📎 Mour effekti bitdi. Mourinyoning o'zi kerak
Orif Tolipov: 📌 Har doim emas, lekin aksar holda biror jamoada mavsum davomida murabbiy o'zgarishi o'yinga, u orqali esa natijaga ijobiy ta'sir qiladi. Bunday holatlar yaqin va uzoq o'tmishda qalashib yotibdi, shuning uchun misol keltirib o'tirmayman.
📌"Tottenhem" o'tgan mavsumda ko'rsatgan natijasi-yu, o'yini bilan alal-oqibat superklub maqomiga yetishdi. Har holda shunga o'xshash fikrlarni ko'pchilikdan eshitdik yoki o'qidik. Maurisio Pochettino 2014 yil 27 mayidan 2019 yil 19 noyabrigacha bosh murabbiy sifatida klub o'yiniga ko'plab ranglarni qo'sha oldi. Eriksen, Alli, Keyn yo bo'lmasa Son Xin Min kabi futbolchilarning raqamlari tushirilgan liboslar faqat shimoliy Londonda emas, dunyoning turli burchaklarida xaridorgir mahsulotga aylandi.
📌Menimcha, zamonaviy futbolda 5 yildan ko'proq bir klubga bosh bo'lish o'ta qiyin vazifa bo'lib qolmoqda. Balki, bu mening xotiram yaxshi emasligidandir, ammo hozir Yevropaning top jamoalarini birma-bir eslab ularning hech birida Simeonedan boshqa 5+ shaxsni ko'rmadim! Balki, Aleks yoki Arsenlar davri tamoman tarixga aylangandir!
📌 Xullas, aytmoqchi bo'lganim, Pochettinoning so'nggi kunlarida klub bazasida kislorod miqdori kritik darajaga yetgandi. Uzoq vaqt mukammal deya ta'riflanib kelgan muhit emasdi bu! O'sha futbolchilar, o'sha murabbiy, o'sha muxlislar va o'sha turnirlar. Hech narsa o'zgarmagan aslida. Biroq, eng yomoni - maqsad ham o'zgarmagan. Titul(lar) Pochettinodan avval ham kutilayotgandi, mana undan keyin ham status o'zgarmadi - kutilmoqda! Bir so'z bilan aytganda "xonani shamollatib" yuboradigan vaqt yetgandi! Ochig'i, iste'fo atrofida boshqa vajlar keltirgan bo'lsa ham mening ulardan ko'ngim to'lmadi. Yuqoridagi fikr to'g'riroq bo'lib ko'rindi menga.
📎Demak, Maur ketdi, yashasin Mour!
📌Ha! Men uchun bunisi ko'proq kutilmagan edi! Ochiq eshikdan kim kirib kelishini kutayotgan futbolchilarni bir tasavvur qilib ko'ring. Bu Pochettino bilan o'tgan besh yillik davrni darhol ikkinchi planga tushirib qo'yadigan odam bo'lishi kerak edi. Portugaliyalik mutaxassis esa ayni muddao. "U birdaniga titullar bilan keladi", deyishdi ba'zi hamkasblarimiz. Haqiqatdan Mour effekti samara berdi. Klub g'alabalarni ko'lga kirita boshladi. Ishonchli o'yin, YECHL pley-off bosqichiga yo'llanma, yangi umidlar va muxlislar olqishi... Biroq, bugunga kelib effektning ta'siri so'nib ulgurgan.
📌So'nggi turda "Liverpul"dan qabul qilingan mag'lubiyat, "Norvich" va "Sautgempton"ga qarshi o'yinlardagi mag'lubiyat oldida g'alabaga teng. Angliya kubogida "Midlsbro"ni bir ammalab, ikki o'yinda yengib olgan londonliklarga bugun "Uotford"ga qarshi o'yinda shunchaki uch ochko emas, chiroyli, ishonchli va harakterli alohida uch ochko kerak! "Shpor"larga endi Mour effekti emas, haqiqiy murabbiy Mourinyo kerak!
📌 Keyin, Keynning uzoq muddatga safdan chiqqani ko'proq zararmi yo ko'proq foyda?! To'g'risi, menda ikkilanish bor bu masalada. O'tgan mavsumda klub Harrisiz ham yorqin o'ynay olgandi. Hamma gap shunda-da, o'tgan mavsum jamoada matbuot anjumanlarida bor yo'qligi bilinmasada, maydonda rotatsiya qila oladigan haqiqiy professional murabbiy bor edi. Shubhasiz-ki, Mourinyo undan o'tsa-o'tadigan, aslo qolishmaydigan murabbiy. Faqat hozir buni yana bor isbot qilishi kerak bo'lmoqda.
📌Nachora, bu birinchi navbatda "benazir"ning o'z-o'ziga qilgan chaqirig'i! Kutamiz, kuzatamiz va bilib olamiz!
🔥Bugun, soat 17:30
📺 Futbol TV
🏟 "Uotford" - "Tottenhem"
🎙Birga ko'ramiz!
🖥FUTBOLTV rasmiy sahifalari✅👇
Telegram| Insta| YouTube| Facebook