Hechqachon bu mavzuda gapirmasam kerak deb o'ylardim...
Kanal 2020-yil fevralda tashkil topgan edi. Karantin boshlangan, o'qituvchilar qayerdan qanday resurs olib onlayn dars o'tishga o'ylanayotgan vaqtlar... Shu payt katta tashabbus bilan chiqdim. Respublika bo'yicha 13 ta volontyor ustozlar bilan hamkorlikda sinflar kesimida dars ishlanmalar, ko'rgazma, testlar qila boshladik. Kechasi-yu kunduzi tinmasdik. Hammasi bepul, barchasi beminnat edi. O'shanda ham 14 mingdan ortiq ustozlar koriga yaragandik.
Karantin tugagach ham yangiliklar yaratishda davom etdim. Blog yuritish menga juda yoqib qolgandi. Biror marta moddiyatni o'ylamadim. Qiziqishim, ishtiyoqim kuchidan kanalda jon-dilim bilan ish olib borardim.
Oradan 3 yil o'tib ko'zimda ichki bosim paydo bo'ldi, yosh oqishi to'xtamasdi. Doktorlar "Yilda ikki mavsum muntazam davolanib turasiz, telefon, kompyuterlarga kam qaraysiz" deyishdi. Davolanib turib ham sevimli ishimni qilaverdim. 4-yil kelganda, kanal yuritishdagi ustozim: "Shuncha bepul, beminnat yordam ulashyapsiz. Umringiz, vaqtingiz, ko'z nuringiz haqqi uchun ham pulli resurslar qilish vaqti keldi. Mehnatingiz rosmana sarf bo'lgan resurslarni o'qituvchilarbop narx bilan soting! Shunda ham kanal rivojlanadi, ham ustozlar manfaat topadi. Lekin bepul resurslaringizni yanada boyitishni unutmang" deya maslahat berdi.
O'ylab-o'ylab, amal qilishga qaror qildim. Bu qarorimdan hozir hech afsuslanmayman, chunki endi kanal oldingidan ham jozibador, undan-da kontentga boy bo'ldi. Chunki, daromad oladigan manbalarim hijolatidan ham ko'p-ko'p bepul resurslar ulashgim keladi.
Ora-orada jurnalistik pozitsiyam nafi tegsin deya ustozlarning muammolarini ko'tarib beminnat murojaat, maqolalar yozaman. Ko'p hollarda ijobiy yechimlarga sabab bo'laman. Asli, bitta tanqidiy post yoki maqoladan keladigan stress, vaqt, asabni siz aslo tasavvur qilolmaysiz! Kattakonlar bilan muloqot, hozirjavoblik, ko'targan muammoyimga qarshi reaksiyalar.. Buni tasvirlashim qiyin...
Qolaversa, kanalning yana bir eng katta foydasi - ustozlarga jonli energiya, kasbga mehr uyg'ota olayotganida deb bilaman. Men shunchaki materialni yuborishgina emas, vaqti-vaqti bilan o'zim sinfxonamda nima qilayotganimni foto-videolar orqali ko'rsatib qanchadan-qancha samimiy ustozlarga ilhom bag'ishlayotganimni his qilib turaman! Kanal resurslaridan foydalanayotgan ustozlarning darslarida ta'limga sifat kirayotganidan quvonaman!
Gapirsam, juda gap ko'p... Ichimdan o'tganlari o'zimga ayon. Odamlar mazza qilib orom olayotgan daqiqalarda men yangilik yaratish uchun uhlamayman. Nima qilay, ichim olovga, shijoatga to'lib turadi! Qanchadir misqolda moddiy manfaatim bo'lsa ham foydali inson bo'lganimga ming shukr! Muhimi, narxda insof qilishni, vaqti-vaqti bilan ehson chiqarishni unutmayman!
Negativchilar, sizlar hech qachon oyog'imga bolta urolmaysiz! Chunki, Alloh yuqtirgan qobiliyatlarim, sevimli kasblarim menga kuch bag'ishlab turaveradi!!!! Toki siz kabilar qilayotgan ishlarimni minnat qilishga sababchi bo'lib qolmang! Qaytib bu mavzuda yozishni aslo istamasdim!
Nafisa Ortiqova
@english_worksheets_more