Yaponiyaning oila inqirozi!
Assalomu alaykum, men uchun qadrli o‘qirmanlar! Sizlardan shu paytgacha yoqtirmadan boshqa narsa so‘ramabman. Bundan keyin ham so‘rash niyatim yo‘q. O‘zlaringizdan bilib bir narsalarni bosib qo‘ying, axir. Bugun davrani yondiradiganidan aytib beraman. Horg‘in, xafa kayfiyatingizni menga berib turing, 3 daqiqada zo‘r qilib qaytib beraman. Qani, ketdik bo‘lmasa... Shu desangiz, dushanba kuni biz bilan ishlaydigan ikkita sevishgan, asal oyidan qaytib, ta'tillarini tugatib ishga qaytib keldi. Eri-xotin ham biz bilan ishlaydi. Ularni to‘yiga asosiy sababchi o‘zimman. Qiz bilan yurib-yurib, “Ha, zo‘r qiz, uylan o‘rtoq” deb bolaga tiqishtirmaganman. To‘g‘ri maslahatlar berib, ikkala yoshni uvali-juvali qildim.
U shalpanquloq, Sujo degan yapon yigit bilan Yaponiyaga kelganimdan beri tanishman. U bolani “Uylan, uylan” deb quloq miyasini yeb bitirganman. Uylan desam, “Mendokusai” (Bosh og‘riq)ni nima qilaman. Bir o‘zim mazza qilib yashab yuraveraman deydi. Bola zoti umuman kerakmas derdi. 80% Yapon yoshlari shu fikrda. Oila qurish, mas'uliyatni bo‘yniga olishdan qo‘rqishadi. Xullas, u bolaga “Sening ham ota-onang, bizga bola kerakmas, biz oila qurmaymiz” deb senga o‘xshab fikrlaganda, sen hozir bu dunyoda bo‘lmasding.
Yaponiyaning aholisi 100 yildan keyin yo‘q bo‘lib ketadi. Oila qurish mazza, xotinchang bilan vachach desam, “Xotincha bilan vachach bo‘lish uchun uylanish shartmi?” deydi. Rostanamda, uylanmasa ham uylanganlarni ishini qilib yursa, uylangisi kelarmidi. Yaponlarning oila qurmasligi, aholi sonining kamayib ketishining asosiy sabablaridan biri ana o‘sha “vachach”ning ochiq-oydinligi, dehqonchilik bo‘lib yotgani bo‘lsa kerak! Shuning uchun bizdagi sharm hayoni saqlab, unaqa vachachlarni bemalol, dehqonchilik qilib yubormaslik kerak. Yigit ham qiz ham toʻy kuni koʻrsin koʻradiganini!
Xullas, boyagi yigitni javrab-javrab, oila qurishga ko‘ndirdim. Uylandi, asal oylarni tugatib, eri xotin ishxonaga keldi. Hamma hamkasblar oila qurishning yaxshi tomonlarini, taassurotlarini so‘rayapti. Boyagi qiz shu paytgacha yuravergan ekanman. Erga tegish yaxshi narsa ekan, baxt-taxtlar haqida gapirib, qolganlarga ham erga teginglar mazmunida maslahatlar berdi. Shularni eshitib, bir latifa yodimga keldi. Ikkita dugona bo‘lgan ekan. Ikkalasi ham erkaklardan nafratlanar ekan. Erkaklarning paypog‘i hidlanadi, kechasi xurrak otadi, boshida yaxshi gapirib, keyin azob beradi. Falon-falon, fuston-fuston degan xulosachalarni yig‘ib, ikkalasi bu dunyodan rohibalardek pok o‘tishga kelishib olishibdi. Ikkalasi bitta uyga ko‘chib o‘tishib, yonlariga bitta erga tegmagan mushukchani ham qo‘shib olishibdi. Tarki dunyo!
Bir yil o‘tibdi, ikki yil o‘tibdi. O‘n yil o‘tibdi! Qizlardan bittasi ahdini buzib, sekin erga tegib ketib qolibdi-da. Bitta qiz bitta mushuk uyda yolg‘iz qolib ketishibdi. Qiz bir ahvol, mushuk bir ahvol emish. Uchrashuvga chiqqisi kelgan mushukni ovozini bilasiz-a? Odamga o‘xshab gapirib miyovlaydi. Myoveayayaay deb serenada aytib yuboradi. Oradan bir oy o‘tib, boyagi ahdini buzib, erga tegib ketgan qiz, narigi qizga telefon qilibdi. “Ha, erga tegish qanday ekan?” desa, “Endi, dugona, o‘z hayotingni o‘zing hal qil. Ammo mushukni qo‘yvor. Mushuk bu dunyoning lazzatlarini his qilishi kerak” degan ekan.
Xulosayi kalom, “Oila qurma, ajrash, erkin yasha” deb, bizning oila institutimizga zimdan zarba bermoqchi bo‘layotgan rohibalarga parvo qilmang! Oilasiz farzandsiz hayot hayot emas. Ishonmasangiz, mushukdan so‘rab ko‘ring.
Bahodir Iskandarov, Yaponiya
@uzbekistonlikuz