Ming.uz

@minguzofficial


Ming.uz saytining rasmiy Telegram-kanali

Sayt: http://ming.uz

Twitter: https://twitter.com/minguzofficial

Instagram: instagram.com/minguzofficial

Ming.uz

12 Oct, 11:19


O‘zbekistonda Hyundai Rotem poyezdlari ishlab chiqarilishi mumkin

Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev juma kuni Hyundai Rotem’ga tegishli (Janubiy Koreya) Global Rail Group kompaniyasi rahbari Kvak Chol Xun boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashdi.

Transport vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yig‘ilishda O‘zbekistonda zamonaviy elektropoyezdlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish loyihasi muhokama qilindi.

Bugungi kunda Janubiy Koreyaning KORAIL kompaniyasi tomonidan ekspluatatsiya qilinayotgan elektropoyezdlar turini Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodida mahalliylashtirish orqali ishlab chiqarish taklifi yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.

Mahalliylashtirish asosida ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilgan elektropoyezdlarining asosiy texnik xususiyatlari bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etildi.

Tomonlar loyihaning qo‘shimcha imkoniyatlarini ko‘rib chiqish, taklifni tahlil qilish va yangi ishlab chiqarish maydonlarini o‘rganishga kelishib oldi.

Eslatib o‘tamiz, iyunda Koreya Respublikasi prezidenti Yun Sok Yolning tashrifi chog‘ida “O‘zbekiston temir yo‘llari”, “Temiryo‘lekspress” va Hyundai Rotem kompaniyalari o‘rtasida yangi “Toshkent — Urganch — Xiva” tezyurar yo‘nalishi uchun oltita elektropoyezd yetkazib berish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma imzolangan edi.

👉 https://ming.uz/posts/ozbekistonda-hyundai-rotem-poyezdlari-ishlab-chiqarilishi-mumkin

Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Telegram | Instagram | Facebook | Twitter

Ming.uz

12 Oct, 10:02


Toshkentda favqulodda chaqiruv tugmasi va multimedia tizimiga ega avtobus bekatlari o‘rnatiladi

Toshkent shahrida yangi turdagi avtobus bekatlari o‘rnatiladi. Bu haqda poytaxt hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, yangi turdagi bekatlar 2 xil o‘lchamda ishlab chiqariladi. Ulardan biri 3,2 metr, ikkinchisi esa 6,50 metr uzunlikda bo‘ladi.

Bekatlar mahalliy ishlab chiqaruvchi tomonidan tayyorlanmoqda. Ularda zamonaviy multimedia tizimlari va tezkor chaqiruv tugmalari mavjud bo‘ladi.

Moslamaning 80% qismi metalldan tayyorlanadi. Shuningdek, 10% qismi plastik, 30% esa oynadan bo‘ladi. O‘rindiqlar yog‘ochdan tayyorlanishi aytib o‘tilgan.

Bekatdagi oyna -25 daraja sovuq hamda +60 daraja issiqqa bardosh bera oladi. Oyna chidamliligini oshirish uchun 800 daraja haroratda toblanadi. Uning qalinligi 12 mm.

Qurilmaga tezkor chaqiruv xizmati uchun tugma o‘rnatilmoqda. Bu orqali ichki ishlar organlariga murojaat qilish mumkin. Shu bilan birga, videokuzatuv kamerasi o‘rnatiladi.

👉 https://ming.uz/posts/toshkentda-favqulodda-chaqiruv-tugmasi-va-multimedia-tizimiga-ega-avtobus-bekatlari-ornatiladi

Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Telegram | Instagram | Facebook | Twitter

Ming.uz

12 Oct, 08:04


Namanganda chiqindi tashish korxonasi fuqarolardan asossiz mablag‘ olgani fosh bo‘ldi

“Namangan musaffo iqlim” kompaniyasi 2024-yilning I-yarimyilligida maishiy chiqindi tashish xizmatlarini ko‘rsatish sohasida qonun talablarini buzdi, deb xabar bermoqda Raqobat qo‘mitasi.

Olib borilgan o‘rganishda xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot tomonidan maishiy chiqindi tashish xizmatlari ko‘rsatilgan Namangan shahar, Davlatobod, Yangi Namangan, To‘raqo‘rg‘on, Namangan va Mingbuloq tumanlari mahallalaridagi iste’molchi abonentlar xonadonlariga xizmat ko‘rsatish sifati bo‘yicha olingan dalolatnomalar tahlil qilindi.

Shuningdek, Namangan viloyatning 6 ta hududida joylashgan 275 ta mahallada 1,3 millionga yaqin aholi istiqomat qilsada, tashkilot tomonidan hududda 176 ta mahalladagi 633 598 nafar aholini (qamrov 50,8 foiz) qamrab olinmagani hamda 762 512 nafar iste’molchiga 11 mlrd so‘m ko‘rsatilmagan xizmat uchun haq hisoblangani holatlari aniqlandi.

Hududiy boshqarmaning maxsus komissiyasi tomonidan “Namangan musaffo iqlim” MCHJga nisbatan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 19 va 21-moddalari talablari buzilgani yuzasidan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, 762 512 nafar iste’molchi foydasiga 11 mlrd so‘m qayta hisob-kitob qilinishi bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berilgan.

👉 https://ming.uz/posts/namanganda-chiqindi-tashish-korxonasi-fuqarolardan-asossiz-mablag-olgani-fosh-boldi

Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Telegram | Instagram | Facebook | Twitter

Ming.uz

12 Oct, 06:25


Toshkentda X Xalqaro zamonaviy san’at biyennalesi bo‘lib o‘tadi

14−18-oktabr kunlari X Toshkent xalqaro zamonaviy san’at biyennalesi bo‘lib o‘tadi. Bu yilgi mavzu — “San’at va dunyo”.

Biyennale konsepsiyasi san’at va zamonaviylik o‘rtasidagi munosabatni o‘rganishga qaratilgan. Rassomlar o‘z asarlarida qutblangan jamiyat fonida ko‘plab global muammolarga duch kelayotgan zamonaviy dunyoga qarashlarini aks ettiradi.

Tashkilotchilarga ishtirok etish uchun 350 dan ortiq ariza kelib tushgan, ularning uchdan ikki qismi xorijdan kelgan. Tanlovga 40 ta davlatdan 38 nafar xorijlik va 50 dan ortiq o‘zbekistonlik ijodkor olindi. Toshkentda biyennale doirasida ochiladigan ko‘rgazmalarda 120 dan ortiq barcha turdagi san’at asarlari: rangtasvir, haykaltaroshlik, installyatsiya, video-art va spektakl namoyish etiladi. Xorijiy ishtirokchilar bir qator ma’ruzalar va mahorat darslari o‘tadi.

“Bugun O‘zbekistonda barcha sohalar qatori milliy tasviriy san’at ham muttasil rivojlanib bormoqda. San’at sohasiga o‘zining dadil qadamlari, o‘z uslubi, ijod yo‘li bilan ko‘plab iste’dodli yoshlarimiz kirib kelmoqda. Ularning ijodini dunyo rassomlariga namoyish etish, qolaversa yosh musavvirlarimizning jahon mo‘yqalam sohiblari ijodi bilan tanishtirishda, ularning o‘zaro muloqotini yo‘lga qo‘yishda ushbu biyennale keng imkoniyatlar ochadi”, – deydi Badiiy akademiya raisi Akmal Nuriddinov.

Bu yil biyennaleni o‘tkazish uchun budjetdan 860 million so‘m (taxminan 67 ming dollar) ajratildi, deya ma’lum qildi biyennale direktori Orziqul Ro‘ziyev. Mablag‘lar xorijlik ishtirokchilarni joylashtirish, ularni tashish va boshqa xarajatlarga sarflandi, dedi u.

👉 https://ming.uz/posts/toshkentda-x-xalqaro-zamonaviy-sanat-biyennalesi-bolib-otadi

Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Telegram | Instagram | Facebook | Twitter

Ming.uz

11 Oct, 12:31


O‘zbekistonda 2023-yilda 100 tonna oltin qazib olindi

O‘zbekistonda qazib olish hajmi 2022-yilga nisbatan 4 tonnaga kamaygan.

Qozog‘istonda 2023-yilda 130 tonna, O‘zbekistonda 100 tonna oltin qazib olingan. AQSh Geologiya xizmati shunday ma’lumot berdi.

Qozog‘istonda qazib olish hajmi 2022-yilga nisbatan 15 tonnaga ko‘paygan, O‘zbekistonda esa 4 tonnaga kamaygan. Rossiyada 310 tonna oltin qazib olinib, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichga mos keladi.

Umuman olganda, 2023-yilda jahonda 3 ming tonna oltin ishlab chiqarilgan bo‘lib, bu 2022-yilga nisbatan 60 tonna kam.

Qirg‘izistonda oltin qazib olish hajmi bo‘yicha so‘nggi baholashni AQSh Geologiya xizmati hali e’lon qilmagan. Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilda Qirg‘izistonda 25,3 tonna oltin qazib olingan.

👉 https://ming.uz/posts/ozbekistonda-2023-yilda-100-tonna-oltin-qazib-olindi

Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Telegram | Instagram | Facebook | Twitter

Ming.uz

11 Oct, 11:40


Yangi Buxoro aeroporti 307 gektar maydonda quriladi

Yangi Buxoro aeroporti shahar markazidan 26 km uzoqlikda joylashadi. Bu haqda Uzbekistan Airports rahbari Javlonbek Umarxo‘jayev “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Avvalroq xabar qilinganidek, Shavkat Mirziyoyev 9-oktabr kuni Buxoro shahridagi yangi xalqaro aeroport loyihasi taqdimoti bilan tanishdi. Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mavjud aeroport aholi va sayyohlar talabiga javob bermaydi.

31-may kuni prezidentning viloyatga tashrifi chog‘ida Buxoro viloyatida yangi xalqaro aeroport qurilishi boshlangan. Loyiha doirasida davlat-xususiy sheriklik asosida xalqaro standartlarga javob beradigan infratuzilma yaratiladi, deyiladi xabarda.

Aeroport soatiga 1200 yoki yiliga 3 milliondan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Yo‘lovchilar va havo kemalariga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish orqali yangi xalqaro aviakompaniyalarni jalb etish rejalashtirilmoqda.

Taqdimotda loyihaning texnik-iqtisodiy jihatlari haqida ma’lumot berildi.

Davlat rahbari yangi aeroportning o‘tkazish qobiliyatini ikki barobar oshirish, soatiga 8 ta samolyotni qabul qilish va jo‘natish imkoniyatini yaratish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, terminalda sharoitlar yaratish, uning ichki va tashqi ko‘rinishi bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Uzbekistan Airports rahbari Javlonbek Umarxo‘jayevning aytishicha, yangi aeroport Buxoro shahri markazidan 26 km uzoqlikda joylashadi. Uni qurish uchun 307 gektar yer ajratilgan (viloyat hokimiga ko‘ra, 380 gektar).

“Bu hududni tanlab olish uchun Uzbekistan Airports va tegishli tashkilotlar tomonidan qariyb 1200 gektar maydonda o‘rganish olib borildi. Bu, avvalambor, geologiya, gidrogeologiya o‘rganishlari va ularning natijasida qurilishni amalga oshirish uchun eng maqbul bo‘lgan va normalarga to‘g‘ri keladigan yer qatlami, yer osti suvlari darajasi pastligi bo‘yicha maqbul yer uchastkasi tanlab olindi”, – dedi u.

👉 https://ming.uz/posts/yangi-buxoro-aeroporti-307-gektar-maydonda-quriladi

Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Telegram | Instagram | Facebook | Twitter

Ming.uz

11 Oct, 10:08


Toshkent metropoliteni maxsus ventilyatorlar xarid qiladi

Toshkent metrosining yerosti bekatlari uchun 2025-yilda 10 ta ventilyator sotib olinadi. Bu haqda 9-oktabr kuni Xalqaro press-klubda metropoliten rahbariyati ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

“Gazeta.uz” muxbiri issiq kunlarda metro bekatlarida nafas olish qiyinlashayotgani, salqinlik yetishmayotgani va bunday paytlarda stansiyalardagi ventilyatsiya tizimi qay darajada ishlayotgani haqida so‘radi. Savolga Toshkent metropolitenining rejim xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Abdutohir Abduqodirov javob berarkan, ushbu tizimni ta’mirlash va qurilmalarni yangilash jarayoni ikki yildan beri davom etayotganini ma’lum qildi.

“Ventilyatsiya tizimi masalasida bizga ko‘plab murojaatlar kelib tushgan. Sovuq vaqtda isitish kerak, issiqda esa sovitish kerak, degan gaplar bo‘ladi. Toshkent metropolitenini loyihalashtirish 1972-yilda boshlangan. O‘sha vaqtda iqlim sharoitimiz hisobga olinib, tomchilatish, ya’ni suv orqali sovitish tizimi ishga tushirilgan. Hozir yerosti metro bekatlarining har birida ikkitadan katta ventilyator mavjud. Bundan tashqari, bekatlar oralig‘idagi yo‘llarga ham shunday qurilmalar o‘rnatilgan”, – dedi u.

“Yo‘lovchilarning ko‘pligi hamda ushbu qurilmalarning ancha yillardan buyon xizmat qilib kelayotgani sababli ikki yildan beri tizimni ta’mirlash ishlari olib borilyapti. „Chilonzor“, „Novza“, „Olmazor“ va „Paxtakor“ kabi katta stansiyalarimizda bu tizimlar — ya’ni suv bilan sovitish tizimlari yangilandi. 2025-yilda yana 10 ta shunday katta ventilyatorni yangilash, aniqrog‘i, sotib olish rejalashtirilgan, buning ustida ish olib borilyapti”, – dedi Abdutohir Abduqodirov.

Mas’ulning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda Toshkent metrosining yerosti bekatlarida 100 dan ortiq ventilyator bo‘lib, ularning barchasi ishlab turibdi.

“Ular grafik asosida, tig‘iz vaqtlarda esa ikkitalab ishlatiladi. Stansiyalardagi qurilma havoni ichkariga, bekatlar oralig‘idagi ventilyatorlar esa tashqariga haydaydi. Tunnelda havoni aylantirish maqsadida shunday qilinadi”, – dedi metropoliten vakili.

👉 https://ming.uz/posts/toshkent-metropoliteni-maxsus-ventilyatorlar-xarid-qiladi

Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Telegram | Instagram | Facebook | Twitter

Ming.uz

11 Oct, 08:24


Samarqandda 3 ta mashina ishtirokida dahshatli YTH ro‘y berdi

Samarqand shahrida 3 ta avtomashina ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi.

Qayd etilishicha, holat 10-oktabr kuni soat 01:00 atrofida shaharning Buyuk ipak yo‘li ko‘chasida sodir bo‘lgan. Range Rover haydovchisi avtomobilini yuqori tezlikda haydab e’tiborsizligi oqibatida rul boshqaruvini yo‘qotgan.

O‘zi bilan bir yo‘nalishda ketayotgan Lacetti avtomobilini orqa tomonidan urib yuborgan. So‘ngra to‘xtay olmasdan shu yo‘nalishda yo‘l chetida to‘xtab turgan Damas avtomobilga kelib urilgan.

Oqibatda Lacetti haydovchisi tan jarohatlari olib shifoxonada vafot etgan.

Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

👉 https://ming.uz/posts/samarqandda-3-ta-mashina-ishtirokida-dahshatli-yth-roy-berdi

Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Telegram | Instagram | Facebook | Twitter

Ming.uz

11 Oct, 07:05


Qashqadaryoda Mercedes-Benz va Labo to‘qnashdi. Qurbonlar bor

Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida 7-oktabr kuni yuz bergan yo‘l-transport hodisasida ikki kishi vafot etdi, deb xabar beradi viloyat YHXB matbuot xizmati.

YTH soat 14:20 larda Qoratikan mahallasi hududidan o‘tuvchi yo‘lda sodir bo‘lgan. Haydovchi B.T. boshqaruvidagi Mercedes-Benz avtomobili qarshisidan kelayotgan haydovchi Q.S. boshqaruvidagi Labo bilan to‘qnashgan.

Oqibatda Labo ichida bo‘lgan 2 nafar fuqaro voqea joyida halok bo‘lgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi (Odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

👉 https://ming.uz/posts/qashqadaryoda-mercedes-benz-va-labo-toqnashdi-qurbonlar-bor

Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Telegram | Instagram | Facebook | Twitter

Ming.uz

10 Oct, 12:25


O‘zbekiston aeroportlarida 9 oyda yo‘lovchi tashish hajmi 33 foizga oshdi

2024-yilning uchinchi choragida O‘zbekiston aeroportlari asosiy ko‘rsatkichlar — yo‘lovchi tashish, xizmat ko‘rsatilayotgan reyslar soni va yuk tashish hajmi bo‘yicha uchdan birdan ko‘proqqa oshdi, deb xabar berdi Uzbekistan Airports matbuot xizmati.

Xususan, yilning 9 oyida mamlakat xalqaro aeroportlari tomonidan 82 637 ta reysga xizmat ko‘rsatildi, shundan 24 914 tasi ichki yo‘nalishlarda, 57 723 tasi esa xalqaro yo‘nalishlarda amalga oshirildi. O‘tgan yilga nisbatan o‘sish 36 foizni tashkil etdi. Havo reyslarining umumiy sonining 53 942 tasi rezident aviakompaniyalar tomonidan, 28 695 tasi esa norezident aviakompaniyalar tomonidan amalga oshirildi.

Yanvardan sentabrgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston aeroportlari 9 893 947 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatdi. Jumladan, ichki reyslarda 1 871 659 nafar, xalqaro reyslarda 8 022 288 nafar yo‘lovchi. 2023-yilning shu davriga nisbatan o‘sish 33 foizni tashkil etdi.

Uchinchi chorakda 62 067 tonna yuk va pochta ham jo‘natildi, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlardan 21 foizga ko‘p.

👉 https://ming.uz/posts/ozbekiston-aeroportlarida-9-oyda-yolovchi-tashish-hajmi-33-foizga-oshdi

Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Telegram | Instagram | Facebook | Twitter

Ming.uz

10 Oct, 10:50


Rahbar kadrlarni baholash markazi tashkil topdi

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi huzurida Rahbar kadrlarni baholash markazi tashkil etildi. Bu Vazirlar Mahkamasining 4-oktabrdagi qarorida nazarda tutilgan.

Markazning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
- ijtimoiy-psixologik tadqiqotlar asosida davlat fuqarolik xizmatchilari uchun bazaviy, alohida lavozim yoki lavozimlar guruhi uchun kompetensiyalar modeli hamda indikatorlarini ishlab chiqish;
- davlat fuqarolik xizmatchilarini shaxsiy-professional diagnostika qilish, kompetensiyalar modeli asosida kompleks baholash;
- kompetensiyalarni baholash jarayonida foydalanish uchun doimiy ravishda yangi uslublarni ishlab chiqish, o‘zlashtirish va joriy qilish;
- kompetensiyalarni baholash natijalari asosida rahbar kadrlar uchun shaxsiy-professional rivojlanish trayektoriyasini ishlab chiqish va zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda amalga oshirish;
- rahbarlik lavozimiga nomzodlarning umumiy kasbiy bilimi, qadriyatlari va aqliy salohiyatini aniqlash bo‘yicha test sinovlarini hamda psixologik so‘rovnomalar o‘tkazish;
- rahbar kadrlar faoliyati samaradorligini baholash va monitoring qilish, kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni prognoz qilish, ularni saralab olish va joy-joyiga qo‘yish jarayonlariga raqamli texnologiyalarni va zamonaviy usullarni keng joriy etish.

Markaz Davlat xizmatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari, shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan tushumlar, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining grantlari va texnik ko‘maklari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hisobidan moliyalashtiriladi.

👉 https://ming.uz/posts/rahbar-kadrlarni-baholash-markazi-tashkil-topdi

Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Telegram | Instagram | Facebook | Twitter

Ming.uz

10 Oct, 09:09


Buxoroda o‘quvchilar vafot etgan YTHda aybdor deb topilgan avtobus haydovchisi 9 yilga qamaldi

Mart oyida Buxoro viloyatining Kogon tumanida yuk mashinasi va ichida o‘quvchilar bo‘lgan teatrga ketayotgan avtobus ishtirokida sodir bo‘lgan YTH oqibatida 2 nafar o‘quvchi vafot etgandi.

20-sentabr kuni viloyatning Kogon tuman sudida avtobus haydovchisiga nisbatan sud hukmi o‘qildi. “Gazeta.uz” sud qarori bilan tanishdi.

Unga ko‘ra, 33 yoshli sudlanuvchi Otabek Sharopov Jinoyat kodeksi 266-moddasining (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odamlar o‘limiga sabab bo‘lsa) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topildi.

Ma’lum bo‘lishicha, haydovchi yo‘lda 50−55 km/soat tezlikda chorrahaga yaqinlashgan vaqtida harakat йўнaлишидaги chorrahaning svetofori ишлaмaётгaнлиги hamda “Йўл bering” belgisi ўрнaтилгaнлигини кўргaн. Chorrahadan келaётгaн yuk avtomashinasi uzoqda бўлгaнлиги sababli yo‘lni kesib ўтишгa ulguraman deb ўйлaб, avtobusni shu tezlikda boshqarib borib, chorrahaga kirgan. Shu vaqtda tezlikda kelayotgan yuk avtomashinasi bilan тўқнaшгaн va йўл-transport hodisasi sodir бўлгaн. Sudlanuvchi shaxs majlisda aybiga to‘liq iqrorligi, bo‘lib o‘tgan holat bo‘yicha chin ko‘ngildan pushaymon ekanligini va marhumlarning oila a’zolaridan kechirim so‘rashini bildirdi.

Sud unga 3 yil muddatga barcha turdagi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilib, 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi. U jazoni manzil-koloniyalarida o‘taydi. Muddat 2024-yil 25-mart kunidan boshlab hisoblanishi belgilandi.

Shuningdek, hukm qonuniy kuchga kirgach haydovchi avtobusi bilan to‘qnashgan beton aralashtirgich mashinasiga yetkazilgan 61,4 mln so‘mlik moddiy zararni qoplashi belgilangan. Bundan tashqari, sudlanuvchi 2 nafar o‘quvchiga kelgusidagi davolanish xarajatlari uchun o‘n million so‘mdan pul berishi kerak.

Sudda jami 34 ta voyaga yetmagan shaxs va ularning qonuniy vakili jabrlanuvchi sifatida ishtirok etdi.

👉 https://ming.uz/posts/buxoroda-oquvchilar-vafot-etgan-ythda-aybdor-deb-topilgan-avtobus-haydovchisi-9-yilga-qamaldi

Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Telegram | Instagram | Facebook | Twitter

Ming.uz

10 Oct, 07:44


Qashqadaryoda cho‘llanishga qarshi pilot loyiha ishga tushirildi

Qashqadaryo viloyatida tadqiqotchilar qishloq mahallalaridagi yer maydonlarida cho‘llanishga qarshi qashqa tajriba o‘tkazmoqda. Bu haqda viloyat Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi jarayon aks etgan suratlarni e’lon qildi.

Keltirilishicha, boshqarma Qurg‘oqchil hududlarda qishloq xo‘jaligi tadqiqotlar markazi (ICARDA) va BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bilan hamkorlikda innovatsion usulda “Selxona tashkil etish” grant loyihasini amalga oshirmoqda. Bu haqda tadqiqotchilar o‘rtasida 2022-yilda muzokaralar o‘tkazilgan.

O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, Qamashi davlat o‘rmon xo‘jaligiga qarashli 189 konturda pilot loyihani grant mablag‘lar hisobidan amalga oshirilishi belgilangandi.

Tajribaga ko‘ra, lalmi yer maydonlarda tabiiy qor va yomg‘irlardan hosil bo‘ladigan suvlar bir joyga jamg‘ariladi. Shuning hisobiga o‘simlik dunyosini yaxshilash va shu orqali bog‘dorchilik plantatsiyalarini barpo etish hamda tuproq yemirilish eroziyasini oldini olishga erishiladi, deyiladi xabarda.

Mazkur pilot loyiha Qamashi tumanining Qishliq va Qizil qishloq mahallalarida jami 9 gektar yer maydonida tashkil etilmoqda. Ushbu tajriba bosqichma-bosqich viloyatning boshqa tumanlarida ham joriy qilinadi.

👉 https://ming.uz/posts/qashqadaryoda-chollanishga-qarshi-pilot-loyiha-ishga-tushirildi

Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Telegram | Instagram | Facebook | Twitter

Ming.uz

10 Oct, 06:14


Endi davlat oliygohlari hududida bog‘chalar tashkil etish mumkin

30-sentabr kuni prezidentning “Maktabgacha ta’lim sifati va samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi [PF-152-sonli] farmoni qabul qilindi.

Norma xabar qilishicha, farmon bilan davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘zlariga doimiy foydalanish huquqi asosida tegishli bo‘lgan bo‘sh yer uchastkalarida davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini tashkil etishga ruxsat berildi.

Maktabgacha ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan xususiy sektor vakillarini qo‘llab-quvvatlash va yanada rag‘batlantirish, shuningdek, davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirish maqsadida:

2018−2022-yillarda nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etish uchun Davlat byudjeti va xalqaro moliya tashkilotlari mablag‘lari hisobidan ajratilgan imtiyozli kreditlarni qaytarish muddati 5 yilga uzaytiriladi;

2024-yil 1-oktabrdan boshlab bir vaqtning o‘zida bir nechta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan jismoniy shaxsdan ijtimoiy soliq summasi uning bitta (asosiy) ish joyi bo‘yicha to‘lanadi.

👉 https://ming.uz/posts/endi-davlat-oliygohlari-hududida-bogchalar-tashkil-etish-mumkin

Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Telegram | Instagram | Facebook | Twitter

Ming.uz

09 Oct, 12:15


O‘zbekistondagi 12 ta bog‘chada fransuz tilini o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi

O‘zbekistonda 12 ta maktabgacha ta’lim tashkilotida bepul fransuz tilini o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi. Bu borada vazir Hilola Umarova va Kokoro lingua kompaniyasi asoschisi Natali Lasslet o‘rtasida kelishuv imzolandi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova Fransiyada bo‘lib o‘tgan Xalqaro Frankofoniya tashkilotining 19-sammiti doirasida Kokoro lingua kompaniyasi asoschisi Natali Lasslet bilan uchrashdi.

Muloqotda tomonlar respublikadagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 5−6 yoshli bolalar uchun innovatsion Kokoro lingua platformasi yordamida bolalarga fransuz tilini o‘rgatish masalalarini muhokama qildi.

Uchrashuv yakunida kelgusi bir yil davomida 12 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bepul tarzda fransuz tilini o‘qitish bo‘yicha kelishuv imzolandi.

Kokoro lingua 4−8 yoshdagi bolalarga chet tillarni o‘rgatishga mo‘ljallangan xalqaro onlayn ta’lim platformasi bo‘lib, bolalarni tabiiy va qiziqarli usullar bilan chet tillariga o‘rgatadi. Darslar, asosan, video orqali o‘tkaziladi va bu jarayon bolalar o‘ynab-o‘rganish formatida tashkil etiladi. Undan 2018-yildan beri dunyo bo‘ylab 250 mingdan ortiq kishi foydalangan.

👉 https://ming.uz/posts/ozbekistondagi-12-ta-bogchada-fransuz-tilini-oqitish-yolga-qoyiladi

Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Telegram | Instagram | Facebook | Twitter

Ming.uz

09 Oct, 11:01


Surxondaryoda “Jiguli” kanalga tushib ketdi

Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida 8-oktabr kuni kanalga tushib ketgan avtomashina chiqarib olindi, deb xabar berdi Favqulodda vaziyatlar vazirligi.

Soat 09:48 da Guliston mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi Zang kanaliga shu atrofda yashovchi fuqaroning “VAZ-2106” avtomashinasi tushib ketgani haqida xabar kelib tushgan.

FVV qutqaruvchilari maxsus texnika va asbob-anjomlar yordamida avtomobilni kanaldan chiqargan. Avtomobilda hech kim bo‘lmagan.

Ma’lum bo‘lishicha, haydovchi mashina qo‘l tormozini ko‘tarishni unutgan.

👉 https://ming.uz/posts/surxondaryoda-jiguli-kanalga-tushib-ketdi

Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Telegram | Instagram | Facebook | Twitter

Ming.uz

09 Oct, 09:14


O‘zbekistonlik harbiylar Britaniyadagi xalqaro musobaqada ikkinchi o‘rinni band etdi

4−7-oktabr kunlari O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi Uelsda (Buyuk Britaniya) o‘tkazilgan “Kembriya patruli” xalqaro harbiy musobaqasida ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Qayd etilishicha, musobaqada 30 dan ortiq mamlakatlardan, jumladan, Buyuk Britaniya, AQSh, Fransiya, Hindiston, Germaniya, Latviya, Qozog‘iston, Turkmaniston, Italiya va boshqa davlatlardan 100 dan ortiq jamoa ishtirok etgan.

Har bir jamoa 70 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tib, eng murakkab tabiiy va taktik to‘siqlarni yenggan. Har 8−10 kilometrda marshrutning turli joylarida ishtirokchilar kimyoviy va biologik tahdid sharoitida harakat qilish, hujum operatsiyalari va murakkab joylarda yo‘nalishni topish kabi jangovar vazifalarni bajargan.

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi o‘z guruhida 13 ta jamoa orasida birinchi o‘rinni egalladi. Ular barcha bosqichlarda muvaffaqiyatli tarzda zararlangan hududlardan o‘tib, taktik operatsiyalardagi mahoratini ko‘rsatib, marshrutni birinchilar safida yakunlagan.

Umumiy natijalarga ko‘ra, O‘zbekiston jamoasi kumush medalga sazovor bo‘ldi.

“Britaniyalik harbiy mutaxassislar O‘zbekiston harbiy xizmatchilarining tayyorgarlik darajasini yuksak baholab, ularning professionalizmi va jangovar vazifalarni bajarishdagi mukammal ko‘nikmalarini e’tirof etdilar”, – deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, “Kembriya patruli” 60 yildan buyon muntazam o‘tkazib kelinadi, musobaqa dunyo bo‘ylab harbiy bo‘linmalarni haqiqiy jangovar sharoitlarda ularning jangovar ko‘nikmalari va chidamliligini sinovdan o‘tkazadi. Unda ishtirokchi bo‘linmalar 48 soatdan kamroq vaqt ichida 70 km masofani bosib o‘tib, ko‘plab harbiy manyovrlar va patrullik vazifalarini bajaradilar. Mashg‘ulotlar Uelsning markaziy qismidagi tog‘lar va botqoqliklar kabi o‘tish qiyin bo‘lgan hududlarda o‘tkaziladi.

👉 https://ming.uz/posts/ozbekistonlik-harbiylar-britaniyadagi-xalqaro-musobaqada-ikkinchi-orinni-band-etdi

Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Telegram | Instagram | Facebook | Twitter

Ming.uz

09 Oct, 07:25


O‘zbekistonliklar Serbiyaga qurilish sohasida ishga taklif qilinmoqda

Serbiya davlati qurilish sohasida ishlovchi o‘zbekistonliklarni ishga taklif etmoqda, deya xabar berdi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati.

Nomzodlar soha bo‘yicha 3 yildan 5 yilgacha ish tajribasi bo‘lishi, ingliz yoki rus tillarida erkin muloqot qilishi (ingliz tiliga ustunlik beriladi) va 50 yoshgacha bo‘lishi kerak.

Ish haqi 700−800 yevroni (netto) tashkil qiladi. Haftada 6 ish kun bo‘lib, ishlovchilar bepul yashash joyi va tibbiy sug‘urta bilan ta’minlanadi. Viza rasmiylashtirish uchun to‘liq yordam beriladi.

Quyidagi kasblar bo‘yicha bo‘sh ish o‘rinlariga havola orqali ro‘yxatdan o‘tish kerak:
- geomterik muhandis;
- yordamchi ishchi;
- ekskavatorchi;
- sanoat pol-beton quyuvchisi.

Nomzodlar 50 nafarga yetsa, ro‘yxatdan o‘tish to‘xtatiladi.

Qo‘shimcha ma’lumotlarni 71 202−33−55 (ichki raqam 17, 66), 71 200−00−61 yoki 1282 qisqa raqami orqali olish mumkin.

👉 https://ming.uz/posts/ozbekistonliklar-serbiyaga-qurilish-sohasida-ishga-taklif-qilinmoqda

Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Telegram | Instagram | Facebook | Twitter

Ming.uz

09 Oct, 05:58


Toshkent viloyatida Nexia urib yuborgan 50 yoshli piyoda halok bo‘ldi

Toshkent viloyati Olmaliq shahrida piyoda o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, holat 8-oktabr kuni soat 00:05 atrofida shaharning Amir Temur ko‘chasida sodir bo‘lgan. Tarmoqlarda voqea sodir bo‘lgan paytda urib yuborgan haydovchi qochib ketgani aytilgan.

19 yoshli haydovchi O.Sh. Nexia 3 avtomobilini boshqarib ketayotib, tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyidan yo‘lni kesib o‘tayotgan 50 yoshli piyoda U.A.ni urib yuborgan.

YTH oqibatida piyoda olgan tan jarohatlari oqibatida voqea joyida vafot etgan.

Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

👉 https://ming.uz/posts/toshkent-viloyatida-nexia-urib-yuborgan-50-yoshli-piyoda-halok-boldi

Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Telegram | Instagram | Facebook | Twitter

Ming.uz

08 Oct, 08:48


Hafta davomida yog‘ingarchiliksiz ob-havo kuzatiladi

O‘zbekistonda ish haftasi davomida asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo kuzatiladi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet agentligi.

Dushanba kuni kunduzi respublika hududining katta qismida iliq va kam bulutli ob-havo saqlanib turadi, yog‘ingarchilik bo‘lmaydi. Havo harorati +23…+28 darajani tashkil etadi.

10−11-oktabrda O‘zbekiston bo‘yicha ba’zi joylarda shamol 15−20 m/s gacha kuchayadi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatiladi.

Hafta davomida havo harorati kechalari +8…+13 darajani, kunduz kunlari +23…+28 darajani tashkil etadi. Faqat respublika tog‘li hududlarining ba’zi joylarida yomg‘ir yog‘adi.

Toshkent shahrida 7-oktabrdan 10-oktabrgacha yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 3−8 m/s tezlikda esadi. Havo harorati kechalari +10…+13, kunduz kunlari +25…+28 daraja atrofida bo‘ladi.

👉 https://ming.uz/posts/hafta-davomida-yogingarchiliksiz-ob-havo-kuzatiladi

Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Telegram | Instagram | Facebook | Twitter