Qadrlanmayotgan til
"Tilga ixtiyorsiz – elga e'tiborsiz", degan edi bir zamonlar so‘z mulkining sultoni bo‘lmish hazrat Navoiy. Lekin hech o‘ylab ko‘rganmisiz, hozir bizning tilimizga ixtiyorimiz qay darajada? Uni biz ham Navoiydek sevayapmizmi?
Javob aniq va ravshan: YO‘Q!
Matematikada bir gap bor, isbotlanmagan teorema shunchaki farazligicha qabul qilinadi. Hozir men sizlarga fikrlarimni isbotini keltirib o‘tmoqchiman. Zero, qalbingizda ona tilimizga zarracha bo‘lsa-da muhabbat uyg‘ota olsam, maqsadimga yetgan bo‘lardim.
Nemis tilidan dars o‘tishni boshlaganimga ham uch yildan oshdi. Shu davr oralig‘ida qanchadan-qancha insonlar bilan muloqot qildim. Ba'zilari bilan ishlash o‘zgacha zavq bag‘ishlagan bo‘lsa, ba'zilariga til o‘rgatishning imkoni yo‘qday tuyulgan. Chunki ular nafaqat nemis tilini, balki tug‘ilganidan beri muloqot qilib kelayotgan o‘z ona tillarini ham yetarli darajada o‘rganishmagan. Aybni ona tili ustozlariga yuklashga shoshilmasligimiz kerak. Hatto eng sust salohiyatli o‘qituvchi ham ot, sifat, fe'l degan mavzularni bemolol tushuntirib bera oladi. Aybni odam o‘zidan qidirishi kerak. Biz tilimizga bepisandmiz. O‘ylaymizki, ona tilini faqat o‘qishga kirish uchun o‘rganish kerak. Badiiy asarlar esa juda zerikarli va eskilik sarqitidek tuyuladi.
Shu ruhda tarbiyalangan yoshlar bugungi kunda savodxonlik jihatidan juda yomon va fikrlash doirasi ham sayoz bo‘lib o‘smoqda. Bunga yaqqol misol sifatida ijtimoiy tarmoqlardagi saviyasiz videolar va izohlarni keltirish mumkin. Chunki biz tilimizni qadrlamayapmiz. Kundalik hayotimizda ishlatadigan so‘z boyligimizni yig‘ib sanasak, ellikdan ortmaydi. Ularning aksariyati so‘kinish va jargon so‘zlaridir.
Menga eng alam qiladigan narsa shuki, O‘zbekistonda ota-bobosi tug‘ilib o‘sgan, o‘zi ham shu yerda ulg‘aygan boshqa millat vakillari ham bizning loqaydligimizni ko‘rib, qanday qilib o‘zbek tiliga mehr berishsin, qanday qilib o‘rganishga kuch topsin? Shu sababli ular yurtimizda o‘zbek tilida muloqot qilishdan ko‘ra, rus yoki ingliz tilini afzal ko‘rishmoqda. "Ular tilimizni tushunishmaydi", deysizmi? Adashasiz, ular juda yaxshi tushunishadi. Ammo ularga bu tilda javob berish qandaydir erish tuyuladi. Chunki biz "mehmondo‘st" xalq bo‘lganimiz uchun ham ulardan ona tilimizda gapirishlarini talab qilishga iymanamiz.
Bu yoshga kirib, chet davlatga biroz muddat chiqib kelgan bo‘lsa ham, o‘sha yerning tilini muloqot darajasida o‘rganib kelmagan odamni ko‘rmaganman. "Bizning tilni ular bilmaydi-da, kichik davlatmiz-da", deb o‘ylashingiz mumkin. Adashasiz, biz allaqachon 38 million aholiga ega katta xalqmiz. Bunga asosiy sabab – biz borgan davlatdagilar o‘z tillarini sevishadi va sizdan ham shu tilda gapirishingizni talab qilishadi.
Kuni kecha kursimizga Germaniyada bir yil davomida oila birlashtirish dasturi bo‘yicha yashab kelgan bir ayol keldilar. Germaniyaga borganlariga 6 oy bo‘lganida, shifokor huzuriga borib, nemis tilida gapirishda qiynalgani uchun shifokordan tanbeh eshitibdilar. Shifokor ularga: "Shuncha paytdan beri Germaniyada yashaysiz, nega haligacha o‘rganmadingiz?" – debdi. Tilni qadrlash mana shunday bo‘ladi, deb o‘yladim bu gaplarni eshitgach. Bizda O‘zbekistonda tug‘ilib o‘sgan Anjelika Abdug‘afforovalar ham bemalol rus tilida gapirsa, biz esa o‘zimizni qiynab, lug‘atlardan foydalanib bo‘lsa ham rus tilida javob qaytaramiz. Nega, do‘stlar, nega?
Kecha ota-onam bilan ko‘chada ketayotganimizda uch yildan beri shu yerda ishlayotgan bir nemisni ko‘rib qoldik. O‘zbek tilida "Assalomu alaykum, yahshimisiz, hayr" degan so‘zlari biz uchun go‘yoki mo‘jizadek tuyuldi. Nega axir?
Kelinglar, bugundan boshlab ozgina tilimizga mehribonroq bo‘laylik. Yozayotib ham, gaplashayotib ham til qoidalariga rioya qilishga harakat qilaylik. Bizni ko‘rib ulg‘ayotgan yoshlarga o‘rnak bo‘laylik. "Faqat mening harakatim bilan nima ham o‘zgarardi?" degan fikrlarni chetga suring. Siz boshlang, siz qiling. Bejizga aytishmaydi: "Toma-toma ko‘l bo‘lur."
Post yurakdagi gaplar asosida yozildi.
Hurmat bilan,
@Deutschkreis admini