TABIATNING JAROHATI
Yer biladi, o'z dardini osmon bilar,
Tabi nozik, nokaslarning tabi uyat.
Nafsi uchun go'zallikni qurbon qilar,
Ozorlanding kechir bizni, o, tabiat.
Oldimizdan oqqan suvning qadri yo'qdir,
Isrof bo'lib qancha-qancha suvlar oqdi.
Odamiga farqi yo'qmi?.. Farqi yo'qdir.
Hazon yoqdi, o'rmon ichra olov yoqdi.
Tutun to'ldi atmosfera o'pkasiga,
Toza havo izlayapti inson ahli...
Ziyon qilmang Yaratganning o'lkasiga,
Xudo haqqi, keladi-ya, Xudo qahri.
Oroldek dengizlar sahro bo'lmasdan,
Yo sahrolar toshqin suvga to'lmasdan.
To'yib-to'yib nafas olsin, mehr ber, suv ber,
Dov-daraxtlar qovjirab, gullar so'lmasdan.
E, berahm, bolta urma "ko'k"ning bag'riga,
"Chiqindizor" bo'layotir dunyo yo'lagi.
Befarqlarcha ko'z yumamiz bari-bariga,
Ozorlangan tabiatning og'rir yuragi.
Atrof-muhit qadr istar, munglidir holi,
Changli to'zon, iqlim ham o'xshar betobga.
Agar "Yashil hayot"ning ursa uvoli,
Insoniyat kiritilar qizil kitobga...
Achinib ketaman maxluqotlarga,
Tobora kuydirar issiqlik shamsi.
Ko'z o'ngimda tugab borayotgandek,
Nabotot olami -- tiriklik ramzi...
Vodarig', bu holdan ranjimas hech kim,
Aybdor bandaman, Haqning quliman.
Tog'ning qulashini kuzatarlar jim,
Men ham tomashabinlarning biriman.
Joningga jabr qildik, bilib-bilamasdan,
O, tabiat, tabiiyligim, bo'lmagin xafa.
Olam ahli, uyg'oning, mudrab yurmasdan,
Shiddat ila borliqni qiling mudofaa.
Portlatmanglar, tuproqlarda jon o'ladi,
Yongan yerda kuldan, giyoh unmog'i yo'q.
Bug'doy unsa, don, un bo'lar, non bo'ladi,
Ocharchilik, ko'p joyda non urvog'i yo'q.
Biz ichgan suv, bu mo'jiza ne'matlardan,
Avlodlar ham bahra olib yashash kerak.
Tanazullga yuz tutmasdan - nabototni,
Asrash kerak. Asrash kerak. Asrash kerak !..
Buzg'unchiga baxtsizlikning qaraxati.
Tuzuvchiga xushxabar bor, baxt rohati.
Kel, ey odam, malham bo'lib birlashaylik,
Bitib ketsin tabiatning jarohati.
AZIZ XO'JA NUR
Sirdaryo Sayhun
https://t.me/MUHAMMAD_YUSUF_IJODI