EL NETIB TOPQAY MENI...
Zuhriddin Isomiddinov sharhi
To muhabbat dashti bepoyonida ovoramen,
Har baliyat kelsa ishq oshubidin bechoramen
El netib topqay menikim men o'zimni topmanom,
Buylakim ishqu junun sahrosida ovoramen.
Qaysi zaxmimg'a qilursen chora chun men ey rafiq,
Tiyr boroni baliyatdin sarosar yoramen.
Oh dudi ichra bir uchqun kibi ko'rgan meni
Bildikim, hijron tuniga kavkabi sayyoramen.
Kecha o'rtansam, sahar faryod qilsam, ne ajab,
Ishq aro parvonavu bulbulg'a chun hamkoramen.
Ey xarobot ahli, gar siz mast o'lub, men bo'lmasam,
Ayb emas, nevchunki siz - mayxora, xunxoramen
Ey Navoiy, bordi deb ahbob, ta'jil etma ko'p,
It kibi men erishib ul korvonni boramen.
Bu asar "Chor devon"ning ikkinchi jildidagi 496-g'azaldir. Navoiy "Navodir ush-shabob"dagi asarlarni yigitlik ayyomidagi nodirliklar bilan qiyoslaydi. Bu ma'noni ta'kidlayotganimizning boisi shundaki, ba'zilar aytganidek, "Chor devon"ga kiritilgan asarlar shoir umrining shunga muvofiq davrida yozilgan emas, ya'ni "G'aroyibus sig'ar" devoni faqat bolalik - sag'ir yoshida bitilmagan, yoki "Favoyidul kibar" - qari chog'ida yozgan g'azallaridan iborat emas. Devonlarning nomlari shartli bo'lib, devon tartib berish chog'ida har bir devonga bir xil - 650 tadan g'azal kiritilgani ham shuni ko'rsatadi.
Mazkur g'azal ruhiga diqqat qilsak, u Navoiyning xiyla keksargan, hayot va o'lim haqida o'ylay boshlagan, ustozlari va bir qancha yaqin do'stlari hayotdan ko'z yumgan chog'da bitilgan ko'rinadi. Chunonchi, so'nggi bayt shuni ko'rsatadi:
Ey Navoiy, bordi deb ahbob, ta'jil etma ko'p,
It kibi men erishib ul korvonni boramen.
Ya'ni, Ey Navoiy, do'st-yorlarim ketdi, deb shoshilma, bu karvonga it kabi ergashib boraman(qolib ketmayman).
Endi g'azalning matla' - ilk bayti ma'nosi bilan tanishaylik.
To muhabbat dashti bepoyonida ovoramen,
Har baliyat kelsa ishq oshubidin bechoramen.
Muhabbatning chek-chegarasiz dashtida sarson holda yurar ekanman,
Ishq sarosimasidan, nimaiki balolar boshimga tushsa, chorasizman.
Oshiq muhabbatning poyonsiz dashtida ovora bo'lib yurar ekan, bundan anglashiladiki, ishqning o'zi behududdir. Bu ishq - ilohiy ishq, chunki insoniy ishqning boshi va oxiri, avji va susti, chek-chegarasi boʻladi, fagat Olloh ishqining poyoni yo'q. Bu ishq tufayli boshga tushadigan balolar qarshisida oshiq chorasiz, zero qazoga rozi va baloga sobir bo'lish - mo'minning shioridir.
El netib topqay menikim men o'zimni topmanom,
Buylakim ishqu junun sahrosida ovoramen.
Men o'zimni topa olmaymanu, odamlar meni qanday qilib topsin?
Men shu tariqa ishq va junun sahrosida ovoraman.
Bu bayt bugun ayrim adabiyotshunos va ixlosmandlar tomonidan buzib o'qiladi va shunga muvofiq talqin qilinadi. Ularning fikriga ko'ra, shoir "El netib topqay menikim, men o'zimni topmasam" degan, yoki to'g'rirog'i, shunaqa deb yozganida zo'r bo'lar edi. Ana o'shanda "o'zlikni topish, o'zlikni anglash" kabi hozir urf boʻlgan ijtimoiy dunyoqarash Navoiy orqali ham tasdiq etilardi... Uning zimnida "men o'zimini anglasam (botinga nazar), boshqalar ham meni e'tirof etadi, biz o'zimizni topsak, anglasak, o'z qadrimizga o'zimiz yetgandagina o'zgalar (ya'ni boshqa millatlar, dunyo..) ham bizni tan oladi", degan shior singari bir da'vo yotadi. Holbuki, shoir o'zlikni topish (anglash) emas, aksincha, o'zlikni yoqotish, o'zini topa olmay qolish ma'nosini bitadi. Tasavvuvda - haqiqiy solik, adabiyotda - chin oshiq sevgi shiddatidan o'zini unutishi, xayolan ma'shuqa bilan birlashib ketishi lozim. E'tibor bersangiz, ishq shiddatidan junun holi ham paydo bo'ldi. Bu holda kishi o'zini bilmay qolishi - mantiqiy. Davom etamiz:
Qaysi zaxmimg'a qilursen chora chun men ey rafiq,
Tiyr boroni baliyatdin sarosar yoramen?
Ey do'st, sen yara-chaqalarimning qaysi birini davolamoqchisan?
Tiyrboron balosidan mening butun a'zoi badanim yara-chaqa-ku?
Bu tiyr boroni avvalo ma'shuga otgan istig'no o'qlari. Ammo bu - botiniy (ichki) jarohat, zohiriy tomondan esa, ishq jununidan telba bolgan odamga bolalar tosh otib hammyog'ini yarador qiladilar. Yana:
©Umidaxonustoz