Avtomobil ixlosmandlarining xohish-istaklari yaqin fursatlarda Andijon viloyatidagi Asaka avtomobil zavodida ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan Chevrolet Cobalt Midnight avtomobili konsepsiyasining yaratilishiga sabab bo‘ldi.
“UzAuto Motors” AJ marketologlari ichki va tashqi bozorlarda iste’molchilarning talablarini oʻrganishganda, avtomobilni personalizatsiyalash imkoniyatlariga bo‘lgan qiziqish borligini aniqlashdi. Avtomobil ixlosmandlari o‘z avtomobillarini umumiy oqimda ajralib turishini xohlashadi. Shu munosabat bilan, ular avtomobilning kuzov rangi, salon bezaklari, disklar va boshqa dekorativ elementlarni tanlashda o‘z tasavvurlarini erkin namoyon qilishadi.
“UzAuto Motors” AJ iste’molchilarning xohish-istaklarini inobatga olib, tashqi ko‘rinishi yangilangan Chevrolet Cobalt avtomobillarini ishlab chiqarishni oʻzlashtirishga qaror qildi. Chevrolet Cobalt Midnight konsepsiyasi birinchi bosqichda avtomobilni qoramtir tusdagi yoritish tizimi va g‘ildirak disklar bilan jihozlashni o‘z ichiga oladi. Keyinchalik esa avtomobilning ichki dizaynini yangilash rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, Chevrolet Cobalt Midnight 106 ot kuchiga ega 1.5 litrli dvigatel va avtomatik uzatmalar qutisi bilan jihozlanadi.
Ta’kidlash kerakki, yaxshilangan tashqi ko‘rinishga ega avtomobil avvalgi Cobalt komplektatsiyasiga qo‘shimcha sifatida chiqariladi.