Samarqand shahrini Toshkent bilan bogʻlovchi M37 yoʻlidan Bulungʻur-Urgut, yaʼni, 4R47 yoʻli ikkinchi kilometrida temir yoʻl kesishmasi joylashgan. Shu paytga qadar avtomobillar ushbu kesishma orqali harakatlanganda uzundan-uzun tirbandliklar va tartibsizliklarni keltirib chiqarardi. Agar poyezd oʻtadigan boʻlsa avtomobil yoʻlida harakat toʻxtatilardi. Oʻqishga yoki ishga shoshayotganlar bir necha oʻn daqiqalik vaqtini kutishga yoki boshqa yoʻl orqali aylanib kelishga sarflardi. Shu kabi muammolarga barham berish maqsadida bu yerda yoʻl oʻtkazgich qurilyapti.
-Ushbu obyekt qurilishi 2023-yil dekabr oyida boshlangan, -deydi “Farovon yoʻl servis” MCHJ ish boshqaruvchisi B.Asrorov. - Bunyodkorlik ishlariga 45 nafar ishchi, 30 ga yaqin mexanizatorlar, 20 dan ziyod texnika vositalari jalb qilingan. Loyiha qiymati 80 milliard soʻm boʻlib, 2024-yilda qurilish ishlari uchun 24 milliard soʻm mablagʻ ajratilgan.
Yoʻl oʻtkazgich 2025-yil avgust oyida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
T.SIDDIQOV