Nodizayn

@nodizayn


Nodir Khalilov kanali.
Dizayn va samaradorlik haqida yozaman. LinkedIn: https://www.linkedin.com/in/nodirkhalilov

Nodizayn

21 Oct, 11:29


UX (User Experience)nima?

Bu savolga bugun boshimdan o’tgan voqea orqali javob beraman.

Ipak Yo‘li Banki plastik kartamga bank rekvizitlari orqali pul o‘tkazildi. Oradan 4 soat o‘tsa ham, pul tushmadi.

Men muammoni nimadaligini bilishga harakat qildim va bankka qo'ng'iroq qilishga qaror qildim.

Soat 15:02
Ilovadan bankning telefon raqamini topib, qo‘ng‘iroq qildim. Xodim menga kartani qaysi filialda ochgan bo‘lsam, o‘sha filialga qo‘ng‘iroq qilishim kerakligini aytib, filial raqamini berdi.

15:10
Filialga qo‘ng‘iroq qildim. Xodim meni tinglab, plastik kartalar bo‘limiga murojaat qilishim kerakligini aytdi va raqamini berdi. Ulab ham berdi, lekin hech kim javob bermadi.

15:20
Xodim bergan raqamga yana qo‘ng‘iroq qildim. To‘g‘ri yozib olganimga ishonchim komil bo‘lmay, saytdagi raqamni tekshirdim. Raqam bor edi, lekin u faol emas ekan.

15:28
Muammoga yechim topish uchun ilovadagi Chat xizmatidan foydalandim. Xodim qanday yordam bera olishini so‘radi, men muammoimni tushuntirdim. Lekin 15 daqiqa kutganimdan keyin ham javob kelmadi, qayta yozsam ham o‘zgarish bo‘lmadi.

15:45
Yana karta ochilgan filialga qo‘ng‘iroq qildim, bu safar karta amaliyotlari bo‘limiga ulab berishdi. U yerdagi xodim bir necha savollardan so‘ng boshqa xodimga uladi. Yana boshidan tushuntirdim. Bu xodim nimadir tekshirdi va 5 daqiqada pul tushishini, xatolik bo‘layotganini aytdi.

15:59
Suhbatimiz yakunlandi.

16:41
Pul kartada ko’rindi.

Bu jarayonlar UX (foydalanuvchi tajribasi) deb ataladi. Men bank xizmatidan foydalandim va natijada bankka nisbatan tajribaga ega bo‘ldim.

Keling, bu yerdagi yomon UXni tahlil qilamiz:

- Nega men bu muammoga duch keldim, haligacha bilmayman.
-Nega bankka qo‘ng‘iroq qilganimda kartani ochgan filialga murojaat qilishim kerak, texnologiyalar markazlashgan emasmi?
-Nega filialga murojaat qilganimda boshqa raqamga qo‘ng‘iroq qilish so‘raldi (xodim raqamni ulashga harakat qildi)?
-Nega har bir xodimga muammoimni qayta-qayta boshidan tushuntirishim kerak?
-Nega pul hali tushmadi?
-Nega men 1 soatdan ko‘proq vaqtimni sarfladim, axir online banking jarayonni yengillashtirishi kerak emasmi?

Xulosa qilib aytganda, UX bu faqat ilova yaratish yoki yaxshi vebsayt tayyorlash emas. UX — bu foydalanuvchining butun jarayondagi tajribasi.

Don Normanning tushuntirishicha, yaxshi UX — bu foydalanuvchi biror narsani sotib olish jarayonidan tortib, undan foydalanish va keyinchalik yordam olishgacha bo‘lgan barcha tajribalari.

Masalan, TV sotib olishda bu tajriba do‘kondagi xizmat, televizorni o‘rnatish osonligi, va sotib olgandan keyin yordam olish kabi bosqichlarni o‘z ichiga oladi.

🌐 Don Norman: The term "UX"

@nodizayn

Nodizayn

21 Oct, 06:34


Nomzodning ismi TABIAT UCHUN BIRLASHAYLIK bo’lmasa kerak.

Yaqinlik teoriyasiga amal qilmaslik oqibati. Bu yerda ism va familiya fotodan keyin kelishi kerak edi.

👉 Yaqinlik teoriyasi

@nodizayn

Nodizayn

17 Oct, 06:55


Ishga kirish intervyularida sinov uchun beriladigan vazifalar

Raqamli mahsulot yoki UI/UX dizaynerlarini ishga qabul qilishda kompaniyalar ko’pincha nomzodning tajribasini baholash uchun sinov vazifalari berishadi. Bu vazifalar odatda kichik redizayn yoki yangi loyiha yaratish kabi bo’lishi mumkin.

O’z tajribamdan kelib chiqib, 10 dan ortiq dizaynerni ishga qabul qilgan shaxs sifatida shuni tushunib yetdimki, sinov loyihalari unchalik foydali emas va ular bepul bo’lsa, bu noto’g’ri va dizaynerga nisbatan nohaqlik hisoblanadi.

Sinov vazifalari kamchiliklari

- Dizayner hali ishga olinmagan bo’lsa-da, ular uchun ish talabi beriladi. Agar dizayner qabul qilinmasa va topshiriq uchun haq to’lanmasa, bu nohaqlik deb qaraladi. Dizayner o’z vaqtini va mehnatini sarflaydi, ammo natijada hech qanday kompensatsiya olmaydi.

- Ko’p kompaniyalar dizaynerga juda qisqa muddat beradi. Dizayn jarayonida dizaynerning muammoni chuqur o’rganishi va tadqiqotlar o’tkazishi zarur. Agar bu jarayon taxminan 1 hafta oladigan bo’lsa, kompaniya ham ishga qabul qilish jarayonini sekinlashtiradi.

- Ba’zi kompaniyalar test vazifalaridan haqiqiy muammolarni hal qilish uchun foydalanishi mumkin, bu dizaynerlarni bepul ishlashga majbur qiladi. Bu tajribaga ega dizaynerlar orasida salbiy taassurot qoldirishi va kompaniya brendiga putur yetkazishi mumkin.

Unda yechim qanday?

Yevropadan dizayner ishga qabul qilganimizda, biz test vazifalar o’rniga dizayn mashqlari (design exercise) metodini qo’lladik. Bu jarayonda dizaynerga 30-45 daqiqa vaqt beriladi va ularga aniq bir muammo berilib, shu muammoni qanday hal qilish so’raladi. Bu jarayon davomida dizayner quyidagilarga asoslanib baholanadi:

- Muammoni tushunish: Dizayner berilgan vazifani qanchalik to’g’ri tushundi va tushunishga harakat qildi. U tushunishni aniqlashtirish uchun savollar berdi yoki to’g’ridan-to’g’ri yechim ustida ishlashga o’tib ketdimi?

- Kommunikatsiya: Dizayner muammoni hal qilish jarayonida o’z fikrini qanchalik ochiq va aniq ifoda qildi.

- Tezkor yechim berishga qaratilgan yondashuv: Eng katta xato – dizayner kontekstni to’liq o’rganmasdan, tezda yechimni taklif qilishga o’tib ketishi va faqat UI dizaynga e’tibor qaratishi. Bu holatda dizaynerning strategik fikrlashi yetarli darajada emas deb hisoblanadi.

Unda dizaynerning UI bo’yicha mahoratini qanday aniqlaymiz?

Bu bosqichga kelguncha dizaynerning portfoliosi ko’rib chiqiladi va dizayner o’z portfoliolarini taqdim etish qobiliyatini namoyish qiladi. Portfolio orqali UI dizayn qobiliyatlari aniqroq baholanadi.

Test vazifalari o’rniga, dizaynerning ilgari bajargan ishlari va ularga qanday yondashganini baholash osonroq.

Dizayn mashqlarini dasturchilarni ishga qabul qilishdagi “Live coding session” uslubiga o’xshatish mumkin.

@nodizayn

Nodizayn

15 Oct, 12:02


Ta’lim sohasidagi startaplar va bizneslarda faoliyat yurituvchi mutaxassislar bilan suhbatlashganim sari qiziqarli holatlarga duch kelmoqdaman.

Kurs ishlab chiqish jarayonida jamoa sifatida faoliyat olib boradigan odamlar haqida eshitgan edim. Masalan, videoni yozish uchun alohida studiya, video bo’yicha mutaxassis (kamera va montaj ishlari uchun), marketing bo’yicha mutaxassis hamda kurs tayyor bo’lgach bir nechta kuratorlar bo‘lishini bilardim.

Biroq, kurs materiallarini mustaqil ravishda tayyorlab beradigan shaxsning mavjudligini bilmagan ekanman. Buni bilganimdan keyin, nega odamlar bir necha hafta ichida kurslar tayyorlayotgani va ularning sifati past bo‘layotganini tushunib yetdim.

Men tilga olgan odam – influyenser (yoki kurs muallifi) asosan tayyor mavzular bo‘yicha internetdan materiallarni olib, ularni tarjima qiladi va slaydlar yoki matnlar va grafikalarni tayyorlaydi. Kurs muallifi esa faqat kameraga gapirib, ma’lumotlarni yetkazib beradi, jamoa esa kursni tayyorlash bilan shug’ullanadi.

Salbiy tomoni shundaki, foydalanuvchi o‘zini sohada katta tajribaga ega mutaxassisning kursini o‘rganayotgan deb o‘ylasa-da, aslida kursning asosiy qismi yuzaki tayyorlangan bo‘lishi mumkin. Bu jarayonda sifatga yetarlicha e’tibor berilmasligi, ta’lim mazmuni yuzaki bo‘lib qolishi, hamda chuqur bilimga ega bo‘lish imkoniyatidan foydalanuvchi mosuvo qolishi ehtimoli yuqori.

Bundan tashqari, bunday yondashuv ta’lim jarayonining sanoatlashtirilishiga, ya’ni tez va sifatsiz kurslar yaratish bilan bog‘liq muammolarga olib keladi.

@nodizayn

Nodizayn

13 Oct, 06:31


Dizaynerga murojaat

Hurmatli dizayner, iltimos, vaqtingizni faqat kontent o‘qishga sarflamang. Meni diqqat bilan tinglang.

Internetda qancha kontent o‘qisangiz yoki ko‘rsangiz ham, eng katta tajriba haqiqiy loyihalarni yaratish va ularni amalda sinab ko‘rishdan olinadi.

Noto‘g‘ri tushunmang, bugungi kunda ajoyib ijodkorlar va yuqori sifatli kontentlar juda ko‘p. Ammo hech narsa mahsulot yaratish, foydalanuvchilar bilan muloqot qilish, ma’lumotlarni tahlil qilish, muvaffaqiyatsizlikka uchrash va qayta ishlash bilan tenglasha olmaydi.

Vaqtingizning atigi 5% ini sifatli kontent o‘qishga sarflang.

Qolgan 95% vaqtingizni quyidagilarga sarflash ancha samaraliroq bo‘ladi:

- Foydalanuvchilar bilan muloqot qilish
- Dasturchilar bilan hamkorlik qilish
- Mahsulotingiz ma’lumotlarini (data) tahlil qilish
- Odamlarga foydali bo'lgan mahsulotlar dizaynini yaratish
- Yoqmagan eski loyihalarni qayta ko‘rib chiqish

O'rningizdan turing va haqiqiy mahsulotlar yaratishda ishtirok eting, dunyoni o’zgartiruvchi g’oyalarga qo‘shiling!

Manba

@nodizayn

Nodizayn

12 Oct, 06:55


Dizaynerlar o'qishi kerak bo'lgan kitoblar ro'yxati

2-qism
1-qism uchun havola

Aslida, dizaynerlar o’qishi kerak bo’lgan kitoblar haqida internetda ko’plab resurslar bor, lekin ko’pincha ular faqat kitoblarning oddiy ro’yxatini berish bilan cheklanadi.

Men o’zim o’qigan kitoblar ro’yxatini keltirayotganimning sababi ham shunda — bu kitoblar mening tajribamdan o‘tgan va foydali deb topilgan. Misol uchun, quyidagi to‘rt kitobni ko‘p ro‘yxatlarda uchratish qiyin, lekin har bir dizayner ularni albatta o‘qishi kerak deb hisoblayman.

Edward Tufte qalamiga mansub to'rt kitob


1. The Visual Display of Quantitative Information
Ushbu kitob ma’lumotlarni vizual tarzda taqdim etishning asosiy qoidalarini o’rgatadi. Grafikalar va diagrammalar orqali ma’lumotlarni aniq va samarali yetkazish haqida ko’plab misollar keltiriladi.

2. Envisioning Information
Bu kitob murakkab ma’lumotlarni qanday qilib sodda va tushunarli qilib ko’rsatish kerakligi haqida gapiradi. Ranglar, o’lchovlar va vizual texnikalardan qanday foydalanish kerakligini o’rgatadi.

3. Visual Explanations
Vizual hikoya qilish va ma’lumotlarni aniq tushuntirishning kuchi haqida. Tufte vizual taqdimot orqali ma’lumotni tezroq va samarali qabul qilish usullarini o’rganadi.

4. Beautiful Evidence
Kitob ma’lumotlarni taqdim etishda estetikani va aniqlikni qanday uyg’unlashtirishni o’rgatadi. Tufte ma’lumotlarni samarali ko’rsatish uchun dalillar va vizual elementlarni birgalikda ishlatishning ahamiyatini tushuntiradi.

👉 To'rttala klitob uchun havola

Edward Tufte kitoblari umuman olganda ma'lumotni qog'oz va ekranda tasvirlash bo'yicha juda chuqur yo'nalishlar bergan.

Kitob haqida ba'zi mashhur dizaynerlar yaxshi fikrlar bildirishgan. Ulardan Artemiy Lebedev quyidagicha fikrlagan:

Edward Tufte'ning to'rt kitobi ma'lumotlarni tasvirlash bo‘yicha daholikning jonli asarlaridir va 160 dollar sarflashga arziydi.
Hatto kvartira uchun ijara pulini to‘lamasdan, oilani och qoldirib bo‘lsa ham.


Edward Tufte ingliz tilidan boshqa tilga kitoblarini tarjima qilishga ruxsat bermagan, hatto chop etishga ham. Faqat o'zining nashriyoti kitoblarini chop etadi.

@nodizayn #books

Nodizayn

11 Oct, 11:41


Tesla Cybercab modelining birinchi ko’rinishi taqdim qildi.

Elon Musk 2026-yilda ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan Tesla’ning avtonom Robotaxi modelini taqdim etdi.

Rul va pedallarsiz, to’liq avtonom boshqaruv tizimi.

$30,000 dan past narxda sotuvga chiqishi kutilayotgan ushbu ikki o‘rindiqli avtomobil futuristik dizaynni eslatadi.

Menga qiziq bo'lgani borgan sari mahsulot dizaynda (industrial design) futuristic stil ommalashmoqda. Bizning ko'zimiz o'rganmaganligi uchun ular go'yoki prototipni ham eslatadi.

Tesla Cybertruck va iMacning oxirgi modellari menga har doim prototipni eslatadi.

Nodizayn

11 Oct, 10:39


Qanday qilib davomiy kitob o'qishni yo'lga qo'yganim haqida 2018-yilda Mediumda o'z tajribamni bo'lishgan edim.

Hozir bu jarayondan farqli ravishda, kitoblarni Trello'da ro'yxat qilmayman va 80% kitoblarni audio formatda eshitaman.

Maqola qiziq bo'lsa, quyidagi havola orqali o'qish mumkin:

👉 Har kuni kitob o'qiymiz

@nodizayn

Nodizayn

11 Oct, 10:18


Don't Make Me Think kitobidan olgan ba'zi xulosalar haqida avvalroq yozgan edim. Bu kabi muammolar juda ham ko'p jamoalarda kuzatiladi.

Nodizayn

11 Oct, 10:07


Dizaynerlar kitob o'qishlari kerak deb bilaman. Kitoblar bizni fikrlashga undaydi, boshqalar tajribasini o'rganishga yordam beradi.

O'zim o'qigan va dizaynerlar o'qishi shart deb bilgan kitoblar ro'yxatini keltiraman. Shunchaki ro'yxat emas, har bir kitobdan nimalar olish mumkinligini ham keltiraman.

Ro'yxat uzun bo'lgani uchun uni uch qismga bo'lib keltiraman.

1-qism

Don't Make Me Think - Steve Krug
Foydalanuvchi tajribasini soddalashtirish va aniq qilinishiga urg’u beradi. Foydalanuvchilarga interfeys haqida ko’p o’ylamaslik imkonini berish zarurligini tushuntiradi.

The Design of Everyday Things - Don Norman
Kitob foydalanuvchi tajribasining asosiy tamoyillarini, ayniqsa dizaynning kundalik hayotdagi oddiy narsalarga qanday ta’sir qilishini chuqur tushuntiradi.

Har bir element foydalanuvchining xatti-harakatlariga mos ravishda ishlab chiqilishi kerak. Yaxshi dizayn mahsulotni instinktiv tarzda ishlatishga imkon beradi, bu esa texnologiyadan foydalanishni soddalashtiradi.

Ководство - Artemiy Lebedev
Dizayn bo'yicha men o'qigan birinchi kitob. Kitob dizayn falsafasi va jarayonlarini o’ziga xos tarzda ochib beradi. Tipografika, verstka hamda telefon raqamlar va sanalarni to'g'ri yozish, sodda dizayn primitiv dizaynga teng emasligi va shu kabi dizaynda kerak bo'ladigan asosiy bilimlarni olish mumkin.

Bu kitobni 2013-yilda qog'oz variantini sotib olganman. Dizayni juda qulay va chiroyli bo'lgani uchun qayta-qayta o'qiganman.

Типографика и верстка - Artem Gorbunov
Tipografika va verstkaning asosiy tamoyillarini tushunishga yordam beradi. Kitob interaktiv ko'rinishda bo'lib, langar obyektlar (anchor objects), modullar, tipografika va boshqa muhim elementlarni joylashtirish bo'yicha yo'riqnomalar keltirilgan.

Пользовательский интерфейс - Ilya Birman
Kitob interfeys dizaynining muhim jihatlarini sodda va tushunarli qilib tushuntiradi. Interfeys elementlari, tugmalar, menyular va boshqa interaktiv elementlarni samarali va intuitiv ishlatish haqida gapiradi. Birman, interfeys yaratishda har bir detal foydalanuvchi uchun qanday ma’no anglatishini chuqur tahlil qiladi.

Kitob foydalanuvchilarning har bir qadamini qulay va tushunarli qilish uchun qanday yechimlarni tanlash kerakligini ko’rsatadi. Shu bilan birga, keraksiz elementlardan qochish interfeysni samarali qilishiga urg'u beradi.

Управление проектами, людьми и собой - Nikolay Toverovskiy
Byuroning yana bir interaktiv kitobi. Unda loyihalarni boshqarish, vaqtdan unumli foydalanish va “deadline”larga ulgurish bo'yicha yaxshi maslahatlar berilgan. Toverovskiy dizayner yoki menejer sifatida qanday qilib loyiha va odamlarga bir vaqtda samarali e'tibor qaratish kerakligi haqida ko'plab amaliy maslahatlar bergan.

@nodizayn #books

Nodizayn

10 Oct, 02:54


Kapitalbank ilovasi orqali viza kartaga buyurtma berdim va buyurtma bergach quyidagi skrinshotdagi holat ro'y berdi.

Buyurtma berish jarayonida men bu xizmat uchun to'lovni amalga oshirdim hamda shaxsimni tasdiqlovchi hujjatlarni ilovaga biriktirdim. Lekin ilovada quyidagilar yetishmayapti:

- Mening buyurtmam nima bo'ldi, u qabul qilindimi yoki yo'qmi?
- Keyingi bosqich nima?
- Buyurtmam qachon tayyor bo'ladi?
- Nima uchun men karta ma'lumotlari kiritiladigan ekranni ko'ryabman?

Ilovada foydalanuvchi sarflagan vaqt va mablag' hamda ilovaga shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini biriktirganidan so'ng, u sarflagan mehnat, e'tibor va mablag' bekor ketmaganini hamda uni xotirjam qilish uchun keyingi bosqichni aniq ko'rsatish kerak.

@nodizayn