Man yoshligimdan asosan bobom va buvijonim bilan yashaganman.
Ular asosan manga tarbiya berishgan va o’qitishgan.
Esimda. Bir kuni buvijonim dori olib kelish uchun mani dorixonaga yubordilar.
Man dorixonaga bordim. Lekin aytgan dorilari yo’q ekan.
Keyin boshqa dorixonaga kirdim. U yerda ham yo’q.
Keyin esa uyga qaytdim va buvimga aytgan dorilari yo’qligini aytdim.
Shunda buvim manga aytgan maslahatlari hozirgacha esimdan chiqmaydi.
“O’g’lim, sanga nimadir olib kel deyildimi, hech qachon yo’q ekan deb qaytib kelma. Har doim boshqa yo’lini qidir va aytilgan narsani olib kel.
Boshqa ishlarda ham xuddi shunday. Nimadir qil deyildimi. Qila olmadim deb qaytib kelma. Har doim o’sha ishni bajarish uchun oxirigacha harakat qil.”
Bu nasihatlari hozirgacha manga yordam beradi.
Har doim nimadir qila olmasam yoki qanday muammoga duch kelsam - u ishni shunchaki tashlab qo’ymayman.
Yechimini topish uchun oxirigacha harakat qilaman.