Mashina - tulporda yuribman,
Yoz bo'yi xomxayol suribman.
Qish kelib, afsuski erta-kech,
Metanda navbatda turibman.
Yangidan boshlandi azoblar,
Svet yo'q, toshadi g'azablar,
Eh yomon charchadi asablar,
Metanda navbatda turibman.
Mashinamga zarur bir dori,
Gaz bitgan, ishlamas matori,
Dardi bir shafyorlar qatori,
Metanda navbatda turibman.
Tanim ko'p uzoqdir rohatdan,
Xotinjon, qolmadi toqatdan,
Bir kosa olib qo'y, ovqatdan,
Metanda navbatda turibman.
Qil sig'mas, hech kimning ko'ngliga,
Kelganmiz sinovning burniga,
Bolamni erkalash o'rniga,
Metanda navbatda turibman.
Najot yo'q, termular ko'zlarim,
Sovuqdan qizarib yuzlarim,
Osh damlab kutishar do'stlarim,
Metanda navbatda turibman.
Uyoqda qop ketib, qilar ish,
Dilimga alamlar urar nish,
Navbatim ertaga kelarmish,
Metanda navbatda turibman.
Kutmoqda, yosh ila qari ham,
Elyorga yor, ilhom pari ham,
Zeriksam, she'r yozib hali ham,
Metanda navbatda turibman.
โ๏ธElyor NAZAROV
T.me/Elyor_NAZAROV_sherlari