Nikoh kechasiga qadam qo`yayotgan kuyovbolaga maslahat.
Aziz birodar, nikoh kechasiga qadam qo`yar ekansiz, birinchi navbatda ko`nglingizni xotirjam qiling. Unutmang, bu kecha siz istaganingizdek o`tadi, atrofingizdagilar istaganidek emas. Buning uchun sizga quyida bir necha maslahatlar berib o`tamiz.
Tanmahramingiz va turmush o`rtog`ingiz sizdan ko`ra qattiq hayajonda. Siz o`zingizni qo`lga olishga qiynalayotgan bir vaqtda undan buni talab qilmang. Binobarin, siz yoki u tarafidan biror xato ish yoki noo`rin gap sodir bo`lishi tabiiy hol. Shuning uchun rafiqangiz tomonidan bo`ladigan bu kabi xatolarga befarq bo`ling, uni ma’zur tuting.
Odatda bu kechaga qadam qo`yishingizda sizga qarindoshlaringiz yoki turmush qurgan o`rtoqlaringiz tomonidan turli xil maslahat va yo`llanmalar beriladi. Bularning barchasidan kerakli foydani oling, lekin shuni unutmang, ular o`z tajribalaridan kelib chiqib maslahat bermoqdalar. Har bir insonning birinchi kechasi boshqalarnikiga o`xshamaydi. Sizning bu kechangiz ham aynan ular aytganidek o`tishi shart emas.
Aslo va aslo jufti halolingiz huzuriga kiriboq, unga qo`pol muomala qilmang. Unga qo`ldan kelganicha yumshoq va muloyim munosabatda bo`ling. Unutmang, muloyimlik har bir ishda maqtovga loyiqdir.
Inson hayotidagi birinchi jinsiy aloqa inson o`zini ruhan tayyorlab, qalbi xotirjam bo`lib, er-xotin o`rtasida shirin suhbatlar bo`lib o`tganidan so`ng bo`lsa, hayotingizning bir umr unutilmaydigan bir lahzasiga aylanadi. Shuning uchun ayolingiz jinsiy yaqinlikka ham ruhan, ham jismonan hoziru-nozir ekanini his qilmaguningizcha yaqinlik qilishga shoshilmang. Rafiqangiz balki shu kechaning o`zida bunga tayyor bo`lar, balki bir necha kundan so`ng. Shuning uchun aslo va aslo shoshilmang. Shariatda birinchi kunidayoq yaqinlik qilish shart yoki afzal degan gap yo`q.
Unutmang, agar birinchi yaqinlik, ayol ruhan tayyor bo`lmasa-da, “erkak”ligingizni ko`rsatib qo`yish uchun zo`rlash va kuch ishlatish kabi qabih suratda kechsa, bu voqea ayol xotirasiga eng xunuk holat bo`lib muhrlanadi. Ayolning his-tuyg`ularini inobatga olmaydigan, bu kabi “erkak”lik asosida boshlangan munosabatlar uzoqqa bormaydi.
Bu kecha rafiqangiz sizdan tabassum bilan boqish, hazil, muloyimlik bilan quchoqlash kabi ishlarni kutadi. Uni bunday tuyg`ulardan mahrum etmang.
Darhol jinsiy yaqinlik qilishga shoshilmang, sabr qiling. Ko`z, lab, burun, quloq kabi har bir a’zolarga o`z haqqini bering.
Yoringizda jinsiy yaqinlikka bo`lgan istakni orttiring. Toki ayolingiz to`liqligicha taslim bo`lsin. Uning ko`nmasligi ich-ichidan istasa-da, hayo qilganidan tortinayotgani sababli bo`lsa, unda biroz yordamlashishingizning zarari yo`q.
Imkon bo`lsa, to`ydan keyingi bir necha kunlaringizni ayolingiz bilan xoli va tinch joyda o`tkazishingiz maqsadga muvofiq bo`ladi. Bu o`rtangizda bir-birlaringizga bo`lgan mehr-muhabbat oshishiga hamda bir-biringizni tushunib olishingizga yanada yordam beradi. Alloh taolo baxtli hayot va solih farzandlar nasib etsin!
Shu bilan nikoh kechasi odoblari va yaqinlik qilishga oid masalalarga yakun yasaldi. Alloh barchamizni haq yo'ldan adashtirmasin.