Mazkur tadbir “Sharq ayoli” xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston menejerlar assotsiatsiyasi va USAIDning Biznesni qo‘llab-quvvatlash loyihasi hamkorligida tashkil etilgan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Markaziy bankning moliyaviy savodxonlik va ommaboplikni oshirish departamenti, Xalq banki, Savdo-sanoat palatasi, Ilg‘or loyihalar milliy agentligi xodimlari ishtirok etdilar.
Seminar-treningning asosiy maqsadi Romitan tumanidagi ishbilarmon ayollarga elektron tijoratning xususiyatlari va afzalliklari, moliyaviy savodxonlik, kiber tayyorgarlik hamda biznes uchun innovatsion platformalar haqida bilim berishdir.
Tadbir davomida ishtirokchilar shaxsiy mablag‘larni boshqarish, banklar bilan o‘zaro manfaatli munosabatlarni yo‘lga qo‘yish, biznes-reja tuzish, xatarlarni boshqarish, sug‘urta va moliyaviy himoya vositalaridan foydalanish kabi mavzularda bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ladilar.
Shuningdek, marketing, mijozlar bilan ishlash, bozorni tahlil qilish, mahsulot va xizmatlarni tanishtirish, elektron tijoratning xususiyatlari va afzalliklari, kiber tayyorgarlik, soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lash kabi masalalar ham muhokama qilinadi.
Treninglar davomida ishtirokchilarga “Hovlee uz” marketpleysi misolida marketpleyslar bilan ishlash, “Apu market” kabi mahalliy korxonalarga yordam beradigan innovatsion xalqaro platformalar haqida ma’lumotlar beriladi. Shuningdek, yuridik shaxslar, patent, o‘z-o‘zini ish bilan ta’minlash va ish bilan ta’minlashdagi yangi qonunlar haqida ham ma’lumotlar taqdim etildi.
Seminar-trening yakunida 100 nafar ishtirokchiga sertifikatlar topshirildi. Mazkur tadbir ayollarning biznes sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularning iqtisodiy faolligini qo‘llab-quvvatlash hamda barqaror rivojlanishga hissa qo‘shish maqsadida tashkil etildi.
Romitan tuman hokimligi matbuot xizmati