BAROAT KECHASI YAQINLASHYAPTI
Baroat kechasi Shaʼbon oyining o‘n to‘rtinchi kunidan o‘n beshinchi kuniga, 2023 yilning 6 martdan 7 martga o‘tar kechasiga to‘g‘ri keladi.
“Baroat” so‘zi arab tilida “ozod bo‘lish”, “najot topish” degan maʼnolarni anglatadi. Bu kechaning baroat, yaʼni najot topish, ozod bo‘lish kechasi deya nomlanishiga sabab, unda Alloh taoloning rahmati sababli behisob insonlar do‘zaxdan najot topadilar.
➡️ Bu qanday kecha?
hadis:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “(Ey Oysha,) bu kecha qanday kecha ekanini bilasizmi?” dedilar.
Men: “Alloh va Uning Rasuli biluvchiroq”, dedim.
“Bu shaʼbonning o‘n beshinchi kechasidir. Alloh azza va jalla bu kecha O‘zining bandalariga rahmat nazari bilan qaraydi va mag‘firat so‘rovchilarni mag‘firat qiladi, rahm so‘rovchilarga rahm qiladi, dillarida musulmonlarga nisbatan gina, adovat saqlovchi kishilarni qanday bo‘lsa, shunday holatda qo‘yib qo‘yadi”, dedilar.
➡️ Bu kechada nimalar sodir bo‘ladi?
hadis:
Oysha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
“Bu kechada (yaʼni shaʼbonning o‘n beshinchi kechasida) nimalar bo‘lishini bilasizmi?” dedilar.
Oysha roziyallohu anho: “Yo Allohning Rasuli, bu kechada nimalar bo‘ladi?” dedilar.
U zot: “U kechada Odam bolalarining bu yilda tug‘iladiganlari va bu yilda vafot etadiganlari yoziladi va u kechada ularning amallari ko‘tarilib, rizqlari nozil bo‘ladi”, dedilar.
➡️ Bu kecha gunohlar mag‘firat qilinadi.
hadis:
Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
“Alloh taolo shaʼbonning o‘n beshinchi kechasi dunyo osmoniga (O‘zining shaʼniga muvofiq) tushadi va Allohga shirk keltirgan va qalbida gina, qudrat bor kishidan boshqa barchani mag‘firat qiladi”.
Abu Muso Ashʼariy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
“Alloh taolo shaʼbonning o‘n beshinchi kechasida rahmat nazari bilan qarab, shirk keltiruvchi va qalbida birorta musulmonga nisbatan gina-adovat saqlovchi kishilardan boshqa barcha maxluqlarini mag‘firat qiladi”.
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Shaʼbonning o‘n beshinchi kechasi Alloh taolo bandalariga rahmat nazari bilan qaraydi. Ikkita shaxsdan boshqa barchani mag‘firat qiladi: biri ginachi, boshqasi nohaq odam o‘ldiruvchi”, dedilar.
➡️ Bu kecha duolar qabul bo‘ladi.
Usmon ibn Abul Oss roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
“Qachon shaʼbonning o‘n beshinchi kechasi bo‘lsa, bas, (Alloh taolo tarafidan)bir nido qiluvchi nido qiladi: «Birorta mag‘firat so‘rovchi bormi, Men uni mag‘firat qilaman! Biror narsa so‘rovchi bormi, Men unga beraman”, deydi. Shu vaqtda kim (qalbidan) so‘rasa, unga (o‘zining shaʼniga muvofiq) beriladi. Zinokor hotin va mushrikdan boshqa (Bular o‘zlarining yomon amallari sababidan Alloh taoloning neʼmatidan mahrum bo‘lgandirlar).
Imom Shofeʼiy rohmatullohi alayh aytadilar:
“Bizga shu gap yetdiki, besh kechada duolar qabul qilinar ekan: juma kechasi, iydul azho kechasi, iydul fitr kechasi, rajab oyining avvalgi kechasi va shaʼbon oyining o‘n beshinchi kechasi”.
➡️ Bu kecha odamlar do‘zaxdan ozod qilinadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
Jabroil alayhissalom mening oldimga kelib, aytdilar:
“Bu shaʼbonning o‘n beshinchi kechasidir. Alloh taolo bu kechada ko‘p odamlarni do‘zaxdan ozod qiladi. Ularning adadi Kalb qabilasi qo‘ylarining junlaridan ham ziyoda bo‘ladi. Faqat bu kechada Alloh taologa shirk keltirgan, ginachi va qarindoshlik aloqalarini uzuvchi, izorini (manmanlik bilan)to‘pig‘idan pastga tushirib yuruvchi, ota-onasiga oq bo‘luvchi va xamr ichuvchi kishilarga rahmat nazari bilan qaramaydi”.
➡️ Bu kecha qanday amallarni bajarish lozim?
🌱 Xufton va bomdod namozini jamoat bilan ado eting;
🌱 Tavba va istig‘for aytishga eʼtibor qiling;
🌱 O‘zingiz va barcha ummat uchun xayrli duolar qiling;
🌱 Toqatingiz yetganicha zikrlar, nafllar, Qurʼon tilovati qiling;
🌱 Imkon topsangiz shaʼbonning o‘n beshinchi kuni ro‘za tuting.