⚡️Buxoro viloyatidagi turizm va umumfoydalanish obyektlaridagi shart-sharoitlar o'rganildi
Bugungi kunda mamlakatimizda mahalliy va xorijiy sayyohlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini, qolaversa, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yaratilgan umumiy foydalanish obyektlaridagi imkoniyatlar, “to‘siqsiz turizm muhiti”ni yaratish, sanitariya-gigiyena shoxobchalarining holatini yaxshilash bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, mazkur sohada ijobiy natijalarga erishish, kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish maqsadida tegishli farmon va qarorlarga asosan barcha turizm obyektlari, shuningdek, mahalliy va xorijiy sayyohlar gavjum bo'ladigan joylar, umumiy o’rta ta’lim maktablari, jamoat joylar, aeroport, vokzal, avtoshohbekatlarda hamda avtomobillarga yoqilg‘i quyish shaxobchalarida umumfoydalanishdagi sanitariya- gigiyena shaxobchalarining yetarli darajada tashkil qilinganligi hamda ularning sanitariya, shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga muvofiqligi, ularda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun sharoitlar yaratish yuzasidan Respublika ishchi guruhi, viloyat hamda tuman (shahar) hududiy ishchi guruh a’zolari hamkorligida o‘rganish ishlari olib borildi.
Dastlabki o‘rganish manzili “Ark” qo‘rg‘oni bo‘lib, u yerdagi hojatxona va panduslarning holati ko‘rib chiqildi hamda yetarli talab darajasida emasligi, shuningdek, sayyohlarga qulay shart-sharoit yaratish maqsadida yana qo‘shimcha hojatxona qurilishiga ehtiyoj borligi tushuntirildi.
Qolaversa, eski shahar hududidagi M.Ambar, Haqiqat, Nurobod ko‘chalaridagi umumfoydalanuvdagi, “Labi hovuz” majmuasi avtoturargohidagi hojatxonalar, shuningdek, Buxoro shahar 30- hamda 32-umumta’lim maktablari hojatxona va oshxonalardagi holat yuzasidan tegishli mas’ullar bilan uchrashildi.
Xuddi shunday o‘rganish ishlari Jondor, Vobkent, G‘ijduvon tumanlarining tegishli umumta’lim maktablari, dehqon bozori hamda yoqilg‘i quyish shoxobchalarida ham olib borildi.
Tekshirish davomida mazkur joylarda bir qator kamchiliklar, jumladan, hojatxonalarning tashqi va ichki sanitar-gigiyenik holati nisbatan qoniqarsizligi, suv jo‘mraklarining aksariyati taʼmirtalab holga kelganligi, belgilangan meʼyor talablari bo‘yicha qisman jihozlanmaganligi, nogironligi bor bo‘lgan shaxslar uchun sharoitlar yetarli darajada yaratilmaganligi aniqlandi.
O‘rganish yakunida ishchi guruh tomonidan aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha masʼullarga tegishli topshiriqlar hamda tavsiyalar berilib, belgilangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etish yuzasidan kelishib olindi.
🍀E’tirofga loyiq jihati, “Yashil makon” umummilliy loyihasi bo‘yicha Respublika ishchi guruhi, viloyat hamda tuman (shahar) hududiy ishchi guruh a’zolari tomonidan G‘ijduvon tuman 67-sonli umumta’lim maktabida manzarali va mevali ko‘chatlar ekildi hamda daraxtlar sof havo, inson salomatligi uchun kerak bo‘lgan kislorod manbasi ekanligi, u nafaqat tabiat uchun ko‘rk, atrof-muhit musaffoligi uchun chang yutuvchi manba, kislorod ta’minot zanjirining ajralmas qismi ekanligi ta’kidlandi.
Telegram | Facebook | Instagram