Oʻzbekistonlik

@uzbekistonlikuz


Mazkur kanalda xorijda o‘qiyotgan, ishlayotgan va yashayotgan o‘zbeklar hayotidan lavhalar berib boriladi.

Admin bilan aloqa: @uzbekistonlikuzbot

Oʻzbekistonlik

22 Oct, 09:46


Qush uyasida koʻrganini qiladi. Rostdan ham shunaqami?

Yangi tugʻilgan chaqaloqni 24 soatdan keyin qoʻlingizga olsangiz va uni yuzingizga yaqin tutib oʻzingizga qaratib, har xil yuz ifodalari, ayniqsa til chiqarish, xoʻmrayish, jilmayishlar qilsangiz, u ham bularni takrorlaydi. Tugʻilganiga hali endigina 1 kun boʻlgan bola sizning harakatlaringizni koʻchira boshlaydi. Nega?

Miyamizda neyronlar koʻpayish jarayonida koʻzgu neyronlar (mirror neurons) ham rivojlanadi. Dunyoni koʻrgan onimizdan boshlab atrofimizdagi odamlardan koʻchira boshlaymiz. Yuz ifodalarni esa oʻzimiz bilmagan holda oʻrganamiz. 24 soatlik chaqaloq hali oʻzining yuzi borligini ham bilmaydi, lekin neyronlari xuddi koʻzgudek ishlab, uning yuzini harakatga keltiradi. Har bir motor harakatlarimiz, yurishni oʻrganishimiz, emaklashimiz, ayniqsa tilimiz chiqishi atrofdagi koʻchirmalarning natijasidir.

Inson dunyoga har tomonlama tayyor boʻlib tugʻiladi. Yashab qolish uchun chaqaloq oʻzidagi hamma narsani ishlatadi. Hatto uning yoqimtoyligi ham uning “survival skill”i. Keyin atrofdan ma'lumotlar qabul qila boshlagach, ularning miyasi koʻchirib boshlaydi. Eng qizigʻi, koʻzgu neuronlar qaysi tilda gapirishimizni ham koʻchiradi. Ota-onamiz qaysi tilda soʻzlashishsa, xuddi oʻsha tilda gapirishni boshlaymiz.

Endi oʻylab koʻring, uyimizdagi odatlar, qoidalar, kattalar tomonidan qilinadigan hamma ishlarni bolalar oʻzlari anglamagan holda koʻchirishadi, namuna olishadi. Ularning hammasini koʻrib ulgʻayganimiz sari jarayonlar murakkablashib boradi. Avval yuz ifodalari, tana harakatlari, til, keyinchalik emotsional holatimiz ham oilamizdagi koʻchirmalardan andaza olgan holicha shakllanadi.

University of Minnesota talabasi Firuzabonu Haydarova

@uzbekistonlikuz

Oʻzbekistonlik

21 Oct, 14:41


Matematika imtihoniga kech qolib bordim, kamida yonimda bittasi rosa menga yordam bermoqchi boʻlib javoblarini aytishga urinyapti. Men esa umuman misollarni bajarolmayapman, qancha harakat qilmayin boʻlmayapti.

Oxiri vaqt tugadi, professor yonimdagi odam va meni chaqirib cheating'da ayblab tushintiryapti. Meni xayolim javoblarini yozolmagan boʻm-boʻsh qogʻozimda, birdan budilnigim chaldi. Bunaqa xursand uygʻonmaganman.

Colorado State University talabasi Ubaydullayeva Gulhayo

@uzbekistonlikuz

Oʻzbekistonlik

21 Oct, 09:50


Oʻzbekistonda aholining yashash sharoitlari ancha yaxshilana boshladi. Oldin aravada yurgan qishloq hududidagi dehqonlar ham hozir mehnatining orqasidan qishda, issiq yozda salqin saqlovchi avtomobil xarid qilyapti. Uzoqni yaqin qilayotgan ulovlardan nafaqat kundalik transport manbai, balki daromad manbai sifatida ham foydalanmoqdamiz.

Afsuski, yoʻl harakati qoidalari toʻliq oʻrnatilganiga qaramay avtohalokatlar soni kundan kunga koʻpayib bormoqda. Buning sabablaridan biri ishtiyoqmand aholi foydalanishi uchun maxsus oʻralgan poyga yoʻlaklari yoʻqligi. Kundalik turmush uchun qurilgan davlat yoʻllarida belgilangan tezlikka amal qilmasdan “schumacher”lik qilishi holatlari kuzatilyapti.

Yana bir sababi haligacha jarima ball tizimi toʻliq joriy qilinmaganida. Ijtimoiy tarmoqdagi blogerlar radarlardan kelgan jarimalar bilan maqtanishni odatiy holga aylantirishmoqda. Kim koʻproq qoida buzganini soʻrab soʻrovnomalar ham qilishadi yana. Agar jarima ballari qat'iy amal qilinganida edi uzogʻi ikki marta tezlikka radarga tushgandan keyin sud tizimi qaytadan guvohnoma uchun oʻqishni talab qilishlari, uchinchi marotaba tushganda umrbod haydash huquqidan ayirishlari kerak.

Men bu yerga kelganimdan beri biror marta na xavfsizlik kamariga na tezlik na qizilga tushmadim. Avvalambor, ming shukur, shuncha jarima pullari oʻzimga qoladi. Qolaversa, uydagilarim ham bexavotir yurishadi. Eng qizigʻi saviyasi soʻroq ostidagi ayrim avtoblogerlarning oʻzlari ham chet elga sayohatga chiqqanda “bu yerda axlat tashlanmas ekan, bu yerda kamarsiz haydashmas ekan, bu yerda tez yurishmas ekan” deb videoga olishadi. Vaholanki, chetda ham har qadamda militsiya turmaydi. Odamlar oʻz vijdoniga qarab haydaydi, hayoti uchun qaygʻuradi.

Xulosa qilib aytganda, yoʻl harakati xavfsizligi madaniyati ustida ishlash kerak. Shu bosqichga olib chiqish kerakki, odamlar jarimadan qoʻrqibmas, qonunni hurmat qilgani uchun buzmasligi kerak.

Missuri Universiteti talabasi Do‘schanov Baxtiyor

@uzbekistonlikuz

Oʻzbekistonlik

19 Oct, 14:23


Universitetda oʻqiydigan, makaron yeb noliydigan jigarlar diqqatiga: Makaron deb nolib, oʻzlaringizni yerga urmang.

Keyingi safar, “kechgi ovqatga nima yeysan?” deyishsa, makaron emas:
- pasta bolognese
- rigatoni
- lasagne
- fettuccine
deb javob beringlar.

Chiroyliroq eshitiladi, lekin hammasi makarondan tayyorlanadi. Misol uchun, bugun man chicken fettuccine yedim.

Borough of Manhattan Community College talabasi Saidamir Egamberdiyev

@uzbekistonlikuz

Oʻzbekistonlik

19 Oct, 09:02


Farzand tarbiyasiga befarq boʻlmagan barcha oʻqisin!

Assalomu alaykum, palagi toza o‘qirmanlar. Yaponiyadagi jadidlar ruknimizning 3-sonini davom ettiramiz. Maqtanyapti demang-u, vapshim maqtanyapti deng. Oldingi ikkita son, juda muvaffaqiyatli chiqdi. Taniqli diniy ulamolar, jurnalistlar, olimlar, deputatlar, hattoki senatorimizdan ham iliq munosabatlar oldim. Qolaversa, Yozuvchilar uyushmasidagi ustozlarimizdan kitob yozish haqida maslahatlar oldim va motivatsiyani zo‘ri bilan, Yaponiyadagi 100 nafar vatandoshimiz haqida kitob yozishga qaror qilib yuboribman. Tentakka tentaksan desa, arpa bo‘yi o‘sadi deyishadi-ku.

Kutib oling. Bu galgi vatandoshlarimiz eng zo‘rlaridan.

1. Umirdinov Alisher. Bu akamiz Yaponiya sanoatining yuragi bo‘lmish Nagoyadagi, eng nufuzli universitetda Professor, olim. Qanday aql-u zakovat a? Qoyilotun, qoyilun. Shu paytgacha 10 dan oshiq kitoblar yozib, tarjima qilib, yurtimizning ilm sohasiga katta hissa qo‘shyaptilar. Akamizning ilmiy ishlari, dunyo ilm olamiga nimalar bergani haqida Yaponiyadagi olimlarimiz ruknida ham alohida yoritaman nasib etsa.

2. Soxib Madaminov. Bu akamiz, Messi va Ronaldoga o‘xshab, o‘zga sayyoralik. Zamondan 10 qadam oldinda yuradilar. Menga o‘xshaganlar IT deganda kuchuk deb o‘ylab, axborot texnologiyalari deganda, mahallamizdagi kompyuterni yaxshi tushunadigan koreys yigit deb o‘ylab yurganimizda, bu akamiz, Yaponiyaning IT gegemonlaridan biri bo‘lgan FUJI SOFT degan kompaniyasida, robot sohasining piri bo‘lganlar. Buning ustiga, akadagi kreativlik yuksak darajada. Shunaqa maqolalar yozadi. Akani bir o‘qisangiz, meni boshqa o‘qimay qo‘yasiz. Hozirda o‘zlari mustaqil, IT kompaniyalarini boshlaganlar! Bizdagi shu sohani rivojlantirmoqchi bo‘lganlar, mana akani tajriba-yu, bilimlaridan foydalanib qoling!

3. Jasurbek Karimov akamiz, Yaponiyaning bir katta kompaniyasida, yaxshigina lavozimda ishlaydilar. Shaxsiy hayot, ishdan vaqt ajratib vatandoshlarni qo‘llab yuradilar. Yaponiyada vizadan muammosi borlar, qiynalgan talabalar, qiynalgan vatandoshlarni ko‘piga yordam berganlar. Elchixonada tadbir bo‘lganda, elchimizga: “Oq ko‘ylak kiyganlar, o‘zini eplab ketganlar o‘z yo‘liga, biz pastki qatlamga yordam berishimiz kerak. Ularni ham tepa qatlamga chiqarishimiz kerak” degan gaplarini mana shu gunohkor quloqlarim bilan eshitganman. Bu har kimning ham qo‘lidan kelmaydi. Haqiqiy, Yaponiyadagi qiynalgan yurtdoshlarimizni deputati. Ulkan qalbli inson!

4. Sean Shohruh. Bu akamiz Yaponiyadagi obroʻli universitetni bitirib, obroʻli kompaniyada ancha yillardan beri faoliyat olib boradilar. Vatandoshlar va vatanimiz ravnaqi uchun ham hissa qo‘shish maqsadida, Yaponiyadagi o‘z kasbining ustalari (UPJ) dasturini ishlab chiqqanlar. Bu dasturda Yaponiyada muvaffaqiyatga erishgan vatandoshlarni yig‘ib, talabalarga, yosh vatandoshlarimizga maslahat va tavsiyalar berib borishadi. Shaxsiy hayotingdan ortib, millat uchun nimadir qilish uchun odamda shu akamizdek yuksak tarbiya bo‘lishi kerak!

Yoshlar, o‘rnak oling. Yuqoridagi akalaringiz ham, osmondan tushishmagan. Xuddi sizdek chekka-chekka hududlardan chiqishgan. Sizdek tunlarni bedor ilm olish bilan o‘tkazishgan. Bugun, mehnatning rohatini ko‘rishmoqda. Siz ham uddalaysiz, bo‘shashmang! Kattalar, bolangizni repititoriga 100-200 ming soʻmni qizg‘anmang. To‘yiga, uyiga pul yig‘mang. Bugun o‘qiting, ertaga to‘yini ham uyini ham o‘zi qiladi. Kerak bo‘lsa, to‘yxonasi bilan sotib oladigan darajaga chiqadi. Xuddi yuqoridagi akalaridek!

Hamma, bugun yoqtirmani bosing, ertaga bir gap bo‘lar.

Bahodir Iskandarov, Yaponiya

@uzbekistonlikuz

Oʻzbekistonlik

18 Oct, 14:28


Musofirlikdan…

Tallinnda aholiga va yashash huquqi borlarga hamda yosh bolaliklarga umumiy transport bepul, ya’ni - avtobus, tramvay, trolleybus va poyezd. Deyarli tekshirilmaydi, ammo kamdan-kam tekshirib qolishi mumkin. Shunaqa kartani roʻyxatdan oʻtkazib toʻlab qoʻyish kerak. Odamlar shungayam erinadi.

Goʻzalxon Xamidova, Estoniya

@uzbekistonlikuz

Oʻzbekistonlik

18 Oct, 05:22


Shu kunlardagi fikrlarim haqida yozmoqchiman.

Eng koʻp his qilayotganim bu ota-onam. Inson bu dunyoda ularchalik besabab sevgi beroladigan, u doʻst boʻlsa ham, turmush oʻrtoq boʻlsa ham boshqa kimnidir uchratadi deb oʻylamayman. Sizni hech bir sababsiz, ichingizdagi barcha kirliklar va yaxshiliklar, tushadigan har qanday yomon vaziyatlaringiz, qilgan barcha notoʻgʻri va toʻgʻri qarorlaringiz, fe'lingizdagi har qanday injiqlik va mehr bilan har doim quchogʻini sizga ochadigan insonlar bu ota-ona. His qilayapmanki, hech qachon nima qilgan taqdirimizda ham qilgan fidoyilik va yaxshiliklarining badalini toʻlolmaymiz, hatto bir kechasining.

Jamiyatimizdagi ba'zi oilalarda, deylik ota-onalar bilan boʻlayotgan har qanday muammo va kamchiliklardan qat'iy nazar, masalan moliyaviy ta'minlash, ruhiy qoʻllab-quvvatlash, hech ham unutmaylikki, ular bizga kam berdimi, koʻp berdimi bilmayman eng bilganim ular oʻzida bor hammasini bergan va shu yetarli toʻxtashimizga. Hozir qanchalik baxtli ekanimni oʻzimga eslatishim uchun Alloh menga hech bir sababsiz ota-onamni birga qilib berganligini his qilishning oʻzi yetadi. Ikkalalaringiz ham Allohni panohida boʻlingizlar.

University of Minnesota talabasi Abdumurodova Moʻtabar

@uzbekistonlikuz

Oʻzbekistonlik

17 Oct, 10:16


​​Kitoblar hozirgi avlod uchun uzunlik qiladimi?

Atlantik jurnalida muallif AQShning nufuzli universitetlariga kirgan yoshlar kitob o‘qiy olmasligi haqida yozibdi. Ya'ni, gap Kolambiya yoki Prinston kabi mashhur universitetlar talabalari haqida. Talaba bo‘lgandayam, kitob o‘qish muhim bo‘lgan, masalan adabiyot yo tarix yo‘nalishlarida o‘qiyotgan talabalar haqida.

Shaxsan men uchun bu holat qanchalik ayanchli bo‘lmasin, ammo hayratlanarli emas. Yoshlar uzun matn o‘qiy olmasligini anchadan beri kuzatib kelaman. Qalin kitob u yoqda tursin, 30-40 betlik maqolani o‘qib tugata olishmaydi. Vaholanki, ko‘p universitetlarda haftada o‘rtacha bir kitob uzunligidagi materialni o‘zlashtirish talab qilinadi.

Nima uchun kitob o‘qish oshilmas dovonga aylandi? Buning sababi ko‘p, ammo bolalarning diqqatini bo‘ladigan narsalar ko‘payib ketgani asosiy sabab, menimcha. O‘smirlar ko‘radigan kontent haqida o‘ylab ko‘ring — ko‘pchiligi bir daqiqaga ham yetmaydi. Bunday sharoitda uzoq va sabr bilan o‘qish, chuqur mulohaza qilish anqoning urug‘idek noyob malakalarga aylanishi tayin.

Sherzod Mo‘minov

@uzbekistonlikuz

Oʻzbekistonlik

16 Oct, 14:19


Angliyada o‘qiyotgan O‘zbekistonlik talabaning ta'lim tizimimiz haqidagi fikrlari:

Londonda tili burro tadbir uyishtirib “faol” bo‘lganlar bir tiyin ekan. Men hindlar va xitoy, koreys va yapon talabalarini ko‘rib maktabdagi olgan bilimlariga tan beryapman. Xullas, men shunchaki bo‘m-bo‘sh miya bilan magistraturaga kelib qolibman. Masalan, guruhdagi hamma matematikani chachvoradi. Siz o‘ylagan darajada emas, yaxshi biladi degani ham emas. Bular “chachvoradi”. Shunaqangi tenglamalarni ular maktablaridan o‘rganib kelishganki, men ularga haliyam yeta olmayapman.

Kompyuterni, ofis dasturlarini, har xil programmalar va dasturlashni o‘zimcha yaxshi bilaman desam. Butun guruh, ha ishoning, har biri mendan yaxshi biladi. Dunyoqarash jihatidan ham biz Markaziy Osiyo talabalari oqsoq ekanmiz. Ular shunaqangi dunyo tanigan brendlarni egalaridan tortib, ular nima ishlab chiqaradi-yu, qaysi mahsuloti yaxshi ekanini bilishadi. Men bo‘lsa haliyam kofe turlarini farqiga bormayman.

Siz o‘zingizni O‘zbekistonda turib “Kelajak bizniki, shu turishimda O‘zbekistonni dunyoga tanitaman” demang. Men shunaqa deb xato qilganimni bildim. Biz rostdan yurtimizni yuqoriga olib chiqmoqchi bo‘lsak, rostdan o‘qishimiz kerak. Londonga kelib bildim. Biz orqada ekanmiz, ko‘p sohada. Davlat siyosati yoki iqtisodiy nuqtai nazardan emas, oddiy maktabdagi asosiy fanlar ko‘nikmalaridan ularni amaliyotga tatbigʻigacha...

Bizning yana eng katta aybimiz bu nomzodlarga katta rag‘batlar berishimiz. Misol uchun: Bizning Navoiy, Beruniy va Zulfiyani olayotgan bolalar kelib Nyu York, London, Tokio yoki shunga o‘xshagan shaharlardagi biznes markazlardan yuqori lavozim tugul qabulxonaga ham ishga kira olmaydi. Nega? Chunki u yerda bizdagi “faol talaba”dan oldin hind yoki xitoylik ishga topshirib bo‘lgan. Undan ustun bo‘lish uchun “Kompaniyam faxrim” degan video yasab kelsangiz o‘tmaydi.

Bu yerda, ya'ni Londonda, yaxshi ofis ishiga kirishingiz osmono‘par binoda ishlashingiz uchun rostakam yuzma yuz intervyu bo‘ladi. Ular sizdan yutuqlaringizni umuman so‘ramaydi. Ular sizdan ilm so‘raydi. Ularga sizning 2 ta maqola orqali har kimga beriladigan Qozog‘istonning xususiy ko‘krak nishonlari bir tiyin. Ular ilm so‘raydi.

Xulosa: bu fikrlar hech kimga qaratilmagan lekin, ko‘zimizni ochishimiz kerak. Dunyo miqyosida bizning talabalar ancha ortda. Sizdan iltimos “Men eng faol, eng zo‘r talabaman” demang. Angliyada siz tengi odamlar ancha buncha sizning va bizning kelajakdagi ish joylarimizni egallab, qo‘limizdan olib bo‘lishmoqda...

O‘qing birodar...

O‘rinov Axmadjon

@uzbekistonlikuz

Oʻzbekistonlik

16 Oct, 09:22


Ayollar uchun kun qanday oʻtishi va tugashi

Shunda ham uyda oʻtirib hech nima qilmaydi, kechgacha nima qilasan oʻzi, uyda ish bormidi deyish adolatsizlik. Hali bu rasmda bolalar, oʻz ustida ishlash, boshqa oila a’zolari va turmush oʻrtoq xizmati tasvirlanmagan.

Oʻzingizni ehtiyot qiling. Kuningiz barokatli oʻtsin! Har bir ishimizda xolis Alloh uchun deb qilsak, u ibodat darajasiga yetadi.

Goʻzalxon Xamidova, Estoniya

@uzbekistonlikuz

Oʻzbekistonlik

15 Oct, 14:43


Oʻrtoqlar, anchadan beri yozolmayapman, lekin hozir yozmasam…

Ulkan dunyoning kichkina bir neytronlardan tarkib topganini Ona boʻlmasdan anglab boʻlmasa kerak. Yashashdan maqsadi boʻlmaganlar, oʻzlari uchun yashashga bir sabab axtarishadi. Onam uchun oʻsha sabab menman. Ona har qanday holida ona. Yuzlariga erta ajin tushgan va sochlariga allaqachon oq oralagan. Darddan, gʻamdan koʻz oldimizda mungʻayibgina qarib borayotgan onam.

Eslayman, oʻrtoqlar. Yoshligimda koʻchada oʻynab uyga kelmasdim kechki paytlar ham. Kelgim kelmasdi. Shunda onam kelib oʻynayotgan joyimdan olib ketardi uyga. Qani endi, qani endi boshimdagi dunyo oʻyinlaridan ham qoʻlimdan tutib olib ketsa. Oʻsha oʻyinlardan shartta ajratib olib ketgandek, hayot oʻyinlaridan ayirib olib keta olsa.

Har kuni Allohdan soʻraydi, boshida farzandlariga saodat soʻraydi. Tinchlik xotirjamlik soʻraydi. Dunyoda shunchalik hech qanday shartsiz sevoladigan boshqa bir inson bormi, oʻrtoqlar. Tizzasiga boshimni qoʻyib soatlab uxlasam. Issiqqina qilib qatiqlar solib pishirgan doʻlmalik mastavalarini shimirib-shimirib ichsam. Toʻyib-toʻyib quchsam. Oʻrtoqlar, onaga faqatgina qon tarafdan bogʻliq emassiz. Bu yerda onaga xos boʻlgan bir xislat bor. Buni farzand koʻrmaguncha his qilolmaysiz.

University of Roehampton talabasi Zikrillo Xayitboyev

@uzbekistonlikuz

Oʻzbekistonlik

15 Oct, 05:32


Oʻquv yili boshlandi.

Xa, bu yili bitirmayman. Kimlarnidir aldaganman bitiraman deb, lekin unday emas. Oʻtgan yili yaxshi oʻqimaganim sababli akademik yil (aka gap year) olishga majbur boʻldim. Amerikaga ketaman deb harakat qildim, u ham oʻxshamadi. Xullas, bir yilni shunchaki yoʻqotdim.

Ba’zida oʻylab qolaman “Nimaga aynan bu Universitetni tanlaganman, oʻqish qiyinligini bilardim-ku. Osonroq oʻqishga kirib oʻqisam boʻlmasmidi” deb. Ammo bu yechim boʻla olmaydi. Qanchalik qiyin boʻlmasin, oʻqib bitiraman. Keyin bir gap boʻlar. Nolimoqchi emasman aslida, shunchaki yangi oʻquv yili boshlanganini aytib qoʻydim xolos. Birinchi kun ancha barakali oʻtdi.

Menga omad tilanglar buyogʻiga.

University of Lodz talabasi Abror Abdumajidov

@uzbekistonlikuz

Oʻzbekistonlik

14 Oct, 09:33


Oʻzbekistonga qaytib kelganimga bugun 4 oy boʻldi. Kelganimdan soʻng kutgan narsalarimning koʻpi hali ham reja, ba’zilari esa shunchaki oʻtmishga aylandi. Nolimayman, shu 4 oy ichida men kutmagan voqealar va insonlar bilan tanishdim.

Oʻtgan yili xuddi shu kunlari Amerikadagi oilam bilan Hallowen uchun tayyorgarlik qilish bilan band edim. U yerdagi muhitdan soʻng bu yer unchalik qiyin tuyilmadi, lekin insonlar boshqacha! Kulib qaraydigan koʻzlar yoʻq bu yerlarda.

Rukhshona Soliyeva, FLEX 24

@uzbekistonlikuz

Oʻzbekistonlik

13 Oct, 09:28


Onam boshqacha tayyorlar edi…

Taxminan 3 sinfligimdan ovqatlar tayyorlashni boshlaganman. Ilk pishirgan ovqatim mastava boʻlgan. Yillar davomida har xil ovqatlar pishirib koʻrganman. 7-sinfda ilk marta osh pishirganman, qatlamalar tayyorlardim. Uzoq yillardan beri tayyorlaganim, tajriba orqali ancha shirin ovqat tayyorlaydigan boʻlib ketganman, biiznillah. Ammo orada turmush oʻrtogʻim, ayam boshqacha pishirar edi-da, degan gaplarini eshitaman. Yoki u orada ovqat qilsa, ta’mlar borasida didimiz har xilligini sezaman.

Hozir oʻgʻlimga umuman shakar va shakar qoʻshilgan mahsulotlar bermaslikka harakat qilaman. Sogʻlom ovqatlar va ta’mlarga oʻrgatishga urinyapman. Sabzini juda yaxshi koʻradi, chunki sabzi shirin boʻladi. Ammo buni shakar yegan odam sezmaydi. Atrofdan hali katta boʻlsa, birdaniga shirinliklar va gazli ichimliklar ichib tashlaydi, bolani qiynayapsan deguvchilar topiladi. Shunda esa men bola qanday ta’mlarni bolalikdan oʻrgansa, unga oʻsha ta’mlar qadrli, unga onasi bilan oʻtkazgan shirin damlarni eslatadi deyman!

Katta boʻlib nosogʻlom narsalar taklif qilishsa, onam menga mazali sabzavotlar va mevalar berardi, bu bolaligim ta’mi deyishiga ishonaman, inshaAllah! Agar siz farzandingiz uchun urinayotgan, unga sogʻlom turmush tarziga oʻrgatishga urinayotgan boʻlsangiz, aslo chekinmang! Hech kimning gaplariga e’tibor bermang!

Goʻzalxon Xamidova, Estoniya

@uzbekistonlikuz

Oʻzbekistonlik

12 Oct, 14:15


Haqiqat

Boshqalar: Senga mazza, chet eldasan. Puling bor, hayoting zoʻr, muammolaring yoʻq, xohlagan narsangni olasan va sayohat qilasan.

Men: Sogʻliq-chi? Oiladan uzoqda yurish? Stresslar-chi? Sogʻinch? Qiyinchiliklar? Tinimsiz ishlar? Uyqusiz tunlar?

Musofirni faqat musofir tushunadi.

Saburjon Atanazarov

@uzbekistonlikuz

Oʻzbekistonlik

12 Oct, 09:50


Teskari oʻylash

Yaqinda bir insonni “Shu ish boʻlmaganida, hozir menda hammasi yaxshi boʻlardi, baxtli boʻlardim” degan gapini eshitib qoldim. Bu gap menga boshqacha tuyildi.

Juda koʻpchiligimiz shundaymiz. Oʻtmishda boʻlgan biron yoqimsiz holat sababli hozirgi kunda ham uni oʻylab, ayblab yuramiz. Keling, “Teskari” oʻylab koʻramiz.

Masalan, biz har kuni qanchadan qancha shunday koʻngilsizliklar bizga kelmayotganini bilmaymiz. Ya’ni har kuni qandaydir muammoga duch kelishimiz mumkin aslida.

Aytmoqchi boʻlgan narsam: Birovlarda bor, lekin bizda yoʻq boʻlgan moddiy narsalar haqida oʻylayvermasdan, har soniyada boshimizga tushishi mumkin boʻlgan, lekin tushmayotgan koʻngilsizliklar haqida ham oʻylab turishimiz kerak.

University of Lodz talabasi Abror Abdumajidov

@uzbekistonlikuz

Oʻzbekistonlik

11 Oct, 15:03


Okeanda quyosh botadigan vaqt hamma olov yoqib marshmallow (zefir) pishirib oʻtiradi. Jonli ashula boʻladi, toʻp oʻynashadi. Men:

— Nega amerikaliklar sal yigʻilishib qolsa, marshmallow pishiraveradi? Nimasi yaxshi shuni? Madaniyatida bormi shu?
— Bular bizga oʻxshab olovda kartoshka pishirishni bilmaydi-da, Mari.
— Hmm, aqlli javob.

Marvarid Oʻktamjonova, Amerika

@uzbekistonlikuz