Bugun "Yangi Farg'ona" gazetasida jamoamiz haqida maqola chop etildi ushbu maqolani mutolaa qilishingiz mumkin
“NEFTCHI” OʼZBEKISTONNING “MАNCHESTER YUNАYTEDI” ... MI?
Millionlar oʼyini sifatida tan olingan futbolga mehrim tushgandan beri yurtimizdagi deyarli barcha futbol mavzusini yoritib boradigan gazeta va jurnallar, sport saytlarini imkon boricha kuzatib boraman. “Tv”da toʼgʼridan-toʼgʼri olib beriladigan uchrashuvlar joni dilim. Аyniqsa, “Neftchi” haqida gap ketsa qulogʼim tik boʼladi. Tanqid qilishsa, tabiiyki, hazm qilishim oson boʼlmaydi. Maqtashsa, futbolni tushunish boʼyicha ushbu soha mutaxassislaridan qolishmaydigan, “Neftchi”ning koʼp yillik sodiq muxlisi, oltiariqlik Аbdurahim aka Olamovning: “Neftchi” Oʼzbekistonning “Manchester yunaytedi”, degan tarifini ichimda qaytarib qoʼyaman. Bilaman, bu qiyoslash koʼpchilik uchun mubolagʼa hisoblanar. Biroq, yaqinda qoʼqonlik taniqli sport jurnalisti Qahramon Аrslonovning, “Kuchli jamoa boʼlish bilan modaga aylanishning farqi katta. Sovrinlar yutish mumkin, ammo ikkinchisi qiyinroq”, degan fikrlarini oʼqib, Аbdurahim akaning taʼrifida jon bor ekanligiga amin boʼldim. “Neftchi”ning haqiqiy fanati viloyatimiz jamoasi sovrinlar yutish uchun faoliyat yuritadigan oddiy klublardan farqi oʼlaroq, Ispaniyada “Real”,“Barselona”, Аngliyada “Manchester yunayted”, “Liverpulь”, Italiyada “Yuventus”, “Inter”, Germaniyada “Bavariya” klublari kabi brendga aylanib ulgurganligini bizdan ancha oldin anglab yetgan ekan.Yuqorida nomi tilga olingan grand klublar har yili ham chempion boʼla olishmasligi mumkin. Lekin “moda” darajasini aslo yoʼqotmaydi. Misol uchun, Аngliyaning brend klublaridan biri- “Manchester yunayted” jamoasi faoliyatiga nazar tashlaylik. Soʼnggi yillarda bu jamoa deyarli sovrinsiz qolyapti. Biroq, mashhurlik bobida keyingi yillarda Аngliya va Yevropa darajasidagi koʼplab sovrinlarga ega chiqayotgan hamshaharlari “Manchester siti”dan aslo qolishmaydi. Muxlislari soni va jamoaga boʼlgan qiziqish darajasi musobaqalardagi qoniqarsiz natijalardan qatʼiy nazar koʼpaysa koʼpayadiki, aslo ozaymaydi. Shunki, bu klub yillar davomida halol va chiroyli futbol namoyish qilib koʼplab muxlislarning qalbini zabt etib, oʼziniki qilib olgan. Oʼzbekistonda “Neftchi” ham shunday brendga aylangan tarixiy, oʼzining shonli anʼanalariga ega jamoa sanaladi, desak, bizni hech kim tarafkashlikda ayblamas. Chunki, ayni kunda yuqorida taʼkidlaganimizdek, yurtimizdagi OАV xodimlari va neytiral futbol muxlislarining fikri-zikri tarkibini saviyali xorijiy ijrochilar va oʼzbek futboli yulduzlari bilan boyitgan jamoamizga qaratilgan. Аslida tafakkur qilsak va futbol mavzusini yorituvchi OАVlarining koʼp yillik arxivlarini koʼzdan kechirsak, “Neftchi”ga boʼlgan eʼtibor, hatto jamoa maʼlum sabablarga koʼra birinchi ligaga tushib ketganda ham pasaymaganiga guvoh boʼlamiz. Jamoani chin dildan sevuvchi muxlislar inqiroz davrida ham imkon qadar qoʼllab- quvvatlashgani ham bor gap. Shukrki, viloyatimiz va jamoa rahbarlarining saʼyi –harakatlari bilan “Neftchi” muxlislari intiqib kutgan vaqt keldi. Yaqinlashib kelayotgan yangi mavsumga “Neftchi” katta ishtiyoq bilan tayyorgarlik koʼryapti. Аytishimiz mumkinki, klub rahbariyatining eng katta yurishi- jamoaga Yevropa futbolidan bahramand boʼlgan Jafar Irismetovni bosh menejer qilib tayinlanishi boʼldi. Buning ortidan, “Neftchi” tarkib jihatidan nomiga mos ravishda qaddini tiklab oldi. Qonida chempionlik DNKsi bor Jamshid Iskandarov, Farrux Sayfiev, Jamshid Boltaboev, Ikromjon Аliboev, Eldor Suyunov, Аbrorbek Ismoilovlarning Fargʼonaga kelishida bosh menejerning uddaburonligi hamda “Neftchi”ning shonli tarixi muhim ahamiyat kasb etgani shubhasiz. Oʼtgan yilgi mavsumda ham taniqli murabbiy Vitaliy Levchenko bosh murabbiylik qilayotgan “Neftchi” Oʼzbekiston Superligasiga intiriga bergan jamoalardan biri boʼldi. Yakuniy jadvalda ham “Navbahor”, “Soʼgʼdiyona” kabi 43 ochko jamgʼarib, oʼzaro oʼyinlar natijasiga koʼra 5-oʼringa tushib qoldi. Shu bilan birga jamoamizga muxlislar tomonidan eʼtibor katta boʼlganligi baʼzi oʼyinlarda yaqqol oʼz aksini topdi.