Hoji Abdulaziz Abdurasulov (Rasulov; 1852 — Samarqand — 1936) — xonanda, sozanda (tanbur, dutor), bastakor, Oʻzbekiston xalq artisti (1932). Tanbur ijrochiligi va Shashmaqomning cholgʻu yoʻllarini Hoji Rahimberdidan, hofizlik sanʼati sirlarini hamda Nasr shoʻʼbalarini Samarqandlik Borux hofizdan, keyinchalik Ota Jaloldan oʻrgangan. Haj safarlarini qilib (1887-88 va 1907-08), Eron, Arabiston, Hindiston, Afgʻo-niston xalqlari musiqa madaniyati, ijrochilik uslublari bilan tanishgan, oʻz sanʼatini ham namoyish etgan. 1920- yillari konsert guruhlarida qatnashgan, musiqa toʻgaraklarini tashkil etgan. Samarqandda Musiqa va xoreografiya institutida oʻqituvchi (1928 — 31); M.Ashrafiy, T.Sodiqov, Yunus va Risqi Rajabiylar, I.Ikromov, M.Burhonov, D.Zokirov, M.Leviyev, N.Hasanov kabi sanʼatkorlar HojiAbdulaziz Abdurasulovdan taʼlim olishgan.
Hoji Abdulaziz Abdurasulov murakkab ashula yoʻllarini oʻz ovoziga moslab, ijodiy yondoshgan holda oʻzbek va tojik tillarida mahorat bilan aytgan. Ustoz Hoji Abdulaziz Abdurasulov „Guluzorim“ avji turk, „Bozurgoniy“ga Zebo pari, „Bebokcha“ va „Ushshoq“ yoʻllariga namudi Uzzol, „Abdu-rahmonbegi“ga namudi Navo avjlarini bogʻlab, ularning taʼsirchanlik va yoqimlilik kuchini orttirgan. „Ushshoq“ shu tufayli ham „Ushshoqi Hoji“ va „Samarqand Ushshogʻi“ nomlari bilan mashhur. Xonanda repertuarida 200 dan ortiq xalq ashulalari va maqom yoʻllari bo‘lib, ular ichida mumtoz musiqa asarlari asosiy oʻrin tutadi. Jumladan, „Ushshoq“, uning taronasi, qashqarchasi va ufari, „Rosti Panjgoh“, „Iroq“ va „Navo“ maqomlari yoʻli, „Abdurahmonbegi-1“, uning ufari, „Nasrulloyi“, „Iroq“ning qashqarchasi va ufari, „Gulyor“, „Orazi Gulyor“, „Ufar“, „Arzimni aytay“, „Qurbon oʻlam“ va h.k. kuy va ashula yoʻllari alohida ajralib turadi. Ularni Hoji Abdulaziz Abdurasulov Sharq mumtoz shoirlari — Hofiz, Navoiy, Fuzuliy, Zebuniso, Amiriy, Fazliy kabi shoirlarning gʻazallari bilan aytgan. Hoji Abdulaziz Abdurasulov mohir sozanda sifatida ham tanilgan boʻlib, maqom yoʻllarini tanbur va dutorda ijro etgan. U kishi ijrosidagi koʻpgina ashulalar 1909-yildan boshlab gramplastinka va fonograflarga yozib olingan. Samarqand musiqa kollejiga Hoji Abdulaziz Abdurasulov nomi berilgan. 1997-yildan Samarqandda Hoji Abdulaziz Abdurasulov nomidagi xonandalar tanlovi oʻtkazilmoqda. Hoji Abdulaziz Abdurasulov vafotidan soʻng "Buyuk xizmatlari uchun" ordeni bilan mukofotlangan (2001).
https://t.me/PED_MUSIC_TEACHER
𝐓𝐄𝐋𝐄𝐆𝐑𝐀𝐌 | 𝐘𝐎𝐔𝐓𝐔𝐁𝐄