#nimadir
Uning qalbi koshona edi. O'rgimchak to'rlariga to'la. Tashqaridan judalar shohona va insonning bahri-dilini ochadigan ko'rinishga ega bo'lsa-da, ichkarisi, botini barcha keraksiz mavhumotlarni o'zida qamragan. Inson bo'yidek keladigan ko'zgu qora mato bilan yopib qo'yilgan, biroz shamol tursa mato tushib, oyna ochiladi-da, butun o'tmishi, meni ko'z oldida gavdalanadi. Kimsasiz bino. Aslida, tirik kimsasiz yoki bir vaqtlar yashab o'tishgan va hozir taqdir charxpalagi har yerga uchirib ketgan kimsalardan qolgan izlargagina to'la bir yer. Oyog'ingiz ostidan suyak qoldiqlari topiladi, bir vaqtlar uy to'ridan joy berilgan insonlarning qoldiqlari. Devorlarga osilgan katta-katta kartinalar ranglari o'chib, xiralashib ketishgan. Xuddi hayotining ko'p qismida yashab, so'ng ulardan qolgan xotiralar ham elas-elas yodga tushadigan insonlardek. Zal markazida pianino turadi, lekin uni chaladigan biror kimsa yo'q. Anchalar avval u pianinodan eshitiladigan ohanglar sadosi tinmasdi, misli uning kulgusidek. Kitoblar... Muqovasi sifatli, insonni o'ziga tortadigan, lekin ichi bo'm-bo'sh yoki bo'lmag'ur yoziqlarga to'la. Tanimasidan, bilmasidan avval havas ko'zi ila boqqan, boshqacha hurmat qilgan va yaqinlashgach, asl jirkanch yuzlarini ko'rgan insonlari kabi. U... u kitoblar muqovasinigina tomosha qilish mumkin. Biron narsa yozay desa, varoqlar izn bermaydi, o'zgarishni, ularga teginishlarini istashmaydi. Tashlab yuboray desa - kitob (inson)... Chordoqda sanab adog'iga yetib bo'lmaydigan buyumlar. Rasmlar... Ustidan bir enlik chang chiqadigan rasmlar... Biron shaharning, insonlarning, shirinlik va orzularning rasmlari. Ular ham orzularidek sarqitga chiqqan. Xatlar... Yuborilgan va yuborilmagan xatlar, aytilgan va aytilmagan izhorlar. Yoqish kerak. Barchasini. Lekin, yoqish uchun olov qayda. Derazalari ichkaridan tamballangan, pardalari tortib tashlangan, zimiston, zax va sovuq. Qalbidek, dedimku. Qalbidek.
Avvalgi sirtdan tashlandiq, ichkarisi esa charog'on bo'lgan binoni qayta ta'mirlashdi. Buzishdi. Boshdan-oyoq buzishdi. Sirtini ta'mir etib, ichkarisi, botinini unutishdi.
Koshonani o'tgan-ketgan tashqaridan zavq aralash hayrat bilan tomosha qilar, yaqiniga yo'lashga va ichkariga kirishga haddi sig'mas edi. Egasi bor deb o'ylashardi-da. Lekin, unga hechkim to'laligicha egalik qilolmaydi. Kimningdir qurbi yetib, ichkariga mo'ralaydi-yu, qo'rqqanidan qochib chiqadi. Uzoq-uzoqlarga ketadi, qochadi va qaytib kelmaydi. Bu tashlandiq bino hech qachon kimgadir tegishli bo'lmaydi, ora-sirada kelib qoladiganlar ham bir kun ketishadi va u baribir kimsasiz qoladi.
Qushqo'nmas bino buziladi, yakson bo'ladi. Qalbi o'ladi, butun hislari bilan. Va bari yakun topadi. Keyin u bino unutiladi, o'sha qalb egasi ham.
#YoLgzLiKk
@adashdik | 🔐