Bugungi kunda tabiatni asrash va uning sofligi global miqyosdagi eng dolzarb masalaga aylandi. Havo va suvning ifloslanishi, tuproq eroziyasi, cho‘llanish, global isish tabiiy muvozanatga va odamlar sog‘lig‘iga zarar yetkazmoqda. Yurtimizda bu oldindan anglanib, atrof-muhitni asrash choralari ko‘rilmoqda.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bundan uch yil avval boshlangan “Yashil makon” umummilliy loyihasi chinakam xalq harakatiga aylandi. Har yili bahor va kuzda daraxt ko‘chatlari ekish an’anasi jonlandi.
Bunday sa’y-harakatlardan ko‘zlangan asosiy maqsad, xalqimizga xos ezgu fazilatlarni qadrlash, ezgulikni yoshlar qalbiga singdirish, qishloq va shaharlar, mahallalarni ko‘rkam ko‘rinishga keltirishdan iborat.
Prezidentimiz o‘zining ushbu yo‘nalishdagi amaliy ishlari va tashabbuslari bilan doimo barchaga o‘rnak bo‘lib kelmoqda. Yoshlarning mamlakat rahbari tashabbusidan ilhomlanib, bu yo‘lda faol harakat qilishi O‘zbekistonning yorqin kelajagini ta’minlashda muhim omil hisoblanadi. Toshkent pediatriya tibbiyot instituti talaba-yoshlari O‘zbekistonda daraxtlar sonini oshirishga qaratilgan bu loyihani qo‘llab-quvvatlaydi.
Shu maqsadda bugun Toshkent pediatriya tibbiyot institutining talaba-yoshlar tashabbusi bilan institut hududida umummilliy "Yashil makon" loyihasi doirasida ko‘chat ekish va "Talabalar bog‘i"ni yaratish bo‘yicha katta tadbir bo‘lib o‘tdi. Ushbu tashabbus ekologik vaziyatni yaxshilash, shahar hududlarini ko‘kalamzorlashtirish va yoshlar o‘rtasida ekologik madaniyatni rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, nafaqat ekologik mas’uliyat ramzi, balki talabalarni atrof-muhitga g‘amxo‘rlik g‘oyasi atrofida birlashtiruvchi yangi ekotashabbus sifatida ahamiyat kasb etdi.
Tadbirda institutning 500 dan ortiq ishtirokchisi — talabalar, profssor-o‘qituvchilar, xodimlar va mahalliy jamoatchilik vakillari qatnashdi. Institutning faol yoshlari tashabbusi bilan hudud klimatiga mos jami 200 dan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi. Bu nafaqat ekologik holatni yaxshilaydi, balki ochiq havoda dam olish va o‘qish uchun shinam muhit yaratadi.
Ushbu tashabbus mamlakatimizda yashil hududlarni kengaytirish, havo sifatini yaxshilash va aholining ekologik ongini oshirishga qaratilgan umummilliy "Yashil makon" loyihasi doirasida amalga oshirilgan.
Tadbir yakunida yoshlar ko‘chatlarga shaxsiy ismli lavhalar o‘rnatish marosimini o‘tkazdilar. Bu belgi har bir talaba va xodimning bog‘ rivojiga qo‘shgan hissasini ramziy ifodalaydi. Bog‘ parvarishi va uning kelgusida rivojlanishi ko'ngilli talabalarning eko-volontyorlik faol guruhi tomonidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
"Talabalar bog‘i" tashabbusi Toshkent pediatriya tibbiyot institutining ekologik barqarorlik tamoyillarini amalda qo‘llash va talabalarni ijtimoiy ahamiyatga ega tashabbuslarda faol ishtirok etishga rag‘batlantirishda muhim qadam bo‘ldi.
@daminovbotirturgunpulatovich
@tashpmi_press