Bu kabi savollar juda ko‘p uchraydi. Biz ushbu mavzuda o‘z fikrimizni bildirib, vaziyatning real oqibatlari haqida tushuncha bermoqchimiz.
Janubiy Koreyaga kelib qizil chiziqni bosish – ya’ni noqonuniy maqomda qolish – bir qator jiddiy muammolarni keltirib chiqaradi. Quyida uning asosiy zararlarini batafsil tushuntiramiz:
1. Xavotir va qo‘rquv ichida yashash va ishlash
Noqonuniy maqomda bo‘lgan insonlar doimo xavotirda yashaydi. Ish joyingiz yoki yashash joyingizda erkinliklaringiz cheklanishi mumkin. Haq-huquqlaringizni talab qilish esa imkonsiz bo‘lib qoladi.
Ko‘pchilik ish beruvchilar sizning noqonuniy ekaningizni bilib, ayrim hollarda maoshingizni kamaytirishi, hattoki, insofsizlari ish haqingizni umuman bermasligi ham mumkin.
Ish sharoitlari og‘irlashadi, chunki rasmiy shikoyat qilish imkoniyati cheklanadi.
Yashash joyingizda ham muammolar bo‘ladi. Ijaraga uy olish qiyinlashadi, doimiy yashash sharoitlarini yaxshilash yoki uzoq muddatli reja tuzish imkonsiz bo‘ladi.
2. Istalgan vaqtda deportatsiya xavfi
Noqonuniy yashayotgan shaxslar istalgan vaqtda migratsiya xodimlari tomonidan qo‘lga olinishi mumkin.
Ayrim hollarda, noqonuniy maqomga o‘tgan kundan boshlab atigi 2 kun ichida qo‘lga tushib, majburiy deportatsiya qilinganlar bor. (강제 추방)
Deportatsiya qilingandan keyin Koreyaga kirish taqiqlanishi mumkin (kamida 5 yil, ba’zan 10 yilgacha).
Qo‘lga tushmaslik uchun yashirin yashashga majbur bo‘lasiz, bu esa doimiy stress va noqulaylik tug‘diradi.
3. Texnologik va huquqiy cheklovlar
Noqonuniy maqomda bo‘lish nafaqat yashash va ishlash, balki kundalik hayotingizda ham katta qiyinchiliklar tug‘diradi:
SIM-karta olish – Rasmiy hujjatlar bo‘lmagani sababli mobil aloqa xizmatlaridan foydalanish cheklanadi.
Bank xizmatlaridan foydalana olmaslik – Bankda hisob ochish yoki pul o‘tkazmalarini amalga oshirishda muammolar yuzaga keladi.
Davlat xizmatlari va ilovalarga kirish – Ayrim mobil ilovalar (masalan, davlat xizmatlari yoki onlayn to‘lov tizimlari) faqat qonuniy yashovchilarga ochiq bo‘ladi.
4. O‘zbek talabalariga bo‘lgan munosabat yomonlashishi
Sizning noqonuniy maqomga o‘tish qaroringiz Koreyada ta’lim olayotgan barcha O‘zbekistonlik talabalar uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Universitetlarda O‘zbekistonlik talabalar haqida salbiy fikr shakllanishi mumkin.
Kelajakda boshqa talabalarning viza olish jarayonlari murakkablashishi yoki talabalar uchun qo‘shimcha cheklovlar joriy etilishi ehtimoli bor.
Xulosa qilganda
Janubiy Koreyada noqonuniy yashash va ishlash katta qiyinchiliklar beradi. Qonuniy maqomni saqlab qolish nafaqat o‘z hayotingiz, balki kelajagingiz uchun ham muhim. Agar siz talaba sifatida kelmoqchi bo‘lsangiz, ta’lim olish va keyinchalik rasmiy ish vizasini olish uchun qonuniy imkoniyatlar yetarlicha mavjud. 2-3 yil ichida talabalar uchun ish vizasi olish imkoniyati ochiladi, shuning uchun sabr qilish va qonuniy yo‘ldan borish eng to‘g‘ri qaror bo‘ladi.
Noqonuniy maqomga o‘tish faqat jismoniy va ruhiy qiyinchiliklarni emas, balki kelajakdagi barcha imkoniyatlaringizni cheklaydi. Eng muhimi, tanlov sizniki!
@koreavisalaw