ammo hech qachon o‘z oralaridagi birontasini menga o‘xshata olishmaydi. Huddi shuningdek, bizning ko‘zimiz tushgan narsalarning ham barchasi maxluqdir. Biz maxluqlarga qarab ularni Xoliqqa o‘xshata olmaymiz, maxluqlar andazasidan Xoliqni tasavvur qilishimiz mumkin emas! – dedi.
• Shayxning ko‘zida yosh qalqidi. Boshini quyi egdi. Bolaning qalbi yaqiyn°°ga to‘la, tili esa haqni nutq qilayotgandi...
- O‘g‘ilcham, sizga dars bergani kelgandik ammo o‘zimiz sizdan dars oldik! Bizga nasihat qiling! - dedi.
- Ey shayx, Allohga taqvo qiling!
Ilmni oxirat uchun oling!
Shunda dunyoni ham, oxiratni ham qo‘lga kiritasiz. Hargiz dunyo uchun ilm olmang, aks holda dunyoni ham, oxiratni ham qo‘ldan boy berasiz, – dedi bola.
• ALLOHGA TAQVO QILING. VA ALLOH SIZGA ILM BERADI. ALLOH HAR BIR NARSANI BILUVCHI ZOTDIR•°°°.
© Abror Muxtor Aliy
• Do‘stlarga ulashing-ki, iymon taralsin!
°Tamyiz yoshi deb oq qorani ajrata oladigan yoshga aytiladi. Tahminan olti yo yetti yosh atrofi tamyiz yosh hisoblanadi.
°°Yaqiyn ishonchdir, bu yerda iymonning qalbda taqlidsiz mustahkam o‘rnashishi nazarda tutilgan.
°°°Baqara 282.